Parkentdan XVI asr oxiri – XVII asr boshlariga oid xazina topildi

Saqlash
10:09 / 20.09.2022 858 0

Toshkent viloyati Parkent tumani “Xoʻja” mahallasidagi Hunarmand koʻchasi 47-uyda yashovchi fuqaro Nasiba Begmatova 2022-yilning 16-sentyabr kuni oʻz uyining hovlisidan oʻra qazdirayotganda koʻkarib zanglab ketgan mis tangalar xazinasini topib olgan. Fuqaro bu haqda mutaxassislarga xabar bergan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Dilmurod Normurodov va Madaniy meros agentligi bosh arxeologi, Arxeologik tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish boshqarmasi boshligʻi Alisher Yarqulovlar hududga yetib borgan. Olimlar delegatsiyasi, mahalla raisi, mahalla profilaktika noziri, uy egalari va arxeolog guvohligida topilmalar sanoqdan oʻtkazilgan. Ularning soni 939 ta ekanligi aniqlandi. Ular oʻrganish va davlatga topshirish uchun olingan.

 

 

Mis tangalar topilgan joy koʻzdan kechirilib, ularning diametri 115 santimetr boʻlgan oʻraning yer sathidan 40-50 santimetr chuqurligida, bir joyda toʻplangan holda topilgani, tangalar topilgan joydagi tuproq orasidan oʻlchami 25x25x5 santimetr boʻlgan pishiq gʻisht boʻlagi, moviy rangda sirlangan va sirsiz idishlarning mayda parchalari saqlangani aniqlangan.

 

Tangalar uzoq vaqt davomida yer ostida, nam tuproqqa qorishib chiriganligi sababli ularning har ikkala tomonining yuzalari tekislanib ketgan. Tangalarga zarb sayoz urilgan. Ulardagi yozuvlar yaxshi koʻrinmaydi. Olimlar xazinaning XVI asr oxiri – XVII asr boshlariga tegishli ekanligini aytishmoqda. Ular topilgan joydan aniqlangan ashyoviy dalillar - 25x25x5 santimetr hajmdagi pishgan gʻishtlar, moviy rangdagi sirlangan va sirsiz sopol idish siniqlari ham yuqorida koʻrsatilgan davrda ishlab chiqarilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish