O‘zbekiston aholisi noto‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha jahonda yuqori o‘rinlarda turar ekan. Mazkur tadqiqot natijalariga e’tiroz bildira olmaymiz, albatta. Keyingi yillarda yurtdoshlarimiz yurak-qontomir, qandli diabet xastaligiga ko‘p chalinmoqda. Kundalik hayotda atrofdagilarimiz misolida ko‘rib-bilib yuribmiz.
Dunyoda har yili 11 milliondan ziyod inson aynan noto‘g‘ri taomlanish oqibatida vafot etadi. Bu esa kashandalik qurbonlaridan birmuncha ko‘p degani. Taomnomada meva-sabzavot va dukkakli mahsulotlar kamayib borishi organizmning makro va mikro elementlarga to‘yinmasligiga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, ovqatlanish borasida aynan qanday xatoliklarga yo‘l qo‘yyapmiz?
Shahnoza JUMANOVA,
dietolog:
– Ko‘pgina xastaliklar sababi – ortiqcha vazn ekani hech kimga sir emas. Semirish qanday paydo bo‘ladi? Noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlilik, stress oqibatida. Bugungi inson faoliyatida jismoniy mehnat ulushi kamayib, aqliy mehnat hissasi ko‘payib bormoqda. Sarflanmagan kaloriya esa organizmda yog‘ to‘planishiga olib keladi. Shuning uchun kuniga yarim soat badantarbiya yoki sportga vaqt ajratish ayni muddao bo‘ladi.
Ovqat qanchalik yog‘li yoki shirin bo‘lsa, odam o‘zini shuncha qulay his qiladi. Har qanday tushunarsiz vaziyatda chaynash uchun biror narsa izlashga moyillik kuchayadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ayollar ko‘pincha stressni yengish, erkaklar esa zerikishdan qutulish uchun taomlanishga mukkasidan ketadilar. Xullas, ortiqcha ovqatlanishga moyillikni tana emas, miya keltirib chiqaradi. Agar bu borada me’yorni bilmasangiz, taomlanish kundaligini tuting. O‘zingizga xos to‘g‘ri ovqatlanish tartibini tanlashingiz kerak.
Rahmatulloh Doniyor,
jurnalist:
– Turkiyaga kelib amin bo‘ldimki, qardoshlarimiz yog‘li ovqatlardan ko‘p yeyishmaydi, xamirli taomlarni xush ko‘rishmaydi, hazm og‘ir mahsulotlardan uzoq turishadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, oshqozon-ichak, jigar xastaliklari nisbatan siyrak uchraydi. Asosiysi, qorin qo‘ygan erkaklar va semirib ketgan ayollarga kamdan kam duch kelasiz.
Bizda aksariyat erkaklar choyxonaga qatnaydi, gap o‘ynaydi. To‘ylar, amru ma’ruflar, ehsonlarning sanog‘i ko‘p. Deyarli hamma yig‘inda osh tortiladi: “Umringdan bir kuning qolsa, osh ye”, “O‘ldirsa ham, osh o‘ldirsin”. Shu to‘kin dasturxonlar uchun qancha vaqt, qancha mablag‘ sarflanadi. Buning ustiga, qancha asabbuzarlik, qancha isrof…
Uzoq yillar Samarqand davlat universitetida turk tilidan dars bergan, o‘zbek xalqining hayoti, madaniyati va turmush tarzini yaqindan o‘rgangan yozuvchi Sharof Yilmaz “Registon” telekanaliga bergan intervyusida shunday degan edi:
“Men o‘zbeklarni juda yaxshi ko‘raman, qalbimning to‘rida bu xalq uchun alohida joy bor. Lekin bir odatini hech o‘zimga singdira olmadim: mehmondo‘stlikni hadidan oshirib yuborishadi, ovqatlanadigan vaqt bo‘lmasa ham, qorin och bo‘lmasa ham, qo‘sha-qo‘sha taom olib kelaverishadi, dasturxon atrofida soatlab o‘tirishadi. Bu juda yomon! Asosiy g‘ami yeb-ichishdan iborat bo‘lgan, qimmatli vaqtini taomlanish marosimlarida o‘tkazadigan millatdan buyuk avlodlar yetishib chiqishi qiyin”.
Orifjon KOMILOV,
pediatr:
– Bolani to‘g‘ri ovqatlantirishni hali tug‘ilmasidanoq, ya’ni homilador ayolning taomlanish rasionini korreksiyalashdan boshlash zarur. Boshqorong‘ilik, toksikoz va boshqa bahonalar bilan turli aromatizatorlar, konservantlar va konserogenlar mavjud ovqatlarni, gazli va energetik ichimliklarni iste’mol qilishga ruju qo‘yiladi. Gazli va energetik ichimliklar homilador ayol qoni tarkibidagi kalsiy va fosfor elementlarining peshob orqali chiqib ketishiga, bu esa tug‘ilajak bolaning suyak va asab tizimi yetarlicha shakllanmasligiga sabab bo‘ladi.
Garchi onaning ko‘krak suti yetarli bo‘lsa-da, bolaga uchinchi-to‘rtinchi oydan meva sharbatlari, banan va yogurtga o‘xshash qo‘shimcha ovqatlar bera boshlashadi. Bu ham mutlaqo noto‘g‘ri. Go‘dak hayotining dastlabki olti oyi davomida imkon qadar ko‘krak suti bilan oziqlangani ma’qul.
Emizikli ayolni qat’iy parhezda tutish yaramaydi. Emishki, onaning yegan ovqati bolaning ichini surar emish. Ming afsuski, ayrim tibbiyot xodimlari ham shu kabi noto‘g‘ri tavsiyalar berishmoqda. Achchiq va sho‘r, hayvon yog‘i me’yoridan ortiq qo‘shilgan ovqatlar yeyilmasa kifoya. Gazli va energetik ichimliklar ham tavsiya etilmaydi.
Keyingi paytda 1–5 yoshdagi bolalarning kunlik rasionida aromatizator va konservantlar bo‘lgan notabiiy mahsulotlar keskin ko‘payib ketdi. Dudlangan va yarim dudlangan go‘sht, kolbasa, sosiska kabi yeguliklarni, sho‘r qoq non – kiriyeshkilarni berish, gazli ichimliklarni nihoyatda ko‘p ichirish, rangli muzqaymoq va shirinliklarni yedirish bolalarda oshqozon-ichak, buyrak, asab va yurak-qontomir kasalliklari, kamqonlik, avitaminoz hamda immunotanqislik keskin ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Farzandlariga rang-barang qog‘ozlarda, yaltiroq o‘ramlarda qadoqlangan sun’iy, kimyoviy ovqat mahsulotlarini yedirayotgan, gazli ichimliklarni ichirayotgan ota-onalarga qarata aytar edimki, bolangizga zahar bermang!
Fozil FARHOD,
yozuvchi:
– Kecha suzish havzasida Sardor degan yigit bilan gurunglashib qoldim. Aeroportda ishlar ekan. Yurtimizga kelayotgan 90 yashar yapon sayyohlari haqida gapirdi. Keksa bo‘lishiga qaramasdan chaqqon harakatlanar, safarda yo‘ldoshsiz yurar ekan. So‘ng umra yo hajga ketayotgan 60 yashar o‘zbeklar bilan solishtirdi: ko‘pchiligi semiz, sumkasini zo‘rg‘a ko‘taradi, yonidagi bolalari yordamiga muhtoj.
Mana, qarang, ikki millat – ikki manzara. Endi o‘zingiz o‘ylang, kim to‘g‘ri yashayapti? Qaysi millat uzoq umr ko‘ryapti? Shunaqa gap bor: yaponlardan kimdir 100 yoshda o‘lib qolsa, hammasi yosh ketdi, deb yig‘lasharkan. Bizning esa 100 dan birimiz 100 yoshga yetamiz yo yo‘q.
Yanvar oyi boshida men ham 111 kilo edim. Shu paytgacha hech qachon to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilmaganman. Bu haqda o‘ylamaganman ham. Qon bosimim doimiy 140/100 bo‘lib qolganini bilgach, bu ortiqcha vazn sababli ekanini ich-ichimdan his qildim va taomlanishni tartibga soldim. Suv ichish, ko‘kat, meva va sabzavotlar yeyishni ko‘paytirdim, nonni kamaytirdim. Kuniga 10 000 qadam yurish va uch-to‘rt kunda bir marta 1000–1500 metr suzishni odatga aylantirdim.
Natijada 4 oy davomida 111 kilodan 95 kiloga tushdim. Qon bosimim ham 120/80 bo‘ldi-qoldi. Yashashga, ijodga ishtiyoqim oshdi. Ruhiyatim ko‘tarildi. Sog‘lom turmush tarzining ta’mini totdim. Hayotning bu tomoni judayam yorqin ekan. Endi bir umr shunday yashamoqchiman. Nasib etsa, yaponlarday 100 yoshdan oshmoqchiman.
Siz-chi, aziz yurtdosh? To‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya qilasizmi? Fikrlaringizni izohda yozib qoldiring.
Nodirabegim Ibrohimova
Oyina.uz
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q