Avj olayotgan virtual qabilabozlik yoxud ultra-zamonaviy dunyoda ibtidoiylashayotgan biz...


Saqlash
18:07 / 15.07.2022 1894 0

Qabila deganda oʻqimishli odamning koʻz oldiga ibtidoiy jamoa tuzumi davri, “tiktokchi” avlod tasavvurida esa Mel Gibsonning “Apokalipsis” filmi gavdalanadi. Yagona “sardor” atrofida birlashgan, aft-angori va badanining ayrim joylari temir-tersak bilan “bezatilgan”, koʻzlari doim qonsirab, xavfsirab turadigan, qoʻshni qabila aʼzosining yuragi yoki-da bosh chanogʻini bamaylixotir sixga tortadigan yovvoyi toʻda, xullas.

 

Tabiiy savol tugʻiladi, “turqisovuq” qabilalar bilan bizni, XXI asrning megamadaniy kishisini nima bogʻlab turadi? Javob bitta – mentalitet! Quloqqa yoqimsiz eshitiladi, ammo olimlarning xulosasi shunday: qabilaviy mentalitet barcha tirik mavjudotlar kabi, inson tabiatiga ham xos. Toʻgʻri, hozir kamondan oʻq otib, bir-birini “gʻajiydigan” qabilalar yoʻq. Lekin, bir narsa aniq, sut bilan kirgan – jon bilan chiqadi...

 

 

putinoid, baydenqul va traybalizm

 

Kuzatayotgan boʻlsangiz, bugun ijtimoiy tarmoqlarda kimnidir faqat fikri uchun yoqasidan olish, haqoratlash, shaxsiyatini toptash (masalan, laqab bilan atash), bir toifa oʻziga ters qarashga ega boshqa bir toifani degumanizatsiya qilishi odatiy (afsuski) ijtimoiy hodisaga aylangan. Uzoqqa borish shart emas. Rossiya-Ukraina ziddiyati fonida media platformalarda virtual qabilabozlik avj olgani, oʻzbek siyosiy lingvistikasi – “putinoid”, “baydenqul” kabi yangi antonim soʻzlar bilan boyigani yuqoridagi fikrlarga yorqin misol.

 

Insonlarning oʻziga oʻxshaganlar bilan “qabila” boʻlib birlashish ishtiyoqi hamda boshqa ijtimoiy guruhlarga ashaddiy dushman sifatida qarashi fan tilida “traybalizm” deyiladi. Bu tushuncha oʻzida “Biz” va “Ular” oʻrtasidagi azaliy urushni ifodalaydi, traybalistik mentalitet olamni oq va qora, yaxshi yoki yomonga ajratadi. Oltin oʻrtalikka oʻrin yoʻq bunda. Bu haqda Arizona universiteti professori, faylasuf Allen Byukenen “Bizning axloqiy taqdirimiz: evolyutsiya va traybalizmdan qochish” kitobida shunday deydi:

 

“Tortishuv, fikrlar qarama-qarshiligi bilan traybalizm oʻrtasida juda katta farq bor. Bunda siz – Siz bilan fikri bir joydan chiqmagan kishini shunchaki nohaq deb hisoblamaysiz, balki siz uchun u tuzatib boʻlmas ahmoq, dezinformatsiyaga toʻyingan toʻnka, nosamimiy va hatto yovuz. Boshqacha aytganda, siz uning mulohazasi notoʻgʻriligi uchun emas, “eshitishga va muomalaga layoqatsiz”ligini rad etasiz. Inson ongli xilqat va u bilan bahslashish mumkinligini oʻylamaysiz...”

 

– Ayrimlar ijtimoiy tarmoqlardan muloqot uchun emas, oʻzlarining muayyan guruhga mansubligini koʻrsatib qoʻyish uchun foydalana boshladi, – deydi amerikalik jurnalist va yozuvchi Jonatan Raux “Ijtimoiy tarmoqlar, traybalizm va feyk axborotlar tarqalishi” maqolasida. –Bundaylar muhokamalarda qaysidir masalaga Oʻz shaxsiy nuqtayi nazarini maʼlum qilmaydi, asosiy maqsad “dushman taraf”ni tahqirlash evaziga “qabila” orasidagi virtual avtoritetini oshirish hamda “sardor”ning nazariga tushish. Boʻldi.

 

 

Komfort mediamuhit kasofati

 

Xoʻsh, nima uchun zamonaviy odamlarda koʻproq tosh davriga xos boʻlgan yovvoyi mentalitet kuchayib boryapti? Qanchalik gʻayritabiiy yangramasin, sunʼiy intellekt va neyropsixologiya sohasi tadqiqotchilarining javobi bitta – haddan tashqari komfort media muhit taʼsirida!

 

Yaʼni, hozir ijtimoiy tarmoqlar algoritmlari kishilarning tarmoqdagi materiallarga reaksiyasi, qidiruv tizimiga bergan kalit soʻzlaridan kelib chiqib, faqat ularning koʻngli tusagan, ularga maʼqul keladigan “taom”larni – axborotni tortiq etadi, atrofida ham faqat oʻzlariga hamfikr, did-farosati, dunyoqarashi oʻxshash, postlarini qiyo boqmay layklaydigan, xullas, zuvalasi bitta joydan olinganlar toʻplanadi.

 

Deylik, siz “Vaksina insonni ikki shoxli hayvonga aylantiradi” degan xabarga layk bosdingiz. Xushyor algoritm darrov lentangizda vaksinaning “ogʻir oqibatlari” haqidagi postlarni qalashtirib tashlaydi, antivaksinachi sayt, guruh, profil va sahifalarni tavsiya etadi. Sunʼiy intellekt odatda salbiy hislar uygʻotadigan, gʻazabni qoʻzitadigan kontent, masalan “Shok. Ikki marta emlangan onadan koʻzining oq pardasi yoʻq goʻdak tugʻilibdi” yoki “Vaksina olgan 12 yoshli bola xushidan ketib yiqildi” sarlavhali feyk xabarlarga urgʻu beradi. Chunki bunday “yangiliklar” odamlarni tarmoqda koʻproq vaqt qolishini (“Vaksinaning X xossasidagi moddalar va ularning toʻqimalarga organik taʼsiri” degan postga kim ham qayrilib qaraydi hozir?!) taʼminlaydi.

 

Achinish hissi, ruhiy azoblanish, asabiylashish esa “vaksinasiz goʻzal hayot” konsepsiyasini himoya qilish instinktini yanada kuchaytiradi. Shu tariqa vaksinatsiya tarafdorlariga nisbatan oʻta agressiv, istalgan ilmiy tadqiqotni koʻr-koʻrona rad etadigan, oʻzlarining “haqiqat”idan boshqasiga tupuradigan navbatdagi “qabila” paydo boʻladi...

 

 

Tafakkur tanazzuli

 

Raqamli qabilachilik odamlarda tanqidiy fikrlash koeffitsiyenti tushib ketishi, dunyoning umumiy manzarasini idrok etish qiyinlashishi, diqqat tanqisligi sindromi paydo boʻlishi, oddiyroq aytganda, tafakkur tanazzuli bilan bogʻliq.

 

– Internet oʻz taraqqiyotining hozirgi bosqichida yanglish yoki noxolis qarashlarni tasdiqlovchi mashina vazifasini oʻtayapti, – degan edi dunyoning eng boy odami, “Amazon” rahbari Jeff Bezos. – Agar siz biror fikrda qatʼiy turgan holda, tarmoqda u yoki bu narsani izlasangiz, oʻz qarashlaringiz “isbot”ini albatta topasiz. Mabodo yangiliklar lentangiz sizga biror xabarni koʻrsatayotgan boʻlsa, bilingki, sunʼiy intellekt faqat sizning nuqtayi nazaringizni ifodalovchi axborotnigina taqdim etyapti.

