Adabiyot
Har yili jahonda 3 milliarddan ortiq o‘yinchoq ishlab chiqariladi. Afsuski, 60 foizining sifati nazoratdan chetda. Farg‘onalik hunarmand Sadoqat Mirzaeva esa 2016 yildan buyon ekologik toza, zamonaviy va milliy qo‘g‘irchoqlar tayyorlaydi. “Art house sadosh” MChJ Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Yaponiyaga buyurtma asosida o‘yinchoqlar yetkazib beradi. Mahsulotlarini xalqaro onlayn savdo platformalari orqali xorijliklar sotib olishmoqda. Hunarmand bugun amalga oshirayotgan ishlari va kelajakdagi rejalari haqida Oyina.uz muxbiriga so‘zlab berdi.
Yiliga 2 mingdan ortiq buyurtma tushadi
Qo‘g‘irchoqlarimni uch xil uslubda: ip va sintepon, paxta va yog‘och, plastmassa kabi xomashyolardan ishlab chiqaraman. Dastlab turli rangdagi iplardan foydalanib, qo‘g‘irchoqning oyog‘ qismidan boshlab to‘qiyman va ichiga sintepon solaman. Mijoz talabiga ko‘ra libos rangi va turi tanlanadi. Yumshoq qo‘g‘irchoqlarim zamonaviylik va milliylikni mujassamlashtirgan. Ularga “Sadosh” nomini berganman. Internet orqali xorijdan, o‘zimizning viloyatlardagi tadbirkorlardan yiliga 2 mingdan ortiq buyurtma tushadi.
O‘yinchoqlarimiz bolalar o‘ynashi uchun xavfsiz. Uch yildan buyon maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun 4 mingdan ortiq qo‘g‘irchoq tayyorlab berdik. Maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilarining asosiy maqsadi kelajak avlodni milliy ruhda tarbiyalash va o‘zbek urf-odatlarini bolalikdan ongiga singdirishdir. Bizning mahsulotlarimiz shunga xizmat qiladi.
O‘zimiznikilar milliy o‘yinchoqlarni sotib olmaydi
Yurtimizda yog‘ochdan milliy qo‘g‘irchoqlar yasovchi hunarmandlar ko‘p. Avval ustaga bosh qismini tayyorlataman. Simdan inson shaklining xomakisini yasab, mato bilan o‘rayman, ichini paxta bilan to‘ldiraman. Shogirdlarim bilan birga adras, atlas, shoyi kabi matolardan liboslar tikamiz. Boshiga iroqi nusxa do‘ppi kiydiramiz.
Xorijlik sayohlarga hamda internet bozorida yog‘ochdan yasalgan milliy qo‘g‘irchoqlarimiz ko‘proq sotiladi. Asosan To‘maris, Alpomish, Zumrad va Qimmat, Nodirabegim, Uvaysiy kabi timsollar ko‘rinishini yarataman. Lekin mahalliy aholi bunday o‘yinchoqlarni deyarli sotib olmaydi.
Ota-onalar zamonaviy personajlar yasab berishimni so‘raydi
Ipdan to‘qilgan milliy va zamonaviy kiyintirilgan o‘yinchoqlarim uzoq muddat xizmat qiladi. Ularni kir yuvish mashinasiga ham solish mumkin. Lekin...
Hozir farzandlarimiz telekanallar va internetda trendga chiqqan AQSh, Yevropa, Rossiya multfilmlarini tomosha qilib ulg‘ayishmoqda. Shu bois ko‘pchilik ota-onalar zamonaviy personajlar yasab berishimni so‘raydi. Natijada zamonaviy qo‘g‘irchoqlarni ham ko‘proq tayyorlashga majburmiz.
Bugungi texnika asrida kelajak avlodning milliy qadriyatlarimizga hurmatini kitob mutolaasi bilangina asrab qolib bo‘lmaydi. Vizual va virtual imkoniyatlardan ko‘proq foydalanishimiz kerak. Afsuski, buni hamma ham anglayvermaydi.
Katta mablag‘siz ham tadbirkorlik qilish mumkin
Aholi orasida ish o‘rinlari kamligini, tadbirkorlarga kredit ajratilmayotganini ro‘kach qilish hollari ko‘p uchraydi. Endigina ish boshlaganimda tikuvchilikdan xabardorligim qo‘l kelgan. Oddiy matodan qo‘g‘irchoqlar tikkanman. Hozir ham ushbu mahsulotimizning xaridori ko‘p.
Dastlab qattiq qog‘ozga qo‘g‘irchoqning andazasi chiziladi. Andaza mato ustiga qo‘yilib, o‘ntadan yigirmatagacha bichim qirqib olinadi. Keyin chetlari tikilib, ichiga sintepon solinadi. Xaridor istagiga qarab, milliy matolarimizdan libos kiydiriladi. Mazkur mahsulotimiz arzon va sifatli. Bu bilan pulsiz ham biznes boshlash mumkinligini aytmoqchiman.
Qo‘g‘irchoqlarimda o‘zbek ayoli siymosi yashaydi
Plastmassadan ham milliy qo‘g‘irchoqlar ishlab chiqaramiz. Ekoplastchi tadbirkorlarga o‘yinchoqning o‘lcham va ko‘rinishini belgilab, buyurtma qilaman. Hunarmandlar mitti do‘ppichalar tikib berishadi...
Qanday xomashyodan tayyorlanganidan qat’i nazar, qo‘g‘irchoqlarga imkon qadar milliy tus berishga, adras va atlasdan liboslar kiydirishga harakat qilaman. Ular orqali yosh avlod ongiga azaliy qadriyatlarimiz chuqurroq singishiga ishonaman.
Shu hunar ortidan turli davlatlarda o‘tgan festival va ko‘rgazmalarda qatnashib kelyapman. Qaerga bormayin, qo‘g‘irchoqlarim milliyligimiz timsoli bo‘lib, boy madaniyatga ega Vatanimizni targ‘ib etadi. Xorijliklar qaysi yurtdan ekanimni so‘rab, mahsulotlarimizga alohida qiziqish bildiradi.
Shahnoza TOJIDDINOVA
oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Saygul
12:01 / 01.01.1970
Ajoyib milliyligimizni farzandlarimizga yoshligidan singdirib borishimiz lozim