Samarqandda yengil atletika boʻyicha Markaziy Osiyo ochiq chempionati boʻlib oʻtadi

Saqlash
14:12 / 21.09.2022 961 0

23–25-sentyabr kunlari Samarqand shahrida yengil atletika boʻyicha Markaziy Osiyo 4-ochiq chempionati boʻlib oʻtadi.

 

Xalqaro musobaqada 11 ta mamlakatdan 300 dan ortiq sportchilar ishtirok etadi. Oʻzbekistondagi ochiq chempionatga Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston va Tojikiston terma jamoalari tashrif buyuradi. Shuningdek, Malayziya, Tailand va Filippindan sportchilar kelishi kutilmoqda.

 

Sport musobaqasi Oʻzbekiston sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi va Yengil atletika federatsiyasi tomonidan Markaziy Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi va “Oʻzbekneftgaz” AJ koʻmagida tashkil etilmoqda.

 

Samarqand shahridagi yugurish yoʻlakchasining yangi qoplamasi va World athletics standartlariga mos ravishda sertifikatlangan uloqtirish uchun sektorlariga ega “Afrosiyob Arena” sport majmuasi yengil atletika boʻyicha Markaziy Osiyo Ochiq chempionatini oʻtkazish uchun tayyorlab qoʻyildi. Ochiq turnir stadion rekonstruksiyadan keyin oʻtkazilayotgan ilk yirik tadbir hisoblanadi.

 

Sportchilar asosiy yugurish yoʻnalishlarida hamda texnik musobaqalarda — balandlikka sakrash, tayanib sakrash, uzunlikka, uch hatlab sakrash, disk, bolgʻa otish, nayza uloqtirish boʻyicha qatnashadi.

 

Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi deyarli barcha yoʻnalishlarda chiqishi belgilangan. Musobaqada V Islom birdamlik oʻyinlari gʻoliblari Sharifa Davronova, Anvar Anvarov, Suhrob Xoʻjayev, Farida Soliyeva, Nargiza Qoʻchqorova va Roksana Xudoyorovalar ham mamlakatimiz sharafini himoya qilishadi.

 

Musobaqaning uchinchi kunida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi kubogi, “Save Aral 2022” xalqaro xayriya ommaviy yugurish musobaqasining navbatdagi bosqichi boʻlib oʻtadi. Ikki mingdan ortiq ishtirokchilar Orol dengizi ekologik muammosiga jamoatchilik eʼtiborini qaratish maqsadida oʻtkaziladigan Save Aral musobaqasini qoʻllab-quvvatlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//