 

Oʻz qarashini aks ettiruvchi va mustahkamlovchi maʼlumotlarga qayta-qayta duch keladigan infomuhit esa kishilarda fikrga nisbatan toqatsiz kayfiyatni kuchaytiradi. AQSHdagi Ueyna davlat universiteti professori Arash Javonbaxt taʼkidlashicha, tadqiqotlarning birida 61 foiz amerikalik kimnidir faqat siyosiy pozitsiyasi yoki yozgan posti uchun “doʻst”lari safidan chiqarib tashlaganini maʼlum qilgan.

 

– Inson tafakkurida torayish tendensiyasi kuzatilyapti, – deb yozadi u “Bigthink” nashridagi maqolasida. – Umumiy manzarani idrok qilish tobora qiyinlashyapti. Kitob yoki uzun matnni oʻqish juda koʻp odamlar uchun azob bugun. Skrolling, yaʼni “tasma aylantirish madaniyati” kishilarda diqqat tanqisligi sindromini keltirib chiqaryapti. Aksar foydalanuvchilar Feysbukdagi yangiliklar lentasidagi bitta xabar uchun oʻrtacha 1,7 dan 2,5 soniyagacha vaqt sarflaydi. Bu ham bizdagi tanqidiy fikrlash funksiyasini oʻldiryapti.

 

 

Yo asling kabi koʻrin, yo koʻringaning kabi boʻl...

 

Baʼzan shunday boʻladi. Siz hayotda bilgan, tanigan odamlar ijtimoiy tarmoqlarda butunlay boshqa insonga aylanadi, qaysidir postingiz ostida qoldirgan izohlaridan yoqa ushlaysiz. Tavba, bu odamga nima jin urdi? Nega toʻsatdan tashlanib qoldi? Koʻcha-kuyda duppa-durust koʻrishib yurardi-ku! Bilib qoʻying, virtual “qabilachilik”ning ilk simptomlari bu.

 

Nima qilish kerak? Koʻtarilgan mavzu fanda hali chuqur oʻrganilmagan noodatiy hodisa – ijtimoiy-psixologik fenomen. Shundan boʻlsa kerak, unga qarshi konkret axborot-profilaktik tavsiyalar ishlab chiqilmagan. Toʻgʻri, ayrim mulohazalar yoʻq emas. Deylik, “yopishqoq”, yaʼni “tavsiya etuvchi” algoritm irodasiga boʻysunmaslik – xabarlar lentasini xronologik (joylashtirilgan vaqtiga qarab) tartiblash orqali kuzatish, faktlarni boshqa manbalar bilan solishtirish, koʻproq gazeta va kitob oʻqib diqqatni charxlash shular jumlasidan.

 

Biroq, bizningcha, bu boradagi eng yaxshi fikr bir necha asr muqaddam Mavlono Rumiy aytgan: yo asling kabi koʻrin, yo koʻringaning kabi boʻl. Real hayotda ham, virtual dunyoda ham inson oʻzligini his qilib yashashi kerak. Ijtimoiy mavqeimizga putur yetkazishi mumkin boʻlgan taqdirda ham “yoʻq” deb dadil ayta olamiz shunda. Faqat shu tuygʻu bizni (virtual) olomon — “qabila” orasida singib, maʼnan yemirilib ketishdan, ibtidoiylikdan saqlab qolishi mumkin.

 

Odatda mediasavodxonlik deganda feyk, dezinformatsiya, virtual firibgarlik, kiberbulling kabi axborot tahdidlariga qarshi kurash tushuniladi. Toʻgʻri, bular juda muhim, ammo oqibatini bartaraf etsa boʻladi. Lekin ultra zamonaviy dunyoda tafakkurdan judo qiladigan alomatlarni payqamaslikning badali undan ham ogʻirroqdir.

 

Firdavs NURULLOH

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

14:05 / 21.05.2024 0 188
Layk gadolari yoxud xatarli inkubator





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19478
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16902
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi