Oʻzbeklarni va “oʻzbekkinoni” qutqar(ayot)gan 101-reys – nega bu filmni koʻrishimiz kerak?


Saqlash
05:00 / 03.06.2022 2318 0

! Spoyler boʻlishi mumkin.

 

Keyingi yillarda oʻzbek kinematografiyasi tomonidan suratga olinayotgan aksar filmlardan nafaqat mutaxassislarning, balki tomoshabinlarning ham koʻngli toʻlmay, agentlik atrofida turli gap-soʻzlar koʻpaygan, oʻzbek kinosining rivojidan koʻngil uzib-uzolmay qolganimiz rost.

 

Qurama, chaynalgan, maishiy mavzuda suratga olingan, piariga ishonib seansiga tushsang, ikkinchi marta koʻrishga yurak betlamaydigan, “kassa qilolmagani uchun” bir hafta oʻtmay, ekranlardan olib tashlangan nechta film premyerasini oʻtkazdik, axir (albatta, ular orasida koʻrishli kinokartinalar borligini ham rad etib boʻlmaydi). Shu sababmi yangi film desa, xayolga borsakmi-bormasakmi, degan oʻy keladigan boʻlib qolgandi.

 

 

Ammo 2022-yilning bahorida oʻzbek kinosida ham umidli shamollar yela boshladi. Avvaliga “Evrilish”, keyin “Muhabbat bahori”, mana endi “101-reys”. Toʻrt yildan oshiq vaqt mobaynida katta ekranlarni kutgan film va nihoyat tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi. Premyeraga katta tayyorgarlik koʻrilgani taklifnomalarga kreativ yondashishdan boshlab, qizil yoʻlakning tartibli va chiroyli oʻtganidan sezildi. Har doimgidan boshqacha dekoratsiyalar, taqdimotning marhum aktyorga hurmat tarzida boshlanishi ham ichimizdagi xavotirni biroz bosdi.

 

 

Sevimli sanʼatkorimiz Hoshim Arslonov uchun soʻnggi film boʻlib qolgan ushbu kartinani suratga olish 2018-yili boshlanib, 2020-yili tugatilgan edi. Ammo maʼlum va nomaʼlum sabablarga koʻra kinoijodkorlar katta namoyishni uzoq vaqt kutishlariga toʻgʻri keldi.

 

Kartina real voqealar asosida suratga olingan boʻlib, 2001-yilning 11-sentyabrida Nyu-Yorkdagi portlashlar sabab Oʻzbekiston samolyotining favqulodda vaziyatga tushib qolishi hikoya qilinadi. AQSH hech bir uchoqni havo hududiga qabul qilmaydi va barcha mamlakatlarning samolyotlari Kanada aeroportlari tomon ucha boshlaydi. Ammo uchuvchi Zarif Saidazimov boshqarayotgan “Boing 757”ning yonilgʻisi kam boʻlgani bois ularning hech biriga yetib borolmas, ortga ham qaytolmasdi.

 

Faqat bir yoʻl qoladi – yaqinroqdagi Kanada harbiy qismiga qoʻnish! Buning uchun ham boʻronli poʻrtanadan oʻtish kerak. Qaltis vaziyatda Oʻzbekistondagi markaziy boʻlim bilan bogʻlanib, ruxsat olishi shart. Ammo aloqa uzilgan. Pirovardida soʻnggi qaror kema kapitaning oʻziga qoladi. Yo poʻrtanadan eson-omon oʻtib, yoʻlovchi samolyotlar uchun taqiqlangan harbiy hududga qoʻnish yoki okeanga qulash kerak. Uchuvchi tavakkal qiladi...

 

 

Ekshn janridagi film tomoshabinni bir daqiqa boʻlsin oʻzidan uzoqlatmaydi. Voqealar rivoji faqatgina osmonda kechmaydi, balki reysdagi 193 nafar yoʻlovchi va ekipaj aʼzolarining ruhiy kechinmalari, yerdagi hayoti, Oʻzbekiston hamda AQSH hukumati oʻrtasidagi siyosiy munosabatlarni koʻramiz filmda.

 

Na ortga qaytishning, na oldga uchishning imkonini topa olmayotgan oʻzbek samolyoti havoda yoʻl izlash jarayoniga parallel ravishda Amerikaga yangi hayot istab ketayotgan yoʻlovchilarning taqdiri ochib berila boshlaydi. Ayniqsa, Vatanda bir bolaning oʻlimiga aybsiz-aybdor boʻlib qolgan shifokorning bortda yuragi xasta qizni qutqarishi sahnasi men uchun ajoyib topilma boʻldi. Aynan shu epizod filmdagi chigallikni, taranglikni boʻshatib yuborib, umid beradi kishiga. Shifokor va bemor qizning ota-onasi koʻzidagi dard odamni titratib yuboradi. Qiz hayotga qaytib nafas olarkan, unga qoʻshilib butun zal yengil nafas oldi, nazarimda.

 

 

Kinoijodkorlar ana shunday qaltis, dramatik vaziyatda ham tomoshabinni kuldirishning uddasidan chiqqan. Farhod Abdullayev va Muqaddas Xoliqova ijrosidagi epizodlar shu qadar samimiy, shu qadar xalqchil va tabiiyki, beixtiyor yuzingizga kulgi yuguradi. Chindan ham, filmda suratga tushgan biror aktyor yoki aktrisada soxtalik sezilmagan. Yaʼni bizning koʻzimiz oʻrgan(m)ayotgan shishirilgan lablar, ulama kipriklar yoki koʻrgazmali mushaklarni koʻrmaysiz. Shuning uchundir har bir qahramonning koʻzlaridagi kechinmalar ich-ichingizga kirib boradi.

 

Kinoda rejissyor nigohlar, harakatlar bilan juda yaxshi ishlagani seziladi. Dialoglarda ham oʻsha davrning ruhini sezish mumkin: “Amerikada samolyot portlabdi, telvizorni yoqing, rus kanallarida koʻrsatishyapti”, “Ular bizni bilishmaydi” (Kanada aeroportiga qoʻnish uchun ruxsat soʻrash vaqtida Zarif Saidazimov tomonidan aytiladi).

 

Ssenariyga koʻra, film voqealari Oʻzbekiston, Amerika, Kanada va osmonda kechishi kerak. Ammo bilishimcha, barcha jarayonlar faqat Oʻzbekistonda tasvirga olingan va operatorlarning mahorati sabab bu narsani sezmaysiz. Shuningdek, kinoda epizodlar mazmunini ochib berishda musiqa katta rol oʻynagan. Kompozitor har bir lahzani sizga soʻzma-soʻz tarjima qilib bergandek tasavvur uygʻonadi tomosha jarayonida. Kartinada yana ayrim epizodlar, detallar borki, yashirin fikrlarni ilgʻash va bundan “mazza qivorish” uchun ham filmning oʻzini tomosha qilish kerak.

 

 

Taqiqlangan hududga qoʻngan samolyotni koʻrib, hammasi tugadi deganingizda qurollangan harbiylarni koʻrib, aslida hammasi endi boshlanganini his qilasiz. Rejissyor Akrom Shohnazarov filmda kulminatsiyani qayerga, yechimni qayerga yashirganini topolmaysiz va bu esingizdan ham chiqib ketadi baʼzan. Tomoshabin xayolida faqat bir fikr aylanadi: “Endi nima boʻladi?!”

 

Albatta, syujetning sizni bu tarzda kiprik qoqtirmay yetaklab ketishi kinoning yutugʻi boʻlsa, boshqa tomondan oʻylantiradi. Yaʼni baʼzi narsalar mavhumligicha, soʻroq ostida qoladi. Shunaqa vaziyatda hammasidan xabari boʻlgan hukumat samolyot harbiy bazaga qoʻnishi taxmin qilingach, nega Kanadaga aloqaga chiqib, vaziyatni tushuntirib qoʻymaydi? Yoki Zarif Saidnosirovning oʻrniga oʻtirmoqchi boʻlgan uchuvchi bortda nima qilayotgan edi? Uning vazifasi janjal qilish edi, xolosmi? Albatta, aslida u xato qilganini anglashi kerak edi, ammo uning bortda shunchaki yoʻlovchi sifatida ketishi biroz mantiqsizdek tuyuladi.

 

 

Filmda inglizcha dialoglar tarjima qilinib, ruscha soʻzlar shunchaki oʻz holida qoldirilgani, yumshoq qilib aytganda, kishining gʻashiga tegadi. Aslida bu holatni Kinematografiya agentligi olayotgan har bir filmda koʻrish mumkin. Masalan, yaqinda premyerasi qilingan “Evrilish” filmining salkam 90 foizi ruscha! “Muhabbat bahori”da ham ruscha dialoglar oʻz holida qoldirilgan. Aslini olganda, davlat tili boʻlmagan har qanday xorijiy tildagi jumlalar tarjima qilinib berilishi kino qoidalariga ham toʻgʻri keladi.

 

“101-reys” ortiqcha zoʻrakiliksiz, majburlovlarsiz suratga olingani, oramizdagi qahramonlar haqida samimiy va boricha hikoya qilingan film boʻlgani uchun ham tomosha qilishga arziydi. Kartinada suratga tushgan Hoshim Arslonov, Umid Iskandarov, Oleg Galaxov, Lola Eltoyeva kabi aktyorlarning yangi rakursda, yangi obrazda kashf etilgani quvonarli. 600 dan ortiq ijodkorlarning mehnati singgan kartina, haqiqatan ham, tomoshabinlarda oʻzbek kinosiga nisbatan umid va ishonchni mustahkamladi. Premyeralarda kamdan-kam uchrovchi hol – namoyish davomida zalda bir necha bor davomiy olqishlar yangragani ham buning isboti, nazarimda.

Feruza XAYRULLAYEVA

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 125
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//