Oʻzbekistonga “IntercityHotel Tashkent” yangi xalqaro mehmonxona brendi kirib keldi

Saqlash
00:10 / 08.10.2022 806 0

Bugun, 7-oktyabr kuni “Roadside by horrot” mehmonxonasida “Valor Hospitality Partners” mehmonxona boshqaruv kompaniyasi bilan “Deutsche Hospitality” kompaniyalari hamkorligida “IntercityHotel Tashkent” yangi xalqaro mehmonxona brendi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

 

Tadbirda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi direktori Sulton Xonbabayev, “Valor Hospitality Partners” taʼsischisi va boshqaruv hamkori Juliyen Bergue, “Deutsche Hospitality” vitse-prezidenti Zigfrid Nirxaus, Hotel Pro kompaniyasi asoschisi Dilshod Odilov, turizm sohasi mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

 

“Ayni damda yurtimizga xorijlik sayyohlar oqimi tobora koʻpaymoqda. Bu esa oʻz navbatida mehmonxonalar sonini yanada oshirishni talab qiladi. Shuning uchun ham turizmning boshqa sohalari singari mehmonxonalar sonini koʻpaytirishga ham katta eʼtibor qaratilyapti. “IntercityHotel Tashkent” brendining Oʻzbekistonga kirib kelishi esa, albatta, quvonarli hodisa. Negaki, ushbu brend zamonaviy mehmonxona talablariga toʻliq javob bera oladi”, Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi direktori Sulton Xonbabayev.

 

Tadbirda soʻzga chiqqan “Valor Hospitality Partners” taʼsischisi va boshqaruv hamkori Juliyen Bergue mehmonxona qurishdan oldin Toshkentni oʻrganib chiqqanini taʼkidladi.

 

“Ikki yil oldin Oʻzbekiston aeroportidagi kutish holatlari meni biroz ranjitgandi. Bugun esa bu kabi muammolar bartaraf etilganining guvohi boʻldim. Bunda esa, albatta, Turizm va madaniy meros vazirligining oʻrni katta. Mehmonxona ochishdan oldin Toshkentni aylanib chiqdim. Shahar aholisining muomalasi, xatti-harakatlari, yashash tarzi menga juda yoqdi. Toshkent goʻzal shahar, uning goʻzalligi esa bagʻrikeng odamlaridir. Toshkentdan tashqari Buxoro, Samarqand, Fargʻona viloyatlarida turizm sohasidagi yangiliklarni ham oʻrgandim va mehmonxona qurish uchun yaxshi joy tanlaganimga yana bir bor amin boʻldim. Ayni damda Buxoroda ham yangi mehmonxonalar quryapmiz. Bilasizmi, Oʻzbekiston bilan toʻliq tanishib olganimdan keyin doʻstlarimga, xorijdagi yaqinlarimga, albatta, bu mamlakatga kelishlarini tavsiya qilyapman”, dedi “Valor Hospitality Partners” taʼsischisi va boshqaruv hamkori Juliyen Bergue.

 

Juliyen Bergue mehmonxona sohasida 20 yildan ortiq tajribasi bor va 40 dan ortiq mehmonxona qurgan mutaxassis sifatida bu galgi loyihasi ham oʻzini oqlashini va Yangi Oʻzbekistonning bir boʻlagiga aylanishiga umid qilishini aytib oʻtdi.

 

Qayd etilishicha, “IntercityHotel Tashkent” mehmonxonasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan boʻlib, 2023-yilning 1-choragida ochilishi rejalashtirilgan. Mehmonxona zamonaviy interyerga ega 122 ta nomer, biznes tadbirlar yoki forumlarga moʻljallangan konferensiya zali, basseyn, sport zali va boshqa xizmat turlarini qamrab oladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish