Nonsiz qolsada “kontrakt” to‘lagan, loy ko‘chada qizini yelkasida ko‘tarib katta qilgan – otalar haqida to‘rt ta’sirli hikoya


Saqlash
15:10 / 29.04.2022 2768 0

Hayotda omadi yurishgan ayol-qizlarimiz ortida ko‘pincha tog‘dek suyanch bo‘lib otalari turadi. Bugungi qahramonlarimiz ham dadasining daldasi, qo‘llab-quvvatlashi tufayli ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Shu bois “Otangga rahmat!” degan birgina jumla ularga olam-olam quvonch keltiradi. Oyina.uz bugun jamiyatda o‘rnini topgan o‘zbek qizlaridan bolalik xotiralarini esga olish, muvaffaqiyat sirlari bilan bo‘lishishni so‘radi.

 

Mahfuza Ortiqova,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Yevropa ispan tili o‘qituvchilari assosiatsiyasi a’zosi:

 


– 1998-yil. Toshkent shahridagi oddiygina, birov nazariga ham ilmaydigan, mahallaning qora-qura bolajonlarigina qatnaydigan 157-maktab.

 

Kutilmaganda maktabga Jahon tillari universitetidan bir guruh o‘qituvchilar kelib qolishdi. Ularning yetakchisi rahmatli ustozim Sharifa opa Xolmatova edilar.

 

Maktabda shu-uncha sinf qolib, aynan men o‘qiydigan 5-“B” sinfida ispan tili o‘qitiladigan bo‘ldi. Sharifa opa bolalar chuvillashib yotgan xonaga kirib, “Bolajonlar, kim ispan tilini yaxshi o‘qisa, Ispaniyaga o‘zim bilan olib ketaman”, dedilar. Bola emasmizmi, chippa-chin ishondik. Jo‘shib ketdik. O‘sha kuni uyga qanot qoqib, uchib keldim, go‘yo. Kira solib, “Oyijon, adajon, ispan tilini yaxshi o‘qisam, Sharifa opam meni Ispaniyaga olib ketarkanlar”, dedim. Shunda dadam “O‘qi, qizim, hali menga Yevropani ko‘rsatasan”, dedilar.

 

Men hamma otalar shunday deb o‘ylagandim. Afsuski, unday emas ekan. Qolgan sinfdoshlarimning uydagilari “Qiz bolaga Ispaniyada pishirib qo‘yibdimi? Ertaga erga tegsang, ering olib borsa xo‘p-xo‘p”, deyishgan ekan. O‘sha dugonalarim ispan tilini o‘rganishmadi. O‘qishni istashmadi ham.

To‘g‘ri, Sharifa opam meni Ispaniyaga olib ketmadilar. Lekin har safar o‘zim Ispaniyaga borib kelganimda, qayerdandir eshitib qolsalar, katta boshlarini kichik tutib qo‘ng‘iroq qilar, bu tilni yaxshi o‘zlashtirishimga umid bildirar edilar.

 

Meni qo‘llagan, sindirmagan, qiziga mulk emas, shaxs deb qaragan, ilm olishim uchun doimiy sharoit yaratgan, qizi bilan faxrlangan otamning ilk so‘zlariga farishtalar omin degan ekan. Biz yaqinda Yevropaga yo‘l oldik va ko‘ngilli sayohat qilib qaytdik. Otamga hali butun dunyoni ko‘rsataman, deb niyat qilganman.

 

 

Mehrinoz Abbosova,

Yoshlar ishlari agentligi direktorining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, "Shuhrat" medali va Zulfiya mukofoti sovrindori:

 


– Bir vaqtlar men uchun eng xavfsiz joy dadamning yelkasi edi. Dadamning yelkasi jannatning bir parchasi edi. Taqdirimga shu insonning farzandi bo‘lib tug‘ilish nasib qilmaganida hozirgi Mehrinoz bo‘lmasdi, deb o‘ylayman. Shu vaqtgacha nimagaki erishgan bo‘lsam, dadamga qo‘ng‘iroq qilib “Bu yutuqqa siz erishdingiz”, deb aytaman. Dadam eng birinchi ustozim.

 

Men akalarimga nisbatan juda xunuk tug‘ilgan ekanman. Ko‘rgan odam yuzini burishtirar, yaqinroq qarindoshlarimiz: “Katta bo‘lsa, qanday “o‘tkazarkinmiz”, deb tashvishimni ham qilishgan ekan. Faqat dadamgina dunyodagi eng go‘zal qiz menligimga, mendek pari-paykar olamda yagonaligiga qattiq ishonganlar. Shungami, go‘dakligimdan hozirgacha “oy qizim” deb chaqiradilar.

 

Aniq eslayman, o‘shanda 3-4 yoshlar atrofida edim. Dadam meni loy ko‘chalarda yelkasiga ko‘tarib olib, har kuni soy bo‘yiga sayrga olib chiqardilar. Birgalikda oy, osmon, yulduz, gullar, yomg‘ir, umuman, meni qiziqtirgan hamma mavzularda suhbatlashardik, sirlashardik. 

 

Keyin 1-sinfga qadam qo‘ydim. Maktab direktorining nabirasi M. bilan tengdosh edik. U direktorning arzandasi va maktabda eng zo‘r kiyinadigan qiz bo‘lgani uchun aytgani-aytgan, degani-degan edi. O‘sha yili qish erta kelgani bois xolamning qizi bergan eskiroq kurtkani egnimga ilib, maktabga borib turishimga to‘g‘ri keldi. Kunlarning birida “maktab malikasi” hammaning ko‘z o‘ngida kiyimim eskiligini pisanda qildi. Qattiq xafa bo‘ldim. Dadam bilgandek, o‘sha kuni yangi, katak-katakli, kulrang palto olib kelibdilar. Xursandligimdan uxlolmay chiqdim.

 

Nihoyat, ertasiga uchib maktabga bordim. Borsam, meni ko‘riboq hamma qizlar piqillab kula boshladi. Keyin bilsam, sinfdoshim R. ham xuddi shunaqa paltodan kiyib borgan ekan. O‘g‘il bolaning kiyimini kiyib olibdi, deb battar mazax qilishdi. E’tibor qilsam, paltoning rangi ham, fasoni ham qiz bolanikiga o‘xshamasdi. Uyga kelib, bor gapni aytdim. Dadam ishonch bilan buni qiz bola ham, o‘g‘il bola ham kiyishi mumkinligini uqtirdilar. O‘sha zahotiyoq paypog‘imning mayda gulchalarini olib, paltomning yoqasiga tikib berdilar. Zumda butunlay boshqa ko‘rinishga ega bo‘ldi. Bu mening, o‘z-o‘zimning chiroyli paltom ekanligiga hech kimning gapi ta’sir qilmaydigan darajada ishontirdilar.

 

Vaqt o‘tib dadam bizlarni shaharga olib ketdilar. O‘qishimiz, ilm olishimiz uchun yaxshiroq sharoit qilib berishni xohladilar. Qo‘limdan ushlab badiiy gimnastikaga yetaklab borganlari, fortepiano va dutor chalishga qiziqqanim uchun musiqa maktabiga qatnaganlarim, namoz o‘qishni o‘rgatganlari, muqaddas kitobimiz qiroatiga ishtiyoq qilsam, eng yaxshi ustozlarga berganlari, 4-sinfligimdanoq ingliz tili kurslarida o‘qiganlarim, raqs to‘garagiyam qolib ketmagani, Namangandagi viloyat drama teatriga tez-tez tushib turishimiz, eh-he, sanasam, adog‘i yo‘q ekan.

 

Endi anglasam, dadam bolaligimdan fikrlarim, orzularim, maqsadlarim bilan hisoblashganlar. O‘zimga nisbatan kuchli ishonch uyg‘otganlar. Har doim dunyodagi eng yaxshi dadaning, xokisor va halol odamning qizi ekanimdan faxr tuyaman.

 

 

Sevinch Avazova,

“Yosh kitobxon 2022” tanlovi g‘olibi, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi:



 

– Otam uyimiz yaqinidagi zavodda haydovchi bo‘lib ishlaydi. Onam uy bekasi. Garchi oliy ma’lumot olmagan bo‘lsalar-da, biz farzandlarni ta’lim olishimiz uchun barcha sharoitlarni imkon qadar muhayyo qilishgan.

 

“Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazila boshlanganidan beri televizor orqali oilaviy tomosha qilib kelamiz. To‘g‘risi, avvallari bundan o‘zimni olib qochardim. Sababi, men tengi tanlov ishtirokchilari biror adib hayoti va ijodi yoki asarlari haqida gapirayotganida otam mendan “Qizim, shu haqida bilasanmi?”, “Bu asarni o‘qiganmisan?” deb so‘rardilar. Aksariyat hollarda mening javobim “yo‘q” bo‘lardi va bundan juda uyalardim...

 

Maktabni a’lo baholarga tamomlaganim, liseyda ham yaxshi o‘qiyotganim bois otam menga ishonardi. Ana shu samimiy, kuchli ishonchni oqlash uchun o‘zbek va jahon adabiyotining zabardast vakillari, ularning durdona asarlari bilan birin-ketin tanishib bordim. 2018-yili Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga davlat granti asosida qabul qilindim. Shundan so‘ng tanlov g‘olibi bo‘lish maqsadini qo‘ygandim...

 

O‘tgan yili tanlovning respublika bosqichida qatnashib, 4-o‘rinni egalladim. O‘shanda, to‘g‘risi, oila a’zolarimning, ayniqsa, otamning menga, mening kelajagimga ishonchiga putur yetib qolishidan qo‘rqqandim. Lekin ular meni qo‘llab-quvvatlashdi, “Kelasi yili g‘olib bo‘lasan, inshaalloh”, deb meni ruhlantirishdi.

 

O‘tgan yildan boshlab tanlov ishtirokchilari uchun tavsiya etiladigan adabiyotlar ro‘yxatidan ilmiy kitoblar ham joy oldi. Bu yil “Qiziqarli geografiya”, “Qiziqarli bilimlar olamida” to‘plamlari o‘qish uchun berilgan edi. Ilmiy adabiyotlar bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rish jarayoni menda juda ajoyib bo‘lgan. Otam men bilan tengma-teng o‘qib borganlar. Dasturxon atrofiga yig‘ilganimizda, hovlida yonlaridan o‘tib ketayotganimda ham otam “Dunyodagi eng katta qush qaysi?”, “Yer yuzidagi eng yirik anakonda qayerda o‘ldirilgan?”, “Donolar mevasi” nima?” kabi savollar bilan imtihon qilardilar, biror davlat nomini aytib, poytaxtini so‘rardilar.

 

Uyimizdan kutubxonagacha uzoq. Tanlovga tayyorgarlik jarayonida ko‘p vaqtim yo‘lda o‘tib ketmasligi uchun otam har oyda maoshining yarmini zarur kitoblarni sotib olishim uchun ajratardilar. Bugun uyimizda nihoyatda boy kutubxonamiz bor.

 

Bilasizmi, g‘amdan to‘kilgan yosh issiq, shodlik-xursandchilik yoshlari esa sovuq bo‘larkan. Bu tanlovda qatnashishdan asosiy maqsadim ota-onamning, yaqinlarim, ustozlarimning sovuq yoshlariga sababchi bo‘lish, ularning ishonchini oqlash edi. Xudoga shukr, niyatim amalga oshdi. Muvaffaqiyatimga sababchi bo‘lgan hamma-hammadan, ayniqsa, otamdan minnatdorman.

 

 

Nodira Nazar,

Germaniyadagi “Caritas Fortbildungsinstitut” talabasi, tarjimon:

 

 

– Hali-hali yodimda. Bir safar emlangani bordik, rosa yig‘layapman. Dadam esa “Qo‘rqma, qizim, men shu yerdaman”, deb meni onamga berib yuborib, ko‘chaga otilib chiqib ketdilar. Juda-juda yaxshi ko‘rardilar – ukol olayotganimda qarab turishga ko‘ngillari bo‘lmagan. Men esa otamning so‘nggi kunlarida tomiriga tusholmasdan bilaklarini ilma-teshik qilib tashlayotgan hamshiralarning qaltiroq qo‘llarini jimgina kuzatishga majbur qoldim...

