Chiranish bilan mehr qozonib boʻlmaydi – Usmon Nosir koʻrinmagan “Usmon Nosir” spektakli haqidagi oʻylar


Saqlash
04:40 / 09.07.2022 1395 0

Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida millatning juvonmarg ketgan olovyurak shoiri Usmon Nosir haqidagi spektaklning premyerasi boʻlib oʻtdi. Isteʼdodli yozuvchi Javlon Jovliyev pyesasi asosida sahnalashtirilgan sahna asarida sovet zulmidan qiynalib halok boʻlgan shoir toʻgʻrisidagi haqiqatlar aytilishi, uning shaxsi xalqimizga yanada yaqinlashtirilishi kutilgan edi. Biroq... Kichik-kichik etyudlarni zoʻrma-zoʻrakilik bilan yopishtirib chiqilishidan yasalgan qurama spektakl salkam ikki soat davomida aktyorlarning chirangan ovozlari, harakatlari, quruqdan-quruq dialoglar bilan toʻlgan.

 

Asossiz choʻzib yuborilgan

Spektakl “Yurak” qoʻshigʻining ajoyib ijrosi bilan boshlanadi. Muallifning yaxshi topilmasi – muzlatkich (Sibir ramzi) ichidan chiqib kelgan Usmon Nosir atrofida aylanayotgan ilhom parilari, tarixiy muhit aks etgan dekoratsiya sizga yangi ruh, yangi asar vaʼda qiladi. Ammo shoir obrazini gavdalantirgan aktyor kuchanib sheʼr oʻqiy boshlagach, ustingizdan kimdir bir chelak sovuq suv quyib yuborgandek boʻladi. Aktyor nafaqat ijodkorni, balki uning sheʼrlarini ham his qilmagani seziladi. U rolga kirishish uchun spektaklning boshidan-oxirigacha shu qadar zoʻriqdiki, oqibatda sahnada biz sheʼrlari orqali tanigan Usmon Nosirga umuman teskari odam paydo boʻldi. Balki muallif shoirni shunday koʻrishni istagandir, bilmadim...

 

Voqealar xronologiyasi bir qarashda izchil, mantiqan davom etsa-da, sizni ushlab turadigan “ip” berilmaydi qoʻlingizga. Sovuq kamerada ijodkorning oh-vohi bilan boshlangan voqealar restoranga koʻchib, tengqur shoirlaru yengiltak qizlarga (harakatlari, gap-soʻzlariga koʻra) kitobini “yuvib” berayotgan tanti Usmon Nosirni koʻramiz. Uzundan-uzun, zoʻrma-zoʻraki tizilgan dialoglardan iborat 20 daqiqalik (!) sahna haddan ortiq choʻzilgan. Shu qism besh daqiqaga bemalol sigʻdirilganda yoki umuman olib tashlangandayam koʻp narsa yoʻqotilmaydi.

 

Dialoglarda mahorat yetishmaydi

Spektakldagi yana bir ishonchsiz va ortiqcha sahna – Usmonning onasi bilan suhbati. Adabiyotdan voz kechishni talab qilgan volidasiga shoir yana oʻsha balandparvoz, pafosga toʻla gaplar bilan javob qaytaradi. Dialoglarda ham hayotiylik sezilmaydi. Masalan, oddiy oʻzbek ayoli “Bu shoʻrpeshonamga bir Mashrab yetmasmidi?” desa xalqchilroq chiqardi.

 

Asarda Usmon Nosir va askarlar konfliktiga duch kelamiz. Ayni shu ziddiyat spektaklda takror-takror koʻrsatilgan va har gal bir xil mazmundagi gaplarning boshqacharoq berilishi tomoshabinni zeriktiradi. Ayniqsa, muallif xayoli mahsuli boʻlgan oqkoʻngil Sashaning shoirga haddan ortiq hurmati va mehri juda soxta chiqqan.

 

Yillar boʻyi qamoqxonada ishlab kelayotgan shifokorning asirga achinishi ham unchalik ishonchli koʻrinmaydi. Kamiga, aktyorlarning chiranishi voqelikni yanada soxtalashtiradi, tomoshabinga teskari taʼsir etadi. Shu kabi oʻrinlarda muallifning hali sahna bilan ishlash tajribasi kamligi seziladi. Koʻrsatib berish mumkin boʻlgan holatlar uzundan-uzoq gap-soʻzlar bilan aytib berilgan.

 

Topilma boʻlmagan topilmalar

Spektaklda jimjimador soʻzlar koʻpayib ketgani bois shoirni bir lahza boʻlsin his qilolmaysiz, yaxshi koʻrib qololmaysiz, afsuski. Sahnada Usmon Nosirdan koʻra koʻproq Hamid Olimjonga yaqin obrazni, goh muallif Javlon Jovliyevni koʻrgandek boʻlasiz.

 

Sovuq oʻlkada askarlar oyogʻi ostida toptalayotgan, yalinchoq ovozda bir qultum sut soʻrab yolvorayotgan shoirning aslida siyoh yoʻqligidan devorga qoni bilan sheʼr bitgan KATTA IJODKOR boʻlganini koʻrsatmaydi muallif. Albatta, pyesada qaysi sahnani, qaysi voqeani berish dramaturgning xohishi. Lekin Usmon Nosir hayotining oʻzi butun boʻyi bilan fojia ekani holida muallif asarini yasama qahramonlar, dialoglar bilan toʻldirgani ajablantirdi, rosti.

 

Oxirrogʻida oqkoʻngil Sasha otib tashlagan ikki sotqin shoirning jon taslim qilmagani va “Biz bir oʻq bilan oʻlamizmi, biz shu xalq ichida yashaymiz”, deya tomoshabinlar orasiga singib ketishi zalni larzaga keltirdi. Chindan, yaxshi oʻylangan epizod, lekin oʻzbek tomoshabiniga begona emas. Nabi Abdurahmonov sahnalashtirgan “Sodom va Gomorra” spektaklidagi Lyutsifer, go‘yo shaytonning olomon bilan aralashib ketishini eslatadi nogoh. Yakunda shoir sharafiga qoʻyilgan haykal poyiga ayni shu ikki sotqinning gul koʻtarib kelishini butun zal olqishlar bilan kutib oldi. Afsuski, bu butun spektakl boʻylab sochilib ketgan kamchiliklar oʻrnini toʻldirish uchun yetarli emas, nazarimda.

 

Spektakl tugagach, bir necha tanish ijodkorlar, dramaturglar bilan suhbatlashdik. Negadir hammamizda oʻngʻaysizlik, afsus bor edi, koʻnglimizdagi gapni aytolmay bir-birimizdan xijolat boʻlardik. “Tasavvurimizdagicha qolgani yaxshi edi”, dedi nihoyat kimdir. Unga javoban dramaturg tanishim “Siz qanday randalashlarini bilmaysiz-da”, dedi bosh chayqab. “Nimadir qolishi kerak-ku, har qanday randalagandayam”, dedim.

 

Bilishimcha, spektakl keyinroq ommaviy qoʻyila boshlaydi. Muallif uchun kamchiliklarni koʻrish va qayta ishlashga fursat yetarli boʻladi. Umid qilamanki, biz keyingi safar sahnada USMON NOSIRni koʻra olamiz.

 

Feruza XAYRULLAYEVA

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 294
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22621
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//