Alisher Navoiy obraz yaratish mahoratining xalaflari ijodidagi tadriji


Saqlash
15:38 / 08.09.2021 3811 0

So‘z – insonga ato etilgan oliy ne’mat. U faqat muloqot vositasigina emas, odamzod tafakkurining, ruhiyatining namoyon bo‘lish usuli hamdir. Inson qalbi, uning o‘y-xayollari va tuyg‘ulari she’rda yana ham ta’sirliroq ifodalanadi. O‘zbek mumtoz adabiyotining asosiy mavzusi bo‘lgan ishqning mohiyatini Alloh taolo va uning Rasuliga bo‘lgan muhabbat tashkil etadi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodida Haq taologa hamd bilan birga Rasululloh alayhissalom vasfi yetakchi o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir asarlarida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) obrazi yuksak fasohat va balog‘at bilan tasvirlangan. Alisher Navoiy she’riyati, bu jihatdan, undan keyingi barcha shoir-u adiblar ijodi uchun o‘ziga xos poetik mezon vazifasini o‘tagani ayon.   Alisher Navoiyning “Munojot”, Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning “Hajnoma” va Abdulla Oripovning “Haj daftari” turkum she’rlarini qiyosiy o‘rganish natijalari ham ushbu fikrni tasdiqlaydi.

Adabiyotshunoslikda Alisher Navoiyning “Munojot” asari shoirning o‘zi tuzgan “Kulliyoti” uchun maxsus yozilgan so‘zboshi sifatida ham talqin etiladi. 1991-yilda “Munojot”ni izohlab, tarjimalari bilan nashrga tayyorlagan Suyima Gʻaniyeva: “Munojot” mundarijasidan ma’lum bo‘ladiki, u “Kulliyot” so‘zboshisi emas, hayoti so‘ngida o‘z asarlaridagi ijtimoiy, siyosiy, falsafiy va dunyoviy muddaolar, shaxsiyatidagi davr talablari, mafkurasiga munosabat haqida ko‘p fikr yuritgan shoirning botiniy hayajonlari, armon-o‘kinchlari birlashib, Olloh nazdida tavbalar qilish ehtiyojini yaratgan. “Munojot” ana shunday iltijolar majmu’idan iborat. Unda mazmun bilan shakl uzviy bog‘liq. “Munojot” tili – teran tafakkur tili, his-tuyg‘ularga to‘la ruhiy holat tili. Mohiyatan esa, bu asar kelajak avlodlarga qaratilgandek. Inson o‘zligi, ma’naviy kamolot, iymon ustuvorligi, ezguliklar sari intilishga da’vat etuvchi asar bo‘lib, unda bu yo‘lda to‘siq bo‘luvchi ja’miki illatlarga qarshi turishni ham anglatadi”, deb yozadi. Shuningdek, olima Navoiyning mazkur “Munojot”ining yozilishi sabablari haqida ham so‘z yuritadi: “Ma’lumki, Navoiy hayotining oxirida birmuncha yillar avval yuragi tubidan o‘rin olgan haj safari ishtiyoqi yana olovlanadi. U 1499-1500-yillar davomida bir necha marta bevosita va bilvosita – yaqinlari orqali Husayn Boyqarodan haj safariga izn so‘raydi. Har gal sulton avvaliga ijozat berar, lekin darhol o‘zi shaxsan shoir huzuriga tashrif buyurib, safarni qoldirishga ko‘ndirib qaytar yoxud eng nozik do‘stlarni oraga qo‘yib shoirni ahdidan qaytarishga muvaffaq bo‘lar edi. Navoiyning “Vaqfiya”da yozishicha, “ikki orzu rishtasidan (biri haj, ikkinchisi – ijod – S.Gʻ.) o‘zgakim, girihi ko‘nglum pardasidin yechilmadi va ikki murod g‘unchasidin o‘zgakim, tuguni jonim gulshanidin ochilmadi...

Menikim bu savdo nizor ayladi,

Havas ilgida beqaror ayladi.

Ne imonki, topqay qaror-u sukun,

Birovkim, bu fikr etgay oni zabun”.

