Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston muvaqqat hukumati bilan xalqaro muzokaralar guruhini tuzishni taklif qildi

Saqlash
17:38 / 13.10.2022 911 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning oltinchi sammitida nutq soʻzladi.

 

Davlat rahbari soʻzining avvalida oʻtgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni taʼminlash, Osiyoda oʻzaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari boʻyicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida oʻzining gʻoyatda zarur ekanligini koʻrsatganini taʼkidladi. Oʻzbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi boʻyicha qoʻshma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

 

“Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora oʻsib, muloqot va ishonchning misli koʻrilmagan darajada taqchil boʻlib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.

 

Bularning barchasi koʻp tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab boʻlib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda.

 

Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qitʼasi barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

 

Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham toʻgʻridan-toʻgʻri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish boʻyicha bizning saʼy-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda”, dedi Prezident.

 

Ushbu omillarning umumiy xavfsizlik manfaatlari, taraqqiyot va farovonligimizga taʼsiridan kelib chiqib, Prezident quyidagi ustuvor yoʻnalishlarga diqqat qaratishga chaqirdi.

 

Afgʻonistondagi vaziyat alohida eʼtiborni talab qilmoqda. “Afsuski, boshqa oʻtkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afgʻoniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda.

 

Oʻttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bogʻliq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

 

Afgʻoniston muvaqqat hukumati bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur.

 

Afgʻon muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afgʻoniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim. Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qoʻshma murojaati imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif etamiz”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//