Mashhurlar mutolaasi: Davronbek Tojialiyev “Ruhiy tarbiya” to‘plamini tavsiya qildi


Saqlash
13:20 / 04.05.2022 1804 0

Bugungi mehmonimiz “Ziyouz.com portali asoschisi, jurnalist, bloger Davronbek Tojialiyev o‘zini o‘zgartirgan uch kitob haqida mulohazalarini bildirib o‘tdi. Davronbek Tojialiyevning “Kitob haqida kitob” nomli asari mushtariylar tomonidan qiziqish bilan o‘qilmoqda. Quyidagi tavsiyalari ham sizlarga foydali bo‘ladi, degan umiddamiz.

 

 

1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Ruhiy tarbiya” to‘plami inson hayot tarzi, ma’naviy dunyosini butkul o‘zgartira oladigan kitoblar sirasiga kiradi. U mo‘min uchun hayot-mamot ahamiyatiga ega “tazkiyatun-nafs” – nafs, qalb va ruhni poklash masalalariga bag‘ishlangan.

 

Kitob uch juzdan iborat. Birinchi juz – “Poklanish”da nafs pokligi va axloq sofligi uchun suv bilan havodek zarur bo‘lgan ilm, ibodat va amallar haqida so‘z yuritiladi. Ayni choqda, bandani yo‘ldan toydiruvchi eng xatarli ma’naviy illatlarni muolaja etish yo‘llari ko‘rsatiladi.

 

Ikkinchi juz – “Tiklanish”da poklangan nafsni yuqori maqomotlarga ko‘tarish borasida qimmatli ma’lumot va tavsiyalar beriladi.

 

Uchinchi juz – “Xulqlanish”da esa asosan Alloh taoloning xulqlari bilan xulqlanish va Rasululloh alayhissalomga ergashish shartlari, mazkur amallarning samarasi mo‘min bandada qay tarzda namoyon bo‘lishi haqida so‘z boradi.

 

2. “Xislatli hikmatlar sharhi” – anglash va hazm qilish birmuncha qiyin bo‘lgan kitoblardan. Menimcha, kuniga bitta hikmat va uning sharhini o‘qib, uqib olish kifoya qiladi. Darvoqe, mazkur kitob mutolaasidan avval uch jildli “Ruhiy tarbiya”ni o‘qigan ma’qul.

 

“Xislatli hikmatli sharhi” – misrlik mashhur alloma ibn Atoulloh as-Sakandariy qalamiga mansub “Hikam ul-Atoiyya” kitobining o‘zbekcha sharhidir. Ushbu kitob muallifning Qur’oni Karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari hamda boshqa islomiy ilmlardan olgan xulosalarining muxtasar ifodasidir. Hikmatlar uslub va ma’no, shakl va mazmun nuqtai nazaridan arab tilining yuqori “parda”larida bitilgan. Asar o‘z muallifining arab tili balog‘ati va fasohatini puxta egallagan adib ekaniga shohidlik beradi.

 

Atoulloh Sakandariy asari tarjimasini o‘qigan oddiy kitobxon hikmatlarning teran ma’no qatlamlarini to‘liq tushunmasligi mumkin. Shu bois “Hikam ul-Atoiyya” kitobiga bir qancha ulamolar sharhlar bitganlar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham hikmatlarni zamon va makon ila bog‘lab, mulohazaga undaydigan misollar bilan boyitgan.

 

3. “Majolisi Hakimul-umma” (“Ummat hakimining majlislari”) – Islom olamining mashhur olimi, “Bayonul Qur’on” sohibi, 1500 ga yaqin kitob yozgan hazrat Ashraf Ali Tahonaviy (1862-1943) rahimahulloh suhbatlari jamlangan hikmatli kitob. Uni alloma, Pokiston muftiysi Muhammad Shafe’ Usmoniy (1897-1976) rahimahulloh jamlagan.

 

Kitobdan ilk parchalarni 20 yillar avval ustoz Yorqinjon qori Fozilov (1978-2021) rahimahulloh ma’ruzalarida eshitib juda ta’sirlangandim. Kitob ilk bor o‘zbek tilida 2021 yili Yorqinjon qori Fozilov tarjimasida chop etildi.

 

Kitob muallifi alloma Tahonaviyning majlislaridan olgan o‘gitu saboqlari qaymog‘ini ta’sirchan tarzda bayon qilgan. Hikmatga boy ajoyib hayotiy hikoyalar va qissadan hissalar sizni o‘ylashga, tafakkur qilishga undaydi. Mana o‘sha ibratli naqllardan biri!

 

Hazrat Ashraf Ali Tahonaviy aytadi: “Bir insonga doimiy yashash uchun hovli hadya qilindi. Uning ijarada turadigan boshqa uyi ham bor. Ijaradagi uyi yaqin, o‘ziga mulk qilib berilgan hovli esa uzoqda ekan. Ikki uy ham xarob ahvolda. Haligi odamning puli esa bitta uyni obod etishga yetadi, xolos. Shunda o‘sha odam: “Uzoqdagi o‘z uyimni ta’mir qilgandan yaqindagi ijara uyni obod qilganim yaxshi”, debdi. Buni eshitgan hamma uni ahmoqlikda ayblabdi. Bizning ham misolimiz shunga o‘xshaydi. Bizga ham bu dunyo ijaradagi hovli. Biz oxiratdagi o‘zimiz uchun doimiy manzil bo‘ladigan uy qolib, 70-80 yilga berilgan ijara uyni obod qilyapmiz”.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//