Bedananing ovozi – shoir Tilak Jo‘rani xotirlab...


Saqlash
18:11 / 30.05.2022 1093 0

Biz hali birinchi kurs bo‘lganimiz ham yo‘q, 1982-yilning jazirama yozi, abituriyentmiz, VUZgorodok – Talabalar shaharchasidagi Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetining o‘sha paytda ma’lum va mashhur 3-yotoqxonasida joylashganmiz. Har birimiz uchun katta orzu bo‘lgan jurnalistika fakultetining past-u balandi, o‘r-qiri bizga juda qiziq. Shuni sezgandek, fakultetning yuqori kurs talabalari har kuni kechki paytda, dim xonalardan g‘ira-shira yoritiladigan hovliga qochib chiqib, baland chinorlar tagidagi taxta o‘rindiqlarda salqinlab o‘tirganimizda “jurnalistika fakultetining talabalari, filologiya fakultetining domlalari zo‘r”ligi to‘g‘risida “saboq” berishadi, darslar ham, tayyorgarlik ham bir chetda qolib ketadi. O‘shanda bilganman, biz she’rlarini o‘qigan shoir Tilak Jo‘ra fakultetda tarjima nazariyasi degan fandan dars berar ekan, G‘aybulla Salomov, Najmiddin Komilov kabi yaxshi o‘qituvchi ekan.

 

Katta kurslarda ekanimizda Tilak Jo‘ra bizga darsga kirdi. Darslarida zerikmasdik. Umuman qog‘ozga qaramasdan gapirardi. Saboqni mavzuga oid she’rlar bilan to‘ldirardi. She’rlarni doim yoddan o‘qirdi. Nozim Hikmat, Rauf Parfi ijodidan ko‘p misollar keltirardi. Ayniqsa, Abduvali Qutbiddin she’riyati haqida hayajonlanib gapirardi. Nazarimda, Tilak aka she’rni biroz shoshib, chuchuk talaffuzda o‘qirdi. O‘sha saboqlarda Tilak Jo‘ra e’tirof etilgan shoir, mohir pedagog, ayni paytda zukko adabiyotshunos olim ham ekani ayon bo‘lgan.

 

5-kursda diplom ishini tarjima nazariyasi fanidan oldim. Bunga ham Tilak aka sababchi bo‘ldi, u kishini o‘zimga qandaydir yaqin deb hisoblar edim, shekilli. Ishimga Tilak aka rahbarlik qildi. Diplom ishining o‘z mas’uliyati, hayajoni bo‘larkan. Bir necha tunlarni bedor o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Yakunda hammasi yaxshi bo‘ldi. Diplom ishi “5”ga baholandi. Shu mavzuni davom ettirib “nomzodlik dissertatsiyasi”ga aylantirishni, nufuzli olimlar – Najmiddin Komilov, Tilak Jo‘ra menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishlarini aytishdi. Lekin mening niyatlarim boshqa edi, shoir  bo‘lishni orzu qilardim.    

 

Bu paytga kelib Tilak Jo‘raga ko‘proq “domla” emas, “Tilak aka” deb murojaat qilardik. O‘sha yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning tarjima nazariyasi kafedrasi Milliy teatr yonidagi bir qadar tarixiy binoda, universitetning rus filologiyasi fakulteti tarkibida faoliyat yuritardi. Shu kafedrada do‘stimiz, shoir G‘ulom Mirzo laborant bo‘lib ishlardi. Tez-tez uning oldiga borib turardik. Ba’zida hurmatli olimlar – G‘aybulla Salomov, Najmiddin Komilovning suhbatiga sazovor bo‘lardik. Ularning orasida Tilak aka jaydariroq edi, o‘zini emin-erkin qo‘yib, bemalol gapirar, birdan sharaqlab kulib yuborardi. Ba’zan o‘rtadagi stolga to‘rt tiyinlik go‘mma uyib qo‘yilgani va baham ko‘rilgani kechagidek yodimda.

 

Tilak Jo‘rani ko‘proq bilganimiz sari u vatanparvar shaxs, hassos shoir sifatida namoyon bo‘la bordi.

 

Keyin, G‘aybulla Salomov domlaning o‘g‘li bilan bog‘liq ko‘pchilikka ma’lum voqea sodir bo‘lgan paytda Tilak aka juda bezovta bo‘lganini, qayg‘urganini, domlani ayashga astoydil uringanini ko‘rgan edik.   

 

Menga Tilak akaning she’rda o‘zini chegaralamasligi, cheklamasligi, mutlaqo erkin qo‘yishi va bu erkinlik o‘zini oqlashi yoqadi.

 

Tilak akaning eng katta orzulari amalga oshdi: Vatan ozod bo‘ldi. She’rlari o‘qilyapti. Kitoblari chiqib turibdi.

 

Shoirning baxti ham shu bo‘lsa kerak...

 

Bedana

Shoir Tilak Jo‘ra xotirasiga

 

O‘lim qo‘ygan tuzoqqa

Bedana tushib qoldi.

Qismatdan ham uzoqqa

Umr yo‘lini soldi.

 

Qushmi yo qush shaklida

Shoir yuragi urar.

Yerda, ko‘klar  toqida

Ovozi uchib yurar.

                                                                                                                       Salim ASHUR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 507
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20435
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//