O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Namozov vafot etdi

Saqlash
14:09 / 24.09.2022 699 0

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, xonanda Ravshan Namozov vafot etdi. Bu haqda xonanda Mohira Asadova Instagram sahifasida maʼlum qildi.

 

“Oʻzbek musiqa sanʼati ogʻir judolikka uchradi. Ogʻir va uzoq davom etgan xastalikdan soʻng qadrdon hamkasb doʻstimiz va akamiz bu foniy dunyoni tark etib, boqiy dunyo tomon rihlat qildilar. Ravshan aka bilan qachon koʻrishib qolsak, suhbatimiz doim musiqa sanʼati haqida boʻlardi. Chunki u kishi musiqiy gʻoyalari oʻzgachaligi bilan boshqalardan doim ajralib turardi.

 

Oxiratingiz obod, ruhingiz shod boʻlsin Ravshan aka! Diydor qiyomatga qoldi”, — deb yozadi Mohira Asadova.

 

Qayd etish kerak, shu yilning yanvar oyida xonandaning ogʻir ahvolda gematologiya shifoxonasida davolanayotgani maʼlum qilingandi. Oʻshanda xonandaning 7 yildan buyon 2-darajadagi xafaqon xastaligi bilan kurashib kelayotgani aytilgandi.

 

Maʼlumot uchun, Ravshan Namozov 1961-yilning 10-iyulida Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida tugʻilgan. U Termiz musiqa bilim yurtini tamomlab, otasi — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Abdurahmon Namozov va Shokir Mahmudovlardan saboq olgan.

 

Xonanda oʻz faoliyatini 1989-yili tashkil etilgan “Qars” guruhida boshlagan. 1991-yildan buyon yakkaxon ijod qilgan xonanda 1993-yili Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish