XX asr o‘zbek ziyolilari orasida o‘ziga xos bilim va shoirlik iste’dodi bilan ajralib turuvchi ijodkorlardan biri Bahrombek Davlatshoh o‘g‘lidir (1873–1930). Shoir va tazkiranavis Ne’matullo Muhtaram “Tazkirat ush-shuaro” asarida “Tarjimon – til shevasining andalibi va so‘z bo‘stonining hazordostoni (bulbuli) kattaqo‘rg‘onlik Bahromning taxallusidir” deydi va u “o‘zbek jamoasida dunyoga kelgan”ini uqtiradi. Bahrombekning otasi Davlatshoh Karimov no‘g‘oy turklaridan bo‘lib, chor Rossiya O‘rta Osiyoni bosib olishidan avval e’tiqodi tufayli Kattaqo‘rg‘onga ko‘chib kelgan. Manbalarning xabar berishicha, otasi Kattaqo‘rg‘on hokimi Yoqubbek inoq tomonidan ishga olingan va asosan tikuvchilik kasbi bilan shug‘ullangan. O‘zbek qizi bilan turmush qurib bir necha farzand ko‘rgan. Kattaqo‘rg‘on chor hokimiyati tomonidan zabt etilgan davrlarda rus tilini bilgani bois tarjimonlik qilgan va shaharning o‘zbeklar yashaydigan qismida oqsoqol mansabiga tayinlangan. Ammo e’tiqodi va bosqinchilarning mahalliy aholiga salbiy muomalasidan ranjib qarshilik ko‘rsatgan. Shu bois hukmdorlar tomonidan Sibirga surgun qilingan. Davlatshoh Karimov yetti yillik surgundan qaytib kelib o‘zining siyosiy-ijtimoiy huquqlarini tiklab, chor vakillari tomonidan tortib olingan mol-mulkini qaytarib olgan. Oila tebratish uchun pudratchilik bilan shug‘ullangan, biroq ishi yurishmay bor-budidan ajragach, musulmoni komil kishi sifatida Makka shahriga hajga ketgan va bir oz muddat o‘sha yerda yashab, so‘ng vafot etgan.
Bahrombek Davlatshoyev otasi surgunga uchragach, onasining xatti-harakati bilan ibtidoiy rus maktabida o‘qigan. O‘qishni bitirgach, turli kishilarning qo‘lida mirzolik, tarjimonlik vazifalarida ishlagan. Oilada bosh farzand bo‘lgani uchun ro‘zg‘orni tebratish uning zimmasiga tushgan. Shu asnoda mehnatkashligi, ilmga chanqoqligi tufayli rus o‘rta maktablaridan biriga tezkor imtihon topshirib, o‘rta ma’lumotli degan shahodatnoma olgan. Shoir Ne’matullo Muhtaramning so‘zi va keltirgan misoliga ko‘ra, Bahrombek forschani yaxshi bilgan va fors tilida she’rlar yozgan. Astronomiyaga qiziqqan, yer va yulduzlar harakatini o‘rgangan. Amir Abdulahadxonga rus tilidan va forschaga tarjimonlik qilgan.
Chorjo‘y begining qo‘l ostida tarjimonlik bilan shug‘ullangan va u yerda ishlovchi bir kishining yordamida Buxoro amirining qushbegi huzurida ishlash uchun jalb qilingan. Qushbegi Bahrom Davlatshoyevning ishbilarmonligi, o‘z vazifasini sidqidildan bajarishini kuzatib, uni 1898-yilda amir Abdulahadxon devoniga ishga o‘tkazgan. Amir qorovulbegi unvoni bilan taqdirlagach, ismiga “bek” sifatini qo‘shib, elga Bahrombek-Tarjimon nomi bilan tanilgan. Atoqli davlat va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy “Ul zoti anvar amiri Buxoro hazratlarining huzuri humoyun ruscha tarjimoni muhtaram Bahrombek qorovulbegi janoblari...”, deb Bahrombek Davlatshoyevning qorovulbegi unvonida tarjimonlik qilganini tasdiqlaydi. U Amir Abdulahadxonning Peterburgga safari chog‘ida imperator huzurida tarjimonlik qilgan.
Bahrombek 1898-yildan 1916-yilgacha amirlik devonida tarjimonlik vazifasini bajargan. 1918-yil F.Kolesov bosqini davrida sho‘roga qarshi tashviqot olib borgan. Ushbu voqeadan so‘ng, uning o‘z so‘ziga ko‘ra, amirlik tomonidan “Yosh buxoroliklar” harakati bilan aloqadorlikda gumon qilingan. Shu sababli Buxoroning tog‘li qishloqlaridan birida maxfiy yashab, imomlik bilan shug‘ullangan.
1920-yil inqilobidan so‘ng Fayzulla Xo‘jayev hukumatida dastlab tergovchi, so‘ng hukumat idoralarida turli vazifalarda ishlagan. Fitrat, Muso Saidjonov va boshqa Buxoro Xalq Respublikasining davlat arboblari RSFSR hukumati talabi bilan o‘z vazifalaridan majburiy chetlashtirilgani kabi, B.Davlatshoyev ham sovet hokimiyatiga qarshi kishi sifatida ayblanib, qamoqqa olingan. Qamoqdan qutilgach (1923), Kattaqo‘rg‘on shahriga ko‘chib kelib ota hovlisida yashab, shahar moliya bo‘limida ishlagan.
Kattaqo‘rg‘on hukumati B.Davlatshoyevni Kolesov voqealariga qarshilik ko‘rsatishda ayblab, to‘qqiz oyga barcha siyosiy va ijtimoiy huquqlaridan mahrum qilgan. Muddat tugab, jazodan qutulgach, Fayzulla Xo‘jayevga murojaat qilib, nohaq tortib olingan hovli-joylarini qaytarib olgan. Ammo sho‘rolar hukumati va ChK olib borayotgan siyosatni ko‘rib, burjuylikda ayblanmaslik uchun bir hovlisini o‘z xohishi bilan xalq maorif shu’basining ixtiyoriga topshirgan va sho‘rolar hukumatining turli idoralarida tarjimon va boshqa vazifalarda ishlagan. Ammo har narsadan shubhalanadigan, har kishidan sho‘ro dushmani yasaydigan OGPU – birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi Bahrombek-Tarjimon Davlatshoyevni sho‘ro hukumatiga qarshi tashviqot olib borishda ayblab, 1929-yil 5-noyabrda qamoqqa oladi.
Qamoqqa olish davrida Bahrombek-Tarjimonning ikki jild qo‘lyozma asarlari, 98 dona turli yozishmalari, ikki dona foto, bir dona kundalik, ikkita yondaftarcha, bir uy to‘la kutubxonasi, o‘zining 1910-yilda chop etilgan “Milliy ash’ori Tarjimon” she’riy to‘plami, amir Olimxonning saroy hayotiga oid 1925-yilda yozilgan “Mustabidning haykali va fahsh o‘chog‘i” nomli asari, amir Abdulahadxon bir ayol tufayli ikki mulozimning taqdirini nohaq sindirganiga bag‘ishlangan “Ikki taqdir” sarlavhali tugallanmagan romani musodara qilingan. OGPU tergovchilari tomonidan 1929-yil 5-noyabr va 1930-yil 23-aprel oralig‘ida olib borilgan tergov-taftishlar, qo‘rqituvlar ish bermagan. Bahrombek Davlatshoyev qo‘yilgan barcha ayblarni inkor qilgan. Faqat F.Kolesov voqealariga qarshi bo‘lganini tan olgan, xolos.
Tergovchilarning nohaq ayblovlarini ko‘rgan va ularning adolatsiz hukmlaridan norozi bo‘lgan shoir O‘zbekiston Xalq Komissarlari Kengashining Raisi Fayzulla Xo‘jayevga yordam so‘rab ariza beradi. Ammo tergov hay’ati arizalarning F.Xo‘jayevga yetib borishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu bois F.Xo‘jayev Kattaqo‘rg‘onga borgan davrda bu voqealardan xabarsiz qolgan. OGPU xodimlari esa, Bahrombek Davlatshoyevni 1930-yil 23-aprelda aybi to‘la isbotlanmagan holda besh yil muddatga Rossiyaning Arxangelsk viloyatiga surgun qiladi. Afsuski, u yo‘lda vafot etgan.
