Oʻzbek shaxmatining oltin avlodi haqidagi kitob nashrdan chiqdi

Saqlash
15:40 / 27.09.2022 1111 0

Taniqli jurnalist, “Maʼrifat” gazetaning bosh muharriri Husan Karvonlining “Oʻzbek shaxmatining oltin avlodi” nomli kitobi taqdimoti oʻtkazildi. 

 

Kitob oʻzbek shaxmatining oltin avlodlari: Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidovlarning shaxmatga kirib kelishi, ota-ona, ustozlarining fikrlari, erishilgan yutuqlari aks etgan maqolalarni oʻz ichiga olgan.

 

Taqdimotda Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori, Shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Saʼdullayev, shaxmatchilar va ularning oila aʼzolari, jurnalistlar ishtirok etdi. 

 

 

Kitobda jurnalistning oltin avlod haqida bir necha yillar avval yozilgan maqolalari ham mavjud. Jumladan, kitobning Nodirbek Abdusattorov haqidagi qismida muallifning 10 yil avval yozgan maqolasida Nodirbekning ota-onasidan olingan intervyular keltirilgan.

 

“Garchi hamma qatori men ham turli koʻngilochar telekanallarga, har xil kinofilmlarni koʻrishga qiziqsamda farzandlarimning tarbiyasini oʻylab ayrim qiziqishlarimni cheklaganman. Shu sababli turli kabelli televideniyelarga ulanmaganmiz. Albatta, bolalarimning televizor koʻrishlariga ruxsat beraman, faqat dunyoqarashini boyitadigan maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-tarixiy koʻrsatuvlarnigina”, degan Nodirbek Abdusattorovning otasi Fazliddin Ochilov.

 

“Oʻzim avvaliga shaxmatga uncha qiziqmaganman. Farzandlarim shaxmat toʻgaragiga qatnash boshlagandan keyin majburan oʻrgandim. Chunki uyga berilgan vazifalarni bajarishlarini nazorat qilishim kerak edi-da”, deydi Nodirbek Abdusattorovning onasi Marziya Ochilova.

 

Kitob «Akademnashr» nashriyotida 2 ming nusxada chop etilgan. Taqdimotda muallifga kitobning davomini yozish taklifi ham berildi.

 

 

«Yigitlardan umidim katta. Yana olimpiada chempioni boʻlishsin, Jahon Kubogini olishsin, Jahon shaxmat tojini Oʻzbekistonga olib kelishsin. Men ularning har biri haqida kitob yozayin. “Oʻzbekiston grossmeysterlari” degan kitob chiqarayin», deydi Husan Karvonli.

 

Eslatib oʻtamiz, avvalroq “Oʻzbek shaxmatining oltin avlodi” kitobi “Eng ulugʻ, eng aziz” respublika tanlovida 1-oʻringa loyiq koʻrilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//