Adabiyot
– Mavluda opa, xalq shoirining farzandi bo‘lish kishiga faxr bo‘lish bilan birga mas’uliyat ham yuklaydi...
– Tabiatan tortinchoq bo‘lganim bois iloji boricha maktabda, universitetda otamning kimligini bildirmaslikka harakat qilardim. Chunki Abdulla Oripovning qizi, deya imtiyozga ega bo‘lishni istamasdim. Meni o‘z kuchim, bilimim bilan tanishsin, derdim doim. Bu ikki narsa hayotimda aralashib ketishini xohlamaganman, ochig‘i.
Bolaligim zavqli va birmuncha qiyin o‘tgan. Sakkiz yil ayamning qistovi bilan Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida o‘qib, pianino chaldim. Soat 2-3 gacha oddiy fanlar o‘qitilar, kechki 7-8 gacha esa musiqa darslari o‘tilardi. Tengqur o‘rtoqlarim maktabdan kelib, ko‘chada o‘ynardi. Men bo‘lsam uyda o‘tirib, yana kamida ikki-uch soat repetitsiya qilishim kerak edi. Shu narsa alam qilar, nega men ham boshqalardek o‘ynolmayman, derdim. Bolalik ana shu – o‘zimni majburlab o‘qishlarim bilan ham xotiramda qolgan.
Musiqa men uchun emasligini ich-ichimdan his qilardim, ammo 8-sinfdan keyingina ayamga “muzikant” bo‘lgim kelmayapti, deya oldim. Ota-onam vaziyatni to‘g‘ri tushunib, o‘qishimni 64-maktabga o‘tkazishdi. Darslardan keyin bo‘sh vaqtim ko‘p edi, lekin endi ko‘chaga chiqib o‘ynagim kelmasdi. Doimiy mashg‘ulotlarga o‘rganib qolganim uchun ingliz tili kurslariga qatnay boshladim. Repetitorim sen yaxshi o‘zlashtiryapsan, hatto roman-german fakultetiga kira olasan, dedi. Shu gap motivatsiya bo‘lib, o‘qishga tayyorlana boshladim.
Test tizimiga o‘tishning birinchi yili edi. Gazetada chiqqan savollarni kesib olib yechar, tinimsiz kitob o‘qirdim. Kuchli tayyorgarlik bilan o‘tgan yoz oxirida talaba bo‘ldim. Dadam o‘qishga topshirganimni bilmas, O‘zbekiston Milliy universitetining roman-german filologiyasi fakultetiga shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinganimni uyala-uyala aytganimda, biroz indamay turib, “o‘qitaman”, deganlari yodimda.
– Lekin adashmasam, mutaxassisligingiz filologiya emas, biznes yo‘nalishini tamomlagansiz?
– Shunday. Birinchi kursni tugatganimizda, o‘rtog‘im Texnika universitetida Malayziyaning biznes fakulteti ochilganini aytib qoldi. Uning tavsiyasi bilan o‘sha yoqqa ham hujjat topshirib ko‘rdim. Baxtni qarangki, o‘qishga kirdim. U vaqtlari biznesni olib-sotarlik deb tushunishardi. Endi “roman-german”ni tashlab, bozorchilikka o‘qiysanmi, ham deyishgan menga. Shuning uchun uyimdagilarga aytishga cho‘chiganman. Lekin otam uzoqni ko‘ra oladigan odam bo‘lgan ekanki, bu gal ham qarshilik qilmagan. Yangi o‘qish dunyoqarashimni tubdan o‘zgartirib yubordi. Bizga karerasini yo‘lga qo‘yib olgan ayol o‘qituvchilar dars berardi. Ularni ko‘rib, oilasi va bolalari bor ayollar ham katta universitetlarda o‘qisa, ishlasa bo‘larkan-ku, degan fikr uyg‘ongan. Men ham shularday bo‘laman, degan maqsad tug‘ilgan ko‘nglimda.
– “Amerika orzusi” butun dunyoga yoyilgan. Ammo hamma ham uning ro‘yobiga erishavermaydi. Sizda bu jarayon qanday kechgan? Umuman, Amerikaga ketish haqida avval boshdan o‘ylaganmisiz?
