Margʻilonda “Atlas bayrami” doirasida milliy toʻqimachilik boʻyicha treninglar boʻlib oʻtdi

Saqlash
17:10 / 21.10.2022 1581 0

Margʻilon shahrida oʻtkazilgan beshinchi anʼanaviy xalqaro “Atlas bayrami” toʻqimachilik festivali doirasida milliy toʻqimachilik  boʻyicha treninglarda Oʻzbekiston hamda Qirgʻizistondan vakillar qatnashdi. Qirgʻizistonlik hunarmandlarning bu treninglarda ishtiroki BMTning»Oʻzaro hamkorlik orqali Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish» qoʻshma loyihasi doirasi tashkillashtirilgan. Bu haqda tashkilotning aholishunoslik boʻyicha jamgʻarmasining jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha mutaxassisi Nazokat Fayzullayeva xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, ushbu qoʻshma loyiha BMTning Tinchlik oʻrnatish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan boʻlib, tashkilotning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va BMTning Aholishunoslik tashkiloti (UNFPA) tomonidan Oʻzbekiston va Qirgʻizistonda amalga oshirilmoqda.

 

Qoʻshma loyiha Oʻzbekistonning Namangan va Fargʻona viloyatlarida va Qirgʻizistonning Jalolobod va Oʻsh viloyatlaridagi chegaraoldi qishloqlarida oʻtkazilayotgan boʻlib, chegaraorti ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Bunda tinchlik oʻrnatishning muhim agentlari sifatida ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida belgilab qoʻyilgan.

 

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

 

Maʼlum qilinishicha, 16-19-oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan festival doirasida tashkil qilingan treninglarda qoʻshma loyihaning Qirgʻizistonda tanlangan hududlaridan 8 kishi va Oʻzbekistondan esa 19 kishi qatnashdi.

 

“Festival qirgʻiz va oʻzbek xalqlari oʻrtasida madaniy almashuv uchun ham yetarli sharoitlar yaratib berdi. Bu kabi festivallarda qoʻshni respublikalardan vakillarning qatnashishi yaxshi qoʻshnichilik aloqalarining mustahkamlanishi, oʻzaro ishonch va doʻstlikning oshishiga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish