Kir yuvilaverib kichrayib qolgan kirsovun yoki yeyilib ketgan qumqayroqqa nisbatan OLQINDI deymiz. Shuningdek, “olqindiday...” deganda ko‘chma ma’noda kichik narsa tushuniladi. Kir yuvish vositalari, hayot tarzimiz o‘zgargan sari bu so‘z ham, agar yangi ma’no tovlanishlari bilan iste’molga qaytarilmasa, hademay mutloq unut bo‘lishi mumkin.
Qadimda esa olqindi va unga o‘zakdosh so‘zlar ancha faol bo‘lgan, xususan, buni Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida keltirilgan misollarda ham ko‘rish mumkin: “alqїndї – tamom bo‘ldi, tugadi. Alqїndї nӭң – narsa butunlay tamom bo‘ldi, tugadi. Ӭr alqїndї – odam o‘ldi, tugadi, yo‘q bo‘ldi (alqїnur, alqїnmaq)” (DLT. I. T. 1960. 255-bet). Shuningdek, “Devon”da bu so‘zning fe’l shakli “alqtї” (boshqa bir o‘rinda “alqdї”.: DLT. III. T. 1963. 449-bet) shunday izohlangan: “alqtї: ol tavarїn alqtї – u molini yo‘q qilib yubordi” (DLT. III. T. 1963. 425-bet).
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida ham bu so‘zga bir necha o‘rinlarda duch kelamiz:
“Nechә tersә dunya tүgәr ALQINUR”.
Ma’nosi: “Qancha mol-dunyo yig‘magin, termagin, u tugaydi, olqinadi” (QB. T. 1971. 78-bet).
“Alqїndї” – “tugadi, tugayotgan” degani bo‘lsa, uning ziddi, bo‘lishsizlik shakli: “alqinchsiz” ham “bitmas, tuganmas” ma’nosida qadimda keng iste’molda bo‘lgan. Misol: alqїnčsїz tükätinčsїz – bitmas-tuganmas. Alqїnču esa – o‘layotgan, o‘tkinchi demak (DTS. M. 1969. 37-bet).
Bu so‘z etimologiyasi haqida lug‘atlarda ma’lumot mavjud emas. Bizningcha, “alq-” o‘zagi qadimgi turkiydagi “tugamoq, o‘lmoq, o‘ldirmoq...” kabi ko‘plab ma’nolarga ega bo‘lgan “өl” arxetipiga borib taqaladi. Qadimgi “өl” esa – hozirgi tilimizdagi “o‘l-”, ya’ni barcha turkiy tillardagi “o‘lmoq”, “o‘lim” so‘zlari negizi. “Этимологический словарь тюркских языков” lug‘atida keltirilishicha, hungar olimi G.Vamberi “өl” arxetipining “o‘lmoq” emas, “o‘ldirmoq” ma’nosi qadimda birlamchi bo‘lgan, degan fikr bildirgan. Bunga misol qilib olim major (hungar) tilida “өl-”ning “o‘ldirmoq” ma’nosi saqlanganligini keltiradi. Chunki major tiliga bu so‘z qadim zamonlarda o‘zlashgan (ESTYA. I. M. 1974. 526-bet).
“Өl-”ning “o‘ldirmoq” ma’nosi nafaqat major, balki mo‘g‘ul tillarida ham saqlanganligi G.Vamberi fikrini quvvatlaydi. Xususan, “Mo‘g‘ullarning sirli tarixi” yodgorligi 157-paragrafida “o‘ldirmoq” ma’nosida qadimgi mo‘g‘ul tilidagi “alaju” so‘zi ishlatilgan. Bu borada Bobur ham “Boburnoma”da qiziq ma’lumot keltiradi. Ma’lumki, Boburning kichik tog‘asi Ahmadxonning laqabi Olachaxon bo‘lgan. Bobur buni shunday tushuntiradi: “Olachaning vajhi tasmiyasi muni derlarkim, qalmoq va mo‘g‘ul tili bila o‘lturguchini “olachi” derlar. Qalmoqni necha qatla bosib, qalin kishisin qirg‘on uchun “olachi” de-de kasrati isti’mol bila Olacha bo‘lubtur” (B. “Sharq”. 2002. 40-bet).
Shunday qilib, “alq-” fe’li, bizningcha, xuddi “tol+iq+moq”, “yo‘l+iq+moq” so‘zlari kabi, mazkur “өl-” o‘zagiga “-q” fe’l yasovchi qo‘shimchasini qo‘shish yo‘li bilan dastlab “al+iq+moq” shaklida yasalgan. Biror fe’lga mazkur “-q” (“-iq”) qo‘shimchasi qo‘shilganda fe’l o‘zagidan anglashilgan ma’no biroz yumshaydi, qiyoslang: “oyog‘im toldi” – “oyog‘im toliqdi”. Shu kabi “olqimoq”, “olqindi” so‘zlari ham hali butunlay tugamagan, ammo tugayotgan ma’nosida qo‘llanilgan. Deylik, qadimgi turkiyda o‘lim soati, kishi o‘layotgan, so‘nggi daqiqalarini yashayotgan payt – alqїnču öd iborasi bilan ifodalangan. Hozir ham shu bois tugayotgan, ammo butunlay tugab ulgurmagan kirsovun, qayroq kabilarni OLQINDI deymiz.
Abduvohid HAYIT
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q