“Buyuk ipak yo‘li” adabiy festivali atrofidagi bahslar – O‘zbekiston unga mezbonlik qiladimi?


Saqlash
05:44 / 15.07.2022 1324 0

Mamlakatimizda “Buyuk ipak yo‘li” adabiy festivali o‘tkazilishi haqidagi xabar jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olingan edi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi boshlig‘i Rustam Musurmon Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson ushbu festivalni o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilgani, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Turizm va sport vazirliklari, mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ishtirokida festival tashabbuskorlari bilan onlayn muloqot uyushtirilib, tadbirlarning tashkiliy jihatlari va o‘tkazish tartibi muhokama qilinganini bildirgan edi.

 

Kuni kecha esa Sofi Ibbotson hamda tarjimon A’zam Obid ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan murojaatlar ko‘plab bahslarga sabab bo‘lmoqda. A’zam Obid ochiq bayonotida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qariyb 32 yillik mustaqillik yillari davomida xalqaro adabiy aloqalar sohasida sezilarli va jiddiy qadam tashlay olmagani, o‘zbek ijodkorlarining aksari xorijiy tillarni umuman bilmasligi, ularga dunyoga chiqish yo‘llari, chet ellarda tanilish, asarlarini nashr etish, xalqaro festivallarda qatnashish, xalqaro yozuvchi va rassomlar rezidensiyalarida ishtirok etish, xalqaro ijodiy munosabatlar o‘rnatish, chet ellarga o‘qishga, malaka oshirishga yuborish uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi tashkilot yo mexanizm yetishmasligini tanqid qilgan.

 

“Shu yil sentyabr oyida o‘tkazilishi ko‘zlangan “Buyuk ipak yo‘li” adabiy festivali tashabbuskorlari katta og‘riqli muammolarni sal bo‘lsa-da yechish yo‘llarini ko‘rsatish, O‘zbekiston adabiy muhitiga biroz ilg‘or tashabbuslarni olib kirish, chet ellik ijodkorlar bilan o‘zbek ijodkorlarini do‘stlashtirish va adabiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan edi. Bu ochiq muloqot qilinib, do‘stona fikrlar almashinadigan interaktiv, chinakam adabiyot festivali bo‘lishi kerak edi. Yozuvchilar uyushmasi taklif qilayotganiday uzun va zerikarli ma’ruzalar o‘qiladigan anjuman emas!

 

Agar bu ko‘zlangan festival Yozuvchilar uyushmasi aytganidek turizm tarafga og‘ib ketayotgan bo‘lsa, buning nimasi yomon? Adabiyotni turizm orqali, turizmni adabiyot orqali targ‘ib qilish hozir dunyodagi eng ilg‘or usullardan biri-ku! Festival yakuniy dasturida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi, festival direktori Sofi Ibbotson Yozuvchilar uyushmasi kiritgan takliflarning aksarini inobatga olgan, dasturga kiritilmagan o‘rinlarda bo‘lsa, bilishimcha, ko‘proq tadbirning xalqaro darajasi va xalqaro tajribani hisobga olgan”, deydi u.

 

Yozuvchilar uyushmasining rasmiy bayonotida tashabbuskorlar tomonidan asosan festivalning turistik jihatlariga ahamiyat qaratilib, adabiyotimiz targ‘iboti e’tibordan chetda qolayotgani aytilgan:

 

“O‘zbek adabiyotini xorijda tanitishga qiziqish bildirgan, bundan manfaatdor noshir va tarjimonlarning festivalda ishtirok etishini tasdiqlovchi hujjatlar hamda shu yilning may oyida boshlanishi rejalashtirilgan xalqaro adabiy tanlov konsepsiyasi loyihasi kelishish uchun Yozuvchilar uyushmasiga taqdim etilmadi. Bizga yuborilgan dastlabki dastur loyihasidan o‘zbek adabiyotiga aloqasi bo‘lmagan masalalar anchagina edi. Masalan, “Madaniy repatriasiya va o‘tmishni hisobga olish”, “O‘rta Osiyoda arxeologiyani nima kutmoqda”, “Sayohatlar haqida maktub”, “Botanik san’at”, “Nikita Makarenko bilan uchrashuv” va shu kabi boshqa mavzular o‘rin olgan.

