Urushni yoqlovchilar koʻrishi shart boʻlgan 5 film


Saqlash
22:53 / 28.05.2022 2202 1

Urush koʻrmagan avlodlar “biznikilar va dushmanlar” ziddiyatiga qurilgan filmlarni koʻrib, shon-shuhratga burkangan qahramonliklar haqida romantik xayollarga berilishi tabiiy hol. Haqiqiy sanʼat asarlari esa urush va tinchlik, urush va inson, hayot va oʻlim kabi mavzulardan bahs etadi. Qoʻlga qurol olishga emas, qarshisidagi raqibining bronejileti ostida ham yurak urib turganini his qilishga undaydi. Bugun eʼtiboringizga ana shunday besh film roʻyxatini taqdim etamiz.

 

Yoʻl-yoʻl pijamali bolakay

 

 

 

 

 

 

Filmda Ikkinchi jahon urushining psixologik zarbasiga uchragan bolakay Bruno haqida hikoya qilinadi. Otasi natsistlarning yuqori martabali amaldori edi. Toʻkin sharoitda begʻam hayot kechirishardi. Ammo toʻsatdan oilasi Berlindan uzoqqa – gʻayrioddiy “ferma” yonida joylashgan hashamatli uyga koʻchib oʻtadi. Baʼzida koʻkka dahshatli qora tutun oʻrlaydigan bu gʻalati joyda odamlar raqamlangan yoʻl-yoʻl pijamalarda yurishardi. Bundan hayratlangan sakkiz yashar Brunoga otasi ular fermer ekani, baʼzan pechda eski kiyimlarini yoqib yuborishini aytadi. Shuning uchun bolakay konslagerda hech qanday xatarni koʻrmaydi va Shmuel degan mahbus bola bilan tanishadi. Ularning doʻstligi qanchalik samimiy boʻlmasin, afsuski, fojia bilan tugaydi. Kartinada natsizm va genotsid nemis oilalari taqdirida ham jarohat qoldirganini koʻrish mumkin.

 

Quyoncha Jojo

 

 

 

 

 

 

Filmning bosh qahramoni – oʻn yashar bolakay Yoxannes Betsler. Juda tortinchoqligi bois birorta doʻsti yoʻq, birdan bir xayoliy hamrohi Adolf Gitler edi. Ammo hatto ustozining kuchli daʼvati ham uni lagerning navbatdagi topshirigʻini bajarishga, quyonni oʻldirishga majbur qilolmaydi. Afsuski, Yoxannesni oldinda bundan ham dahshatli sinov kutardi – bolakay uyda onasi yashirib qoʻygan yahudiy qizni topib oladi...

 

Pianinochi

 

 

 

 

 

 

Film voqealari 1930-yillardagi mashhur polshalik pianinochi Vladislav Shpilmanning tarjimayi holiga asoslangan. Natsistlar Varshavani egallab olgach, uning hayoti jahannamga aylanadi. Musiqachi ham boshqalar safida oʻlim lageriga yuborilishi kerak edi. Lekin navbatdagi poyezd kelganida moʻjizaviy tarzda qochishga muvaffaq boʻladi. Ammo endi vayrona shaharda omon qolish uchun aql bovar qilmas qiyinchiliklarni boshidan kechirishi lozim.

 

Mandarinlar

 

 

 

 

 

 

Film syujeti gruzin-abxaz urushi fonida rivojlanadi. Abxaziya hududidagi Estoniya qishlogʻini aholi tark etgan, mandarin hosilini yigʻishtirib olish uchun uch kishigina qolgan edi. Bir kuni favqulodda jang yuz beradi, gruzin Nika va chechen yollanma askari Ahmad tirik qoladi. Eston Ivo uyida ikki raqibning jarohatlarini davolay boshlaydi. Endi ular to tuzalguncha bir-birini oʻldirmaslik haqidagi vaʼdaga sodiq qolib umumiy tom ostida yashashga majbur boʻladi.

 

Oʻlim akademiyasi

 

 

 

 

 

 

 

 

Fridrix kambagʻal oilada oʻsadi. Oddiy zavodda ishlashni istamasdan, otasining imzosini soxtalashtirib, harbiy-siyosiy akademiyada oʻqishni boshlaydi. Bolalikdan boksga qiziqqani qoʻl kelsa-da, tabiatan mehribonligi bois akademiyadagi noinsoniy “taʼlim”ga koʻnika olmaydi. Ammo vaqt oʻtib, uzluksiz saboqlar taʼsiri sezila boshlaydi... Film oʻsmirlarni manipulyatsiya qilish, yuvosh yigitlardan ham ashaddiy mutaassiblarni tarbiyalash qanchalik oson ekanini koʻrsatib bergan.

1 Izoh

Zoirbek

12:01 / 01.01.1970

Iltimos filmlarni tomosha qilish uchun silka bn qoldiringlar

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 303
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//