– Turmushga chiqqach, 2000-yili Turkiyaga ketdim. Maktabga ishga kirib, ingliz tilidan dars bera boshladim. O‘qituvchilarning hurmati baland edi, qiynalmay ishlardim. Shuning uchun Qirg‘izistonga ishga taklif qilishganida, turmush o‘rtog‘im birdaniga ko‘nib qo‘yganiga hayron qolganman. Sababini so‘rasam, “O‘zing bilmaysan, lekin yurtingni juda sog‘inganding, Vataningga, oilangga yaqinroq bo‘lishing, borib-kelish senga osonroq bo‘lishi uchun rozilik berdim”, degandi kulib
Olti yilcha Qirg‘izistonning Talas shahrida yashadik. Bolalarni, kasbimni yaxshi ko‘rib qolgandim. Shuning uchun u qadar yaxshi rivojlanmagan shaharda ham respublika miqyosidagi katta loyihalarni boshlagandik. Ko‘p o‘tmay, o‘quvchilarimiz yaxshi natijalar ko‘rsata boshladi. Lavozimim ko‘tarildi. 2008-yili esa Amerikaga migrantlarga ingliz tilini o‘rgatish uchun ishga chaqirishdi.
2008–2018-yillari maktablarda direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdim. 2018-yildan buyon Texas shtatida 72 ta maktablik tizimda oliy o‘quv yurtlari va kasb hunarga tayyorlash yo‘nalishi rahbariman (Harmony Public Schools, Director of College and Career Counseling). Bu o‘quv ishlarini, o‘qituvchilar faoliyatini boshqarish, test sistemasini, umuman, ta’lim yo‘nalishida nimaiki talab qilinsa, barchasini nazorat qilishga mas’ul bo‘lish degani. Bolalarni universitetga, kasb-hunarga tayyorlash ishlariga javobgarlik ham mening zimmamda. Pedagog kadrlarga trening o‘tishni tashkillashtirib, buning o‘qitish samaradorligiga qanday nafi tegayotganini tekshiraman.
– Ish jarayoningizda tizimga o‘zingiz ham biror yangilik kiritdingizmi?
– Amerikadagi ilk yillarimda ilgari surgan tashabbusim bugun butun shtat uchun dolzarb masalaga aylandi. “Miss Oripova, siz qilgan yangilik bizga endi yetib keldi”, deyishadi hamkasblarim hazillashib. Gap shundaki, shtat ta’lim vazirligi o‘quvchilar uchun barcha imkoniyat, imtiyozlarni beradi. 12-sinfni yakunlagan o‘g‘il-qizlar universitetda 2-kursdan o‘qishni davom ettirishi mumkin. Buning uchun o‘quvchi maktabdayoq universitetda o‘tiladigan darslarni o‘qiydi. Biroq bolalarda fanlarni to‘g‘ri tanlolmaslik, imkoniyatlarini chamalay olmaslik ko‘p kuzatiladi. Natijada fanlar og‘irlik qiladi, maktab va universitetdagi baholar tushib ketadi. Ko‘pchilik oliy ta’limni bitira olmaydi hatto.
AQShda yana 20 yildan keyin kadrlar yetishmovchiligi boshlanishi prognoz qilinib, hozirdanoq tahlika boshlangan. Masalan, aytishniklar, matematiklar, injenerlar tanqisligi kuzatilishi mumkin. Chunki, aytganimdek, bu fanlarni o‘zlashtirib, o‘qishni tamomlab, diplom olish sezilarli kamayib ketgan. Sabab ayni shu – o‘quvchining iqtidoriga ko‘ra maktab davridayoq oliy ta’limga moslashtirilmagani va noto‘g‘ri tanlangan fanlar, kasblar...
Ishni maktabdan boshlash kerak, degan to‘xtamga kelindi. Holbuki, men buni 10 yil avval o‘z tajribamda isbotlab bergandim. O‘quvchilarim bilan suhbatlashar, iqtidori, qiziqishlaridan kelib chiqib fan, yo‘nalish tanlardik. Natijada ularning o‘zlashtirishi tushib ketmas, universitetni bemalol tugatib, yaxshi kadrga aylanishardi. Doktorantura bosqichida xuddi shu sistemaning afzal tomonlarini tajribalarim misolida isbotlab dissertatsiya yoqladim. Bugun shtatda bu tizim deyarli majburiyga aylantirildi.
– O‘zbekiston maktablarida o‘qigan va bugun xorijda shu tizimda ishlayotgan xodim sifatida ta’limdagi farqlarni nimalarda ko‘rasiz?
