“Men qanday paydo bo‘lganman?” – bolalarning noqulay savollariga qulay javob izlaymiz


Saqlash
22:38 / 01.06.2022 2560 0

 

 

Inson yaralibdiki, savollar ham tug‘ilaveradi. Ayniqsa, yosh bolalarning savollari tugamaydi, deyavering. Ba’zida bolalarimiz tomonidan berilgan ayrim noqulay savollar bizni o‘ylantirib qo‘yadi. Ko‘pincha aldash yoki javob bermaslik bilan vaziyatdan chiqishga urinamiz. Ammo bu xato yechim.

 

Bir donishmand aytgan ekan: noqulay savollar bo‘lmaydi, shunchaki noqulay javoblar bo‘ladi. Bolakay sizga berayotgan savol oddiy va jo‘n. Ammo unga to‘g‘ri va sodda javob qaytarish ancha mushkul. Aniqlanishicha, ota-onalarning  har to‘rttadan biri farzandining savoliga javob bera olmaydi. Uch-besh yoshlardagi bolaning ongida “nima uchun”, “nega”, “qanday qilib” degan savollar g‘ujg‘on o‘ynaydi. Tabiiyki, u o‘z qiziqishlariga ota-onasidan javob izlaydi. Bu pallada bolaga to‘g‘ri javob berish juda muhim. Quyida eng ko‘p tarqalgan savollar ro‘yxatini ko‘rib chiqamiz. 

 

“Men qayerdan paydo bo‘lganman?”

 

Albatta, har bir bolani o‘zining qayerdan va qanday paydo bo‘lib qolgani qiziqtiradi. Umuman, barcha bolalar qanday yaraladi? Savollar orasida eng mashhuri bo‘lgan bu jumlalarga har bir ota-ona turlicha javob beradi. Afsuski, javoblarning deyarli barchasi cho‘pchakdan iborat.

 

Sizning xato javoblaringiz:

 

1. “Do‘kondan harid qilganmiz”. Ko‘pchilik ota-ona shu javobda to‘xtalib qo‘ya qoladi: axir do‘kondan hamma narsani sotib olish mumkin. Xo‘sh, bunga ishongan farzandingiz bir kuni sizni do‘konga sudrab uka yoki singilcha sotib olishga undasa-chi? Unda nima bahona topasiz? Yo bo‘lmasa do‘konga haridga kirgan mahalingiz u peshtaxtalarda negadir bolalar sotilmayotganini ko‘rib yana ajablanadi va savolini takrorlaydi. Savol ketidan savollar tug‘ilaveradi.

 

2. “Seni laylak tashlab ketgan”. Bu ham ommabop javob. Ayniqsa, uch yoshli bolalar uchun. Multfilmlarda ham shunga o‘xshash manzaralarni ko‘rgan bolakay bunga astoydil ishonadi. Lekin u umuman qayerdan paydo bo‘lgan? Laylak uni qayerdan olib kelgan? Yoki u laylaklar orasida paydo bo‘lganmi? “Tashlab ketgan”, “olib kelgan”... yo‘q, bu javoblar bolakayning aynan sizlarga, ya’ni o‘z ota-onasiga tegishli ekaniga katta shubha tug‘diradi. Buning ustiga uka yoki singilchasining laylak emas, tug‘ruqxonadan mashinada olib kelishgani uni yanada hayron qoldiradi.

 

3. “Sen lo‘lilar aravasidan tushib qolgansan”. Hazilkash amakiyu tog‘alarning jiyanlari bergan savoliga javobi. Ayniqsa, bola xarxasha qilganda qo‘rqitish uchun ko‘p ishlatiladi. “Yana yig‘lasang, lo‘liga berib yuboraman”. Bu gapni umuman ishlatmaslik kerak. Yo‘qsa, bolada oilaga begonalik hissi, qo‘rquv tuyg‘usi uyg‘onadi.

 

4. “Sen qornimda yaralgansan, keyin shifokorlar qornimni yorib seni olishgan”. Haqiqatga ancha yaqin. Ammo oxiri sal qo‘rqinchli. Bolada shifokorlarga nisbatan qo‘rquvning paydo bo‘lishi shu javobdan bo‘lsa, ehtimol. Qorinni yorish... bola buni tasavvur ham qilolmaydi, tasavvur qilsa ham naqadar dahshatligini o‘ylaydi. Onasining uka yoki singil olib kelishini istamaydi, sababi onasiga og‘ir bo‘lishini biladi.

 

To‘g‘ri javob: Bolakayga haqiqatni oddiy va ijobiy so‘zlar bilan bildiring. “Men va dadang seni dunyoga kelishingni istaganmiz. Qornimda paydo bo‘lib ulg‘aygansan. Vaqti kelib yorug‘ dunyoga chiqqansan. O‘shanda juda xursand bo‘lganmiz. Mittigina shirintoy eding... Barcha bolalar o‘z onasining tanasida paydo bo‘ladi.  Oilalar shu tariqa vujudga keladi”. Shunga o‘xshash so‘zlar bilan bolajonning aynan sizlarga, ya’ni OTA-ONAsiga tegishli bo‘lganini bildiring. Bu o‘rtadagi mehr rishtalarini  mustahkamlaydi. Bola o‘zining kimlardir tomonidan tashlab ketilgani, sotib olingani, topib olingani kabi mavhum gaplardan ko‘ra shu to‘g‘ri javobni mamnun qabul qiladi.

 

“Nega bolalar qiz va o‘g‘ilga ajratilgan?”

 

O‘zining o‘g‘il bola ekanini anglagan bolakay yonidagi bolalarga e’tibor beradi. Ular orasida qizlar ham bor. Nega odamlar ikki xil: qizlar va o‘g‘il bolalar toifasiga ajratilgan? Bunday faylasufona savollar ko‘proq besh yoshdan katta bolalarni qiziqtiradi. O‘z tana a’zolarini o‘rganayotgan bolakayda shunga o‘xshash ko‘plab savollar paydo bo‘ladi. Ukachasini cho‘miltirayotgan qizcha onasidan nega ukasining tana a’zolari o‘zinikidan farq qilishini so‘rash holatlari ko‘p uchraydi. Bu savolga ona nima deb javob berishni ham bilmaydi…    

 

To‘g‘ri javob: Javob berishdan qochmang yoki gapni boshqa yoqqa burmang. O‘g‘il bolalar katta bo‘lsa erkakka, qizlar esa ayolga aylanishi, har bir oila yaralar ekan, u erkak va ayoldan iborat bo‘lishini ayting.   Bunga o‘zingiz va dadasini misol qilib ko‘rsating. Qizlar ulg‘ayib ona, xola, amma, buvi bo‘lishini, o‘g‘il bolalar esa ota, amaki, tog‘a, bobo bo‘lishini tushuntiring. “Axir buvingning yonida bobong, mening yonimda otang bo‘lishini istaysan-ku, to‘g‘rimi?” deb so‘rang. Insonlarning juft bo‘lib yashashi tabiat qonuni ekanini ayting. 

 

“Sevgi nima o‘zi?”

 

Ko‘p narsaga aqli yetib qolgan bola kattalar turmush qurishi, keyin bolalari paydo bo‘lishini bilib, ko‘rib boradi. Barcha uylarda oilalar yashaydi. Xo‘sh, nega ular katta bo‘lganda oila quradi? Sevgi nima o‘zi? Nima uchun ular bir-birini yaxshi ko‘rib qoladi? Nega bolalarga bu mumkin emas?

 

To‘g‘ri javob: Hayot davom etishi uchun oilalar yaratilishini ayting. “O‘g‘il bolalar yigit bo‘lgach, bir qizni yoqtiradi. Ular birga yashashga ahd qilishadi. Sababi, ikkisi bir-biriga yordam beradi, bir-birini tushunadi, xafa qilishmaydi. Ikkalasi hayotlari qiziqarli bo‘lishi uchun bolalari bo‘lishini istaydi. Oila qurgandan so‘ng ishlash va bolalarni o‘qitish kerak. Shuning uchun ham yosh bolalar oila qurmaydi. Chunki ular hali ishlay olishmaydi-da”.

 

“Meni ko‘proq yaxshi ko‘rasizlarmi yoki ukamnimi?”

 

Odatda, bu savol to‘ng‘ich farzandlar tomonidan beriladi. Oilada uka yoki singlisi paydo bo‘lgach, bolada rashk, qizg‘onish hissi ham shakllanadi. U go‘dakka ko‘proq e’tibor qaratilayotgani, o‘zi esa chetga chiqib qolganini sezib shunday savollarni  beradi.

 

 

To‘g‘ri javob: unga ota-ona farzandlarini bir xilda yaxshi ko‘rishini ayting. “Onangni ona bo‘lgani uchun, seni o‘g‘limliging, singlingni qizim bo‘lgani uchun ham yaxshi ko‘raman. Yaxshi ko‘rishni cheklab yoki kamaytirib bo‘lmaydi” deyishingiz uni oz bo‘lsada tinchlantiradi. Buni amalda ham ko‘rsatib, katta va kichik farzandlaringizga bab-baravar mehr bering.

 

“Nega dadam (oyim) bilan urishyapsizlar?”

 

Turmushda har xil vaziyatlar bo‘ladi. Ba’zan kattalar o‘rtasidagi bahs janjal bilan yakunlanishi ham mumkin. Bunga guvoh bo‘lgan bolada esa noxush savollar tug‘iladi. Go‘yo ota-onasi uni deb urishayotgandek tuyuladi. Otasining jahli, onasining ko‘z yoshi esa bola ko‘nglida salbiy hissiyotlarni uyg‘otadi. Bari tinchigach bola yuqoridagi savolini berishga jazm qiladi.

 

To‘g‘ri javob: o‘sha payt qanday holatda bo‘lishingizdan qat’iy nazar, bolangizga bosiqlik bilan javob bering. Kattalar garchi bir-birini yaxshi ko‘rsa-da, ba’zida tortishib turishini, bu tezda o‘tib ketishini ayting. Unga ota (ona)sini aslo yomonlamang! Yaxshisi, umuman bolalarning yonida janjallashmaslikka odatlaning. Shunda ortiqcha savollar ham paydo bo‘lmaydi.

 

Bolalarning savollariga javob berish chog‘ida:

 

*bola o‘z savollari bilan aynan sizga murojaat qilayotganidan avvalo, mamnun bo‘ling. Chunki u sizga ishonayapti, siz u uchun bilag‘onsiz. 

 

*javob berish chog‘ida bolaning yoshi, bilim doirasi, jinsini hisobga oling.

 

*bolakayni aldamang, o‘ta umumiy javob ham bermang. Savol ketidan berilayotgan savollariga sabr bilan to‘g‘ri javob bering.

 

*bolaning savollariga ertaknamo javoblar qaytarmang. Vaqt o‘tib u buning lof ekanini bilib oladi va sizga ishonmay qo‘yadi.

 

*savollarga “keyin javob beraman”, “hozir bandman”, “ota (ona)ngdan so‘ra”, “bema’ni gaplarni yig‘ishtir” kabi jumlalar bilan javob qaytarmang.

 

*uning savollari ustidan kulmang.

 

*javoblaringiz bola bilim doirasining kengayishiga ham sabab bo‘lsin.

 

*agar javoblaringizni bola tushunmasa “biroz katta bo‘lsang yana tushuntirib beraman”, deb javob bering. Bu “baribir hech nimani tushunmaysan, dedim-ku!” degandan ko‘ra yaxshiroq.

 

Farzandlaringiz kamolotida shunday noqulay savollar ham muhim ahamiyatga ega. Ularga doimo qulay javob qaytaring. Har bir kuni turli savollarga to‘la bolakay o‘zicha olamni kashf etayapti. Bunda ota-ona sifatida faol ishtirok eting. 

 

 

 

Nodira IBROHIMOVA

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//