XXI asr romanini Nazar Eshonqul yozsa kerak – adabiyotshunos


Saqlash
22:06 / 14.06.2022 3268 0

Bo‘limda doktorantlardan malakaviy imtihon bo‘layotgan edi. Ulardan biriga Nazar Eshonqulning ijodi bilan bog‘liq savol tushibdi. Doktorant bilganicha javob berdi. Shunda hamkasblarimizdan biri “Yozuvchi ijodining yutuq va kamchiliklari xususida nima deya olasiz, bu borada shaxsiy fikringiz qanday”, deb so‘radi. Tadqiqotchi dabdurustdan “Yutug‘i – uning milliyligida”, dedi-yu, u yog‘iga o‘zi aytgan javobini izohlab bera olmadi. Uni tinglab turganlardan biri “Balki kamchiligi haqida gapirayotgandirsiz, asarlarida g‘arb ohangi kuchli-ku”, deb qoldi. Bu e’tiroz bahona yozuvchi ijodi haqida munozara, to‘g‘rirog‘i, fikr almashinuv bo‘lib o‘tdi. Imtihon ishtirokchilaridan biri “yozuvchi asarlarida milliy ruh masalasi ikkinchi planda, u adabiyotga universal odam obrazini olib kirdi, uning ideali millat va din masalasidan yuqoriga ko‘tarila olgan umumbashariy g‘oyalar tashuvchisidir”, degan jo‘yali mulohazani qo‘shdi. O‘ylashimcha, bu ham bahsli fikr. Hamma o‘z so‘zini aytdi, kimdir qarshi, yana kimdir oqlovchi, xullas, qarashlar turlicha...

 

O‘rtaga tashlangan savolni o‘zimcha tahlil qildim. Nazar Eshonqul haqidagi bilganlarimni qaytadan taftish qila boshladim. Tasavvurimda yozuvchining ijodiy qiyofasi bilan bog‘liq bir qancha mulohazalar bor edi. Ko‘z oldimda g‘arb adabiyotiga ixlos qo‘ygan modernist, hayotiy voqelikni boricha haqqoniy yo‘lda tasvirlovchi realist, jahon adabiyotining zukko bilimdoni, badiiy-falsafiy mulohazalari ila tafakkurni hayratga solib fikrlashga undovchi mahoratli esseist, dunyo madaniyatining ulkan bilimdoni, xalq og‘zaki ijodini yaxshi biluvchi ziyoli, kino madaniyatidan yaxshigina xabardor mutaxassis kabi qiyofalar namoyon bo‘ldi. Bu turli qiyofalar birgina Nazar Eshonqul siyratida jam bo‘ladi. Yozuvchi siyratida faylasuf olim va modernist ijodkor “men”i o‘zaro uyg‘un tarzda ko‘rinadi. Asar ortida turgan muallifning teran tafakkurini, keng qamrovda fikrlashini, poetik tafakkur tarzini anglash mushkul emas. Hali bular biz anglaganimiz, anglamaganimiz ko‘proqdir balki... Qiyofalar o‘z yo‘liga, ammo yozuvchi ijodida milliylik masalasi mulohazali savol edi. O‘zimcha, tanigan va idrokim yetganicha anglaganim Nazar Eshonqul ijodida milliylik kategoriyasi qay darajada akslanadi?

 

Zamonaviy o‘zbek nasrida Nazar Eshonqul ijodi o‘ziga xos salmoqqa ega. Yozuvchi uslubi, voqelikka yondashuvi, tasvir va talqindagi o‘zgachaligi bilan zamondoshlaridan farqlanib turadi. Muallif asarlarida o‘zligini anglash yo‘lida o‘z-o‘zi bilan raqobatga kirishgan Shaxs qiyofasi, jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topa olmagan alamzadaning ma’naviy qiyofasi, uning anglamlari, hissiy kechinmalari tamomila yangi rakurslarda ko‘rsatilishi e’tiborga loyiqdir. Adibning “Maymun yetaklagan odam”, “Ajr”, “Ochilmagan eshik”, “Muolaja”, “Tobut”, “Og‘riq lazzati”, “Qo‘l”, “Bahouddinning iti”, “Qultoy”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” kabi o‘nlab hikoyalari, “Tun panjaralari”, “Qora kitob” qissalari, “Go‘r o‘g‘li yoxud hayot suvi” romani o‘zbek zamonaviy nasrining go‘zal namunalariga aylandi.

