O‘zbek adabiy tili umumturkiy lisoniy maydondan chetga chiqib qolgan – adabiyotshunos Musulmon Namoz


Saqlash
00:35 / 26.07.2022 1244 0

Keyinchalik o‘zbek adabiyotining eng mashhur namoyandalaridan biri bo‘lib tanilgan Abdulla Qahhor “Sarob” romanini yoza boshlaganida endigina yigirma uch yoshga to‘lgan iste’dodli va serg‘ayrat yigitcha edi. U Oktabr to‘ntarishidan so‘ng tashkil etilgan yangicha tipdagi boshlang‘ich va o‘rta ta’lim o‘quv yurtlarida turli siyosiy va mafkuraviy maslakdagi muallimlardan tahsil oldi. O‘n olti yoshida o‘ta siyosiy ruhdagi va jangari tashkilot bo‘lmish komsomolda mas’ul lavozimda xizmat qildi. O‘rta ma’lumoti ham tamom bo‘lmagan bu o‘smir respublikaning eng nufuzli siyosiy va adabiy nashrlarida avval muxbir, keyinroq tahririyatlarda mas’ul vazifalarda ishladi. Shu yillardanoq siyosiy va adabiy jarayonda faol ishtirok etdi, mafkuraviy kurashlarda pishib, yaxshigina tajriba orttirdi.

 

Shular boisidan uning birinchi yirik asari bo‘lmish “Sarob” romanida o‘sha davr o‘zbek jamiyatida mavjud bo‘lgan ijtimoiy hodisalarning badiiy in’ikosidan tashqari, o‘zbek adabiy tilining ham eng muhim xususiyatlari bo‘rtib ko‘rinishi tabiiy bir holdir.

 

1933-1934-yillarda mazkur romanning ilk varianti “O‘zbek sho‘ro adabiyoti” jurnalida to‘liq bosilib chiqadi. Uni kitobxonlar juda katta qiziqish bilan kutib oladi. Jurnalning har bir yangi soni intiqlik bilan kutilgani haqida ma’lumotlar bor. Romanga qiziqish shunchalik bo‘lgan ediki, 1936-yilda uning epizodik qahramonlaridan biri bo‘lgan Sarimsoq hayotiga tegishli qismlari “Sarimsoqnoma” nomi bilan “romandan parcha” sifatida alohida nashr qilinadi. Holbuki, roman to‘qimasiga begonaroq mavzudan hikoya qiladigan bu o‘rinlar asarning keyingi nashrlarida butunlay qisqarib ketgan.

 

Biroq romanning alohida kitob holida chop qilinishi birmuncha cho‘ziladi. Buning sabablari haqida ko‘p gapirish mumkin, albatta. Lekin eng muhim sababi o‘sha davr siyosati bilan bog‘liq ekanini ta’kidlab o‘tishning o‘zi kifoya qiladi.

 

Roman jurnalda e’lon qilinganidan salkam ikki yil o‘tgach, 1936 yilning 13 dekabr kuni kitob holida chop qilish uchun terishga beriladi. Lekin uni rasman nashr qilish uchun faqatgina 1937 yilning 23 dekabrida ruxsat etiladi. Ya’ni u kitobxonlar qo‘liga 1938 yilda yetib boradi.

 

Romanning ilk nashri 1938-yili chop etilgan bo‘lsa ham, uning 1930–1933-yillari yozib tugatilganini qahhorshunoslar Ozod Sharafiddinov, Rahmon Qo‘chqor, Otabek Jo‘raboyev bir ovozdan tasdiqlashadi. Binobarin, uning ilk nashrida o‘sha davr o‘zbek adabiy tilining barcha muhim jihatlari alohida bo‘rtib ko‘rinib turadi deya ta’riflasak, haqlimiz.

 

Ma’lumki, o‘zbek adabiy tili va xalqning jonli tili yigirmanchi asrning boshlarida bir-biridan juda keskin farq qilar edi. O‘sha davr matbuotini adabiy til rivoji nuqtayi nazaridan tekshirgan kishi buni darrov anglaydi. Shuningdek, o‘sha davr matbuotini kuzatishda davom etsak, o‘zbek adabiy tili juda qisqa muddatda nihoyatda katta va o‘ta shiddatli o‘zgarishlarni boshidan kechirganiga guvoh bo‘lamiz. Ya’ni, yangidan shakllanib kelayotgan adabiy tilimiz o‘zaro bir-birini inkor qiladigan, ichki tabiati zid, mohiyatan bir-birovidan keskin farqli bo‘lgan ikki jihatga ega va bu jihatlar orasida ko‘zga ko‘rinmas bir kurash davom etar edi.

 

Birinchisi mumtoz adabiyotimiz an’analariga suyangan va allaqachon shakllanib ulgurgan adabiy til bo‘lib, u arabiy va forsiy so‘zlar, iboralar, gap qurilishi bilan xarakterlanadi. Unda dabdababozlik, jumlalarning chiyratma qurilishi, avom xalq uchun tushunilishi qiyin bo‘lgan til mantig‘i hukmron edi. Ikkinchi jihat esa asr boshlaridan Markaziy Osiyoga jadal kirib kela boshlagan Qozon va Qirim tatar tilli gazeta va jurnallar ta’sirida mahalliy yozarlarimizning umumturkiy lahjaga moyilligi o‘laroq yuzaga chiqqan edi. Qayd etish lozimki, bu har ikki jihat ham bir vaqtning o‘zida xalq jonli tilidan uzoqligi bilan xarakterlanadi.

 

Navoiy zamonlaridan buyon davom etib kelayotgan an’anaviy adabiy tilning matbuotda o‘z o‘rnini yangi tamoyillarga bo‘shatib berishi qiyin kechayotgan edi. O‘sha davr Rossiya imperiyasidagi nisbatan ilg‘or ta’lim usullariga asoslangan Qozon va Ufa shaharlaridagi madrasalarni bitirib kelgan, shuningdek, islom diyorlarining eng ma’rifatli maskani bo‘lgan Istanbulda tahsil olgan ziyoli muharrirlar boshqarayotgan yangi matbuotning tili esa muharrirlarining moyilligiga qarab, ba’zan Qozon, ba’zan Qirim tatar tiliga, ba’zan Rum turkchasiga tortib ketar edi. Xalq jonli tilidan uzoqlik masalasi o‘sha davr matbuotida darrov kun tartibiga chiqmadi.

 

O‘zbek adabiy tilining o‘sha zamondagi taraqqiyot imkoniyatlarini yaxshiroq tasavvur qilish uchun o‘sha davr ijtimoiy hayotida yuz berayotgan voqealarga e’tibor qaratishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki bu voqealar bevosita til taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsata boshlagan edi.

 

Tarixdan ma’lumki, Birinchi jahon urushida rus imperiyasiga asir tushgan turk zobitlarining katta qismi Markaziy Osiyoga surgun qilingan va ular kun ko‘rish maqsadida bizning o‘lkalardagi maktab va madrasalarda dars bera boshlagan edi. Katta hayotiy tajribaga va zamonaviy bilim hamda dunyoqarashga ega bo‘lgan usmonli turk muallimlari qo‘lida saboq olgan yoshlar, shuningdek, ko‘p masalalarda usmonli turk muallimlari bilan hammaslak bo‘lgan mahalliy ziyolilarning yozishmalarida ham turk lahjasi ustuvor maqomga kelib qolgan edi. Natijada joriy adabiy til va xalq jonli so‘zlashuv tili orasidagi farqlar kuchayib ketadi.

 

Asrning yigirmanchi-o‘ttizinchi yillariga kelib bunday vaziyat birmuncha o‘zgara boshladi. Matbuot juda kuchli targ‘ibot quroli ekanini yaxshi tushungan sho‘ro mafkurachilari uning xalqqa ta’sir kuchini yanada oshirish uchun adabiy tilni xalq jonli tiliga yaqinlashtirish zarurligini tushunib turardi. O‘rta bir turk tilining yuzaga kelishidan xavfsiragan mustamlakachi ma’muriyat turkiy millatning birlashishiga zimdan qarshi turardi. Buning uchun mahalliy millatlarning o‘z adabiy tili paydo bo‘lishi uchun barcha sharoit yaratildi. Ayniqsa, yosh adiblar mana shu ishga safarbar qilindi.

 

Shuningdek, sho‘ro tizimiga ba’zan zimdan, ba’zan ochiqdan ochiq qarshi bo‘lgan, avvalgi tashkiliy va mafkuraviy ahamiyatini, ta’sir kuchini yo‘qotgan bo‘lsa-da, hamon o‘z g‘oyalaridan qaytmagan jadid yozarmanlar ham xalqqa ta’sir ko‘rsatish uchun matbuotni rivojlantirishga urinar edi. Ular bu yo‘ldagi bir to‘siq sifatida adabiy tilning xalq jonli so‘zlashuv tilidan uzoqlashib ketganini ko‘rardi. Ijtimoiy hayotdagi qarama-qarshi maqsadlarni ko‘zlagan mazkur ikki intilishning muayyan vaziyatda bir-biriga mos kelgani natijasida adabiy tilning xalq jonli tiliga yaqinlashishi tamoyili qisqa muddat ichida ustuvor maqomga ko‘tarildi.

 

Abdulla Qahhorning “Sarob” romani ayni shu keyingi tamoyil eng kuchli taraqqiyot bosqichiga chiqqan bir pallada yozilgani va e’lon etilgani bilan ham ahamiyatlidir. Mazkur romanning dastlabki nashrini kuzatadigan bo‘lsak, unda jonli so‘zlashuv tilining adabiy tilga juda katta ta’sir o‘tkazayotganini, uni o‘zgarishga majbur qilayotganini ko‘ramiz.

 

Jamiyatdagi har qanday o‘zgarish tilda albatta o‘z aksini topadi. Bu hol adabiy tilning yangi so‘z va jumlalar bilan boyib borishini hamda ishlatilib turgan so‘zlarning yangi ma’no nozikliklari kasb etishini, tilning morfologik va sintaktik qurilishidagi takomillashuvni aniqlashni taqozo etadi. Bu qonuniyatni yosh Abdulla Qahhor ham juda yaxshi tushungan. Uning ilk romani bir tarafdan arabizm va forsizmdan chetlashga intilishi bilan, ikkinchi tarafdan tatar va rum turkchasiga xos bo‘lgan singarmonizmdan qochishga urinishi bilan ajralib turadi. U yaratgan matn xalq jonli so‘zlashuv tiliga juda yaqindir.

 

Misollarga murojaat qilsak. Romanning ilk nashrida fikr so‘zining fkir tarzida jonli talaffuzga moslab yozilganini ko‘ramiz . Bugungi adabiy tilimizda ikkala tarzida yoziladigan va talaffuz qilinadigan yana bir so‘z esa talaffuzga mos bo‘lmasa-da, so‘zning lug‘aviy shakliga qo‘shimcha qo‘shilishi tarzida ikkila deb bitilgan. Bugun biz yevropalik deb yozadigan va talaffuz qiladigan so‘zimiz esa yavropali tarzida o‘sha zamon so‘zlashuv uslubiga xos holatda keltirilgan. Bugungi imlo qoidalarimizga binoan “i” harfi orttirib yoziladigan bilan, biroq, kitob, tilasa, yigit, bijib, shirin, chiroq, sira, hikoya kabi so‘zlar esa blan, braq, ktab, tlasa, ygit, bjib, shrin, sra, hkaya tarzida berilgan. Bu kabi so‘zlar imlosi asarning 1957-yilgi nashrida bugungi adabiy tilimizga moslab o‘zgartirilgan.

 

1957-yilgi nashrni qaraydigan bo‘lsak, tahrir asarning birinchi sahifasidan boshlanganini ko‘ramiz. Abdulla Qahhor bu tahrirda nafaqat tasvirning tiniqligiga erishishni maqsad qilgan, shuningdek, u asar matnidagi so‘zlarning joriy adabiy tilga mosligini ta’minlashga ham intilgan edi. 

 

Misollarga murojaat qilaylik. Asarning ilk sahifasi 1937-yilgi nashrida shunday boshlanadi: “U eshik oldig‘a yuragi betlamayrak keldi; eshikning tutqichidan ushlab asta tortishi...”. Asarning 1957-yilgi nashrida esa mazkur jumla tahrirga tortiladi. Ilk “U” so‘zi “Qiz” so‘zi bilan almashtiriladi. Bu bilan muallif harakat egasining qiz bola ekanini avvaldan bildirib qo‘yadi. Va bunday tahrir to‘g‘ri ham edi. Deylik shu jumla shu holida rus tiliga tarjima qilinadigan bo‘lsa, tarjimon “U”ni “Она” deb yozishga majbur bo‘lar va buning natijasida muallif ko‘zda tutgan qahramonning kim ekanini darrov bildirmay turishga intilish effekti yo‘qolar edi. Qolaversa, bunday yashirib turish usulining matnda badiiy yuk tashishi masalasi ham juda e’tirozlidir. Chunki besh-o‘n satrdan keyinoq “U”ning qiz bola ekani bilinib qoladi.

 

1957-yilgi nashrda mazkur jumla quyidagicha ko‘rinish olgan: “Qiz eshik oldiga yuragi betlamayroq keldi; eshikning tutqichidan ushlab asta tortishi...”. E’tibor qilsak, yozuvchi betlamayrak so‘zini ham bugungi adabiy tilimizga, ham jonli so‘zlashuv tiliga mos bo‘lgan shaklga keltirib, betlamayroq tarzida tahrir qilgan.

 

1967-yildagi nashrda shuningdek “tutqich” so‘zi “qabza” so‘zi bilan almashtirilgan. Bu tahrir ham juda o‘rinli. Chunki tutqich so‘zi umumiy ma’noli bo‘lib, u aynan eshik tutqichiga nisbatangina ishlatilmaydi. “Qabza” so‘zi esa jonli so‘zlashuv tilida kam ishlatilganiga qaramasdan, ayni eshikka tegishliligi bilan ahamiyatli. Shuningdek, birinchi va ikkinchi nashrda ham mazkur jumlada “eshik” so‘zi ikki marta ishlatilgan edi. Ma’noni yetkazish jihatidan to‘g‘ri bo‘lgan bu holat, badiiyat nuqtayi nazaridan olganda, bir so‘zning qayta-qayta ishlatilishi sababli kamchilik sanaladi. Uchinchi nashrda Abdulla Qahhor shu kamchilikni tuzatadi: “Qiz eshik oldiga yuragi betlamayroq keldi; uning qabzasidan ushlab asta tortishi...”.

 

Ikkinchi xatboshidagi “parishonxotir turgan qizg‘a” jumlasidagi “-g‘a” qo‘shimchasi ikkinchi nashrda “-ga” deb tuzatiladi. Parishonxotir turish va parishon turish o‘rtasidagi holatlarda ham ma’no kuchayishi deyarli yo‘q darajada, chunki bu yerda  asosiy e’tibor qizning ma’lum bir  turishida bo‘lib, parishonxotir deyilganda qizning xotirasidagi biron fikr keyinroq, hech bo‘lmasa, qayd etilishi lozim edi. Biroq asarda bunday holatni kuzatmaymiz. Shu bois Abdulla Qahhorning jumlani “parishon turgan qizga” deb tuzatishi har jihatdan o‘zini oqlaydi. Bu yerda jumla ozgina qisqargan, lekin bu qisqarish tasvirga ham, ma’noga ham salbiy ta’sir qilmagan.

 

Asarning birinchi nashridagi shu xatboshida qiya eshikni zichlab yopgan qiz yigitning ortidan “o‘ylanib” qarab qoladi. Qahhor bundagi “o‘ylanib” so‘zini ham olib tashlaydi: chunki qarab qolishning ichida o‘ylanib ma’nosi ham bor, buni takrorlash shartmas.

 

Keyingi xatboshida Munisxonning chaqirganini eshitgan Saidiyning holatini adib shunday tasvirlaydi: “Yigit bu tovushning qayoqdan kelganligini bilolmay alanglab orqasiga qaradi. Qiz savolini yana takrorlamakchi bo‘lgan edi, u xuddi undan biron xizmat kutganday qo‘lidag‘i qog‘ozlarini tolstovkasining cho‘ntagiga solib”, qizga javob qaytaradi. Bu anchayin batafsil tasvir bo‘lsa ham birmuncha noaniqliklar bor. Xususan, Abdulla Qahhor asarning boshidan oxirigacha Saidiyning Munisxonga munosabatini bir ko‘rishda muhabbat deb ta’kidlab turgani seziladi. Mazkur jumlada esa ayni shu tushunchaga xiloflik mavjud. Ya’ni, ayni holatda Saidiyning “bu tovushning qayoqdan kelganligini bilolmay alanglab” qarashi yuqorida aytilgan ma’noga zid kelib turibdi. Mabodo bu, Abdulla Qahhor ko‘rsatishga intilganiday, bir qarashda muhabbat bo‘lganida edi, Saidiy shunday bir chaqiriqni ich-ichidan kutib turgan bo‘lar va natijada u alanglamasdan, darhol ortga o‘girilgan bo‘lardi. Shuni hisobga olgan adib keyingi nashrlarda jumlani butunlay qayta ishlaydi, o‘quvchining xayolini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan ortiqcha tafsilotlar qisqarib ketadi: “Yigit orqasiga qaradi va xuddi undan biron xizmat kutganday qo‘lidagi qog‘ozlarini tolstovkasining cho‘ntagiga solib”, qizga javob qaytaradi.

 

Dastlabki nashrda shu holat tasvirida qizning savoliga javoban Saidiy “Men... – dedi va negadir qizardi” deb qayd etiladi. Keyingi nashrlardan Abdulla Qahhor “va negadir qizardi” degan sifatni olib tashlaydi. Bu yerdagi “qizarish” holati o‘quvchining xayolini chalg‘itishi mumkin edi. Chunki endigina qo‘liga kitob olib o‘qishni boshlagan kitobxon hali Saidiyning Munisxonga muhabbatidan xabardor emasdi. Shu ehtimolni hisobga olgan adib jumlani qisqartadi va obyektivlashtiradi.

 

Ma’lumki, XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlari o‘zbek adabiy tilining boyib borishi va taraqqiyoti davri hisoblanadi. Tilshunos va til tarixchisi bo‘lgan olimlarimizning yakdil fikriga muvofiq bu davrda o‘zbek adabiy tili tizimida gazeta-publitsistika tili va uslubi shakllandi. Gazeta-publitsistika uslubi va davr adabiyotining ta’sirida rus tili hisobiga tilimiz leksikasi birmuncha boyidi. Ayniqsa, o‘tgan asrning yigirmanchi yillari oxirida o‘zbek milliy tili me’yorlarini yaratish borasida boshlangan ishlar adabiy tilimizda an’anaviy ravishda qo‘llanib kelgan arab, fors, turk va tatar tillariga xos xususiyatlarning kamayib ketishiga sabab bo‘ldi.

 

Xususan, milliy tilni yaratish va shakllantirish sohasida sho‘ro siyosati sababli boshlangan kurashlar oqibatida bugungi o‘zbek adabiy tili uslublari to‘la shakllandi va ularning hajmi ancha kengaydi deya e’tirof etsak-da, ayni vaqtda umumturkiy lisoniy maydondan chetga chiqib qolganimizni ham e’tirof etishimiz darkor.

 

Musulmon NAMOZ

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 1-son.

“Til va tahrir” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23615
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//