Jurnalist qudratiga shuhba qiladiganlar uchun 5 film


Saqlash
23:59 / 22.06.2022 2189 0

Jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblar reytingida hamisha yuqori oʻrinlarni band qilib keladi. Bu juda koʻp tilga olinadigan fakt boʻlsada, lekin negadir ishonish qiyindek tuyulaveradi. Ayniqsa, Oʻzbekiston sharoitida...

 

Aslida esa aynan shunday, haqiqiy jurnalistika xavfli! Qachonki gazetachi noqonuniy yoʻllar bilan boyiyotganlar haqida maqola tayyorlay boshlasa. Qachonki teleradiochi hech kim aytolmayotgan rost gapni gapira boshlasa...

 

Jurnalistikaning kuchi ham haqiqatparastligida, ogʻziga tolqon solib oʻtirolmasligida (tilini tiyib yashayotgan jurnalistika esa, aksincha, eng xavfsiz kasblar roʻyxatida doimo peshqadam boʻlsa kerak). Birgina maqola yoki koʻrsatuv sabab oʻnlab narkobaronlar qoʻlga olinishi, zaharli zavodlar ishdan toʻxtashi va hatto prezident isteʼfo berishi mumkin...

 

Oyina.uz jamiyatni oʻzgartirgan jurnalistlar haqida hikoya qiluvchi, real voqealar asosida suratga olingan filmlar beshligini taqdim etadi.

 

Maxfiy maqola

 

 

 

 

 

 

Amerikaning Vetnam urushidagi ishtiroki toʻgʻrisida maxfiy hujjatlarni qoʻlga kiritgan “New York Times” gazetasi qanchalik xatarli boʻlmasin, bor haqiqatni eʼlon qilishga jazm etadi. Maqolada Amerika hukumati 30 yil davomida xalqni va jamoatchilikni aldab kelgani fosh qilinadi. Urushda qatnashgan 70 foiz askar prezidentning shunchaki qaysarligi sabab qurbon boʻlgani kabi maʼlumotlar butun mamlakatni larzaga soladi. Shundan soʻng hukumat gazetani sudga beradi va faoliyatini toʻxtatishga erishadi. Ana shunday vaziyatda “The Washington Post” gazetasi xodimi maʼlumotlarning qolgan qismini qoʻlga kiritadi. Biroq ularni eʼlon qilish tahririyat kelajagini xatarga qoʻyish degani edi. Yozmaslik esa qoʻrqoqlik, kasbga xiyonat. Bosh muharrir va gazeta noshiri qiyin qaror qarshisida qoladi... Doimo oʻzaro raqobatda faoliyat yuritadigan jurnalistlar, tahririyatlar kerak paytda kasbiy birdamlikka ham erisha olishi nihoyatda muhimligi “Maxfiy maqola” filmining oshkora xulosasidir.

Prezident odamlari

 

 

 

 

 

Ushbu film “Maxfiy maqola”ning uzviy davomi boʻlib, AQSH tarixidagi mashhur siyosiy mojaro asosida suratga olingan. “The Washington Post” maxfiy hujjatlar asosida maqola eʼlon qiladi. Soʻz erkinligiga qarshi qator siyosiy oʻyinlarga qaramay, yakunda AQSHning 37-prezidenti Richard Nikson isteʼfo berishga majbur boʻladi. Bu jurnalistika tarixida misli koʻrilmagan natija edi. Gazeta muxbirlarining ishi esa jurnalistik surishtiruvning oltin standartiga aylandi. Film bizga jamiyat hayotida haqiqat va adolat eng birinchi omil ekani, undan hech kim ustun boʻlolmasligini eslatib turadi.

 

Eʼtibor markazida

 

 

 

 

 

Katolik cherkovidagi pedofiliya haqida hech kim bilmasdi. “The Boston Globe” jurnalistlari ruhoniylarning bolalarga qilgan oʻnlab jinsiy zoʻravonligi holatlarini aniqlamaguncha. Ibodatxonadagi maxfiylik, otaxonlar obroʻsi va diniy bosim haqiqatni ovoza qilish yoʻlidagi katta toʻsiq edi. Ammo jurnalistlar buning uddasidan chiqa olishadi. Filmda mana shu kasbiy mashaqqatlar bor boʻyi bilan koʻrsatilgan. Rejissyor Tom Makkarti va ssenariy muallifi Josh Singer kinokartina oʻsha jirkanchlikni amalga oshirgan kimsalar yo tashkilot haqida emas, balki soʻz qudrati va jurnalistik matonat haqida ekanini bir necha bor taʼkidlagan. Talabalar uchun mahorat darslarida foydalanish tavsiya etilgan.

 

Minamata

 

 

 

 

 

XX asr oʻrtalari. Fotograf Uilyam Yujin Smit “Life” jurnali tahririyatidagi ishini yoʻqotayotgan keksa mutaxassis. Kattagina qarzi bor, ichkilikka ruju qoʻygan, kamiga farzandlari ham gaplashmaydi... Kun kelib mana shu jurnalist olgan ayanchli suratlar butun dunyoga shov-shuv boʻladi. Yaponiyadagi zavod yillar davomida sanoat chiqindilarini suvga oqizib kelishi oqibatida mahalliy aholi falajlanayotgan edi. Goʻdaklar simob taʼsirida “Minamata” kasalligi bilan tugʻiladi: burushiq qoʻl-oyoqlar, kar-soqovlik, harakatlar cheklanishi... Kompaniya boshligʻi fotojurnalistga barcha muammolarini hal qilib, umrining oxirigacha rohat-farogʻatda yashashga yetadigan pul taklif etadi. Faqat suratga tushirgan haqiqatlarini oshkor etmasa boʻlgani. Shunday vaziyatda koʻpchiligimiz maqbul koʻradigan yoʻlni esa oʻsha alkash fotograf tanlamaydi.

 

Veronika uchun ov

 

 

 

 

 

Film oʻsmirlar hayotini zaharlayotgan jinoyatchilar haqida surishtiruv boshlab, bir necha bor joniga suiqasd etilgan jurnalist ayolning matonati haqida hikoya qiladi. “The Sunday Independent” gazetasi muxbiri Veronika Guerin Dublinda giyohvand moddalar savdosi kuchayib borayotganidan tashvishga tushadi. Uning jurnalistik tekshiruvi oddiy oʻsmir bangilar muammosidan choʻgʻ olib, oxiri yirik narkobaronlargacha taqaladi. Biroq jasur gazetachi ortga qaytmaydi. Oqibatda “Veronika uchun ov” buyrugʻi beriladi.

 

BONUS!

Surayyoning toshboʻron qilinishi

 

 

 

 

 

Film voqealari Eronning olis qishlogʻida fransuz jurnalisti mashinasi buzilib qolishidan boshlanadi. U avtomobilini tuzatishga berib, qahvaxona tomon ketarkan, mahalliy odamlar nazdidagi “jinni”ga duch keladi. Ayolning gaplarini ishonib-ishonmay yozib olishga kirishadi. Zahro begunoh jiyani Surayyoni razil kimsalar shariat ahkomlaridan mohirona foydalanib toshboʻron qilib oʻldirishgani haqida soʻzlab beradi... Haqiqatning ustiga tuproq tortib boʻlmaydi. Jurnalist esa faol ishlayotganida emas, shunchaki bekor qolganida ham xavflidir! Oxirgi soʻz qoʻshtirnoq ichida.

Feruza XAYRULAYEVA

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 298
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22621
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//