Toshkentning asosiy ko‘chalarida tezlik pasaytirilishi mumkin

Saqlash
17:17 / 30.09.2022 715 0

Kichik halqa yoʻli ichida joylashgan barcha koʻchalarda avtomobil tezligi 60 km/soatga tushirilishi taklif etilmoqda.

 

Toshkent shahrida Kichik halqa avtomobil yoʻli ichida joylashgan barcha koʻchalarda transport vositalarining harakat tezligi soatiga 60 kilometrgacha cheklanadi. Shahar kengashi doimiy komissiyasi shunday xulosaga kelgan.

 

Shu bilan birga, baʼzi koʻchalarda harakat xavfsizligini toʻlaqonli taʼminlash, oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va kamaytirish, shuningdek, harakat ishtirokchilari uchun yetarli darajada qulay sharoitlar yaratish maqsadida Alisher Navoiy, Maxtumquli, Amir Temur, Kichik halqa avtomobil yoʻli, Islom Karimov, Taras Shevchenko, Bobur va Furqat kabi markaziy koʻchalarning bir qismi va Amir Temur xiyoboni aylanma yoʻlida tezlik 50 km/soat deb belgilanishi mumkin.

 

Doimiy komissiya kiritgan masala shahar kengashining navbatdagi sessiyasida koʻrib chiqiladi.

 

Ayni vaqtda Oʻzbekistondagi aholi yashash manzillarida ruxsat etilgan tezlik 70 km/soat hisoblanadi.

 

Avvalroq Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 16-sentyabr kungi yigʻilishida Toshkent shahar IIBB YHXBning poytaxtning ayrim koʻchalarida harakatlanish belgilangan tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soat qilib belgilash taklifiga rozilik bildirilmagan va ayrim deputatlar bunga qatʼiy eʼtiroz bildirgandi. Shu sababli kengash mazkur masalani koʻrib chiqishni keyinga qoldirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//