 

Biz esa ularga “She’riyat va makon” (o‘zbek she’riyatining bugungi kuni haqida suhbat. Moderator: O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim), “Abdulla Qodiriy uy-muzeyida yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad bilan suhbat”, “Adabiyot va kino: badiiy asarning ekranga ko‘chirilishi. Erkin A’zam va britaniyalik ma’ruzachi ishtirokida adabiy suhbat”, “Tasviriy san’at va so‘z san’ati – taniqli rassom va yozuvchi Alisher Mirzo ustaxonasida adabiy suhbat”, “XXI asr Britaniya va o‘zbek nasri: avangard va an’anaviylik” (moderator: O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton)”, “Boburnoma” asarining inglizcha tarjimalari haqida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, boburshunos Ziyoda Teshaboyeva ma’ruzasi, “Orol dengizi mavzusi – badiiy adabiyotda” yuzasidan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Kengesboy Karimov ma’ruzasi, “Tarixni tadqiq etish” mavzusida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali bilan suhbat va boshqa mavzularni taklif qildik.

 

Lekin hamkorlarimiz ushbu takliflarning ayrimlari qabul qilinishi, dastur uchun faqat ular mas’ulligini bildirishdi. Xullas, Yozuvchilar uyushmasi zimmasiga festival direksiyasi belgilagan tadbirlarni tashkil qilish, qatnashchilarni mehmonxona bilan ta’minlash, ularning ovqatlanishi, Buxoro shahriga sayohatini ta’minlash, tadbirlar bo‘lib o‘tadigan joylarni band etish va bu ishlarni moliyalashtirish singari vazifalar yuklatilishi belgilangan. Agar bu tadbirlar milliy adabiyotimiz targ‘ibotiga xizmat qilganida biz shunisiga ham rozi edik...”

 

Yozuvchilar uyushmasi “Buyuk ipak yo‘li” adabiy festivali o‘tkazishni butunlay rad etmaganini, festival tashabbuskorlari bilan bu borada bir to‘xtamga kelib, birga ishlashga tayyorligini ma’lum qildi.

 

Festivali direktori Sofi Ibbotson esa hali tadbirlar va ma’ruzachilar tasdiqlanmaganini aytdi.

 

“Yozuvchilar uyushmasidan taklif qilingan ma’ruzachilar biz bilan bog‘lanishlarini so‘radik, shunda ularning ishtiroki tasdiqlangan bo‘lardi. Hozirgacha birortasi bog‘lanmadi. Tadbirlar doirasida Qodiriy uy-muzeyida musiqa va she’rxonlik bayrami; “Ilhom” teatrida yangi spektakl premyerasi; festivalning ikkita adabiy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi; Amir Temurning biografiyasini yozgan britaniyalik tarixchi Jastin Marozzining ma’ruzasi; Osiyo adabiy agentligi asoschisi Kelli Falkoner bilan seminar; tojik tarjimon Usmonali Latifiyning Jorj Oruell romanlarini tarjima qilish bo‘yicha ma’ruzasini tinglash ko‘zda tutilgandi.

 

Festival qo‘mitasi, uning hamkorlari va ma’ruzachilari o‘z vazifamizga sodiq qolamiz: Markaziy Osiyo va uning adabiyotini targ‘ib qilish hamda mintaqadagi nashriyot sektorining ijodiy va tijoriy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz yana yig‘ilib, tadbirning qay shakl va qachon o‘tkazilishi mumkinligini muhokama qilamiz, o‘z vaqtida bu yangilikni siz bilan baham ko‘rishni intiqlik bilan kutamiz”.

