Ona elim, ildizingdan kelgan xabarman yoxud yarador arslon hayqirig‘i


Saqlash
15:28 / 20.05.2022 1932 0

Mirzo Bedilning “Qanoti yo‘qqa qafas torlik qilmaydi”, degan hikmati bor. Tuyg‘usiz, qalbsiz, hurriyatsiz kishilar qanotsiz qush kabidirlar. Bil’aks, shoirlarning qanotlari katta-katta bo‘ladi. Qafas tugul, ba’zida osmonlarga sig‘maydi...

 

...Halima opa 2012-yilning iyunida Buxoroda insult bilan yiqildi. Keyinroq uni Toshkentga olib kelishib, 16-kasalxonaga joylashganida ko‘rgani bordim. Harna, palataga kirishga ruxsat berishdi. Opa karavotda yotar, butunlay holdan toygan, horg‘in qaboqlarini zo‘rg‘a ko‘tarib, titroq ovozda tutilib-tutilib, arang so‘zlardi. Meni shunda bir narsa hayron qoldirgan. Halima opa shunday ahvolda ham she’riyat haqida gapirar va mendan: “Adabiyotda qanday yangiliklar bo‘layapti?” deb bot-bot so‘rardi. Uning she’r o‘qigisi kelardi, o‘qtin-o‘qtin yoniq satrlarni takrorlardi. Garchi shoir karavotda holsiz yotsa-da, uning qalb qanotlari parvozda ekanini ilg‘asa bo‘lardi.

 

* * *

Ayni daqiqalarda Abdulla Oripovning Halima Xudoyberdiyeva haqidagi “Jonfidolik” degan maqolasini o‘qib o‘tiribman. Maqola nomining o‘ziyoq ko‘p narsalarga ishora beradi. Shoiraning hayoti va ijodiga bir so‘z bilan berilgan eng munosib baho bu! Jonfidolik... 10 ta tovushning birikuvidan hosil bo‘lgan bu so‘zning aytilishi juda oson, yarim nafasda aytasiz-qo‘yasiz. Lekin amali juda qiyin, umrni, qon va terni, azob va mashaqqatlarni, sabot va matonatni talab qiladi.

 

Abdulla Oripov bu maqolada o‘z dard-u iztiroblarini Halima Xudoyberdiyevaning dard-u iztiroblari bilan uyg‘un tarzda ifodalagan. Bu ikki aka-singil qalbidagi armonlar, tug‘yonlar, isyonlar, nolalar va faryodlar millat ruhining ovoziday keskin jaranglagan. Bu ikki aka-singil suronlar, ta’qiblar, to‘zonlar ichida ham o‘z she’rlarida o‘zbek ko‘nglini ifodalagan, o‘zbek ruhini namoyon qilgan. Halima opaning Abdulla akaga bag‘ishlagan she’rida shunday satrlar bor:

 

Endi shunday. Kurashlarga belni mahkam bog‘larmiz,

Dil topamiz. Ayru-ayru elni mahkam bog‘larmiz,

To‘g‘on bo‘lib, elga kelar selni mahkam bog‘larmiz,

Tiklagaymiz xalqni! Kurash – orom bo‘lsin, og‘ajon,

Tiklolmasak shoir nomi harom bo‘lsin, og‘ajon!

 

Bu o‘tli misralarni u mustaqillik arafasida 1991-yilning 5-aprelida yozgan. Bu shoirlar allaqanday mayda-chuyda, kuydirmajon hischalar bilan emas, shunday katta tuyg‘ular bilan yashaganlar. Bu tuyg‘ular xalqning asriy armonlariga jontomirlarday bog‘lanib ketgan.

 

Abdulla Oripov shunday yozadi: “Men Halima Xudoyberdiyeva ijodini, uning shoir yuragini davrning doimiy tarang torlariga o‘xshatgan bo‘lardim. Chunki bo‘lib o‘tgan, o‘tayotgan har bir hayotiy jarayonlar bu yurakdan o‘z aksi sadosini topib bormoqda. Goh mungli, goh zabardast, goh tasdiqlovchi, goh inkor etuvchi... umuman bu yo‘llarda u o‘zining o‘chmas izlarini qoldirib bormoqda deb aytishga har jihatdan haqlimiz. Jonajon Vatan sha’ni, erki xususida gap ketganda, hech ikkilanmay, aziz jonini garovga qo‘yib, qo‘liga qalam oladigan ijodkorlardan deb bilaman men uni”.

