Shavkat Mirziyoyev: Turkmaniston – eng yaqin qoʻshnimiz va ishonchli hamkorimiz

Saqlash
16:25 / 21.10.2022 1646 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tor doirada muzokara oʻtkazdilar.

 

Davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

 

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport-logistika, qishloq va suv xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi boʻldi.

 

Keyingi yillarda amaliy hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida katta natijalar boʻlgani taʼkidlandi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar “yoʻl xaritasi” asosida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

 

Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari oʻrtasida muntazam muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilmoqda.

 

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov ushbu uchrashuv Oʻzbekiston bilan Turkmanistonning koʻp qirrali strategik sherikligi rivojiga yangi surʼat bagʻishlashiga ishonch bildirdilar.

 

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi, jumladan, Markaziy Osiyoda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

 

Shundan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara oʻtkazdi.

 

 

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlik barcha yoʻnalishlarda izchil kengayib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

 

“Ming yillar davomida oʻzbek va turkman xalqlari yonma-yon yashab, bir-biriga tayanch boʻlib kelganlar”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Keyingi oylarda davlat rahbarlari oltinchi marta uchrashayotgani Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi oʻziga xos munosabatlarning yorqin dalilidir.

 

Prezidentimiz Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatlarimiz oʻrtasidagi jadal rivojlanib borayotgan bugungi hamkorlikning mustahkam poydevorini shakllantirishga ulkan hissa qoʻshganini qayd etdi.

 

Iqtisodiyot ikki tomonlama munosabatlarning yetakchi kuchi boʻlib xizmat qilayotgani, mamlakatlarimizning ulkan salohiyatini ishga solish uchun koʻproq harakat qilish zarurligi taʼkidlandi. Keyingi yillarda oʻzaro savdo jadal surʼatda oshib bormoqda.

 

Oʻzbekiston-Turkmaniston Chegaraoldi savdo zonasi ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, hududlarda yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi. Bugun davlat rahbarlari ushbu zonaning qurilishini boshlab beradilar.

 

 

Tomonlar kooperatsiya loyihalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Sanoat, energetika, kimyo tarmogʻi va qishloq xoʻjaligi kabi ustuvor tarmoqlarda yangi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga kelishib olindi.

 

Transport sohasi – hamkorlikning strategik yoʻnalishlaridan biri. Davlat rahbarlari “Sharq – Gʻarb” va “Shimol – Janub” yoʻnalishlarida, shu jumladan Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan foydalangan holda transport yoʻlaklarini faol rivojlantirishga ahdlashib oldilar.

 

Mamlakatlarimiz suv sohasida yuksak darajada hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkentda imzolangan Amudaryo boʻyicha bitimni keng koʻlamda amalga oshirmoqdalar.

 

 

Ustuvor yoʻnalishlar orasida – hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash. Prezidentlar fan, taʼlim, sanʼat, kino va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirish zarurligini qayd etdilar.

 

Kelgusi yilda ikkala mamlakatda barcha viloyatlar ishtirokida Madaniyat va kino kunlari, yoshlar festivallari oʻtkaziladi.

Belgilangan maqsadlarga erishishda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning imzolanishi muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

 

“Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlashga, ikki mamlakatning ravnaqiga xizmat qilishiga ishonamiz” – dedi muzokaralar yakunida Oʻzbekiston yetakchisi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//