Ilm-fan
"Meta"ning kelajakdagi rejalari haqida kecha (sobiq) "Facebook" taqdim etgan bir soatlik prezentatsiyani ko'rib chiqdim.
Kompaniya rahbari Mark Zukerberg kelasi 10 yilda amalga oshirishni rejalayotgan ishlari, internet va virtual/real voqelikda yuz berishi kutilayotgan o'zgarishlar haqida gapirdi va ko'rsatib berdi. Ekranda ko'rganlarim odamning og'zini lang ochadigan darajada hayratlanarli va zavqli. Boshqa tomondan esa qo'rqinchli. Nimasi zavqli va nimasi qo'rqinchli ekani haqida quyida to'xtalaman.
Virtual dunyoning cheksiz imkoniyatlari
Kelajakda real va virtual dunyo o'rtasidagi farq qisqarib boradi. Siz VR (Virtual Reality) va AR (Augmented Reality) moslamalari orqali virtual dunyoda yaratilgan shaharlarda, fantastik olamda yashashingiz mumkin. O'zingizning hashamatli uyingiz ham bo'ladi. Siz bu olamda ko'radigan va his qiladigan borliq real dunyodan deyarli farq qilmaydi.
Teleportatsiya reallikka aylanmoqda. Amerikadan turib O'zbekistondagi ota hovlimga borib, ota-onamning oldida, supachada choy ichib, suhbatlashib o'tirishim mumkin.
Bilim olish osonlashadi va bu jarayon zerikarli emas, zavqli ishga aylanadi. Tarixga, uzoq o'tmishga sayohat qilib, qadimgi Rimda yuz bergan voqealarni o'sha voqealar ichida ishtirok etgan holda o'rganishingiz mumkin. Imperator Yuliy Sezar majlislarida ishtirok etishingiz, Ikkinchi Jahon urushining qaqshatqich janglarida siz ham oddiy askar kabi qurol ko'tarib yugurib yurishingiz mumkin. Astronomiya fanida yulduzlarga, olis galaktikalarga sayohat qilasiz. Biologiya fanida okean tubiga tushib, mikroskopik mitti dengiz jonzotlarini yonidan turib tomosha qilasiz.
Yangiliklar, konsertlar, shoular ham endi uch o'lchamli bo'ladi. Qayerdadir nimadir yuz bersa, konsert bo'lsa, konferensiyalar o'tkazilsa, bir soniyada o'sha yerga borib, hoziru-nozir bo'lishingiz mumkin.
Ofislarga borib ishlash endi o'tmishga aylanadi. Chunki virtual ofisga kirib, hamma hamkasblaringiz bilan yonma-yon o'tirgan holda bemalol ishlashingiz mumkin.
Televizor, monitor, ekran kabi jihozlar butunlay yo'qolib ketadi. Chunki VR moslamasi orqali har qanday joyda istalgan hajmdagi sun'iy ekranni yarata olasiz va u orqali xohlagan ishingizni bajarishingiz, xohlagan filmingizni tomosha qilishingiz mumkin.
O'yinlarni, cheksiz darajada imkoniyatlar va fantaziyalarni taqdim etuvchi ko'ngilochar dasturlarni gapirmasa ham bo'ladi. VR o'yinlar allaqachon ommalashib, milliardlab dollar pul aylanadigan biznesga aylanib ulgurgan.
Xavotir nimada?
Endi qo'rqinchli tomoniga to'xtalaman. "Facebook", "Instagram" kabi dasturlar shundoq ham allaqachon vaqtimizni eng ko'p o'g'irlaydigan matohlarga aylangan. Endi ular qatoriga virtual voqelik xizmatlari qo'shilsa, holimiz nima bo'ladi? VR moslamalari smartfonlardek ommalashgan, Zukerbergning "metaverse" dunyosi reallikka aylangan kun qanday bo'lishini tasavvur qila olasizmi?
Virtual voqelik real voqelik bilan deyarli farqlab bo'lmas darajaga yetsa, odam nafsiga yoqadigan hamma fantaziyalar bilan to'la bu sun'iy dunyodan chiqib, o'zimizning sovuq, lekin haqiqiy olamimizga qayta olamizmi? Qaysi dunyoda ko'proq vaqt o'tkazamiz?
Bu narsa jamiyatlarga, oilalarga, an'anaviy hayot tarziga qanchalik ta'sir qiladi? Insonlarning bir-biri bilan haqiqiy, jismoniy va ruhiy munosabatlari qanchalik o'zgaradi?
Xullas, bular jiddiy xavotir uyg'otadigan, lekin hali javobi aniq bo'lmagan savollar.
Kelajak qiziq va ayni paytda yetarli darajada xavotirli. Siz bu haqda nima deb o'ylaysiz?
Behzod Mamadiev
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q