Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari kengashi sammitidagi nutqida mamlakatlar radikal gʻoyalarning keng xurujiga yanada koʻproq toʻqnash kelayotganiga eʼtibor qaratdi.
“Buzgʻunchi kuchlar targʻibot va mafkuraviy taʼsirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda.
Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-gʻayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yoʻnaltirish uchun tizimli hamkorlikni oʻrnatishimiz kerak.
Oʻgʻil-qizlarimiz oʻz kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishda oʻz ishtirokini his etishi, oʻz salohiyat va umidlarini amalda roʻyobga chiqarish imkoniyatlariga ega boʻlishi lozim.
Majlisimizning Yoshlar kengashi hamraisi sifatida turli yoshdagi insonlar oʻrtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga daʼvat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga koʻmaklashuvchi yangi formatni – Avlodlar muloqotini yoʻlga qoʻyishni taklif etamiz.
Yosh yetakchilar Forumi doirasida bunday ilk uchrashuvni 2023-yil aprel oyida Samarqandda oʻtkazishga tayyormiz”.
Shuningdek, Prezident oʻz nutqida qitʼamizning koʻplab davlatlari isteʼmol mahsulotlarining asosiy import qiluvchilari hisoblanadi va oziq-ovqat xavfsizligining oqibatlarini juda oʻtkir his qilayotganini bildirdi.
“Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan koʻpi Osiyo qitʼasida yashamoqda.
Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning oʻzida aynan bizning mamlakatlarimiz jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi”, dedi Prezidentimiz va bu borada yangi yondashuvlar:
- oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish;
- ichki mintaqaviy savdo oʻsishi uchun texnik reglamentlarni uygʻunlashtirish;
- Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratishni taklif qildi.
Ushbu barcha masalalarni FAO shafeligida kelgusi yili Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilish taklif etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari ekologiya va iqlim oʻzgarishi muammolarini hal qilish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishni hamda mamlakatlarimizni jadal koʻklamzorlashtirish va ekotizimlar bogʻliqligini qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha “Yashil Osiyo” konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.
Prezident soʻzining yakunida zamonaviy tahdidlarni faqat muloqot, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, umum eʼtirof etilgan xalqaro huquq meʼyorlariga amal qilish orqali samarali yengib oʻtish mumkinligiga ishonch bildirdi.
“Aynan shuning uchun ham biz ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusining asosiy maqsadi insoniyat kelajagi uchun befarq boʻlmagan, tinchlik, totuvlik va birgalikda gullab-yashnash uchun intilayotgan barcha sogʻlom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratilgandir.
Biz Qozogʻistonning Kengashga 2024-yilga qadar raislikni davom ettirish niyatini qoʻllab-quvvatlaymiz va qozogʻistonlik doʻstlarimizga omadlar tilaymiz.
Ishonchim komil, sheriklik va ishonchni mustahkamlagan holda umumiy intilishlarimiz bilan biz ezgu maqsadlarga – mamlakatlarimiz tinchligi, barqarorligi va ravnaqini taʼminlashga erishamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q