 

Haq gap. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida millat boshidan ne ko‘rguliklarni o‘tkazgan bo‘lsa, bu qayg‘ular Halima Xudoyberdiyeva she’rlarida o‘zbek onalarining alamli nidosiday aks-sado berdi. Uning 60–70-yillardagi paxta dalalarida qullarcha mehnat haqidagi (“Elim, seni mute ko‘rsam, Ko‘zdan qolay, ko‘zim kuysin”), 80-yillarda harbiy xizmatga uydan o‘ynab-kulib chiqib ketib, temir tobutlarda qaytgan o‘zbek o‘g‘lonlari haqidagi (“Sor o‘g‘illar tug‘ib, ulg‘aytib, Oldirasan, kalxatga tokay”), “O‘zbeklar ishi” tamg‘asi ostidagi butun bir xalqqa tuhmat va haqoratlarga qarshi isyonkor mardona she’rlari (Egilgan boshlarimga tuhmat tojin kiyarkan, O‘z manqurtlarim gohi el rizqini qiyarkan”), “O‘sh-O‘zgan faryodi“ daftaridan “Unutganning kuysin ikki dunyosi” kabi turkumlari (“Fitna tig‘ sanchdi tik, ko‘ksi tog‘larga, It tegdi sut hidli qizaloqlarga”) bunga dalildir. U erksiz elning qayg‘u tashvishlarini, mazlum millatning dardlarini o‘z qalbining og‘rig‘i deb his etar va bunday vaziyatda befarqlikni jinoyat deb bilardi.

 

Bul kun kimdir o‘ynasa

Dog‘ ustida o‘ynaydi.

Dog‘-daraxti zardob rang

Bog‘ ustida o‘ynaydi.

Qandoq so‘lmay qiyog‘i,

Kuyib ketmay oyog‘i,

Naq yurakning ustida,

Oh ustida o‘ynaydi.

 

***

Halima opa bundan 57 yil avval 18 yosh vaqtlarida o‘z qalbi bilan shunday bir bitim tuzgan va bu bitimni she’rda quyidagicha ifoda qilgan edi:

 

Yaproqlar to‘kilar, ko‘zlarimda nam –

So‘nggi shitirlashlar... o‘kinaman jim.

Demak qachonlardir tugaysan sen ham,

Tinguningcha kuyla, kuylab qol ko‘nglim.

 

Katta yo‘l boshida turgan bu yosh qalb keyin uzoq yillar mehr-muhabbat bilan yonib kuylab o‘tdi va o‘z qo‘shiqlarini abadiyatga muhrladi. Shuning uchun ham, kuylagan ko‘ngilga o‘lim yo‘q.

 

Uning har bir she’rida tirik bir ruh harakat qiladi. Shu bois Halima opaning she’ri bilan yuzma-yuz kelganingizda uning o‘zi bilan yuzma-yuz kelasiz. Har bir she’ri bir o‘qishdayoq, mudrayotgan qalblarni uyg‘otib yuboradi. Bu ruh qaydan? Bu shiddat qaydan? Bu kuch qaydan? Bu hikmat qaydan?

 

Ona elim, do‘stingga do‘st-u,

Dushmaningga xavf-u xatarman.

Jilg‘alarday chuldirab o‘sdim,

Ildizingdan kelgan xabarman.

 

Shu buyuk ildiz sabab, uning she’riyatida vatan bor, tuproq bor, el va avlod bor. Keyingi paytlarda vatansiz, yersiz, muallaq she’rlar ko‘paydi. Buni boshqacha, ya’ni “Vatan!” deb albatta yozish kerak ekan-da, deb tushunmasinlar. Gap shundaki, ichingda vatan qayg‘usi bormi, bas, bu qayg‘u sevgi yo yantoq haqidagi she’ringda ham baribir qandaydir sirli shaklda ko‘rinish beraveradi, 25-kadr kabi ko‘rinmasdan ong ostida o‘z faoliyatini olib boraveradi. Ba’zan “Vatan” so‘zi yuz marta qaytarilgan she’rda ham Vatanning o‘zi bo‘lmasligi mumkin. Insonning botinida Vatan tuyg‘usi ustuvor bo‘lmasa, uning boshqa tuyg‘ulari hech qachon butun bo‘lmaydi. Chunki odamning oltmish ikki ming tomirining urishi – sevgisi-yu nafrati, shodligi-yu qayg‘usi, ajdodi-yu avlodi, mehri-yu qahri, bolaligi-yu keksaligi, hayoti-yu o‘limi shunga bog‘lanadi.

 

Halima opa kamtarlik bilan bir to‘rtligida shunday yozadi:

 

Menam o‘z-o‘zimcha roz aytdim, ketdim.

Ne aytdim? O‘zimga xos aytdim. Ketdim.

Bu dunyoga kelib bor qilgan ishim –

Bir ikki so‘z aytdim. Rost aytdim. Ketdim.

 

Aslida shoirning haqiqati ham, mohiyati ham shu ekan-da! Halima opa buni juda yaxshi bilgan. Shoir bir so‘z aytib ketsa ham rost aytib ketishi kerak. Shoir bitta jumla so‘ylasa ham, bu jumlada uning qalbi urib turishi kerak. O‘tgan tuzum davridagi tom-tom, javon-javon sho‘rlik kitoblarning fojiasi ham shunda. Vaqti kelib o‘limtikka aylangan, madhiyaboz, qullikni sharaflagan bunday xoin kitoblardan bir arava o‘tin avlo bo‘lib qolgani ham rost. Ba’zan eski kutubxonalarda mustabid mafkuraning supurgisi bo‘lgan shunday kitoblarga duch kelib qolasiz. Kutubxonachilar bu kitoblarni qayerga qo‘yishni bilmaydilar, xuddi Abuladzening “Tazarru” filmida o‘likni ko‘mish muammo bo‘lganiday.

 

***

Uning she’rlari shu darajada tabiiyki, ularda har bir satr “yurakning eng chuqur yeridan” otilib chiqayotganini ayni satrning o‘zi dalillab turadi. Bu she’rlarning ildizlari xalqning jon tomirlariga borib tutashadi. Shuning uchun shoir o‘zi va xalqi o‘rtasida turadigan izohkash-dallolga muhtoj emas.

 

Tunda tunday botganlarga mening gapim yo‘q,

Ruhdan ayru shod tanlarga mening gapim yo‘q.

Baxti lim-lim bu tiriklar g‘amni tanimas,

Men dardimni o‘tganlarga so‘zlasam kerak.

Elim degan fig‘onlari havolab ko‘kka,

Olomondan ilgarilab, lab bosib cho‘qqa,

Qalqon bo‘lib kelayotgan baloga, o‘qqa,

Bir qadamga o‘tganlarga so‘zlasam kerak.

Dardim nolon kutganlarga so‘zlasam kerak.

 

***

1990-yilda Halima opa bilan Boyovutga, tug‘ilgan qishlog‘iga borganman. Shoiraning onasi, qarindosh urug‘lari bilan uzoq gurunglashdik. Nihoyatda samimiy, halol, do‘ng odamlar. Hammasi Boyovut dashtlariday kengfe’l odamlar. Halima opaga onalik qilgan xolasi – Qarshigul momoning qiyofasida turkiy onalar timsoli ayon ko‘rinib turardi. Momo Halima opaning bolalik o‘smirlik yillari haqida gurung berdi: “Bir kitobni o‘qiy boshladimi, bo‘ldi, hamma narsani unutardi, tandirdagi nonni ham, o‘choqdagi moyni ham. Ba’zan tungi soat uchlarda uyg‘onib ketib qarasam, Halima yo o‘qib yo yozib o‘tirardi. Men uni o‘zingni ayamayapsan deb qattiq koyirdim. Lekin bu qizni shahdidan qaytarib bo‘lmasdi”.

 

O‘shanda Halima opa bilan paxta dalasida ishlab yurgan xotin-qizlar oldiga borganmiz. Uning bu ayollar oldida hijolat bo‘layotganini sezganman. Go‘yo Halima opa “Men bular uchun nima qila oldim”, deganday qiynalardi, o‘zini aybdorday sezardi. Shunday so‘zi o‘tkir, shahdli shoira bu ayollar oldida hayajonlanib tutilib qolayotgani bilinib turardi. Go‘yo ularning oldida qarzdorday, oftobda kuygan bu chehralar oldida, qabargan qo‘llar qoshida g‘amgin bo‘lib, o‘yga tolib qolgan edi... Halima opa...

 

Otashkada, yonadir ko‘ksim,

Kuydiradi armonlar, cho‘g‘lar.

Endi menday, ayolday o‘ksib,

Boyovutda shamollar yig‘lar.

  

***

Halima opaning boshidan ko‘p savdolar o‘tdi. Biz – ukalari, singillari shunday paytlarda dard va iztirob uni ezib tashlasa kerak deb tashvishlanganmiz. O‘sha yillari Halima opa bilan ko‘p gaplashganman. Lekin biror marta ham uning noliganini ko‘rmaganman. Ancha g‘amgin tortib qolgan chehrasida qanday bo‘lmasin, o‘sha tabassumini saqlab qolishga urinar, hech kimga, hatto yaqinlariga ham hech narsani sezdirmas, hamma narsaga balanddan qarar, faqat she’riyat bilan yashardi. Shuncha yukni ko‘tarib turib, tag‘in boshqalarning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilardi. Muhimi shundaki, dard va iztirob uni sindirolmadi, aksincha, yanada yuksaltirdi, she’rlariga ayricha tug‘yon va kuch bag‘ishladi. Eng og‘ir paytlarda ham yarador arslonday hayqirib, guldurab yana maydonga chiqib kelaverdi.

 

Ich-ichida yo‘lbars o‘kirib,

Sirtdan mayin jilmaygan ayol!

 

Bu hayqiriq ko‘plarni cho‘chitar, ko‘plarga kuch va g‘ayrat bag‘ishlardi. Muhimi, u har qanday holatda Xudoga, She’riyatga, Iymonga, Vatanga qarab boraverdi. Uning borar manzili aniq edi. Chekinmadi. Sinmadi. Hayotning hamma sinovlariga mardona javob bera oldi.

 

Suratimda xushqiliq, xandonim o‘zim bilan,

Siyratimda zulmatu zindonim o‘zim bilan.

Pishgan kuzgi bug‘doyday qushga talandim desam,

Shukrillah, chin mag‘zim, chin donim o‘zim bilan.

Qushlar biram chorladi, yiroq behisht, bog‘larga,

Ketmadim, jon qorishiq makonim o‘zim bilan.

Toabad yashab keldim, endi ketgay to mahshar,

Iymonim o‘zim bilan, vijdonim o‘zim bilan.

 

***

Shundan so‘ng 2017-yilning 17-mayida Halima Xudoyberdiyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko‘ra “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi. Bu hodisa adabiyotimizning katta bayramiga aylanib ketgan edi. Bu Farmon barcha so‘z ahlini, adabiyot ixlosmandlarini, bir so‘z bilan aytganda, el-u yurtimizni to‘lqinlantirib yubordi. Chunki, xalqimiz Halima opani yaxshi ko‘rar, uning she’rlarini o‘z ma’naviy xazinalaridan biri sifatida e’zozlab kelardi. Shu bilan Halima opa yana katta davralarga, katta e’tiroflarga qaytdi.

 

Bir paytlar Ozod Sharafiddinov shunday degan: “Halimaning she’riyati bizni bedorlikka chaqiradi, vijdonimizni uyg‘otadi. Vujudimizdan loqaydlik balosini siqib chiqarishga yordam beradi. Bu she’riyat ko‘p yillar mobaynida kirlangan ruhiyatimizni poklashga va butlashga xizmat qiladi”. Bu fikr ham Halima opa she’riyatining mohiyatini ochib beradi. Uning umr shomi arafasida yozgan shunday satrlari bor:

 

Yakun ber, o‘zimni o‘roqlashimga,

Yashin ber, chaqmoqdek charaqlashimga.

Do‘sti aziz, menga ishora yetar –

Jonim kuyib, seni so‘roqlashimga.

 

Halima opa chin dildan tilagan ekan, unga yakunni ham, yashinni ham berdi, u chaqmoqdek charaqlab ketdi.

 

Eshqobil SHUKUR,

shoir,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,

2022-yil 17-may 97 (619)-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 508
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20435
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//