Bu orzusi ro‘yobga chiqmasligiga ko‘zi yetgan chog‘larida Navoiy ruhiy azoblar girdobida qolar, har qanday rasmiy, norasmiy davlat yumushlari-yu madad istab keluvchilardan g‘oyat toliqar edi, albatta. “Munojot”dagi “Ilohi, emdi hamkim, barchadin kechmak xayolin qilurmen, o‘zlugum bilan kecha olmon yaqin bilurmen. Ilohi, andoqqi, bu balolarga solding, qutqor va andoqkim, bu ibtilolarga kiyurdung, chiqor”, deya iltijo qilishi shoirning yuqorida yodga olingan tushkun kayfiyatidan darak beradi. Shu bilan birga hammadan voz kechish mumkin va oson, lekin “o‘zlugi”dan kechish mutlaqo mumkin emas, bu aniq. Binobarin, “o‘zluk”ni muqaddas saqlamoqqa, uni tahlika va loqaydliklardan xalos etmoqqa intilish nihoyatda zarur, degan shoirning yuksak e’tiqodini yuzaga chiqaradi”.

Hajga borish orzusi va davlat yumushlari, xalq xizmatidan ortib bu istagining amalga oshmasligini sezgan Navoiy barcha orzulari, iqror va tavbalarini munojot tarzida bitadi. “Munojot” muqaddima, hamd, na’t va munojot kabi  tarkibiy qismlardan iborat. Asarning na’t qismida Navoiyning barcha asarlariga xos bo‘lgan, payg‘ambar alayhissalomga durudi salovat aytar ekan, “Ulki, kuntu nabiyyan va Odamu baynalmoi vattin”, ya’nikim, “Odam Ato suv bilan tuproq orasida bo‘lgan paytdayoq men payg‘ambar edim”, deya Muhammad alayhissalomning anbiyolarning muqaddami ekanini ta’kidlaydi. “Rahmatan lil-olamin va xotamun nabiyyin”, deya butun olamlarga rahmat etilgan va oxirgi payg‘ambarliklarini sifatlash asnosida Navoiy “habibi Hazrati Iloh Muhammad rasululloh sallallohi alayhi vasallamdur”, deya takror salovat aytadi. “Yuz yigirma to‘rt ming  anbiyoyi mursal xilqatidin murod ul va barcha anga xayl va o‘n sekiz ming olam ixtiro’idin maqsud – ul va ofarinish anga tufayl”, deya payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning muborak hadislarida Alloh Ta’olo Odam Atadan boshlab to bizning payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)gacha 124 ming payg‘ambar yuborganligi haqida xabar berilganini eslatar ekan, bu payg‘ambar va rasullarning hamda o‘n sakkiz ming olamning yaratilish sababi Muhammad (s.a.v)ning tavalludlari uchun ekanligini aytadi. Avval va oxirin xalqi ya’ni, insoniyatning ibtidodan to so‘nggi qavmigacha nubuvvat taxtining humoyuni bo‘lgan bu zotning shafoatiga muhtoj ekanini keltiradi. Jibrili (Jabroil alayhissalom) hamrohligida, Buroqi markabi ulovida laylat ul-me’roj sari chiqqanini “li ma’ollohu vaqtun” aning maqomi”, deya g‘oyat go‘zal tasvir etadi. Ya’ni, bunda payg‘ambar alayhissalomning yettinchi qavat osmonda Alloh taolo bilan muloqotini payg‘ambar alayhissalom tilidan “Menda Alloh bilan shunday lahzalar bo‘ladiki...”, deya ifoda etadi. Navoiy me’roj tunidagi mazkur muloqot tasvirini tugatmasdan, bu, u zotning maqomi ekanini izhor etib, payg‘ambar alayhissalom va u kishining ahli oilasiga salovot aytadi. Alisher Navoiy olamlar yaralishi, odamlar yaralishining sababi va hayot maqsadi Allohning habibi bo‘lmish bu moʻtabar zotni tanimoq, unga salovat aytmoq deb tushunadi va Allohning qudrati va payg‘ambar alayhissalomga muhabbati cheksizligi va payg‘ambar alayhissalomning ummatlariga shafoati beadadligining ifodasi o‘laroq, u kishining maqomlari tasvirini tugallamasdan qoldiradi. Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning  “Hajnoma” asari shoirning 1892-yil Arab mamlakatlariga sayohati davomida yoziladi. Haj ibodati bilan bog‘liq asarlarning badiiy jihatdan eng go‘zal namunasi bo‘lgan, mazkur asar 12 tarji’dan iborat bo‘lib, har bir bandi 18 misradan, jami 216 satrni o‘z ichiga oladi. Birinchi tarji’da Allohga hamd va payg‘ambar alayhissalomga durudi salovat aytiladi. Asarda Rasululloh obrazi masalasi qanday yoritilgan?