Bahrombek Davlatshoyev 1906-yildan boshlab ma’rifatparvarlik harakatiga qo‘shiladi. “Vaqt” gazetasini mahalliy aholi orasida tarqatadi. O‘z asarlarini “Taraqqiy”, Tataristonning “Sho‘ro” va “Vaqt” kabi nashrlarida e’lon qiladi. Uning madrasa va maktabda o‘qitish masalasiga bag‘ishlangan “Tush” maqolasi “Taraqqiy” gazetasining 1906 yil 20- va 23-iyul kunlari chop etiladi. Turkiston xalqining ma’rifiy taraqqiyotiga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan N.Ostroumov o‘zi boshqarayotgan “Turkiston viloyatining gazeti”da “Taraqqiy” gazetasi va uning noshiriga hamda maqola muallifi – Bahrombekka qarshi to‘xtovsiz hujum uyushtiradi, masalaning mohiyatiga chuqur kirib bormay, hissiyotga berilib yozilgan maqolalarni bir necha oylar mobaynida qator-qator e’lon qiladi. Mulla Olim Qosimov, kattaqo‘rg‘onlik Mirzo Sharif mahzum Mullo Abdulmo‘min mufti o‘g‘li, Mirza Umar Rahmatullayev kabilarning maqolalari bosiladi. Ushbu maqolalarda madrasa va maktab islohoti haqida bir og‘iz so‘z yo‘q. Maqola mualliflari Bahrombek Davlatshoyevning shaxsiyatiga teguvchi o‘ta axloqsiz so‘zlarni yozib, mudarrislar va qozilarni himoya qilishgan. Ammo muallif Mirza Umar Rahmatullayev “Kattaqo‘rg‘ondan maktub” sarlavhali maqolasining ikkinchi qismida Kattaqo‘rg‘onning Yangi qo‘rg‘on va Xitoy mavzelaridagi qozilar, xususan, Mulla Abdulqayum Mullo Ibrohim o‘g‘lining kirdikorlarini fosh etadi. Qozilarning poraxo‘rligi va nojo‘ya harakatlarini oshkor qilib, Bahrombek-Tarjimonning fikrlarini tasdiqlab qo‘yadi. Gazeta muharriri vaziyatni yumshatish uchun maqolani qisqartirish bilan cheklanmay, quyidagicha fikr bildiradi: “Ushbu xabarni gazetag‘a yozduk. Lekin yozilg‘on xabarni orasida, garchand rost bo‘lsa ham, chandoni aql bovar qilmaydurgon qozi va mullolar xususidagi so‘zlarni gazetag‘a solmay qoldurduk. Har qanday fahsh so‘zlarni gazetg‘a solmoq munosib emas...”. Shu fikrni izhor etgan janob Ostroumovning o‘zi Bahrombek haqida yozilgan maqolalardagi nohaq, fahsh so‘zlarni o‘tkazib yuborgan. Maqsad Davlatshoyev maqolasi bahonasida “Taraqqiy” gazetasi va uning noshiriga hujum uyushtirish va shu bahona milliy nashrni tugatish bo‘lgan va bu masalada o‘z maqsadiga erishgan. “Taraqqiy” gazetasi 19-sondan so‘ng hukumat hukmi bilan to‘xtatilgan. Ammo gazeta milliy hayotda chor hukumati va uning mafkuraviy buzg‘unchilari hamda millatchilarining siyosiy va insoniy qiyofasini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos ko‘zgu bo‘lib qoldi.
Bahrombek Davlatshoyev o‘z davri ijtimoiy-siyosiy voqealarining guvohi sifatida sodir bo‘layotgan adolatsizlik va ma’rifatsizlikka sukut saqlay olmadi. Shu bois o‘z she’r va maqolalarida yurtdoshlarini ilm-u ma’rifatga, ittifoqlikka chaqirdi. “O‘tmish hollardin taassuf va istiqbol uchun ko‘shish” she’rida quyidagi fikrlarni bayon qiladi:
...Nishon hech qolmadi avvalgi... millatdan,
Na bo‘ldi deb xabar olg‘uvchi bormu holi millatdan.
Kelinglar so‘zlashayluk emdi istiqboli millatdan,
Xabar olib turaylik cho‘x fano ahvoli millatdan.
Biror millat jahonda bormu bizlardek shatolatli,
O‘zining naf’ini hech bilmag‘on g‘ofil zalolatli.
Hunarsiz, ilmsiz, nomussiz, nodon jaholatli,
Ko‘rib ming xo‘rlik bir bo‘lmag‘on ondin xijolatli...
... Bizi millat emasmu ibtido dunyoni nurlatgan!
Hama g‘aflatning uyqusina botqanlarni uyg‘otgan!
O‘tmishda buyuk ishlarni amalga oshirgan millat nima uchun bunday ahvolga tushdi, degan savol shoirni qiynaydi, o‘quvchini o‘tmish va kelajakka nazar tashlashga majbur etadi. Shu bois porloq istiqbol yo‘lini millatning uyg‘onishi, ittifoqlik, ilm-u hunar taraqqiyotida ko‘radi va shunga chorlaydi. Ana shuning uchun ham Ostroumovlar va boshqalar tomonidan o‘z millatining kamsitilib “sart” deyilishi va bu masalada “Oyina”, “Turkiston viloyatining gazeti”da boshlangan bahslarga yakun yasagandek “Sho‘ro” jurnalida “Turkistonlilar” maqolasini e’lon qiladi va bir yuz o‘n bir turk urug‘ini nomma-nom keltiradi.
Turkiston va boshqa joylarda chop etilayotgan nashrlarning til va imlo xususiyati haqidagi maqolasi ham e’tiborga loyiq. Bahrombek Davlatshoyev o‘z ona tili so‘zlarini to‘g‘ri yozish va barcha nashrlarda bir imlo qoidasiga rioya qilishni taklif qiladi. Ya’ni turk-o‘zbek adabiy tilini joriy etish masalasini o‘rtaga tashlaydi.
Ma’rifatparvar shoir o‘z zamondoshlariga xos fazilat bilan millatimiz madaniyati, xususan, klassik adiblar faoliyatini o‘rganishga chaqiradi. “Tarojimi ahvol” maqolasida Davlatshoh bin A’loiddavla bin Baxtshoh bin Arg‘unshoh Samarqandiyning “Tazkirai Davlatshohiy” asarining hijriy 975-yilda Xalilulloh bin Tohir tomonidan ko‘chirilgan nusxasi haqida so‘zlarkan, asarda tilga olingan “Malik-ul fuzalo, Xo‘ja Fahriddin Ahmad Mastufiy, she’r aytuvda taxallusi Avhadiy” haqida ma’lumot kam ekanligi va bu shoirning tarjimai holini to‘liqroq o‘rganishga chorlaydi. O‘zi “Tarixi Bayhaqiy”dan foydalanib, Avhadiy haqida ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘tadiki, bu uning mumtoz adabiyotning o‘ziga xos tadqiqotchisi ekanligini ko‘rsatadi. Uning 1913-yilda “Sho‘ro” jurnalida bosilgan “Turkistonlilar” maqolasi ham xalqimiz hayotini o‘rganishda muhim ilmiy manbalardan biri, deb o‘ylaymiz.
Afsuski, ayrim mualliflarning ta’kid va maqolalarini hisobga olmaganda sobiq mustabid qizil imperiya tomonidan nohaq hukm qilingan adib Bahrombek-Tarjimon hayoti va faoliyati haqida ilmiy tadqiqot ko‘rinmayapti. Adabiyotshunoslarimiz uning asarlarini izlab topib, ilmiy va keng jamoatchilikka taqdim etsalar, madaniyatimizning yana bir ulug‘ siymosining nomi tiklangan bo‘lur edi.
Sirojiddin AHMAD
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,
2022-yil 3-iyun, 19 (4678)-son.
“Tanishing: Bahrombek – tarjimon” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q