Yoshlarni qullik psixologiyasidan qutqazish kerak – Mahmud Sa’diydan keyin ham yashayotgan og‘riqlari


Saqlash
01:42 / 21.07.2022 1672 0

Mahmud Sa’diy 1939-yili Samarqand viloyati Norpoy tumanidagi G‘ortepa qishlog‘ida tug‘ilgan. 1965-yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Uzoq yillar “Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallarida muharrir, adabiy kotib, bo‘lim mudiri lavozimlarida ishlagan. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining el orasida keng tanilishiga katta hissa qo‘shdi. “Jamiyat va boshqaruv” jurnali, “Til va dunyo” gazetasini shakllantirdi. Yana, respublikamizdagi ko‘pgina markaziy gazetalar (“Milliy tiklanish”, “Hurriyat” va boshqalar)ning ro‘yobga chiqishida  jonbozlik ko‘rsatgan.

 

Mahmud Sa’diy – o‘nlab ilmiy, she’riy va nasriy asarlar, o‘quv adabiyotlarining mas’ul muharriri; adabiy-tanqidiy maqola va suhbatlardan iborat “Teran tomirlar” kitobi hamda “O‘zbeklar va dunyo” turkum eshittirishlar muallifi. Bugungi kunda “Ma’rifat” gazetasining adabiyot va san’at bo‘limini boshqarib kelmoqda, shu bilan birga, “Filologiya masalalari” ilmiy-metodik jurnali bosh muharririning birinchi o‘rinbosari (suhbat "Jannatmakon" jurnalining 2009-yil 9-sonidan olingan).

 

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mahmud Sa’diy muharrirligida chop etilgan kitoblarning bir nechtasi turli mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Ustoz bugun yetmish yoshida ham adabiyotimiz, matbuotimiz ravnaqi yo‘lida beminnat xizmat qilib kelayotir.

 

Tilimizda “jonfido” degan salmoqli so‘z bor. Bu so‘z aksar hollarda o‘z kasbiga chin dildan berilgan, umrini qariyb o‘zgalarning og‘irini yengil qilishga yoxud xizmat sohasining obro‘si, ravnaqiga baxshida etgan fidoyi insonlarga nisbatan qo‘llanadi. Ilm-fanning, san’atning turli jabhalarida bo‘lganidek, adabiyotda, matbuotda ham jonfido yurtdoshlarimiz talaygina. Ana shunday ustoz, murabbiy, adabiyotshunos va mohir muharrirlar qatorida Mahmud Sa’diyning alohida o‘rni bor.

 

Ahmad OTABOYEV:Har kimning umri davomida bosib o‘tgan yo‘l o‘ziniki – armon-u sevinchlari, yo‘qotgani-yu topganlari... Nazarimda, umrning ma’lum bir dovoniga yetganida, inson o‘tgan hayotini, yaxshi-yomon kunlarini tez-tez xotirlaydi, ba’zan o‘yga tolsa, gohida qo‘li ishga bormaydi. Biroq men sizda aksini ko‘raman: bunga hali ham vaqtingiz yo‘qdek, qo‘lingiz ishdan bo‘shamaydi… Bu g‘ayrat, ishtiyoqni qayerdan, qanday topasiz?

 

Mahmud Sa’diy:Har bir odam dunyoga kelganidan keyin, nimadir qilib ketishi, odamga o‘xshab yashab o‘tishi kerak, deb o‘ylayman. “Odamga o‘xshab” deganda nimani nazarda tutayapman? Birovning haqini yemasangiz, birovga ziyoningiz tegmasa, qo‘lingizdan kelsa, birovga yordamingiz tegsa, yaxshi kasbingiz bo‘lsa, o‘sha kasbni sevsangiz… Shundan o‘zingizgayam, boshqalargayam naf tegishi kerak... Yana ikkinchi umr, degan gap bor: insonning umri farzandlarida, u amalga oshirgan yaxshi ishlarda davom etadi. Buning uchun esa aniq va katta maqsadlarni ko‘zlab yashash, ishlash kerak.

 

Men jurnalistika sohasida ishlayman. Bu kasb umrimning mazmuniga aylangan, deya olaman. Bilasiz, ko‘proq tahrir bilan shug‘ullanaman. Tahrirning ahamiyati yozishdan kam emas. Chunki bo‘lar-bo‘lmas narsalarni yozib, hammayoqni to‘ldirib yotganlar son mingta! O‘quvchiga yangilik beradigan, fikrini uyg‘otadigan, dunyoqarashini o‘zgartiradigan, undagi insoniy fazilatlarni tarbiyalaydigan baquvvat, saviyali maqolalarni uyushtirib, tahrir qilib ham ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin.

 

Hozir yozadiganlar ham, o‘qiydiganlar ham ko‘p. Gazetalar serob. Ba’zi birovlar ayrim nashrlarni “sariq matbuot” deb nomlayapti. Meningcha, bizda “sariq matbuot” yo‘q. Ularni, ehtimol, ko‘cha gazetlari, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Yo‘lda, transportda ermak uchun o‘qiladi bunday gazetalar. Aslida, bular ham kerak. Davr talab qilibdimi, demak, odamlarda shunga ehtiyoj bor, vaqtini nima bilandir o‘tkazishi lozim. Hammadan falsafiy fikrlashni, dunyoni teran tushunishni, yuksak saviyani talab qilib bo‘lmaydi. Har kim xudo bergan aql, iqtidor bilan yashab o‘tadi. Umuman, insonga juz’iy ixtiyor berilgan.

 

Mening tushunishimcha, odamni dunyoda ushlab turadigan, uni baxtga eltadigan vositalardan bittasi – uning sevgan kasbi. Hayotda insonning boshiga har xil savdolar tushishi mumkin, yaxshi-yomon kunlar, degandek. Shunday kezlari uning joniga ora kiradi, ovuntiradi, hayotga bog‘lab turadi. Kasbingizni puxta egallasangiz, bu sizga tayanch bo‘ladi: hech qayerda ilojsiz, chorasiz qolmaysiz. Do‘stingiz xiyonat qilishi mumkin, lekin kasbingiz sizga hech qachon xiyonat qilmaydi. Puxta egallangan kasb insonning taqdiriga aylanib ketishi mumkin.

 

Mehnatdan qo‘lim bo‘shamasligining sababi – o‘z kasbimni yaxshi ko‘raman. Kasbimning menga kuch-g‘ayrat beradigan tomonlari ko‘p.  Deylik, muharrir dolzarb, yetilgan bir muammoning matbuotda ko‘tarib chiqilishiga erishishi mumkin. Buning uchun u shu masalani eplab yoza oladigan muallifni tanlaydi, mavzu bo‘yicha maqolani yozdiradi, ko‘nglidagidek qilib ishlatadi, keyin tag‘in o‘zi tahrir qilib, ochilmagan qirralarini ochadi… Mana shu jarayonning o‘zi kishiga g‘ayrat beradi. Men ana shunday ishdan kuch olaman, shu ishlarimdan ma’no topaman. Ehtimol, shuning uchun ham, siz aytgandek, ishdan qo‘lim sovushiga imkon ham, vaqt ham qolmas.

 

A.O.: – Faoliyatingiz asosini tahrir, mualliflar bilan ishlash, mualliflarni tayyorlash tashkil etadi. Jumladan, sizning tahriringiz ostida chiqqan oliy o‘quv yurtlari uchun “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi” darsligi, Hamid Ziyoyevning “Turkistonda Rossiya tajovuzi”, Hasan Qudratullayevning “Bobur armoni” kitoblari ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi, taqdirlandi. Yaqinda siz mas’ul muharrirlik qilgan “Boburnoma”ning tabdili ham nashr etildi. Mumtoz asarlar tabdilini har kim har xil qabul qiladi. Umuman, tabdil kerakmi?

 

M.S.: – Tabdil – yangilik emas. Masalan, Navoiy asarlari ham shoir vafotidan keyin turli variantlarda keng tarqalgan, sharhlangan, tushuntirilgan. Xalq kitoblari shaklida ham shuhrat topgan, demoqchimanki, bu avval ham bo‘lgan. Shu bois tabdil kerak emas, deb aytolmayman. Birovlar “Boburnoma”ni tabdil qilmaslik kerak, odamlar Boburni o‘qimay qo‘yadi, deydilar. Xo‘sh, tabdil qilinmasa, o‘qiydimi? O‘qiydigan odam tabdil bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham o‘qiyveradi. Chinakamiga o‘qiydigan odam asliyatni, hatto tanqidiy matnni topib o‘qishi mumkin. Lekin, boya aytganimizdek, besh qo‘l baravar emas, hech qachon hammani bir xil saviyaga ko‘tarib bo‘lmaydi. Xudo birovga aqlni ko‘proq, birovga kamroq beradi – hammaning nasibasiga yarasha. Demak, tabdilning o‘quvchilari hamma vaqt bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari tabdil qilinib, hozirgi o‘zbek tiliga aylantirilsa, buning nimasi yomon. Maqsad mumtoz asarlarni bugungi keng kitobxonlar ommasi o‘qishi uchun imkon yaratish ekan, tabdil kerak va zarur.

 

Tabdilda mazmun, ya’ni asarning ma’nosi birinchi o‘rinda turadi. Ma’noni aniq ifodalash kerak. “Boburnoma”ning tabdilida shunga intilish bo‘lgan. Uni tahrir qilish shundan juda ko‘p vaqt va mehnat talab qildi. Masalan, “Boburnoma”ning Karomat Mullaxo‘jayeva tabdil qilgan qismining har bir sahifasi tahririga bir-bir yarim soat, Vahob Rahmonov tabdilining bir sahifasiga ikki-ikki yarim baravar ko‘p vaqt ketdi. Go‘yo men ishni atay cho‘zayotganday, nashriyotdagilar norozi ham bo‘lishdi. Noshirlarni ham tushunish mumkin, biroq bunaqa tahrirni ular oldin ko‘rmagan… Harqalay, keyinchalik ular mening ikki-uch kunda atigi yetti-sakkiz betgina tahrir qilganimning sababini tushunishdi. Chunki Vahob Rahmonovning tabdilida “Boburnoma” matni shundaygina aylantirib olib qo‘ya qolingan, hozirgi o‘zbek tiliga moslanmagan edi. 

 

Vaholanki, “Boburnoma”ning tabdili Bobur g‘oyalarini, o‘y-fikrlarini, ichki kechinmalarini, uning go‘zal qalbini xalqqa tushunarli tarzda yetkazishi kerak. Tabdilni o‘qigan kitobxon ko‘z oldida rostgo‘y va mard Boburning qiyofasi gavdalanishi kerak. Bu buyuk ibrat, ayniqsa, yoshlarga namuna bo‘lishi mumkin. Bobur xatolar qilganini, o‘z xatolarini tan olganini mardlarcha yozadi, ularni takrorlamaslik payida bo‘ladi. “Boburnoma”ning mana shu tomonlarini bugungi o‘quvchi tushunib yetishi kerak. Muhimi shu.

 

Albatta, “Boburnoma”ning tanqidiy matnini, aslini ham nashr etish kerak. Shu bilan birga, asarning ommaviy nashrlari ham zarur. Ehtimol, tabdilni – ommaviy nashrni o‘qigan kitobxon keyinchalik asar tarovatini to‘la his etish uchun “Boburnoma”ning aslini o‘qishga kirishar.  Tabdil “Boburnoma”ning chuqurroq o‘rganilishiga, keng doirada o‘qilishiga imkon tug‘diradi.

 

Mumtoz adabiyotimizda tabdil qilinishi lozim bo‘lgan asarlar ko‘p. “Qisasi Rabg‘uziy”ni tabdil qilish kerak. Ehtiyotkorlik bilan, e’zozlab, mas’uliyatni his etib, har bir so‘zning ma’nosinigina emas, ohangini ham saqlab qolib tabdil qilish kerak. Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari hali yaxshi tabdil qilingan emas. Hozirgacha amalga oshirilgan tabdillarni qayta bir ko‘rib chiqish zarur. Rahmatli Abduqodir Hayitmetov “Hayrat ul-abror”ni yana qaytadan ko‘ra boshlagan edi. Chunki vaqt o‘tishi bilan tabdil ham eskiradi. Qolaversa, sho‘ro davri siyosati tazyiqi ostida ayrim boblar, baytlar qisqartirib tashlangan. Tabdilni mumtoz adabiyotni chuqur tushunadigan, yuragining qo‘rini berib ishlaydigan odamlar qilishi kerak.

 

A.O.: – Adabiyotda avlodlar almashinuvi tabiiy jarayon. Kecha, bugun adabiyot maydoniga kirib kelgan, endi qadam qo‘yayotgan talantli yoshlar orasida sizning shogirdlaringiz ham bor. Ularning sa’y-harakatlaridan ko‘nglingiz to‘ladimi? Chunki ba’zan: “Ishongan tog‘da kiyik yotmas”, degan maqolni ishlatib qolasiz. O‘zingiz ishonch bildirgan, kitoblari, asarlari chiqishiga jon kuydirib ko‘maklashgan shogirdlaringiz ishonchingizni oqlamaganda ularga qanday muomala qilasiz?

 

M.S.: – Shubhasiz, munosib avlodning shakllanishi bevosita adabiy muhitga bog‘liq. Men universitetda o‘qib yurgan kezlarim adabiy to‘garak olib borganman, yaxshimi-yomonmi harqalay adabiy muhit bor edi. Hamma intilib o‘qirdi, muhokama qilardi, hatto oshxonalarda, ko‘chalarda, transportda ham odamlarning kitob o‘qib o‘tirganini ko‘rardingiz. Chop etilgan, gazeta-jurnallarda e’lon qilingan yangi asarlar to‘garagimizda qizg‘in muhokama etilardi. Asarlar mualliflarini taklif qilardik, savolga tutardik, bahslashardik… Mutolaaga qaytishimiz kerak, kitobxonlikning jonlanishi adabiy, ijodiy jarayonni jonlantiradi. Bugun bahslashiladigan mavzular juda ko‘p. Oddiy bir misol: katta-katta unvon olgan ayrim shoirlarning she’rlarini o‘qib bo‘lmaydi...

 

Bugun ijod erkinligi ta’minlangan. Istagan mavzuda, ko‘ngilda kechgan chin fikrlarni yozishingiz mumkin. Mavzu, muammolar cheklanmagan. So‘z erkinligi cheklangan desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Masalani to‘g‘ri qo‘yib, yaxshilab yozish kerak, xolos. Badiiy baquvvat asarlar yaratish kerak. Matbuotda yaxshi asarni ham, sayoz asarni ham ochiq-oydin baholab borish lozim. Biroq ba’zan haybarakallachilikka, oshna-og‘aynigarchilikka yo‘l qo‘yamiz.

 

Esingizda bo‘lsa, Ahmadjon, gazetaga bir material keldi, roman, deb bo‘lmaydi, shuning uchun material deyapman. Shundan bir parcha tanlab berish kerak edi. O‘zingiz tayyorladingiz, ko‘rib turdim, juda qiynalib ketdingiz. Shunda men: “Ahmad ham g‘alati bo‘lib qolibdi, axir, bu duppa-durust yozuvchi bola edi-ku. Nima balo, Ahmadning g‘ayirligi kelayaptimi?”, deb o‘yladim. So‘ng qo‘lyozmani olib o‘qisam, maqoladan xarob material. Maqolada ham faktlar bo‘ladi, masala ko‘tariladi… Bunda esa hech gap yo‘q, quruq qorong‘iga tosh otish, xolos. Badiiy so‘zga mas’ullik yo‘q. Biroq shu qo‘lyozma kitob bo‘lib chiqqandan so‘ng kap-katta, obro‘li ikki-uch tanqidchi uni rosa maqtadi. Oqibatda, yosh yozuvchini buzishdi, keyingi asarlari undan ham sayoz chiqdi. Nima, fan doktori, professorlar o‘sha asarning saviyasini bilmagan, tushunmagan, deb o‘ylaysizmi? Bilgan, tushungan, biroq oshna-og‘aynigarchilik degan narsa juda yaxshi rivojlangan, aslida, u bizni ortga sudrayotganini hamon his qilmaymiz. Adabiyot taqdirini o‘ylasak, bunga chek qo‘yish kerak. Muallif sizning o‘g‘lingiz bo‘ladimi, akangiz bo‘ladimi, yomon yozsa, asaringiz yomon, deb yuziga aytish kerak. Farosati bo‘lsa, to‘g‘ri gapingizni tushunadi.

 

Hozir sinchiklab qarasangiz, iqtidorli yoshlar ko‘p. Xalqimiz orasidagi bu talantlarni ro‘yobga chiqarish kerak. Buning konkret yo‘lini aytishim mumkin. Gazeta-jurnallarda allaqanday manfaati tekkanlarni hadeb chiqaravergandan ko‘ra haqiqiy talantlarga ham joy berish kerak! Tahririyatlarda o‘tirgan muharrirlar, xodimlar birinchi galda iste’dodlarga yo‘l berishlari lozim. Xalturachilarning yo‘lini to‘sish zarur.

 

Men maslahat bergan yoshlar masalasiga kelsak, ularning orasida ijodidan ko‘nglim to‘lganlari ham, to‘lmaganlari ham bor. Ko‘nglim to‘lmagan paytda, siz aytgandek, “Ishongan tog‘da kiyik yotmas”, deb qo‘yaman. Boshqa nimayam derdim.

 

Keling, shu o‘rinda bir voqeani ayta qolay. Bir yosh yigitcha menga hikoyasini olib keldi. Hikoyani o‘qib, ko‘rib chiqib, maslahat berdim, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdim, ishla, dedim. U hikoyani aytganimdan, kutganimdan ham ziyoda qilib ishlab keldi, juda quvonib ketdim. Keyin unga: “Uka, senga bir gapni aytib qo‘yay, ko‘nglimga bir gap keldi. Hikoyang menda umid uyg‘otdi. Sening oldingda ikkita yo‘l bor: biri – mana shu, hozir tushgan yo‘lingdan ketsang, o‘zbekning yaxshi yozuvchilaridan bo‘lishing mumkin; ikkinchisi – o‘zing bilgan nafs masalasi, o‘sha tomonga ketsang – umring ketdi: men sening birinchi yo‘lni tutishingni xohlardim”, dedim.

 

Endi uning hayoti, taqdiri shunday bo‘lgandir, u men kutgan yo‘ldan ketmadi. Albatta, kitoblari chiqdi, hozir ham yozib turadi, lekin xalturachi bo‘ldi. Nima deymiz, har kimning erki o‘zida. Xorazmliklarning maqoli bor-ku: “Qozonchining o‘z erki qaydan quloq chiqarsa”. Bunday voqea, afsuski, hayotimda ko‘p bo‘lgan. Ko‘plar ishonchimni oqlamagan. Shuning uchun ham ba’zi bir do‘stlarimiz meni “Allaqanday kimsalardan daholar yaratishga harakat qiladi”, deydi. Aslida, bu gapda jon bor. Lekin men bundan to‘xtamayman, hozir ham “daholar yaratish”ga harakat qilaman. Axir, bu – orzuli, umidli dunyo. Yuztasidan bitta-ikkitasi ishonchni oqlasa ham yaxshi-ku! Yetadi shu! Xudoga shukr, chiqayapti.

 

Yoshlar bilan jiddiy ishlasangiz, ularning shakllanishiga ta’sir etolsangiz, agar o‘zida bo‘lsa, albatta, ro‘yobga chiqadi. Keyingi yillari endigina universitetni tugatgan talabalardan bir nechtasining kitoblarini chop etishga erishdik. Bulardan Behzod Fazliddinovning “Sen qachon gullaysan” she’riy to‘plamini, Alisher Otaboyev tarjima qilgan Somerset Moyemning “Chandiqli kishi” hikoyalari to‘plamini, Zuhra Boboxo‘jayevaning “Yaqindagi uzoq odamlar” kitobini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Yana talabalarim – “Lanjouda o‘tgan kunlarim” kitobi chiqish arafasida turgan Farog‘at Jabborova, Orif Madaliyev, Elmurod Nishonovdan umidim katta.

 

 A.O.: – Keyingi davrda adabiyotga ko‘plab iqtidorli yoshlar kirib keldi. Ular orasida sizning shogirdlaringiz ham bor. Albatta, ularning talantiga shubha yo‘q. Biroq aksariyat yosh shoirlar ijodini kuzatganda ular ko‘pincha o‘z qobig‘iga o‘ralib qolayotgandek, katta mavzular, umuminsoniy muammolar ularga begonadek taassurot qoldiradi…

 

M.S.: – Bu xususiyatlar hayot bilan, voqelik bilan bog‘liq. Istaysizmi-yo‘qmi, yangi bir davrga o‘tayotganimizda adashishlar, chalg‘ishlar ko‘p bo‘ladi. Chunki odam mehnatining natijasini darrov ko‘rgisi keladi, shekilli-da.

 

Qolaversa, sho‘ro zamonidan qolgan hadiksirashlar hamon ham davom etmoqda. O‘sha sovet davrida genga o‘tirib qolgan qullik psixologiyasidan hali qutula olganimiz yo‘q. Shu bois, ijodkor fikrini ochiq aytolmaydi-da, uni pardalamoqchi bo‘ladi, oqibatda dilidagini baralla ifodalay olmaydi. Ayrim hollarda ochiq aytganida esa, ba’zilar uni turlicha talqin qiladi. Shukrki, istiqlol bizga dunyoga chiqadigan barcha eshiklarni ochib qo‘ydi. Hozir yoshlar chet ellarda o‘qiyapti, ishlayapti, dunyo ko‘ryapti. Erkin dunyo bilan tanishish, albatta, o‘zining ijobiy samaralarini beradi, yuqorida aytganimiz, o‘tmish tuzumidan “meros” bo‘lib o‘tgan illatlardan qutulishimizda bir omil bo‘ladi, deb o‘ylayman.