 

Uning o‘zbek falsafiy esseistikasini shakllantirish yo‘lida qilgan ma’rifiy xizmatlari alohida tahsinga loyiq.  Jahon adabiyoti durdonalari haqidagi ma’rifiy maqolalari o‘zbek badiiy tafakkuri takomilida muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur maqolalar faqatgina axborot, ma’lumot tarzida emas olimga xos bo‘lgan chuqur adabiy tahlil va talqinlarga boyligi bilan ajralib turadi.

 

Nazar Eshonqul haqida adabiyotshunoslikda turlicha qarashlar mavjudligi sir emas. Bu adibning shaxsiyati va o‘ziga xos tabiati bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Uning tabiatida maddohlik va yaltoqlik, shuhratga o‘chlik, amalga intilish kabi holatlar sezilmaydi. Ijodini kuzatsangiz, davr talablariga “moslashish”, unvon-u martabalar ta’masida laganbardorlik kabi illatlar ko‘zga tashlanmaydi. Va eng muhimi, uning qahramonlari ham aynan shu kayfiyatdagi kimsalardir. Muallif realizmda va modernizmda ham kuchini sinab ko‘rdi, ikkalasida ham o‘quvchi ishonchini oqladi, nazarimda. Har ikki yo‘lda ijod qilgan yozuvchi shaxsiyatidagi sovuqqonlik deb o‘ylaganim, aslida bag‘rikenglik, manmanlik esa kamtarlik, kibr xokisorlik ekanini keyinchalik angladim.

 

Yozuvchi asarlari biz ko‘nikib odatlangan adabiy qoliplarni butunlay parchaladi. Hali ham bunga “rozi” bo‘lganimiz yo‘qday, anglashimcha... Shuning uchun bilib-bilmay, o‘qib-o‘qimay qoralashga tushamiz, o‘zimiz uchun qulay yo‘l izlaymiz. Har qanday yangilikning qabul qilinishi oson kechmaydi. Hamma gap “yangilik”da, uning adabiyotga aloqasida, foydasi yoki zarari haqida. Binobarin, yozuvchining ijodidan hayajon, zavq tuyish, ta’sirlanish unchalik ham havas qilgudek  emas. Loqayd, sovuqqon ohang, badbin kayfiyat, jamiyat hayotida qadr topmagan alamzada, ijtimoiy muammolar girdobidagi qahramonning falsafaga to‘yingan o‘y-xayollari odamni iztirobga soladimi yoki bezdirib qo‘yadimi, buni aynan aytish oson emasday.

 

Badiiy asarning badiiy estetik qiymati nima bilan o‘lchanadi? Yoxud o‘lcham va mezonlar o‘zgardimi?.. Hayotning faqat qorong‘i tomonlarini ko‘rsatish insonni umiddan uzoqlashtirib qo‘ymaydimi? Nahot shunday katta iste’dod egasining shunchaki adabiy “oliftagarchilik” qilishi, murakkab tasvir, fikr ifodasining bo‘yoqdorligi va metaforaga to‘yingan talqinlari “atayin” tanlangan usulmi, ma’nosidagi so‘rovlar ortib ketadi va yangidan fikrlashga turtki beradi. Muallifning qotib ulgurgan adabiy ana’nalardan voz kechib yangi ijodiy qirg‘oqlarni kashf etishdan boshqa xizmati ham bormi, degan savol odamni ikkilantirardi. Bu savollarga  yozuvchining publitsistik maqolalarini o‘qiganimdan so‘ng javob topganday bo‘ldim. Yozuvchi asarlarini goh tushunib, goh tushunmay yurgan paytimda Jabbor Eshonqul muallifning “Mendan mengacha” nomli kitobini sovg‘a qildi.

 

Kitobning “Mendan mengacha” deb nomlanishi, ichki tartib, kompozitsion yaxlitlik – barchasini yozuvchi ijodida shakliy jihatdan yangilanishning o‘ziga xos namunasi deyish mumkin. Kitobni mutolaa qilgan o‘quvchi butunlay kutilmagan rakursdagi yondashuv usuli, jahon adabiyoti durdonalari bilan birga ulkan yozuvchilar hayoti, ularning ijodi bilan bog‘liq chuqur tahliliy maqolalar bilan tanishadi. Yozuvchining mazkur maqolalarini o‘qigan o‘zbek kitobxoni o‘zining qadrli, ma’rifatparvar, fidoiy olimini topganday bo‘ladi. Nazar Eshonqul “Mendan mengacha”ni e’lon qilishi bilan kitobxonlar davrasiga bir qadar yaqinlashdi va, nazarimda, ularning “o‘zinikiga” aylandi. Kitob o‘zbek o‘quvchisi uchun juda kerakli va zarur ma’rifiy qo‘llanma vazifasini bajarishi bilan birga muallifning biz hali anglab yetmagan qirralarini namoyish qildi. Mazkur asar yozuvchining intellektual salohiyati va o‘zbek adabiyotini jahon adabiyotining bir bo‘lagi sifatida ko‘rishi, dunyo e’tiboridagi ijodkorlar hayotini asarlari bilan parallel ravishda o‘rganishi kabi jihatlari bilan estetik qiymat kasb etadi.

