Oʻzbekiston fuqarolari uchun haj kvotasi 2 barobarga oshiriladi

Saqlash
15:15 / 30.09.2022 705 0

Oʻzbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasi ikki barobar – 24 ming nafargacha, umra kvotasi esa 100 ming nafargacha oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkentga kelgan Saudiya Arabistoni delegatsiyasi bilan uchrashuvida bu boʻyicha kelishuvga erishildi.


Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabiston Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.


Uchrashuvda musulmon olamining muqaddas ziyoratgohlariga safarlarni tashkil etish borasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan Oʻzbekiston fuqarolarining Saudiya Arabistonida boʻlishi bilan bogʻliq yanada qulay va shinam sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.


Haj va umra ishlari vaziri Oʻzbekiston prezidentiga ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va valiahd, mamlakat bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.


Saudiya delegatsiyasining bu tashrifi joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga amalga oshirilgan tarixiy ahamiyatdagi davlat tashrifi davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning davomi ekani taʼkidlandi.


Suhbat chogʻida Oʻzbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasini ikki barobar – 24 ming nafargacha, umra kvotasini esa 100 ming nafargacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.


Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish, raqamlashtirish sohasida ilgʻor tajribani joriy qilish, saudiyalik turistlarning yurtimizda boʻlishi uchun vizasiz tartib joriy qilinganini hisobga olgan holda ularning Oʻzbekistonga safarlarini koʻpaytirish, ikki mamlakat yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasida sheriklik aloqalarini yoʻlga qoʻyish masalalari ham koʻrib chiqildi.

 

Avvalroq oʻzbekistonliklar uchun haj va umra ziyorati narxlari arzonlashishi haqida xabar berilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//