Buxoroda III “Naqshbandiya” turizm festivali oʻtkaziladi

Saqlash
13:10 / 17.10.2022 1285 0

2023-yil boshida Buxoro shahrida III “Naqshbandiya” turizm festivali oʻtkaziladi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi delegatsiyasining Malayziyaga tashrifi doirasida Jahon soʻfiylar markazi rahbariyati bilan uchrashuvida kelishuvga erishildi, deb yozmoqda “Dunyo”.

 

Jahon soʻfiylar markazi (World Sufi Center) bosh kotibi Abdul Karim bin Said Xadaid bilan kechgan muloqotda Oʻzbekistonda ziyorat turizmi imkoniyatlarini targʻib qilish, respublikaga malayziyalik ziyoratchilar oqimini koʻpaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

 

Muzokaralar natijasida joriy yil noyabr oyi boshida Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan “Ziyorat turizmi haftaligi”da ishtirok etish, 2023-yil boshida Buxoro shahrida III “Naqshbandiya” turizm festivalini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish, Buxoro, Samarqand, Toshkent va Termiz shaharlaridagi ziyoratgohlarni koʻrish uchun Malayziyadan sayyohlarni jalb etish borasida hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

 

Jahon soʻfiylar markazi 2018-yilda tashkil etilgan boʻlib, qarorgohi Kuala-Lumpur shahrida joylashgan nodavlat tashkiloti hisoblanadi.

 

Maʼlumot uchun, Naqshbandiya — soʻfiylar tariqati boʻlib, uning asoschisi, Buxoroda yashagan, islom rivojida muhim oʻrin tutgan olimlardan biri — Bahouddin Naqshband (1318-1389) nomi bilan ataladi. Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va Xitoy Naqshbandiya taʼlimoti tarafdorlari asosiy markazlari hisoblanadi. Dunyoda bu taʼlimotning 60 milliondan ortiq izdoshlari bor. Malayziyada ushbu tariqat vakillari soni 250 ming kishini tashkil qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish