Toshkent viloyatidagi Suyurlitepa yodgorligidan ilk oʻrta asrlarga oid monumental inshootning oʻrni aniqlandi

Saqlash
17:09 / 26.09.2022 660 0

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi va Tarix instituti xodimlari tomonidan Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududida joylashgan Suyurlitepa yodgorligida olib borilgan qazishma ishlari natijasida ilk oʻrta asrlarga oid monumental inshootning oʻrni aniqlandi.

 

Suyurlitepa yodgorligi Ohangaron daryosining chap sohilida, Qurama togʻlarining shimoliy etagida, bugungi Sanam qishlogʻidan 2 km sharqda, Olmaliq shahrini Angren shahri bilan bogʻlovchi avtomobil yoʻli yoqasida joylashgan.

 

Qazishmalar Vagʻnze mulkining janubi-sharqiy qismidagi nisbatan balandroq tepalikni ochib oʻrganishdan boshlandi. Qazishma 20x20 metr oʻlchamli maydonda amalga oshirildi.

 

Aniqlangan inshoot qurilishida paxsa va xom gʻishtlardan foydalanilgan. Bino 3 qavatli paxsa bloklaridan iborat platformaning ust qismida koʻtarilgan. Uning tom qismi arkasimon qilib yopilganligi qazishmalar jarayonida aniqlandi. Inshootning aynan qanday vazifani bajarganligi haqida tugal xulosaga kelingani yoʻq. Tadqiqotlar yakunida soʻnggi xulosalar beriladi.

 

Tadqiqotlar natijasida rivojlangan oʻrta asrlarga kelganda binodan boshqa maqsadlarda foydalangani qayd etildi. Inshoot markaziy xona va unga tutashtirilgan yordamchi xonalardan iborat qilib qurilganligi hamda unga yana bir qancha xoʻjalik xonalari keyingi davrlarda qoʻshilganligi yodgorlikning rejasida aks etgan. Qazishma maydonida jami 10 ga yaqin xonalar ochib oʻrganildi.

 

Arxeologik qazishmalar natijasida bu yerdan Turk xoqonligi, Somoniylar, Qoraxoniylar va Moʻgʻullar bosqini davriga oid boy ashyolar, tangalar, sopol idishlar, kamon oʻqining uchlari, shisha idishlar, turli xil taqinchoqlar, suyakdan qilingan taroqlar va boshqa koʻplab tarixiy buyumlar topildi.

 

Xonalardan paxsa blokli platformani oʻyib ochilgan jami 5 ta xoʻjalik oʻralari aniqlandi. Oʻralardan bittasi toʻgʻri toʻrtburchak, qolganlari esa aylana shaklga ega. Ulardan 20 turdagi shisha idishlar, xususan, shisha laganlar, vazalar, jomlar va tabiblar tomonidan giyoh solish uchun ishlatilganligi talqin qilinayotgan kichik, nozik koʻrinishga ega shisha idishlar va hokazolar topildi. Bunday turli-tuman shisha idishlarning topilishi bu hududlarda bir vaqtlar shishasozlik yuksak darajaga yetganligini tasdiqlaydi.

 

Oʻralardan birida Somoniylar davrida oid (X asr) noyob laganlar ham topildi. Ularning sirtiga oq rang berilib, sirlangan. Laganlardan birida arab alifbosining kufiy xatida bitiklar mavjud. Laganlardan birida humo qushiga oʻxshab ketadigan qush tasvirlangan boʻlib, u tumshugʻida gul tutib olgan. Ikkala lagan ham Somoniylar davrining nodir namunalaridan hisoblanadi.

 

Shaharning ichki yoʻllarini aniqlash maqsadida 7 ta nuqtada transheyalar (eni 1 m, uzunligi 5-14 metrli chuqurlar) tashlandi va shaharning baʼzi ichki yoʻllarining oʻrniga aniqlik kiritildi.

 

Yodgorlikning janubi-sharqiy qismidagi keng maydonlarda qavat-qavat qilib tarmoqlangan ariqlar oʻrni yaqqol koʻzga tashlanadi. Qadimiy majmua hududi juda kengligi bois uning katta qismi oʻz sir-asrorlarining ochilishini kutib turibdi. Yodgorlikda arxeologik tadqiqotlar davom ettirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish