“Teatr san’atidagi eng bema’ni hodisalardan biri” – san'atshunos inssenirovka haqida


Saqlash
22:39 / 26.05.2022 2199 0

O‘zbek va jahon sahna tajribasidan ma’lumki, teatrlar repertuarini shakllantirishda faqat dramatik asarlar bilan kifoyalanilmaydi. Birinchidan, adabiyotning boshqa tur va janrlariga qaraganda dramatik asarning tug‘ilishi ancha murakkab, qolaversa, uning taqdiri muallifning faqat o‘ziga bog‘liq emas. Ikkinchidan, hatto mumtoz dramalar yetarli bo‘lgan taqdirda ham, sahna ijodkorlari, avvalo, rejissorlar o‘z iqtidorini namoyon etish maqsadida lirik yoki epik asarlarga-da murojaat qiladi. Va nihoyat, uchinchidan, har bir millat adabiyotining shunday buyuk namunalari borki, ularni g‘oyaviy-badiiy xususiyatlariga daxl qilmagan holda sahna va ekranga ko‘chirish juda zarur.

 

Dramaturgiyaga mansub bo‘lmagan asarni sahnaga moslashtirish, sodda aytganda, pyesa holiga keltirish teatr nazariyasida “inssenirovka” deb ataladi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ushbu atamaga bunday ta’rif beriladi: “Inssenirovka” (lotincha, “in” – ga + “scena” – sahna) – biror asarni sahnabop qilib o‘zgartirish, sahnada qo‘yish va sahnalashtirilgan asarning o‘zi” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. V jildlik, II jild. Toshkent, “O‘zME davlat ilmiy nashriyoti”, 2006. 216-bet). Teatr san’atiga doir manbalarda esa mazkur tushuncha yanada batafsil sharhlanadi: “Inssenirovka – nasriy va she’riy usulda yozilgan asarning teatr uchun qayta ishlangan varianti. Mantiqan voqealar pyesaning tuzilish shakliga ega bo‘ladi. Odatda, mashhur, kitobxonlar orasida katta muvaffaqiyat qozongan asarlar inssenirovka qilinadi. Inssenirovkani yozuvchining o‘zi tayyorlashi mumkin (Emil Zolyaning “Tereza Raken” asari inssenirovkasi). Lekin ko‘plab inssenirovkalar boshqa ijodkorlar tomonidan yoziladi. Agar inssenirovka asliyatdan sezilarli darajada farqlansa, u mustaqil pyesaga aylanadi va mavjud asarning “motivlari asosida” deb ko‘rsatiladi. Shuningdek, adabiy manbadan yiroqlashgan, zamonaviy uslubda qayta tayyorlangan inssenirovkalar ham mavjud” (Театральная энциклопедия. Москва, “Искусство”, 1963. Стр. 884).

 

Modomiki, teatr san’ati taraqqiyotini inssenirovkasiz tasavvur etib bo‘lmas ekan, rus dramaturgi va teatr tanqidchisi A.Svobodinning “Nasriy asarning sahnaviy talqini – teatr san’atidagi eng bema’ni hodisalardan biri. Ochig‘ini aytaman, biz yana nasriy “tarjima”ga duch kelsak, teatrda asabiy muhit paydo bo‘ladi” (Свободин А. Диалоги о современном театре. Москва, “Искусство”, 1979. Стр. 14) degan kinoyaomuz fikrini qanday izohlash mumkin? Ulug‘ rus adibi Maksim Gorkiyning inssenirovkaga mutlaqo qarshi bo‘lganini-chi? ? (Горький М. Собрание сочинений. В 30-ти томах, том 30, Москва, “Художественная литература”, 1955. Стр. 327).

 

Demak, teatrda inssenirovkaga ehtiyoj qanchalik kuchli bolmasin, bu hodisa ustidan uzil-kesil xulosa chiqarish, unga batamom ijobiy yoki salbiy baho berish oson emas.

 

Inssenirovka xususida bahsli, hatto bir-birini inkor etuvchi fikrlar paydo bolishiga asosiy sabab uning teatr va adabiyotga baravar daxldor ekani, shu bois ikkala sanat turi nazariyotchilarini ham birdek qiziqtirishi, qolaversa, ularning yondashuvida oziga xos xususiyatlar mavjudligidir desak, xato bolmas. Inssenirovkaga qarshi chiquvchilar kitobxon uchun yozilgan asarni butun jozibasi bilan teatr tiliga kochirish mumkin emas, degan fikrga tayanadi. Inssenirovkani yoqlovchilar esa sahna adabiy asarning yangi qirralarini kashf etishiga, qolaversa, dramatik asarlarga bolgan ehtiyojni toliqroq qondirishiga ishonadi.

 

Ma’lumki, buyuk rus adibi Fyodor Dostoyevskiy birorta ham dramatik asar yozmagan. Shunday bo‘lsa-da, uning deyarli barcha qissa-yu romanlari dunyo teatrlarida qayta-qayta sahnaga qo‘yilmoqda. Buning o‘ziga xos sabablari bor, albatta. “Shubhasiz, Dostoyevskiy – tug‘ma dramaturg, – deb yozadi rus teatrshunosi A.Gladkov. – Uning romanlarida tragediya alomatlari sezilib turadi. Haqiqat shuki, inssenirovka mualliflarining barcha qusurlariga qaramay, “Dostoyevskiy teatri” degan ibora “Gogol teatri”, “Pushkin teatri”, “Ostrovskiy teatri” kabi atamalar bilan bir safda turadi” (Гладков А. Театр. Воспоминания и размышления. Москва, “Искусство”, 1980. Стр. 305).  Ulug‘ teatr islohotchisi V.Nemirovich-Danchenko ham Dostoyevskiyning dramaturglik mahoratini yuksak baholaydi: “Dostoyevskiy romannavis o‘laroq yozadi, lekin dramaturg kabi his etadi. Uning obrazlari, dialoglarida sahnaviy harakat mavjud, ko‘plab romanlari teatrni, sahnani eslatadi” (Взаимодействие и синтез искусств. Ленинград, “Наука”, 1978. Стр. 80).

 

Birgina Dostoyevskiy ijodi shuni ko‘rsatadiki, yetuk adabiy asar ko‘ngildagidek talqin va inssenirovka qilinsa, yuqori saviyali spektaklga asos bo‘lishi mumkin. Qolaversa, adabiyot durdonalarini o‘quvchi ommasiga tanitishda teatr muhim rol o‘ynaydi. Bugun dunyo teatrlarida M.Servantes, I.Gyote, J.Bayron, A.Pushkin, L.Tolstoy, Stendal, P.Merime, O.Balzak, V.Hyugo, R.Thokur, E.Hemenguey, Ch.Aytmatov kabi realistlardan tortib, ong­ostiga nozik ta’sir etuvchi, sahnalashtirish go‘yo ilojsizdek tuyuluvchi J.Joys, F.Kafka, U.Folkner, G.Markes, A.Kamyu, X.Kortasar, K.Hamsun, X.Borxes kabi modernistlar asarlarigacha tomosha – spektaklga aylanayotir. Demak, teatrda qo‘yib bo‘lmaydigan adabiy-badiiy hodisaning o‘zi yo‘q, bu mo‘jizakor san’at har qanday asarni o‘z mulkiga aylantira oladi, faqat shunga qodir rejissor, aktyor, sahna rassomlari bo‘lsa bas.

 

An’anaviy tomosha va o‘yinlar negizida vujudga kelgan, xalqimizning asriy qadriyatlari, turmush tarzi, urf-odatlari bilan uzviy aloqada rivojlangan o‘zbek teatri dastavval adabiy asos – og‘zaki dramaturgiyaga tayangani soha mutaxassislariga ayon. Og‘zaki dramaturgiya esa folklorning turfa shakllaridan, milliy mumtoz adabiyot va musiqadan oziqlanib bo‘y rostlagani ma’lum. Tabiiyki, teatr folklordan andoza olar ekan, tomosha asosini she’riy yoxud nasriy bayon, hikoyanavislik, va’zxonlik tashkil etganki, bu esa beixtiyor adabiyotning teatrga ko‘chishini esga soladi. Albatta, bu hodisani inssenirovka deya baholash to‘g‘ri bo‘lmas. Ammo milliy teatrimiz nainki dramaturgiya, balki adabiyotning boshqa turlariga ham tayanib, sekin-asta professionallik kasb etganini inkor etish mumkinmi?! Masalan, teatrda yakka ijrochining harakati va nutqiga, boshqacha aytganda, sahnaviy mahoratiga asoslangan bir aktyor teatriga nazar tashlasak, unda asotir, afsona, rivoyat, qissa kabi epik janrlar yetakchi ekanini ko‘ramiz. “To‘tinoma”, “Kalila va Dimna”, “Ming bir kecha”, “Kitobi Jamshid” kabi O‘rta va Yaqin Sharqda mashhur bo‘lgan epik-afsonaviy asarlar, “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Tohir va Zuhra”, “Farhod va Shirin”, “Bahrom va Gulandom” singari ishqiy-romantik qissalar baxshilar tomonidan aytilib, og‘izdan-og‘izga ko‘chgan.

 

Mamlakatimizda professional teatr san’ati paydo bo‘lgach, o‘zbek va jahon adabiyotining ko‘plab asarlari inssenirovka qilinib, sahnaga qo‘yildi. Shu o‘rinda Alisher Navoiy ijodiga qayta-qayta murojaat etilgani, uning asarlari asosida turli mavzu va janrda spektakllar yaratilganini alohida qayd etish lozim. Shuningdek, turli yillarda hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Oybekning “Qutlug‘ qon” (1954-, 1963-yillar – T.Xo‘jayev, 1987-yil – R.Hamidov), Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” (1983-yil – B.Yo‘ldoshev), Robindranath Thokur romani asosida “Gang daryosining qizi” (1956-yil – A.Ginzburg),  Boris Vasilev qissasi asosida “Ro‘yxatlarda yo‘q” (1978-yil – B.Yo‘ldoshev), Chingiz Aytmatovning “Sarviqomat dilbarim” (1963-yil – T.Xo‘jayev), “Asrga tatigulik kun” (1986-yil – R.Hamidov) asarlari asosida ajoyib spektakllar yaratildi.

 

Mustaqillik yillarida esa hozirgi O‘zbekiston davlat drama teatrida Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostoni asosida “Iskandar” (1993-yil – B.Yo‘ldoshev), Sadriddin Ayniyning “Sudxo‘rning o‘limi” qissasi asosida  “Buxoroi sharif” (1998-yil – B.Yo‘ldoshev), Kobo Abening “Qumdagi ayol” (1995-yil – A.Xo‘jaquliyev), G.G.Markesning “Polkovnikka hech kim yozmaydi” (2000-yil – A.Kudryasev); O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” (1994-yil – T.Azizov), Said Ahmadning “Ufq” (1995-yil – O.Salimov); O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida G‘afur G‘ulomning “Hasan Kayfiy” (1995-yil – J.Xudoyqulov),  “Shum bola” qissasi asosida “Xalfana” (2008-yil – O.Salimov), Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” va “Oydinda yurgan odamlar” qissalari asosida “Ot yig‘lagan tomonda” (1994-yil – O.Salimov); O‘zbekiston davlat yoshlar teatrida Temur Zulfiqorovning “Umar Xayyom yulduzlari” (1997-yil – N.Abdurahmonov); Lev Tolstoyning “Xolstomer” (1998-yil – N.Abdurahmonov) asarlari asosida spektakllar muvafaqqiyatli o‘ynaldi. Bu inssenirovkalar o‘zbek teatri repertuarini boyitdi, rejissor va aktyorlar mahoratini charxladi, teatr estetikasi va janr imkoniyatlari kengaytirdi.

 

Xulosa sifatida aytish mumkinki, inssenirovka vositasida adabiyot va teatrning sintezlashuvi har ikki san’at turi ravnaqiga ham birdek xizmat qiladi. Chunonchi, adabiy asarni sahnalashtirish, bir tomondan, o‘quvchining asar haqidagi bilim va tasavvurlarini boyitib, kitobxonlik madaniyati shakllanishiga ko‘maklashsa, boshqa tomondan, teatrlarni mudom xavotirga soluvchi dramatik asar tanqisligidan xalos etadi.

 

Shohrux ABDURASULOV,

O‘zR FA San’atshunoslik instituti

tayanch doktoranti

 

“Tafakkur” jurnali, 2018-yil 2-son.

“Insenirovka zarurmi yoki...” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 289
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22618
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//