Birinchi tarji’da payg‘ambar alayhissalomni anbiyolar shohi, Haqning habibi deya e’tirof etib, nafaqat bu muqaddas Haram ostonasida, balki umrning har lahzasi va zaminning har manzilida nabiy alayhissalomga salovat aytishini izhor etadi. Ikkinchi, uchinchi tarji’larda Harami sharif va masjidi an-nabaviy tasvir etilgan. Bu ikki ulug‘ maskanning tasviriga e’tibor qaratilsa, u yerda berilgan har bir ashyo ta’rifida nabiy alayhissalomning fazilatlariga monand vasfni ko‘rish mumkin. “Saodat hujrasi – nuri munavvar” ya’ni saodat asrining bu hujrasi payg‘ambar alayhissalomning azal nurlari bilan munavvar ekanligidir.  “Zumurrad tugmai toji saodat, Sharafda gumbazi voloi axzar”. Haram saodatning toji deyilgandek ko‘ringan ushbu satr zamirida ham butun insoniyatga yetgan va yetadigan saodatning toji bu ulug‘ zotning tafakkuri ekani va uning sharafi ko‘k osmoni qadar baland va yuksak ekanligi tarannum etiladi. “Kuland o‘lmoqni tamanno etdi xurshid, Va lekin etmadi Tangri muyassar”. Bu masjidning loyini qoriyotgan ketmonga havas etgan quyoshga Alloh bu orzuni nasib etmadi. Bu tashbehda, magarki bir inson din va rasul yo‘lida xizmat etmas ekan, uning umr maslagi loy qoriydigan ketmoncha qiymatga ega emasdir, degan falsafa mavjud. “Suvolg‘on ganchlari kofuru abyoz, Qo‘yilg‘on toshlari yoqutu ahmar”, − Devorlaridagi abyoz (o‘ta oq, porloq) ya’ni, nihoyatda oq ganjlar payg‘ambar alayhissalomning nafsning qaroliklaridan pok qalblarini (ko‘plab tarixiy-diniy manbalarda, xususan, Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida Muhammad (s.a.v) bolaliklarida enaga onasi Halimaning o‘g‘illari bilan  qo‘y boqib yurganida osmondan ikki farishta − Jabroil va Mekoil tushib u kishining ko‘ksilarini yorib qalblarini nafsdan toza etib, so‘ng oltin igna bilan tikib, qanotlari bilan silab ketgani haqida yoziladi, kofur (oppoq tusli xushbo‘y modda) esa u kishini g‘oyat yoqimli va go‘zal suhbatlarini aks ettirsa, yoqut toshlarining qizil jilvasi bu ulug‘ zotning muborak yuzidagi hayoning nozik ifodasidir. Masjid va Haram tasvirida “Rasou rostdir sangin sutunlar”, baland tosh ustunlar misoli payg‘ambar alayhissalomning baland va raso qadlarini, “Ravoqida hama oyoti Qur’on” − binoning barcha ravoqlarida Qur’on oyatlari bitilganidek, bu zotning taqdiriga Alloh Qur’onni bitgani, u kishiga  nozil etilganiga ishora etiladi. To‘rtinchi  tarji’da Furqat  Me’roj kechasi voqeasini yoritar ekan, Rasulullohni “Risolat tojdori shohi “Lav lak”, deb ataydi. Ya’ni Alloh avval payg‘ambarimizning nurlarini yaratgani va uning tug‘ilishi uchun butun olamni yaratganini madh etadi. To‘rtinchi tarji’ Me’roj kechasi haqida bo‘lishi bilan birga Me’rojda Haq taolo va Rasululloh o‘rtasidagi suhbat dialog tarzida beriladi.  “Dedi Tangri: “Habibim, yo Muhammad, Tila mandin bu dam: “Inna a’toynak”. Dedikim: “Ummatimni mag‘firat qil, Erurlar osiyu saffoku bebok”. Alloh taolo va Muhammad (s.a.v.) o‘rtasidagi suhbatda Furqat Alloh o‘z habibining butun olamlarga rahmat etilganini aytib e’zoz etganini keltiradi. “Xuruf-u yozmadi juz “Mo arafnok” − Bu jumlada Muhammad (s.a.v.)ning siyrat-u sifatlarini ta’riflovchi olimlarning ul zot haqida “Biz sizni kamolatingiz darajasida taniy olmadik”, degan so‘zdan nariga o‘tolmaganliklari qatorida, Furqat o‘z ta’rif va vasfining darajasi ham “mo arafnok” ekanini e’tirof etishdir. Biz “Hajnoma”da Rasululloh obrazining tagmatnda kelgan xarakterini baholi qudrat tadqiq etishga harakat qildik. Beshinchi tarji’ esa Rasulullohning vasfiga bag‘ishlanadi. U kishining Odam avlodining afzali ekani, ul zotning tavalludlari uchun olam ijod etilgani, Me’roj kechasida u kishining kovushlari changini Arshi A’zam ko‘ziga surib, tavof etgani, u kishining tug‘ilishlari bilan bog‘liq tarixiy voqealar tilga olinar ekan, “Ketibon yerdin olam zulmati ham Hamon dam yog‘di nuri osmoniy”, deydi. Ya’ni u zot tug‘ilgach, yuzlarida falakning nuri jilva etdiki, yer yuzida butlar sindi, zulmat yo‘qoldi. Bu yerda yana shunday ma’no borki, Furqat tagmatnda payg‘ambar alayhissalomning nurlari tug‘ilishlaridan oldin bor bo‘lgani kabi, u kishi olamdan o‘tgach ham bu nur mavjud ekanligini, ya’ni yer yuzini payg‘ambar masjidi loyini qorishga orzumand oftob emas, ul zotning muqaddam nurlari yoritib turganini ifoda etadi.

