Rasul Kusherbayev ichki ishlar vaziriga murojaat qildi

Saqlash
22:06 / 22.09.2022 786 0

Soʻnggi vaqtlarda ichki ishlar organlari tomonidan majburiy olib ketilgan fuqarolar haqida maʼlumot berilmayotgani uchun ularning yaqinlari va oila aʼzolari norozi boʻlayotganligiga doir murojaatlar koʻpayib bormoqda.

 

Xususan, soʻnggi kunlarda bloger Sh.Komilovning yoʻqolib qolgani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Oʻtgan yili bu holat avtobloger B.Gʻaniyev bilan ham sodir boʻlgan, yaʼni u to qamalgunga qadar yaqinlari uning qayerdaligi, ahvoli haqida bila olishmagan.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati mazkur masala yuzasidan Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonovga murojaat qildi.

 

«Ikki holatda ham blogerlar. Balki bu tasodifdir. Biroq ommaga maʼlum boʻlgan shu ikki holatdan koʻrinib turibdiki, fuqarolarning yaqinlarga xabar berish, himoyachi bilan uchrashish kabi huquqlari vakolatli xodimlar tomonidan buzilmoqda.

 

Shu bois, fuqarolar va ichki ishlar organlarining barcha xodimlariga quyidagilarni eslatib oʻtmoqchimiz.

 

“Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi qonunning 23-moddasiga koʻra, maxsus qabulxona maʼmuriyati va xodimlari maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga joylashtirilgan paytdan boshlab unga u maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi toʻgʻrisida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoki xabar qilish huquqini berishi shart.

 

Jinoyat protsessual kodeksining 226-moddasiga koʻra, ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga boʻlgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) eʼtiboran koʻpi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qoʻshimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.

 

Ushlab turilgan shaxs turgan joyi toʻgʻrisida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoxud xabar berish huquqiga ega.

 

Vakolatli xodimlar fuqaroga ushbu huquqdan foydalanish imkoniyatlarini yaratib berishlari shart.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib Ichki ishlar vazirimizdan xodimlarining ushbu qonun talablariga soʻzsiz rioya etishlarini alohida nazoratga olib, fuqarolarning huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻymasliklarini soʻrab qolamiz», deyiladi deputat murojaatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//