Adabiyot xalqning ruhiy dunyosini, ichki olamini so‘z orqali yuzaga chiqaradigan, millatning ma’naviy qiyofasini o‘zida mujassam etadigan va uni osmonlar qadar yuksaltiradigan san’at turlaridan biridir. Adabiyot insonning ijtimoiy holati, mavqei yoxud martabasini bir chetga surib, yetti yoshdan yetmish yoshgacha har kimni bir xil maqomda aziz va muhtaram qabul qiladigan xilqatdir.
O‘zbekiston zamini boshqa o‘lkalardan farqli va bebaho. Chunki tuprog‘i pok, havosi musaffo, insonlari samimiy. Bu yurtda voyaga yetganlar uchun she’r yozish yo taqdir, yo farz hisoblanadi. So‘zimning isboti sifatida esa Lutfiy va Navoiy, Bobur va Nodira, Mashrab va Ogahiy, Cho‘lpon va Oybek, Mirtemir va Usmon Nosir, Abdulla Oripov va Erkin Vohidov kabi har biri dunyoga teng ijodkorlarni keltirish mumkin. O‘zbekiston tuprog‘i adabiyotga sehrli qalam sohiblarini bergan va beraveradi.
Bu yurt farzandlarining qalbiga jasorat solgan, ko‘ngillarini ilhom nuri bilan to‘ldirgan, shu bois o‘tkir so‘zli shoirlar izma-iz yetishib chiqadi. Muhammad Yusuf ham xuddi shunday ijodkorlardan edi. She’rlarini yoniq qalb bilan yozgan shoir, yaqinlarining aytishicha, kam gapirib, ko‘p eshitadigan, samimiy inson edi, hamisha Vatanining parvonasi edi.
Adabiyot doimo “qorong‘u kechani yoritish” uchun xizmat qiladi. Ushbu maqsad yo‘lida kurash olib borgan, o‘z yurtini sevib, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilgan, ona tuprog‘ini asarlarida ko‘ngildan kuylagan shoirni xalqi ham, yurti ham e’zozlaydi. Muhammad Yusuf ota makonini bir farzand sifatida bor samimiyati bilan, qalbini osmonlar qadar keng qilib tarannum etgan.
“Ey do‘stlarim, dunyoda Ortdan qolgan iz yaxshi”, degan Muhammad Yusuf ona xalqining qalbida o‘chmas iz qoldirdi. Shoirning hayotini, inonchini, dunyoqarashi, qalbi, tili va yo‘lini bor bo‘y-basti bilan she’rlarida ko‘rish mumkin. Uning zohiri ham, botini ham she’rdir.
Muhammad Yusufning misralari o‘z-o‘zidan yaralib qolmagan. Yaratganning O‘zi unga ato qilgan iste’dod onalarning sevgisi va sog‘inchi bilan, otalarning zahmati, go‘zal qizlarning kulgusi bilan shakllanib rivojlangan, dilbar va otashin bir ovozga aylangan. Ya’niki, uning she’rlari sevgi va sog‘inch, dard va hijron, hayot va o‘lim, visol va ayriliq maktabi bog‘ida ochilgan guldir.
Muhammad Yusufning she’rlari savol berib, javob izlatib o‘quvchisini o‘ylanishga majbur qilmaydi. Chunki shoir yuragidagi to‘fonlar she’rga aylanib qog‘ozda aks etar, o‘quvchining ko‘nglini ochib, dard-u baxtini bo‘lishar edi.
She’ri o‘ziga, o‘zi esa she’riga o‘xshagan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf o‘zining qisqa lekin samarali kechgan umrida boy adabiy meros qoldirdi.
Vatanining ozodligi, millatining baxti, o‘lkasining yorug‘ kelajagi uchun yonib-kuygan shoirning asarlari xalqining sof yuragida yuksak maqomga ega bo‘ldi.
Men dunyoni nima qildim,
O‘zing yorug‘ jahonim.
O‘zim hoqon,
O‘zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim.
Yolg‘izim, yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim...
O‘tgan asrning so‘nggi choragida adabiyotga ilk qadamlarini qo‘ygan shoir nafis va takrorlanmas she’rlari, dostonlari bilan o‘zbek she’riyati osmonida yulduz kabi porlay boshladi. Samimiy va go‘zal ifodalari, har bir misraga singib ketgan uslubi bilan xalqning qalbida o‘z o‘rnini topdi.
Mustaqillik davrida ijodi gurkiragan shoir ajdodlarga chuqur hurmati, ozodlik shukuhi, kelajakka ishonchi tufayli ham millatining baxtiyorligini tilga keltirishdan charchamay ijod qildi. Vataniga cheksiz sevgisini, xalqining dardi va baxtini tarannum etishdan bir nafas ham to‘xtamagan bulbulnafas shoirga endigina 44 yoshga qadam qo‘ygan bo‘lishiga qaramay, 1998-yili O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berildi.
Dunyoga boq, qaddi sendek kim bor yana,
Dovrug‘i ham dardi sendek kim bor yana.
Xalq bo‘lishga haddi sendek kim bor yana,
Moziyni yod etay desang – xalq bo‘l, elim.
Sen tebratgan beshigini Sohibqiron,
Sening bolang yulduzlarga qo‘ygan narvon.
Bir mayizni qirqqa bo‘lgan bir tan-u jon –
Kunlaringga qaytay desang – xalq bo‘l elim.
Said Ahmadning ta’rif va tavsifiga ko‘ra, Muhammad Yusuf pokiza inson edi. Odamlarni xayolga cho‘mdiradigan, kuldiradigan, yig‘latadigan, bilgan va o‘rganganlarini millati bilan baham ko‘radigan bir sahovatpesha qalb sohibi edi. Barchani do‘stdek ko‘rar, hech kimni yotsiratmas, qo‘lidagi borini boshqalar bilan bo‘lishmasa, ko‘ngli joyiga tushmas edi.
Muhammad Yusuf Shavkat Rahmon xotirasiga bag‘ishlagan “Lolaqizg‘aldoq” she’rida:
Mendan nima qolar:
Ikki misra she’r,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq”, –
degan edi. Bizning fikrimizcha, bu yerda biroz xato borga o‘xshaydi. Shoirdan bizga “bir uyum tuproq” emas, buyuk ma’naviy xazina – she’riy xazina qoldi. U bu she’riy xazina orqali esa bir ulkan meros qoldirdi. Ya’ni:
Vatanga sadoqat,
Millatga ixlos,
Hayotga tuganmas muhabbat!
Xalqining yuragiga huzun solib, bu dunyo bilan vidolashgan Muhammad Yusuf vafotidan keyin ham go‘yo tirik tarixga aylandi. Doimo millati bilan, Vatani bilan birga – doimo muxlislari qalbida yashashda davom etmoqda va etadi.
Vali Savash Yelok,
Anqara Hoji Bayram Vali universiteti professori
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q