 

Maktabda a’lo baholarga o‘qirdim. Dadam kelajakda do‘xtir bo‘lishimni istar, men esa tabiiy fanlarga qiziqmasdim. Iqtisodiyot yo‘nalishiga tayyorlana boshladim, ammo sharoitimiz og‘irlashib repetitorga pul topolmay qiynaldik. Tavakkal qilib, Jahon tillari universitetiga hujjat topshirdim. Kirolmadim.

 

Dadam xafa bo‘ldilar mendan. O‘qitolmadim deb ezilardilar. Ikkinchi yili ham shu, uchinchi yil ham... Depressiyaga tushib qolgandim. Uyga qamalib yig‘lab o‘tirardim. 2012-yil 171 ball bilan o‘qishga kirdim. Dadamning xursandchiligini ko‘rsangiz edi! Hammaga qo‘ng‘iroq qilib, “Qizim o‘qishga kirdi, kontrakt bo‘lsayam o‘qitaman”, deb xursand bo‘lib gapirardi. Hatto tuzukroq kiyim olishga puli bo‘lmasa ham, meni o‘qitishni istardi.

 

Uyimizda bir so‘m pul yo‘q. Boshni qaysi devorga urishni bilmaymiz. Men ayb ish qilib qo‘ygan boladek o‘zimni hammadan olib qochaman. Dadamning ko‘ziga qarolmayman. Onamga to‘lov-shartnoma asosida o‘qimayman, deyman-u, ich-ichimdan o‘qigim keladi...

 

Shukr, o‘qidik ham. Lekin juda katta qiyinchiliklar, qarz-havolalar, dadamning azoblari, onamning ko‘zyoshlari evaziga. Meni deb hatto bir burda nonga ham zor bo‘lishganini keyinchalik eshitdim. Shahardagi ijaram, xarajatlarim uchun bobom pul berardi, lekin kontrakt to‘lash vaqti kelaversa yoki to‘lamaganlar ro‘yxati faqat mendan iborat bo‘lsa, ota-onamning uyqularini qochirgan aynan men bo‘laman.

 

Shularning hammasini ko‘ra-bila turib, dadamning ra’yini qaytara olmasdim – to‘yga rozilik berdim. Lekin baribir ko‘nglim adashmagan ekan – uzoq yashay olmadim. Bir narsani bilishingizni istardim, hech bir qiz ota-onasining uyiga qaytib borish uchun turmushga chiqishni orzu qilmaydi.

 

Toshkentga keldim, maktabda ish boshladim. To‘yimdan keyin dadamning ko‘p tobi qochgan ekan, davolanishga puli yo‘q, kimgadir suyanay desa, suyanadigani bo‘lmagan. Bir kuni dadamning shifoxonaga tushganini aytishdi, chunki uch-to‘rt kunki qo‘ng‘iroqlarim javobsiz edi. Ko‘nglim juda g‘ash.

 

So‘nggi tun tonggacha qo‘llarini qo‘yib yubormadim. Meni xafa bo‘lmasin deb gapirishga urinadilar. Eh, dadam-a! Ichgisi kelmasa ham, qo‘limni qaytarmaslik uchun sutdan arang ho‘playdi. Lekin yutolmaydi, menga qarab qo‘yadi. Tamomlar bo‘ldim. Ko‘z yoshimni ko‘rmasin deb yig‘imni ichimga yutaman. Afsuski, birinchi maoshim dadamning janozasiga ishlatildi...

 

Ota-ona duosi beparda qabul bo‘ladi, degan gap haq ekan – O‘zbekistonda german filologiyasini tugatgandim, Germaniyada esa dadam istagan tibbiyot sohasida, imkoniyati cheklanganlar bilan ishlash institutida o‘qish nasib etdi. Yana ko‘p-ko‘p orzularim ushaldi. She’riy kitoblarim, nemis tilidan tarjimalarim chop etib kelinmoqda. Har doim ortga qaraganimda otam “Olg‘a, qizim! Orzularing yo‘lida davom et!” degandek bo‘laveradi.

 

 

Nodira IBROHIMOVA

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22526
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//