“Xalqchil Konstitutsiyani yaratish uchun shoshilmaslik kerak” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
16:48 / 07.10.2022 723 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgarishlar boʻyicha oʻtkaziladigan referendumga shoshilmaslik zarurligi haqida gapirdi.

 

“Adolatli jamiyat boʻyicha mana konstitutsiyamizga oʻzgartirishlarga, referendumga tayyorgarlik koʻryapmiz. Mana bitta misol: 1-avgustgacha konstitutsiyamizga oʻzgartirish kiritish boʻyicha aholimizdan 150 mingta taklif kelib tushdi. Tasavvur qiling! Odamlarimizning ertangi kuniga befarq emasligidan dalolat bu.

 

Muallimlar, olimlar, tadbirkorlar, faxriylar, nuroniylar va hokazo. Hamma oʻzining yoʻnalishi boʻyicha taklif bergan, mamlakatda kim rahbar boʻlishidan qatʼi nazar, konstitutsiya, qonunlar meni himoya qilsin, deyapti. Shuning uchun 1-avgustdan keyin ham muhokamalar davom etdi va yana 2,5 mingta taklif kelib tushdi.

 

Hozir takliflar ustida komissiya ishlayapti. Mukammal, xalqchil, odamlarning dardiga kafolat boʻla oladigan konstitutsiyani yaratish uchun, mening taklifim shuki, shoshilmaslik kerak”, — deydi davlat rahbari.

 

Prezident “Tashabbusli budjet” loyihasi haqidagi fikrlari bilan ham oʻrtoqlashdi hamda konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish haqida taklif yuborgan jamoatchilik vakillarining har biriga asoslantirilgan javob yuborilishini maʼlum qildi.

 

“Ochiq budjet boʻyicha odamlarimiz oʻrganib oldimi? Adolat boʻlsa, jamiyatda oʻzgarish boʻlyapti, toʻgʻrimi? Bu jarayonga hech kim aralashmayapti-ku. Tasavvur qilinglar, har bir bergan pulimizni ochiq byudjet boʻlib, odamlarning oʻzi qoʻl qoʻysa, qanday yaxshi boʻlardi. Oʻn karra koʻp adolat boʻlardi, oʻn besh karra pul qisqarardi.

 

Xalqimiz bu mening konstitutsiyam deb qabul qilishi uchun kerak boʻlsa, yana bir marta xalq bilan maslahatlashamiz. Nimaga desangiz 150 mingta taklif yuborgan odamlarga taklifi oʻrinli yoki oʻrinsiz, uni qabul qilamiz, bunisini esa qabul qilmaymiz, nimaga qabul qilamiz va nima uchun qabul qilmaymiz, deb javob berish kerak. Shunday zamon kelibdi, mening fikrimni ham eshitishibdi degan fikr boʻladi. Shuning uchun shoshilmaslik toʻgʻri boʻladi”, — deb qoʻshimcha qilgan Shavkat Mirziyoyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//