 

Ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarining aksariyati ikki taraf kelishgan holda festivalni o‘tkazish tarafdori ekanini bildirmoqda. Ba’zilar festival qo‘mitasi o‘zbek adabiyoti targ‘ibotiga emas, turizmga urg‘u berganini tanqid ostiga olsa, ayrimlar Yozuvchilar uyushmasi taklif qilgan tadbirlar eskicha va zerikarli ekanini aytyapti.

 

Bloger Eldor Asanov vaziyatga shunday baho bermoqda: “Narigi tomon” bo‘lmish Sofi Ibbotson, A’zam Obidov va Nikita Makarenkolarni o‘qisak, hammasiga uyushma aybdor degan taassurot uyg‘onadi; uyushmaning rasmiy bayonotini o‘qisak, uning ham asosli e’tirozlari borligi ko‘zga tashlanadi. Festival direktori Sofi Ibbotson Yozuvchilar uyushmasi taklif qilgan mavzu va formatlarning aksariyatini qabul qilmagan, uyushma bundan ranjigan. Bahslarda ba’zilar uyushmani eskicha uslubda ayblamoqda. Menimcha esa, masalaga chuqurroq qarash kerak: gap faqat nimadir eskirganida emas, gap dunyoqarash va yondashuvlar to‘qnashuvida. Yozuvchilar uyushmasi tomoni adabiyotni ma’lum an’anaviy shaklda tushunyapti, “narigi tomon” esa adabiyotni kengroq kontekstga joylash, pirovardida festivalni adabiyotdan ko‘ra madaniyat va turizm tadbiriga aylantirishni xohlayapti. Bu g‘arbona va postsovetcha qarashlarning o‘zaro tushunmovchiligidir.

 

Shaxsan men uyushmaning yondashuvini, taklif qilgan mavzularini qoralay olmayman: bular ko‘proq professional tanqidchi va yozuvchilar tushunadigan mavzulardir; qolaversa, uyushma o‘zi moliyalashtirayotgan tadbirda o‘zbek adabiyotiga o‘rin berilishini istashi tabiiy holdir. Shuning uchun ham “Uyushmaning mavzulari eskicha, qoloq”, degan gaplarga qo‘shilmayman. Shunchaki har qanday sohaning chuqur professional va populyar qatlamlari bor. Tushunishimcha, Sofi Ibbotson va uning O‘zbekistondagi hamkorlari tadbirni tor professional emas, keng ommabop uyushtirishni o‘ylashgan, tushunmovchilik mana shu yerda boshlangan. Shu bilan birga, uyushma rad etgan ayrim mavzular ham bevosita adabiyot va san’atga aloqadorki, bu o‘rinda uyushma zamonaviy trendlardan biroz chetda qolgani ko‘rinadi”.

 

Shoira Go‘zal Begim O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolarining asosiy maqsadi, A’zam Obid ta’kidlaganidek, imtiyozlardan foydalanish emasligini yozadi:

 

“Kechirib qo‘yibsiz, kim aytdi bularni asosiy maqsad deb? Siz yozuvchi yoki shoirning yuragimisiz, qalamimisiz, iztirobimisiz? Qayerdan bu daraja chuqur ketdingiz?! Imtiyozli kvartira degani 30 yil deganda yozuvchi-shoirlarga bi-i-ir berildi. Qanchadan-qancha uysiz yurgan yosh va yosh bo‘lmagan shoirlar uyli bo‘lishdi. Xalqaro miqyosda qilinishi zarur bo‘lgan taklif va rejalarga qo‘shilish mumkin.

 

...Biroq degan joyi bor. Bizning O‘zbekiston hali xalqaro festival yoki konkurslar o‘tkazishga tayyor emas. Qachon tayyor bo‘lishini Xudo biladi.  Avvalo, o‘zimbo‘layligimiz, haddan ortiq dabdabali dasturxon va sovg‘a-salom ulashishni kulminasion nuqtaga olib chiqishimiz, xalqaro festival deganini bir shaxsning targ‘ibot media-anjumaniga aylantirishimiz, qo‘yib bersa, “Meniyam chetga olib keting”lab chet ellikning jomadoniga tushib olguday mo‘ltirab turishlarimiz... Bularning hammasi yaqinginada ro‘y berdi-ku.

 

Men hech kim tomon emasman. Na a’zoligimni rasmiy tan oladigan uyushma, na xalqaro festivallar uyushtirish rejasida xayrli niyatlar bilan yurganlar tomonida. Haqiqat tomonidaman. Haq tomonidaman. Til bilish, chet ellarga chiqib, adabiy aloqalarni kuchaytirish, tarjima maktabini professional darajada oyoqqa qo‘yish... bularning hammasi ajoyib istaklar... Faqat aytilganiday ro‘y bersa edi?! Iddaolarsiz, pisandalarsiz amalga oshirilsa edi...”

 

Olima Gulnoz Odilova esa Yozuvchilar uyushmasining xalqaro bo‘limi faoliyati sustligini, o‘zbek adabiyotini dunyoga olib chiqish bo‘yicha shaxsan bergan takliflari amalga oshmayotganini aytadi:

 

“Kimning ijodini chet tiliga o‘girib, dunyoga tanitishni istasangiz, A’zam Obidov kuyib aytganidek, “Yozuvchi rezidensiyasi” dasturini qilaylik, davlatning puliga qurilib, endi esa mehmonxona sifatida pullik xizmat qilib turgan uyushmaning zamonaviy dam olish maskaniga xorijlik zo‘r yozuvchi-tarjimonlarni tanlov asosida chaqirib, ularga o‘zimizdan ingliz tilini biladigan qobiliyatli yosh tarjimon, Navoiy, Qodiriy ijodini mukammal biladigan mutaxassisni biriktirib, hammasining gonorariyu yashash xarajatini ijod fondidan qoplaylik!

 

Endi festival masalasiga kelsak! Bergan rasmiy munosabatingizni o‘qib ikki og‘iz maslahatim bor. Eskicha qoliplardan voz keching; “Festival” so‘zi sizning ong osti tasavvuringizda hosil bo‘lgan stereotipi juda eski, o‘zingizga bilinmayapti; festivalning xorijiy tashkilotchilari bilan muloqotga kirishadigan xalqaro bo‘limingiz xodimlarini yaxshi taniganim uchun kadrlarni alishtiring, deyman. 

 

Festival tashkilotchilarining dasturi menga juda yoqdi. Siz juda sub’yektiv fikrlagansiz. Rasmiy munosabatdagi taklifingizni o‘qib kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qoldim. Festival tashkiliy qo‘mitasida volontyor bo‘lib xizmat qilishga tayyorman!”

 

Xo‘sh, “Buyuk ipak yo‘li” adabiy festivali O‘zbekistonda o‘tkaziladimi? Bu savol bilan Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmatiga murojaat qilganimizda masala hozircha uzil-kesil hal bo‘lmaganini bildirishdi. Sofi Ibbotson esa 18 iyul kuni yig‘ilib, masalani muhokama qilishlarini yozgan.

 

Aslida Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan xalqaro adabiy festivallar allaqachon o‘tkazilishi kerak edi. Xorijlik ijodkor, tarjimon, muharrir va noshirlar bilan aloqa o‘rnatish, festivalga taklif qilish, o‘zbek adabiyotini ularga tanishtirish, tarjima uchun o‘zaro kitoblar almashish kabi jarayonlar bugungi internet zamonida murakkab emas. “Buyuk ipak yo‘li” adabiy festivalini tashkil etishda ham mana shu tajriba yetishmasligi pand bermoqda va buning ortidan mashmashalar urchimoqda. Jarayonni kuzatishda davom etamiz.

 

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//