 

Birinchi navbatda kitobning nomlanishiga to‘xtalib o‘tish joiz. “Mendan mengacha...” – nom juda qiziq va e’tiborni tortadi. Mendan mengacha, demak “men” o‘zini ayovsiz taftish qiladi, koinot qadar parvoz qiladi  va yana o‘ziga qaytadi. Bu juda og‘ir ruhiy jarayon. “Dan” va “gacha” oralig‘idagi hodisa inson qismatini hal qiladigan lahza, voqelik, aslida. Kitobni o‘qigan kitobxon ko‘z o‘ngida millat adabiy didi va ma’rifati yo‘lida mas’ullikni zimmasiga olgan o‘zbekning fidoiy Ziyolisi jonlanadi. Bunda adibning yangi qiyofasi bo‘y ko‘rsatadi, ya’ni ijodkor sifatida millatparvar jadidlarning ma’rifiy ishini yangicha usulda davom ettirayotgani ko‘rinadi.

 

Inson o‘zini, o‘zligini anglashi... uni bilish, tushunish, ko‘ndirish... bu tartibni uzoq davom ettirish mumkin. Insonning makro va mikro olamdagi o‘rni, tiriklik mohiyati, koinot va  hatto cheksiz koinotdan ham keng bo‘lgan inson qalbi suratlari, ziddiyatli hayotiy manzaralar, jamiyat hayotidan qoniqmaslik hissi – barcha-barchasi kitobda o‘z aksini topgan. Odamzot o‘z “men”ini ko‘pam anglayvermaydi yoxud istamaydi, yoki o‘zini olib qochadi. Muallif biz “qochgan” anglash azobiga yaqinroq keladi, yuzma-yuz, qarshisida turadi, mohiyatning ildizlariga nazar soladi.

 

To‘g‘ri,  ijodkorning hamma fikrlarini birday qabul qilmaslik yoki bahslashish ham mumkin. Ayniqsa, g‘arb va sharq faylasuflarini o‘zaro muqoyasa qilishda bir oz zo‘rakilik ham seziladi. Eng muhimi, kitob o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga, tahlilga chorlaydi, yangi mushohadalarga yo‘l ochadi. Yozuvchi uchun asar syujeti va voqelik yuz beradigan adabiy makon – bu Inson qalbi. Butun nigoh va tafakkur inson ko‘ngli tomon yuzlanadi. Uning qahramoni kechinma va iztirob. Shu bois yozuvchi suhbatlarining birida shunday yozadi: “Adabiyot, avvalo, bizni ichkarimizga boqishga, o‘z qalbingiz, xayolingiz, erkingiz egasi bo‘lishga o‘rgatadi: ichkaringizda hali o‘zingizniki bo‘lmagan juda ko‘p narsa bor. Kitob o‘qilgan sayin ichkaringiz koinotdan ham kengroq va bepoyonroq ekaniga amin bo‘lasiz. Siz, avvalo, ichkaringizdagi jaholatni o‘ldirmay turib, tashqi jaholatni o‘ldira olmaysiz”. Uning uchun ijod mana shu ruh erkinligi va so‘z mustaqilligi demakdir.

 