 

Ikkinchidan, ilgari kitob ko‘p o‘qilardi. Mana, bir misol aytay. Tursun Parpiyev degan kursdoshim bo‘lardi, u keyinroq Rauf Parfi nomi bilan tanildi. Birinchi kursda, universitetda o‘qishni boshlaganimda hali ko‘p ruscha kitoblar menga notanish edi. Raufning qo‘lida esa Sluchevskiy, Nadson, Blok, Andrey Beliy, Zinaida Gippius, Sosnora, Nozim Hikmat kabi shoirlarning kitoblarini ko‘rganman. Mana, natijasi: O‘zbekning XX asrdagi to‘rtta ulkan shoiridan bittasi Rauf Parfi bo‘lib qoldi. Demak, mutolaa juda kuchli bo‘lishi kerak. Lessingning bir gapi bor: har bir ijodkor avval taqlid qiladi, qaysidir bir darajaga yetganidan so‘ng o‘zini o‘zi inkor qilib, taqliddan voz kechadi – mustaqil dahoga aylanadi.   U endi mustaqil fikrini ifodalash imkoniyatlarini namoyish qila boshlaydi. Dunyoga, hayotga, odamlarga ochiq ko‘z bilan qaraydigan ijodkor shaxsga aylanadi. Taqlidga mukkasidan ketgan shoir orqada qolib ketadi. Mana, hozir ko‘p yosh ijodkorlarimiz shaxsga aylanish yo‘lida. Birovlari shaxsga aylanadi, birovlari aylanmaydi, o‘zini “sindirib” qo‘yadi.

 

Shu o‘rinda aytishga to‘g‘ri keladi, shaxsiy manfaatlar ham ularning ro‘parasida ko‘ndalang turadi. O‘sha shaxsiy manfaatni deb tilini tiyadi. Vaholanki, biror yomon gap yo‘q, qo‘rqqanidan emas, shunchaki, bir narsa bo‘lib qolmasin, deb tilini tiyadi. Ijod erkinlikni talab qiladi. Erkinlik bo‘lmagan joyda ijod bo‘lmaydi. Ko‘ngilga nima kelsa, yozish kerak. Yozganlari xato bo‘lishi mumkin. Nima, odamning xato qilishga haqqi yo‘qmi? O‘zi adashib, boshqalarni ham adashtirishga harakat qilsa, bu – yomon. Yozib, tashlab qo‘yish mumkin, vaqt o‘tib qayta ko‘rib chiqadi, ma’qul bo‘lsa – e’lon qiladi, yoqmasa – yo‘q.

 

Hozirgi yoshlarda, birinchidan, afsuski, katta bilim yetishmaydi. Kitob mutolaasi chatoq. Keyin hadik, o‘sha ota-onadan o‘tgan gendagi, qondagi qo‘rqoqlik, mutelik, qullik psixologiyasining asorati hali ham turibdi, yoshlarda ham bor. Katta yoshdagilarning, ota-onalarning vazifasi – farzandlarini mana shu sindromdan qutqazish kerak, odamga o‘xshab fikrlashga o‘rgatish kerak.

 

A.O.: – Muharrir sifatida matbuotimiz rivojiga ko‘p xizmatingiz singgan. Har bir jumla, so‘z, hatto tinish belgilari ustida uzoq yillar ko‘z nuringizni to‘kkansiz. Zero, tahrir madaniyati shunday zahmatli mehnatni talab etadi. Bugungi kunga kelib gazeta-jurnallar soni yaqin o‘tmishdagidan yuz baravar ortib ketdi. Xususiy nashrlar ko‘paydi. Bu jarayonda tahrir madaniyatining saviyasi qay darajada?

 

M.S.: – Endi, ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, tahrirning saviyasi ancha tushib qolgani sir emas. Ba’zi bir gazetalarni, jurnallarni hisobga olmasa, umuman, tahrirga e’tibor juda susaydi.

 

Bir muharrir bo‘lardi, material tayyorlanayotganda, shoshirib: “Nuqta, verguliga qarama!”, derdi. Pala-partish bo‘lsa ham, materiallar tez tushsa-yu, gazeta chiqib ketsa bo‘ldi! Bunday shoshmashosharlikni, quntsizlikni o‘zining ish uslubiga aylantirgan boshliq, hech shubhasiz, gazetaning, jurnalning tahrir madaniyatini yo‘qqa chiqaradi.  Matbuot organida, u bosh muharrir bo‘ladimi, oddiy xodimmi, tahrir san’atidan xabardor, bilimli, iloji bo‘lsa bir necha tilni biladigan, o‘z ustida doim ishlab, mahoratini oshirib boradigan mutaxassislar ishlashi kerak. “Mening deganim – degan, aytganim aytgan”, deydigan muharrirni gazeta yoki jurnalning saviyasi emas, balki o‘zi egallab olgan, o‘tirgan kursisining mustahkamligi ko‘proq qayg‘urtiradi. Afsuski, ana shunday muharrirlar tahrir madaniyatiga e’tiborning susayib ketishiga yaxshigina “hissa” qo‘shmoqdalar.

 

Bugun so‘zning qadrini tushirib yubordik. So‘z kulti, so‘z inonchi, degan tushunchalar bor... So‘z muqaddas sanalishi kerak. So‘zi bilan ishi bir, deb bekorga aytilmagan. Demak, so‘z moddiy kuchga ega. Bir og‘iz gap bilan odamni o‘ldirib qo‘yish, bir og‘iz gap bilan tiriltirish mumkin. Shunday bo‘lgandan keyin, tahrir so‘zga e’zozlab qarashni talab qiladi.

 

A.O.: – Muharrirlik faoliyatingiz bilan birga, bevosita bo‘lajak jurnalistlarga ta’lim ham berib kelayapsiz. Men bu o‘rinda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida o‘n yildan buyon dars berayotganingizni nazarda tutayapman. Murabbiy sifatida bo‘lajak jurnalistlarga aytadigan qanday muhim gaplaringiz bor?

 

M.S.: – Xalqaro jurnalistika fakultetida tahrir san’atidan talabalarga dars o‘taman. Birinchi dars, albatta, kirish va boshqa masalalar bilan o‘tadi. Ikkinchi darsni “Muharrir vijdoni va muharrirning bilim darajasi” mavzusiga bag‘ishlayman. Muharrir vijdoni masalasini birinchi o‘ringa qo‘yaman. Muharrir deganda – men bosh muharrirni, xodimni, umuman, materiallarni tahrir qiladigan odamni nazarda tutaman. Muharrir, albatta, o‘zining sohasini juda puxta bilishi kerak. U qaysi yo‘nalishdagi gazeta yoki jurnalda ishlasa, shu yo‘nalishga doir sohaning baland-pastini, nozik tomonlarini yaxshi bilishi zarur. Deylik, muharrir o‘ziga tegishli yo‘nalishni zo‘r bilsa, bilimi kuchli, tahriri ham yaxshi bo‘lsa-yu, vijdoni, iymoni sust bo‘lsa – bari bekor, u muharrir emas! Men talabalarga, muharrir, birinchi navbatda, vijdonli odam bo‘lishi shartligini uqtiraman. Masalan, bir muallif sizga zo‘r maqola olib keldi, deylik. Qachondir u sizni ranjitgan, xafa qilgan. Siz uning maqolasini chiqarmaysiz, negaki, vijdoningiz yo‘q. Bu sizning shaxsiy gazetangiz bo‘lsa, ixtiyoringiz, chiqarmasligingiz mumkin, marhamat. Lekin xalqqa tegishli gazetada ishlab, falonchi meni xafa qilgan edi, deb yaxshi maqolaning yo‘lini to‘sishga haqqingiz yo‘q.

 

Men yosh jurnalistlar orasidan o‘z manfaati, shaxsiy g‘arazi yoki allaqanday manfaatlarini o‘rtaga qo‘yib ishlaydigan xodimlar chiqmasligiga umid qilaman. Darslarimda jurnalist, birinchi galda, vijdonli, bilimli, eng muhimi, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lishi kerakligini qayta-qayta ta’kidlayman. Bu mening bo‘lajak jurnalistlarga aytadigan gaplarim, talabim.

 

Ahmad OTABOYEV

suhbatlashdi.

 

“Jannatmakon” jurnali, 2009-yil 9-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 120
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//