Xususiy mulk kishining o‘zini ham oldi-sotdi obyektiga aylantirishi mumkin – insonning jamiyatdan begonalashuvi


Saqlash
19:06 / 28.04.2022 1606 0

Yaqinda bir hamkasbim dardchil o‘ylaridan so‘z ochib qoldi: “Biz farovon yashashni istagandik, – dedi u.    To‘kin hayot bizni badxayollar, turmush tashvishlari-yu alamlardan xoli etadi, baxtiyor yashaymiz, deb o‘ylagandik. Hayotimiz farovonlik tomon o‘zgarmoqda. Ammo, ming vahki, insonni ichki bezovtalikdan xalos etish amrimahol ekan. Qarang, har yili bir necha million yurtdoshimiz chet ellarga ish topish ilinjida ketayotir. Qaytib kelganlar ko‘ziga tikilaman, goho hayotingizdan shodmisiz, deb ham so‘rayman. Yo‘q. Ularning ichki dardi, tashvishlari biznikidan ziyod. Oilalarga qarang. Ajrimlar har yili oshib bormoqda, ba’zi hududlarda u 3540 foizga yetgan. Sud mahkamalari arzchilarga to‘la. Barcha bezovta. Yurtdoshlarimizga nima bo‘lyapti o‘zi? Begonalashuv qismatimizga aylanib borayotgandek...”

 

Arastu “Odam – ijtimoiy mavjudot” deganida, o‘zi to‘liq anglamagan holda inson bilan jamiyat o‘rtasida nafaqat uzviy bog‘liqlik, shu bilan birga tafovut, hatto ziddiyatlar ham borligini e’tirof etgan. Donishvarning metafizikasi, hatto butun ijtimoiy-falsafiy qarashlari ana shu ziddiyatlar asosiga qurilgan. U tahlil qilinayotgan har bir narsa-hodisadan ichki tafovut, qarama-qarshilik qidiradi. Suqrot dialektikasi, ya’ni bahs orqali ziddiyatlarni ochib berish usuli Aristotel falsafasiga o‘tgan. Shundan beri falsafa, inson idroki o‘zi bilan boshqa “men”lar; “men” bilan jamiyat; shaxs bilan davlat, tuzum o‘rtasidan ziddiyatlar qidiradi. Aslida, mazkur dilemma yechimiga intilish naturfaylasuflar va Aflotun davridan beri mavjud. Keyinchalik uni Foma Akvinat xudo bilan bog‘liq ratsionalda, Yakob Byome ziddiyatlar va harakatlarni o‘ziga jo etgan mistik “birlik”da, Jorj Berkli “ma’naviy borliq”da, Jon Lokk aql-u idrokka tayanishda, Fridrix Nitshe yangi axloq, yangi din, yangi borliq yaratishga qaratilgan nigilizmda, Karl Marks sotsial inqilobda, Ieremiya Bentam inson ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan utilitarizmda, Arnold Toynbi madaniyatlar va sivilizatsiyalar muloqotida ko‘rdi. Sharq falsafasining buyuk vakili Konfutsiy uni ajdodlar merosiga sodiqlik, Lao Szi – beorom izlanishga moyil idrok, Budda – nirvana (g‘am-tashvishlardan xoli mistik hol), Shri Aurobindo – ideal umuminsoniy birlik, mutasavviflar – uzlatda yashab yetuklik izlashdan qidirdi. Xo‘sh, ular murodga yetdimi? Inson izlanishlari cheklanganini Umar Xayyom quyidagicha lo‘nda ifodalagan:

 

Dilim ilmlardan mahrum bo‘lmabdi,

Bir sir qolmadiki, mavhum bo‘lmabdi.

Tun-u kun o‘yladim yetmish ikki yil,

Angladim, hech narsa ma’lum bo‘lmabdi.

 

Yondashuvlar, maktablar ko‘p va rang-barang; ularning har biridan muammoga oid fikr topish mumkin. Ammo nuqtayi nazarlar ko‘paygani sari yechim topish o‘rniga muammo ustiga muammo qo‘shgan. Inson o‘zini o‘rtayotgan, bezovta qilayotgan savollarga hamon javob axtaradi. Borliqdan sir izlovchi idroki va o‘zidan qoniqmaydigan qalbi uni obyektiv bilan subyektiv o‘rtasida sarson kezishga majbur qiladi.

 

Insonni jamiyatdan begonalashuvga yetaklaydigan ziddiyatlarning tub negizi qayerda? Uni anglash mumkinmi? Anglanmagan muammoga yechim topish mushkul, albatta. Ayni choqda, idrok izlanar ekan, u umid qiladi; ammo bu umid mudom cheklangan va nisbiydir. Inson – qism, jamiyat – butun; ikkio‘rtadagialoqalarbarchaqism bilanbutuno‘rtasidagimunosabatlarkabidir.Bu munosabatlarning ijtimoiy-falsafiyjihatlarini ilkborAflotun ilg‘agan. U davlatni – butun, kishilarni esa unga itoat etadigan, o‘rnatilgan tartiblarga bo‘ysunadigan qismlar o‘laroq talqin etgan. Odamlar erishadigan baxt-saodat, farovonlik – butun tufaylidir. To‘g‘ri, donishvarning bu nuqtayi nazari keyinchalik davlatning rolini mutlaqlashtiruvchi qarashlarni keltirib chiqardi. Masalan, Hegelning falsafiy kratologik, ayniqsa, millat shakllanishiga oid qarashlarida shu ruh ustuvor. XIX-XX asrlardagi barcha falsafiy-siyosiy ta’limotlar bu yondashuvni davom ettirdi.

 

Davlat hokimiyatining uchga (qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyati) bo‘linishiga oid Monteskyo ilgari surgan g‘oyada fuqarolik jamiyatini shakllantirish maqsadi yotgani qayd etiladi; u qism bilan butun o‘rtasidagi munosabatlarni yangi tartibda tashkil etishga xizmat qilgan. Biz bugun barpo etishga intilayotgan fuqarolik jamiyati bor tafovut va ziddiyatlari bilan ana shu munosabatlarning hosilasidir. Davlatning butun bo‘lishga da’vogarligi, farovon va baxt saodatli hayot barpo etishga qaratilgan sa’y-harakatlari insonni bezovta qilayotgan o‘sha azaliy savollarga qoniqarli javobmi? Menimcha, yo‘q. Davlat butunlikka da’vogar, ammo u butunning o‘zi emas. Bu o‘rinda davlatning qismati barcha qismlar qismatiga o‘xshashini payqaymiz.

 

Bir qarashda insonni jamiyatga, qismni butunga qarshi qo‘yish yoki ular o‘rtasidagi tafovut va ziddiyatlarni qidirish metafizik o‘yin tuyuladi. Mulohaza yuritishga o‘ch idrok, tafakkur o‘zining borliq oldidagi ojizligini niqoblash, xaspo‘shlash uchun turli ta’limotlar yaratadi, fikrlarni o‘ylab topadi. Relyativizmga, hatto absurdga beriladi. Ha, barcha narsani yovuz o‘lim, mavhum borliq o‘z qa’riga tortib ketadi. Tanatologik qarashlarda aksioma mavjud – o‘lim haq. Mazkur aksioma inson bilan jamiyat, qism bilan butun o‘rtasidagi aloqalarga so‘nggi nuqta qo‘yishi mumkin. Biroq inson, uning idroki o‘limning mutlaq haqligiga ko‘nikolmaydi. U butun borlig‘i bilan o‘limni rad etib, hayotni, mavjudlikni ulug‘laydi. Ushbu nekbinlikni sharaflash, qo‘llab-quvvatlash insonni begonalashuvga yetaklovchi pessimizmdan xalos etadi. Mayli, u xato qilsin, adashsin, goho iblis gapiga kirsin, Qobil kabi o‘z inisiga tig‘ ko‘tarsin... baribir nimanidir yaratish fikridan voz kechmaydi, voz kecholmaydi ham. Aynan shu nuqtada u jamiyatga, butunga muhtoj. Jamiyat, butun insonni o‘zining qismiga aylantirib, undan yetuklik talab etadi. Yetuklik – butunda (Aflotun)! To‘g‘ri, uni talab etish hali yetuklikning o‘zi emas, unga yetish inson ixtiyorida. Inson o‘ziga shunday imkon berilganidan xabardor, hatto u dahriylik yo‘li bilan ham xudo dargohiga borishga ahd qiladi. Uning Bobil minorasi qurishga jazm qilgani shu sabablidir. Donishvar mistik Emmanuil Svedenborg xudo bilan suhbat qurganini aytadi. Mansur Halloj esa “Anal Haq”, ya’ni “Men Haq”man deydi. Bu – aslida, butunlik, yetuklik da’vosi. Bu yaxshimi yoki yomonmi? Ikkalasi ham. Yaxshi tomoni shundaki, butunga, yetukka intilish insonni hayotni sevish, e’zozlash, F.Nitshe iborasi bilan aytganda, “o‘zidan o‘zib” yashashga undaydi. O‘zidan o‘zishga, kechishga intilmaydigan kishi yetuklik istamaydi, biror e’tiborli narsa yaratolmaydi ham.

 

Ko‘kdan so‘radim do‘st, yor ber, deb.

Jinday omad, jinday ishq ber, deb.

Tilaklarim yetdi Samoga,

Javob keldi, o‘zingdan kech, deb.

 

Ha, do‘st-yor orttirish, omad va ishq o‘zingdan o‘zishni, kechishni taqozo etadi. Mazkur altruizmda nafaqat jasorat va pokdomonlik, xokisorlik, hatto junun mavjud. Ayolga oshiqlik naqadar telbalik bo‘lsa, hayotga oshiqlik ham shunday. Kimda ishq kam (bundan mutlaq mahrum kishi uchramaydi) ekan, u shubhasiz jamiyatdan begonalashadi. Bu – begonalashuvning ibtidosi. Insonni begonalashuvdan, pessimizmdan xalos qilish uchun uni hayotni sevishga, umuman, oshiqlikka o‘rgatish kerak. Hayotda tushkunlik uyg‘otuvchi sabablar ko‘p: bedillik, bevafolik, noshukurlik, oqpadarlik, tovlamachilik, ruhiy xastalik... Islom “odamning bir yelkasida shayton o‘tiradi” deb behuda ogohlantirmaydi. Inson qalbi yashashga, hayotni sevishga, oshiqlikka muntazir. To‘g‘ri, hayotni sevishga, oshiqlikka o‘rgatish mushkul-murakkab vazifa, ammo insonni begonalashuvdan qutqarishning boshqa yo‘li yo‘q.

 

Butunlik, yetuklikka da’vo qilishning salbiy jihati shuki, u odamda kibr, o‘ziga mahliyolik, xudbinlik uyg‘otishi mumkin. Altruizmning aksi bo‘lgan bu illat ko‘pgina aql egalarida elita, aslzodalargina kishilik jamiyatini boshqarish va e’tiborli narsalarni yaratishga qodir, degan qarashni shakllantirgan. Aflotun “qodir”lar siymosini – faylasuflarda, Tomas Karleyl – qahramonlarda, Karl Marks – proletariatda, Xose Ortega-i-Gasset va Nikolay Berdyayev esa elitada ko‘rdi. Payg‘ambarlar, avliyolar, daholar, noyob fazilatli kishilar haqidagi ta’limotlar ana shu yondashuv hosilasi hisoblanadi. Olimlar fikricha, har bir go‘dak noyob fazilatlar egasi, uning vujudiga daholik salohiyati jo. Karl Popper fikriga ko‘ra esa: “Hamma – faylasuf, ammo kimdir ko‘proq faylasuf, kimdir kamroq”. Tafovut ana shu miqdordadir.

 

Qiziqki, jamiyatdan begonalashuv noyob aql, fazilat egalari ichida ko‘proq uchraydi. Uzlat – so‘fiylar, zohidlik esa Budda va Henri Toro ilgari surgan paradoksal hodisalardir. Aslida mutlaq begonalashuv yo‘q, shaxs mudom ijtimoiy muhit ta’sirida shakllanadi. Demak, jamiyatdan begonalashuv – o‘y-xayol mahsuli, lekin u inson ruhida mudom mavjud. Tasavvur, o‘y-xayollarini, hayotini ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradigan vajlar kishini yon-atrofdan, jamiyatdan qochishga majbur etadi.

 

Begonalashuvda mistitsizm bor. Mistikaga berilish inson qalbidan chuqur joy olgan. Hatto ratsional yondashuvni ulug‘lovchi Yevropa tafakkuri ham bundan xoli emas. Diniy falsafiy maktab vakillarining barchasida mistitsizm ta’sirini uchratish mumkin. Vaholanki, inson bilan jamiyat aloqalari aniqlik, ratsionallikni taqozo etadi; butun jamiyat mistitsizm qo‘ynida qolishi mumkin emas. Keyingi yillarda shu xil ta’limotlardan, ayniqsa, tasavvufdan ratsionallik izlash, jamiyat ongiga mistitsizmni singdirishga intilish kuchaydi; ammo uning inson va jamiyat aloqalarini aqlga muvofiq tashkillashtirishiga men ishonmayman. Chunki unda noreallikka intilish kuchli, binobarin, u insonning jamiyatdan, reallikdan begonalashuviga sabab bo‘lmoqda. Din va qalam ahlining mistitsizmga berilishi odatiy hol, shu sababli ular idrok qabul qilolmaydigan, uning anglash doirasini kengaytiradigan tasvirlar, g‘oya va asarlar yaratadi. Yaratish onlarida din va qalam ahli jamiyatdan, reallikdan uzoqlashadi. Mazkur begonalashuv xayolotni kengaytiradi, kishini arshi a’loga yetaklaydi. Biroq inson xayoli qanday go‘zal, beg‘ubor va serjilva borliq yaratmasin, uning jamiyat bilan aloqalari mudom ratsional yondashuvga asoslanadi. Demak, ratsional bilan irratsional, aqliyat bilan xayolot o‘rtasidagi tafovutlar, ziddiyatlar insonda jamiyatdan begonalashuv tuyg‘usini uyg‘otishi mumkin. Shunday fikrga kelganmanki, insonni mistik kechinmalardan butkul xalos qilib bo‘lmaydi, ammo ularni badiiy estetik ijod, izlanishlar sari yo‘naltirish mumkin. Bu inson uchun ham, jamiyat uchun ham foydali.

 

Jamiyatdan begonalashuv – alohida fenomen. U avvalo inson ruhiyati, sensitiv, ayniqsa, pessimistik kechinmalari, borliqni anglash jarayonida orttirgan gnoseologik tajribalari bilan bog‘liq. Shu sababli u – individual hodisa. Individ – begonalashuvning ham subyekti, ham obyekti. Begonalashuvning fojiaga aylanishi boisi – inson. U o‘zini jamiyatga, yon-atrofga qarshi qo‘yadi va hayotini dramaga aylantiradi. Shu sabab ham begonalashuvga da’voni individning o‘zidan, uning ma’naviy-ruhiy olamidan qidirish zarur. G‘arb olimlarining inson ruhiyatini davolash, psixoterapiya bilan izchil shug‘ullanayotgani bejiz emas. AQShda har o‘n nafardan bir kishi depressiyaga mubtalo, ularning 15 foizi o‘zini o‘ldirishgacha boradi. Shuning uchun ham Endryu Solomon depressiyani “dunyodagi eng vahshiy qotil” deb ataydi (Соломон Э. Демон полуденный. Анатомия депрессии. Москва, “Добрая книга”, 2004. Стр. 32).

 

Begonalashuvning eng dahshatli oqibati – xudkushlik. Ilm-fanda “suitsid” deb ataladigan bu ofat har yili 800 ming kishining umriga zomin bo‘ladi, 1529 yoshdagilar ichida ko‘proq tarqalgan. Rasmiy manbalarga ko‘ra, xudkushlik kam va o‘rtacha rivojlangan davlatlarda ko‘proq uchraydi. Deyarli barcha dinlar va ma’naviy-axloqiy qadriyatlar suitsidni qoralaydi. Hayot – ilohiy ne’mat, insonni undan mahrum qilish huquqi hech kimga berilmagan. Kishi yashashni istamay qolganida, yuzaga kelgan muammoni hal etishga o‘zida kuch va imkoniyat qolmaganini bilganida oxirgi chora sifatida joniga qasd qiladi. Aslida bu – shaxs bilan muhit, jamiyat o‘rtasidagi ziddiyatning keskinlashuvi ifodasidir. Inson butunning taqdiriga ta’sir etish imkoniga ega ekanini unutadi...

 

Begonalashuvga ijtimoiy o‘zgarishlar ham sabab bo‘ladi. Jamiyat hech qachon bir tekis rivojlanmagan. U fluktatsion, ya’ni to‘lqinsimon o‘zgarib, rivojlanib keladiki, bu odamlar hayoti, tasavvur va munosabatlariga ta’sir etmay qolmaydi. Ayrim kishilarning jamiyatdagi o‘zgarishlarga befarqligi, xudbinlikka berilishi yoki ijtimoiy davrani tark etishi ana shu ta’sir tufaylidir. Befarqlik goho beozor hodisa ko‘rinadi, muammo uyg‘otmaydi, shuning uchun qoralanavermaydi. U pinhona holat, uni ilg‘ash, qoralash qiyin. Demokratik muhitda u hatto shaxs huquqi, uning erkin yashash tarzi o‘laroq qaraladi. Ammo befarqlik bilan begonalashuv orasi bir qadam. Agar loqaydlik uzoq davom etsa, muqarrar tarzda muhitdan, jamiyatdan begonalashuvga olib keladi.

 

Anglangan va anglanmagan befarqlik bor. Keyingisini ijtimoiylashtirish mumkin, ammo anglangan loqaydlikni o‘zgartirish mushkul. Anglangan befarqlik shaxsiy ruhiy kechinma o‘laroq yon-atrofdagi voqealarni ratsional idrok etmaslik, goho ularga zid pozitsiyada turish shaklida voqelanadi; u ko‘pincha oppozitsiyani keltirib chiqaradi.

 

Egoizm bevosita befarqlik mahsuli emas, u “men”ning mutlaqlashtirilishidir. Demokratiya sharoitida “men” o‘zini mutlaqlashtirishga osongina asos, vosita topadi; bunga G‘arb voqeligidan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Sharq demokratiyasi esa hamon kommunitarizm tarafdori, u shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni ijtimoiy taraqqiyotga yo‘naltirishga intiladi. Kommunitarizm egoizmga, ijtimoiy qadriyatlar befarqlikka o‘rin qoldirmaydi. Bu bilan biz, befarqlik G‘arb demokratiyasi sharoitidagina mavjud, degan fikrdan yiroqmiz. Faqat o‘z qadriyatlarinigina tan oladigan, ulug‘laydigan jamiyat mohiyati va butun tizimi bilan global rivojlanishga befarqligini namoyish etadi. Goho butun xalq, millat global rivojlanishga befarq qolishi, shu zaylda insoniyat hayotidan begonalashuvi mumkin. Bu hodisa ilm-fanda “etnoegoizm” deb ataladi.

 

Inson ruhida intravertlik va ekstravertlik yonma-yon yuradi. Birinchisi odamning o‘z tashvishlari, manfaat va o‘ylari bilan bandligini; ikkinchisi esa tashqi olam, jamiyat, yon-atrof haqida qayg‘urib yashashini bildiradi. Bu xislatlar jamiyatdagi munosabatlarga muvofiq bo‘ladi, ijtimoiy hayotdagi ziddiyatlar qancha o‘tkirlashsa, intravert va ekstravertlar o‘rtasidagi tafovutlar ham keskinlashadi.

 

Biz XX asr oxirlarida xususiy mulk ijtimoiy taraqqiyotga eltadi, farovon yashash imkonini beradi, barcha iqtisodiy muammolarimiz o‘zidan o‘zi hal etiladi degan havoyi o‘ylarga berilgandik. Endi ma’lum bo‘lmoqdaki, xususiy mulk oilaviy munosabatlarga aks ta’sir etishi, shaxsda mulkchilik instinktini o‘stirishi, hatto kishining o‘zini ham oldi-sotdi obyektiga aylantirishi mumkin ekan. Xususiy mulk shaxsda introvertlik (o‘z qobig‘iga o‘ralib olish)ni qo‘llab-quvvatlash orqali uni oiladan, jamiyatdan yiroqlashtirayotgani oila institutini asrab qolish muammoga aylanib, fohishabozlik va iqtisodiy jinoyatlarning oshib borayotganida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bunday shaxs oila va jamiyatga ham xususiy mulk sifatida qaraydi. Bu – begonalashuvning yangi, zamonaviy ko‘rinishi. Biz intilayotgan, ideal deb qarayotgan G‘arb modeli ana shu asosda yangi fenomen shaklida voqelanmoqda, u – sharqona individualizmdir.

 

Sharq individualizmi alohida o‘rganishni taqozo etadi, bir maqolada unga xos barcha jihatlarni ochib berish imkonsiz. Fikrimizcha, uning asosiy belgilari – har qanday ijtimoiy-huquqiy norma, qonunlarni mensimaslik; korrupsiya va zo‘ravonlikni oilaviy an’anaga aylantirish; patriarxal boshqarishga moyillik; burjuaziyadagi nomaqbul, bad illatlarni o‘zlashtirishga intilishda namoyon bo‘lmoqda. Biznes va tadbirkorlik niqobi ostida avj olayotgan sudxo‘rlik inson bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtiradi, bu esa begonalashuvni muqarrar hodisaga aylantiradi.

 

...Iso payg‘ambar yarimta g‘ishtni boshi ostiga qo‘yib, uxlab yotar edi. Ko‘zini ochsa, ustida la’in iblis turganmish.

 

– Ey mal’un, bu yerda nima qilyapsan?

 

– G‘ishtimni boshing ostiga qo‘yibsan, – debdi Iblis. – Bilasan-ku, dunyo meniki, demak, g‘isht ham meniki. G‘ishtni boshing ostiga qo‘yib mening mulkimga tajovuz qilmoqdasan, o‘zingni mening qatorimga qo‘shyapsan (Fariduddin Attor. Mantiq ut-tayr. Nasriy bayon. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2006. 105-106-betlar). Iso payg‘ambar taraddudda qolibdi. Yashash qayg‘usi, nahotki, insonni iblis yaloqiga ko‘z tikib yashashga majbur etadi... majbur etaveradi? Bu endi boshqa maqola mavzusi...

 

Viktor ALIMASOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 2-son.

“Begonalashuv” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 124
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//