Yozuvchining “Go‘ro‘g‘li” romanini, to‘g‘risi, o‘qishga ancha qiynaldim. Timsol va ramzlarga yashiringan mohiyat, ma’ni qidirish, anglashi qiyin kechgan metaforik talqin, tasvirdagi murakkabliklar berk ko‘chaga kirib qolganday taassurot uyg‘otadi. Aslida, yozuvchi asarlari zamirida iqror va tavbalar, o‘z “men”iga sirtdan qarash, o‘ziga nisbatan nihoyat darajada talabchanlik, hatto o‘z “men”ining tobeligi ustidan kulishgacha bo‘lgan ruhiy zo‘riqish o‘quvchiga ham bosim o‘tkazadi. Roviyning doimiy tanqidiy nigohi o‘quvchiga ham o‘z “men”i bilan o‘zaro muloqotga kirishishiga yo‘l ochadi. Qahramon kechinmalari odamni ezib tashlaydi. Hikoya qilishdagi bir xil uslub, biz o‘rgangan syujet yo‘qligi, hikoyachining bir xil ohangda so‘zlashi, ishqilib, avvaldan ko‘nikkanimiz singari voqealar ortidan ergashib ketish qiyin masala. Qahramon iztiroblari sizga ta’sirini o‘tkaza boshlaydi, o‘zingizning jamiyat hayotida tutgan o‘rningizni o‘ylab ko‘rishingizga undaydi. Umidsizlikdan najot, ma’nisizlikdan mazmun qidiriladi. Xullas, romanni bir tekisda o‘qib chiqish sabr talab etadi. Qolaversa, asarni o‘qish uchun maxsus bir tayyorgarlik kerak ekanligini bilsam-da, ammo buning tub sababini tushunmasdim. Nima uchun badiiy asarni o‘qish uchun maxsus tayyorgarlik kerakligini qabul qila olmasdim. Badiiy asarni o‘qish uchun “maxsus” tayyorgarlik yo‘q, adabiy did haminqadar bo‘lganligi uchunmi, romanni tushunishga baribir “tishim o‘tmadi”, “xos” bo‘la olmadim. Ammo ko‘nglimda qandaydir ishonch bor ediki, XXI asr romanini Nazar Eshonqul yozsa kerak...

 

Oradan vaqt o‘tib ustoz olim Ibrohim Haqqulning romanni mutolaa qilib o‘tirganiga ko‘zim tushdi. Domladan kitob haqida so‘radim. Avval to‘liq o‘qiy olmaganini, endi ikkinchi marta o‘qishga chog‘langanini aytdilar. “Avval ham o‘qiganman, ammo bir oz malol kelgan edi. Endi jiddiyroq talab bilan o‘qisam, asarning kuchi unga yuklatilgan ijtimoiy yuki, zalvori bilan belgilangan ekan. Mustaqillik arafasida tarixiy vaziyat juda ko‘plab ziyolilarni sinovdan o‘tkazdi, ko‘pchilik osongina taslim bo‘ldi. Oramizda ikkilanganlar ham yo‘q emasdi. Ammo Nazar Eshonqul yagona ishonsa bo‘ladigan Shaxs ekanligiga o‘sha yillari guvoh bo‘lganman. Men asarni o‘qish jarayonida o‘tgan asrning 90-yillar voqealarini qaytadan boshdan kechirdim, Vatan va millat qayg‘usidagi harakatlar, eshik ostonasida sarg‘ayib o‘tirishlar, qachon seni chaqirishlarini hadik bilan kutishlar, o‘zingning odam ekanligingni isbotlay olmay dovdirashlar – barchasi yana ko‘z oldimda qaytadan jonlanganday bo‘ldi. O‘sha og‘ir kunlarning ruhini va alamlarni yangiladi. Dahshat, sizlar ham bir o‘qinglar, bir o‘tirib gaplashamiz” dedilar. Nima uchundir domla aytgan ruh menga begona edi...  Demak, voqelikni ko‘rgan, bilgan, boshdan kechirgan odamga asarning ta’siri o‘zgacha bo‘lishi ham bir badiiy qonuniyat. Asarning retsepsiya jarayoni, tarixiy voqelikning badiiy fonda berilishi kabi poetik unsurlarni ham e’tiborda saqlash lozim ekan.  Lekin afsuski, asarni o‘qigan hamma o‘quvchi ham voqelikning guvohi bo‘lavermaydi... Xullas, qovushmagan o‘y-xayollar bilan karantin tufayli oradagi uzilishlar bo‘lib asar xususida gaplashish imkoni bo‘lmadi.

 