Abdulla Oripovning “Haj daftari” turkumida Rasululloh obrazi eng ko‘p murojaat va talqin etilgan obrazdir. “Hikmat sadolari” aynan hadislarning sharhi bo‘lgani uchun ham Rasululloh obrazi har bir she’rda asosiy o‘rinda ifoda topgan. Abdulla Oripov “Hikmat sadolari”ning muqaddimasida “Insof va diyonat izlab” maqolasida “Islom tarixi, ayniqsa, Qur’on va Hadislarni bir muncha o‘rganib, shunday xulosaga keldimki, har qanday oliyjanob va ezgu tuyg‘ular Islomga ham xosdir, ayni vaqtda Islom  har qanday oliyjanob va ezgu tuyg‘ularga mos keladi. Muhammad alayhissalomning so‘nggi hamda eng komil payg‘ambar deb hisoblanishining tub sababi shunda emasmikan?! Bordi-yu, endi boshqa bir payg‘ambar chiqqan taqdirda ham u insoniyatga Muhammad alayhissalomdan ortiq yana nima hadya eta olardi!, deb yozadi. Mana shu so‘zboshida ham shoirning Rasululloh obraziga munosabati cheksiz ehtiromga ega ekanligini ko‘rish mumkin. Turkumdagi  “Payg‘ambar” she’rida esa bu ehtiromning badiiy ifodasini ko‘ramiz. Abdulla Oripov talqinidagi Rasululloh obrazida vasf etishdan ko‘ra Rasulullohning insoniy fazilatlari, kechinmalari ko‘rsatilgan. Albatta, Abdulla Oripov “Sizning murodingiz hidoyat erur, Sho‘rlik bandalarga inoyat erur”, deya u zotning ulug‘ va mukarramligini e’tirof etadi. “Assalomu alayka, yo Muhammad, Assolomu alayka, yo Ahmad”, deb barcha mo‘minlarga xos salovat aytadi. “Vahiy” she’rida nabiy alayhissalomning manman kimsalardan ranjigan kayfiyatini tasvir etar ekan: “Manman kimsalardan ranjidi Rasul, Ko‘ngli qolgandayin hatto do‘st – yordan” – manmanlik, kibr kabi johil illatlar pok insonlar qalbini ozurda etishini bayon etadi. “Ibrat” she’rida “Payg‘ambar daraxti bergay deb baxtni, Sig‘inib yurmasin unga ummatim”, deya u kishining kamtarliklari va qalb e’tiqodini urf-u odatga aylantirib qo‘ymaslik haqida ogohlantirishlari yoritiladi. “Meroj” she’rida “Tasviri joizmas bu holni, biroq  Visol nasib etdi Rasulullohga”, der ekan Abdulla Oripov “Tasviri joizmas bu holni, biroq”, deganda Furqat “Hajnoma”sida aytilgan “Mo arafnok”ni Me’roj voqeasiga nisbatan qo‘llaydi. Ya’ni, bugungi zamon ilm-fan tafakkuri ham bu voqeani sharh eta olmasligiga, inson ong-u tafakkuri nechog‘lik rivoj topmasin, olamshumul kashfiyotlar qilmasin, bu dunyodagi hech bir ong, hech bir tamaddun payg‘ambar alayhissalom chiqqan me’roj darajasiga yeta olmasligiga ishora etadi. “Hordiq” she’rida esa “Rasulululloh dedi: O‘ylamang, aslo, Fanodan men rohat kutayotirman. Bu dunyo daraxtning soyasi go‘yo, Men undan ot minib o‘tayotirman”, – Karvon sahroda to‘xtaganida, Rasulullohning taqir yerda va quyosh tig‘ida yonboshlashidan xijolat chekkan sahobalarga asli fano bu dunyoning fursati ham nechog‘lik yugurik va tezligi, bu fursatda rohat izlab g‘aflatda qolmaslik kerakligi, xuddi otliqdek tavba qilgan (yengil) holda uning yolg‘onchi soyasidan haqiqiy soyaga, rohatga, ya’ni baqoga intilish lozimligi aytiladiki, bunda Rasulullohning boy falsafiy tafakkurini ko‘ramiz. “Ro‘za” she’rida Rasulning qanoat va da’vatini, “Ota” she’rida nabiy alayhissalomning farzandlarga nasihatini, “Ona” she’rida Rasulullohning sunnatlarda adolatni unutmasligi, “Do‘zaxiylar” she’rida ittifoq etmoqqa chorlashi va do‘zaxiylikdan qaytarishi, “Duo” she’rida insonlarning eng duogo‘yi Rasululloh ekani, “Shafqat” she’rida Rasulullohning qabr azobi va Alloh qahridan qo‘rquvi ifoda etilgan. Rasullullohning bu sifatlari shunchaki bayon etilgan emas, Abdulla Oripov yuksak badiyat va teran tafakkur bilan bu ulug‘ zot siymosidagi nabiylik va insoniylik jihatlarini ko‘rsatib bergan. 

Alisher Navoiyning “Munojot”, Furqatning “Hajnoma” va Abdulla Oripovning “Haj daftari” asarlarida Rasululloh obrazini o‘rganar ekanmiz, har bir asarda o‘zgacha badiiy-falsafiy talqinni kuzatamiz. Bu asarlardagi Rasululloh obrazining mushtarak jihati shundaki, Navoiy “li ma’ollohu vaqtun”, Furqat “Xurufu yozmadi juz “Mo arafnok”, Oripov esa “Tasviri joizmas bu holni, biroq”, deydi. Ya’ni, mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyotining uch mutafakkir shoiri  ham o‘z she’rlari, ta’rif va tavsiflari Rasulullohning fazilatlarini to‘liq ifodalash darajasiga chiqa olmasligini ta’kid etadilar.

Dilfuza AVAZOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//