– Bugun O‘zbekiston xalq ta’limi tizimida ixtisoslashgan maktablar paydo bo‘lganidan quvondim. Bu juda yaxshi siljish. Agar o‘quvchiga yo‘naltirilgan bilim berilsa, kelajakda kuchli kadrga aylanadi. Lekin bu tabaqalanishga olib kelmasligi kerak.
O‘qituvchilar faoliyatini baholash tizimi ikki mamlakatda turlicha. Amerikada muallimlar ishining samaradorligi o‘quvchilarining bilimiga ko‘ra aniqlanadi. O‘zbekistonda esa pedagoglarning o‘zlari attestatsiyadan o‘tkaziladi. Ya’ni, o‘qituvchi imtihonga tayyorlanish uchun bor e’tiborini o‘zini rivojlantirishga qaratadi. Natijada bolaga yetarlicha bilim, e’tibor berilmaydi. Shu tizim xatodek, axir o‘qituvchi o‘ta aqlli bo‘lgani, imtihondan yuqori ball olgani bilan o‘quvchiga yetkizib berolmasa, bunday ilm nimaga kerak?
Amerikada har chorak yakunida o‘quvchilarning bilimi imtihondan o‘tkaziladi va ular olgan natijalarga ko‘ra ustoz baholanadi. Shuning uchun o‘qituvchi bor kuchi bilan mavzuni bolalarga tushuntirishga, yaxshi dars o‘tishga harakat qiladi. Muallimning o‘zigina bilgani hech narsani o‘zgartirmaydi, u o‘quvchini ham o‘zgartirishi, o‘stirishi kerak.
– O‘zbekistonda juda ko‘p muammolar ildizi ta’lim sifatining pastligi, yaxshi kadrlar yetishmasligi bilan bog‘lanadi. Agar sizga imkon berilsa, milliy ta’lim tizimimizda nimalarni o‘zgartirgan, nimalar qilgan bo‘lardingiz?
– O‘rganganlarimni O‘zbekistonda amalga tatbiq qilishni juda istayman. Amerikadagi biror dasturni o‘zimizda ham qo‘llasa bo‘larkan, degan o‘ylar kechadi doim xayolimdan. Agar imkon berilsa, xalqaro miqyosda sinovdan o‘tgan tayyor dasturlarni avval bitta yaxshi natijali va bitta o‘zlashtirishi past, boshqarish qiyin maktabda sinab ko‘rardim. Chunki hozir nimanidir yangidan yaratishdan ko‘ra, foydasi isbotlangan dasturlardan foydalanish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu vaqt va natijaga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Samarasi, o‘zgartirish kerak bo‘lgan jihatlari bir-ikki yilda bilinadi. Shundan so‘ng respublika bo‘ylab ommaviy tatbiq qilish mumkin bo‘ladi, nazarimda. Chunki har qanday dasturni sinamasdan, moslashtirmasdan birvarakayiga umumiy joriy etib bo‘lmaydi. Bu aks ta’sir qilishi mumkin.
Amerikada ta’limga biror yangilikni kiritish oldidan eng avval o‘qituvchilar fikri o‘rganiladi. Tashabbusni yoqlagan direktor va pedagoglarning maktabida dasturni sinovdan o‘tkazishni boshlaymiz. Chunki har qanday innovatsiya juda ko‘p o‘zgarishlarni boshlab keladi. Ko‘pgina o‘qituvchilar esa doimiy qulay muhitidan chiqishni istashmaydi, ularning yillar davomida ko‘nikkan qoidalari, amallari bor. Shuncha yillik tajribasini bir chetga surib qo‘yib, umuman boshqa yangilikni kiritsangiz, o‘zlarida bosim, zo‘riqish sezadilar. Natijada bu o‘qitish sifatiga ta’sir qilmay qolmaydi. O‘zgarishlarga o‘quvchilar tez o‘rganadi, lekin ustozlar qiynaladi. Har bir tizimda bo‘lgani kabi ta’limda ham innovatsiyani amaliyotga joriy etadigan odamlarni o‘zgartirish qiyin. Va yana, yangilikni amalga oshirish uchun hamma resurslarni berishingiz kerak. Bo‘lmasa, quruq gap bilan hech narsaga erisha olmaysiz.
– G‘arbda 16–18 yoshdayoq farzand mustaqil bo‘ladi va oliy ta’lim haqida uning o‘zi va o‘zigina qayg‘uradi. Bu hol o‘sha mamlakatlarni taraqqiyotdan to‘smadi, aksincha, eng yaxshi olimlar, eng kuchli kadrlar yetishib chiqishiga xizmat qilyapti. Bizda esa yaratilayotgan imkoniyatlar, berilayotgan imtiyozlarga qaramay, bugun mutaxassislar taqchilligi bor. Kelajagini xorijda ko‘rayotgan yoshlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi, afsuski. Ikki manzarani solishtirib, o‘zi yoshlarga imtiyozlar berilishi kerakmikan, degan savol tug‘iladi.
– O‘quvchilarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hech qanday imtihonsiz o‘qishga kirishlari noto‘g‘ri, buni yoqlamagan bo‘lardim. Amerikada ham imtiyozlar bor, faqat bu imtihonsiz talaba bo‘lish imkonini bermaydi. Oliy ta’lim muassasalarida ikki bosqichda sinov o‘tkaziladi. Dastlab test sinovlarida nomzodlar birlamchi saralanadi. Keyin insho (esse) yozdiriladi, bunda ko‘proq abituriyentning xarakteriga e’tibor qaratiladi.
Hozir Amerika universitetlarida insho o‘qishga qabul qilishda asosiy argumentga aylangan. Agar bolaning maktabdagi baholari zo‘r bo‘lib, testdan ham yaxshi o‘tsa-yu, inshosida shuni aks ettirolmasa, o‘qishga kirolmaydi. Chunki uning ichki motivatsiyasi, shaxsiy istagi yo‘q. Nega shu ishni qilganini bilmaydi. Nega injener yo shifokor bo‘lmoqchisan, degan savolga javob berolmaydi.
Inshoda abituriyent o‘zi tanlagan yo‘nalish bo‘yicha ilgari bajargan amaliy ishlarini ko‘proq bayon etsa, unga shuncha yuqori baho qo‘yiladi. Chunki faqat bilim olmay, kelajak uchun nimalardir qilgan. Imtiyoz masalasiga kelsak, aytaylik, fanlar olimpiadasida g‘olib bo‘lish imtiyoz sanalsa-da, inshodagi bitta plyus, xolos. Universitet buni istasa qabul qiladi, istamasa yo‘q. Sababi, oliy ta’lim dargohlari bu – akademik bilim markazi degani. Bilim olish uchun bilim bilan kirish kerak, imtiyoz bilan emas.
O‘zbekistonda imtiyozlarning ko‘pligi o‘quvchini asosiy ishi – bilim olishdan chalg‘itib qo‘yadi. To‘g‘ri, imtiyozga ega bo‘lish uchun ham harakat qilinadi, lekin bilim olinadimi-yo‘qmi – so‘roq ostida qoladi baribir. Bu nafaqat o‘sha soha, balki jamiyatning kelajagi va o‘quvchining o‘z taqdiri uchun ham xatarli.
– AQShda bitiruvchi talabalarning ishga kirish jarayoni qanday, bu borada qiynalishmaydimi?
– Qo‘shma shtatlarda universitetlarning asosiy reytingi bitiruvchilarga ish topib berishi bilan o‘lchanadi. Shu bois ham o‘qishga qabul qilishda hech qanday korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilinadi. Chunki bilimsiz talabaning bitirishi va ishga joylashishi qiyin bo‘ladi, natijada universitet reytingi tushib ketadi. Amerikada universitetlar bilimli talaba uchun talashadi. O‘quvchilar bir vaqtda bir nechta universitetga hujjat topshiradi va eng ko‘p pul taklif qilganini tanlay oladi. O‘qishga kirish vaqtida bilimli abituriyent emas, universitetlar qiynaladi.
Feruza XAYRULLAYEVA
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Расулжон
12:01 / 01.01.1970
Буюк шоирнинг мана шундай авлодлари борлиги қувонарлидир.
Mavjuda
12:01 / 01.01.1970
Mana shunday iqtidorli, yetakchi mutaxassislarimiz, albatta biz uchun faxr. Amaliyotni oʻzimizda ham tadbiq etishda, aʼlo boʻlardi. Chunki bizning taʼlimdagi betartib oʻzgarishlar taʼlim sifatini pasayishiga sabab boʻlishi mumkin.