Mavzudan chalg‘iganday bo‘ldik, ammo bular adib ijodi mohiyatini, siyratidagi muallif “men”ini anglash istagidagi o‘quvchining mulohazalaridir. Romanga yoki kichik bir hikoyaga yuklangan ijtimoiy dard, uning zalvori, qadr-qiymati poymol etilgan inson qismati, qadriyatlaridan yiroqlashgan qahramon xayolotning cheksiz sarhadlarida parvoz qila olishi yozuvchi uslubidagi originallikni ko‘rsatadi. Birgina “Maymun yetаklagan odam” hikoyasida butun millat fojiasining xronologik tartibi badiiy ramzlarda ochib beriladi va o‘zbek millati tarixidagi yuz bergan milliy fojialarni bir qator ipga tizadi. Har bir rasm ostiga raqamlar qo‘yiladi. Butun romanga arzigulik voqelikni yozuvchi kichik bir hikoyaga sig‘diradi, ramzlar orqali fikrini ifodalaydi. Muallif “Ijod ilohiyotga daxldorlikdir” maqolasida hikoyaning tarixi haqida shunday yozadi: ”Menga “Odam o‘z umrining rassomi, har kim qanday yashasa, shunday suvrat chizadi, kunlarni, umrni, umrning fasllarini chizadi” degan fikr kelib qolgan”.  “1957”, “1947”, “1937”, “1928”, “1926”, “1921” yillar sanasi Turkiston tarixidagi qizg‘aldoq rangiga bo‘yalgan sanalar. Millat tarixining alamli kunlarini qisqa va lo‘nda tarzda ayta olish, tasvir va talqindagi o‘ziga xoslik yozuvchining mahoratidan xabar beradi. Har bir suvrat va raqam ostidagi yozuvda muallif qalbidagi alamli yaralarning izi akslangan. Bu kabi xususiyatlar chinakam millat fidoyisi, ma’rifatli ziyolisining ijodiy qiyofasini ko‘rsatadi.

 

Shaxsiy butunlik, shaxsiyat va adabiy vijdon masalasi yozuvchi ijodiy pozitsiyasida birlamchi ahamiyat kasb etadi. Uning qahramoni ozodlik uchun ochiq tashviqot yurgizmaydi, kurashga chorlamaydi, aksincha, fikriy uyg‘oqlikka chaqiradi. Ruhiy hurriyat, fikriy mustaqillik yozuvchining ijodiy shiori deyish mumkin. Uning asarlarida qandaydir bir erkinlikning o‘ziga xos epkinlari bor. Muallif asarlarida jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topa olmagan, to‘g‘rirog‘i topishdan mahrum qilingan Inson qiyofasi aks etadi. Jamiyat tomonidan tahqirlangan, o‘zligini unutishga mahkum etilgan, qadriyatlari poymol etilgan, erki kamsitilgan Shaxsning fojiasi ko‘rsatilgan. Qahramon va muallif hayotini parallel ravishda kuzatsak, jamiyat hayotida o‘rnini topa olmaslik va qadrsizlik masalasi muallifning o‘ziga ham begona emasday...

 

Yozuvchi asarlari tadrijiy ravishda kuzatilsa, unda yoritilgan asosiy voqelik o‘tgan asrning 90-yillariga to‘g‘ri keladi. Millatning istiqlolga yetishish yo‘lida olib borilgan harakati, ziyolilarning faolligi, ona tili uchun kurashdagi jonbozliklari yozuvchi asarlari uchun zamin bo‘lib xizmat qilgan.  Qolaversa, adib mana shu kurashlar ichida jonli guvohdan tashqari ishtirokchi bo‘lgani, fidoiylik ko‘rsatganligini unutmaslik lozim. Muallif har bir asarida inson ko‘nglini shunchaki tasvirlab qo‘ymaydi, balki uning kechinmalarini tadqiq etadi, tadqiqni talqin qiladi. Shu bois uning uchun “Adabiyot inson qalbi haqidagi eng ulkan bilim, eng ulkan tadqiqot” hisoblanadi. Muallif asarlarida inson qalbini keng qamrovli faylasufning nigohi bilan chuqur tadqiq etadi, uning holatlarini bamaylixotir hikoya qiladi. Aynan mana shunday “bamaylixotir” bo‘lish uchun katta qalb, bag‘rikenglik kerak. Bu esa aql darajasi juda yuqori bo‘lgan faylasuf nigohini anglatadi, meningcha.

 

Nazar Eshonqul badiiy-falsafiy tafakkurning eng yuqori pog‘onalarida so‘zlaydi, yuksak pardalarda fikrlaydi, dunyoviy ko‘lamda xulosalaydi. Muallif Inson zotining iztiroblaridan, azoblaridan hikoya qiladi. Buning tagzamirida yozuvchi insonning e’zozlanishi va qadr topishini istaydi. Yozuvchi elni, millatni ma’rifatga chaqiradi, jaholatni qoralaydi. Millatparvarlik nimadan boshlanadi, jaholatga qarshi kurashgan va nafsi ustidan g‘alaba qozongan Shaxsning o‘zga millat vakillarini kamsitmasdan, o‘z milliy qadriyatlarini avaylab, milliy g‘urur va milliy birlik tuyg‘usini namoyon etishidir. Yozuvchi ijodida millatparvarlik tushunchasi uning ijodiy konsepsiyasining asl mag‘zini tashkil etadi.

 

Sanobar TO‘LAGANOVA,

filologiya fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19269
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16283
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi