Hamma davrda ham jamiyat o‘z ideallarini yaratishga intilgan. Biz o‘tmishning qahramonlari haqida asosan badiiy asarlar orqali bilamiz. Bugun yozuvchilar asarlarida qanday insonlar obrazini gavdalantirishga harakat qilmoqda? Kimlarni zamona qahramoni sifatida ko‘ryapti? Oyina.uz mazkur savollarga javob topish maqsadida o‘zbek nasrining taniqli vakillarini savolga tutdi.
Abduqayum Yo‘ldoshev:
– Albatta, bahaybat cho‘kichining bir zarbi ila yuksak tog‘larni qo‘porib tashlab, tashnalikdan nolon ahli fuqaroga obi hayot olib keladigan filmonand qahramonlar faqat cho‘pchaklarda uchraydi. Kunlik rejani sakkiz yuz-ming foizga bajarib tashlaydigan allaqanday tosho‘yar staxanovlaru ketmonda (!) kanal qazuvchilar ham hozirgi kunda kishiga erish tuyuladi. Bugungi zamon qahramonlari sal... nima desak ekan, oddiyroqdek, shu zaminda, oramizda yashaydigandek, biz bilan bir havodan nafas oladigandek.
Illo, hammamizga ayon haqiqat shuki, umumiylik – xususiyliklar yig‘indisidir. Bas, shunday ekan, tan olaylik, bugungi kun qahramoni o‘z o‘rnida, o‘z vazifasini, o‘z burchini vijdonan ado etadigan, iymon va insof, vijdon va diyonat yo‘rig‘idan og‘ishmaydigan har bitta Insondir. Ko‘paysin bunday qahramonlar!
Aslida har bir katta-kichik bitigimiz bugunimizning ana shunday, ehtimolki, tabiatan xoksor, aslida esa benihoya buyuk qahramonlarimizga nisbatan ehtirom va... sog‘inch bois ham dunyoga kelgandir.
Birgina misol bilan kifoyalanay. Besh-olti yil bo‘lib qoldi, oliy aviasiya harbiy bilim yurtida xizmat safarida bo‘lishga to‘g‘ri kelib qoldi. Rahbariyat bir ofiserni tavsiya qildi. O‘taketgan kamtarin zobit ekan deng. Gapirmaydi. Savollarimizga javob ham qisqagina: “Ha... yo‘q...” Bo‘lmasa “Jasorat” medali bilan taqdirlangan... Nihoyat tun yarimlab qolganda ofiser yorildi. Ayon bo‘ldiki, bu kishi bir operasiya paytida o‘z jonini xatarga qo‘yib, uchish mumkin bo‘lmagan sharoitda vertolyotda qo‘shimcha kuchni kerakli joyga yetkazib borgan va bu bilan o‘nlab askarlarimizning hayotini saqlab qolgan ekan. Tap-tayyor qahramon, shunday emasmi?!
Shu kamtarin ofiserni bosh qahramon qilib olib ssenariy yozdik, keyin film bo‘ldi. Baribir ko‘nglimdagi gaplarning hammasini qog‘ozga tushirolmaganim sababmi, “Osmon og‘ushi” degan qissa tug‘ildi. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda “Zamonamiz qahramoni” ruknida kitob bo‘lib chiqdi...
Luqmon Bo‘rixon:
– Zamona qahramoni haqida so‘z borarkan, oddiy va jo‘n, asrlar osha donishmandlar bot-bot takrorlab kelayotgan falsafiy nuqtai nazarga qo‘shilaman va bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas, degan qarorga kelaman.
Hayotdan nolimaydigan, boriga shukr, yo‘g‘iga sabr qiladigan odam zamona qahramonidir. Taloto‘plarga aralashmaydigan, dunyo talashmaydigan, bor imkonidan foydalanadigan, yo‘g‘iga chiranmaydigan odam zamona qahramonidir.
Umrning har lahzasidan hikmat, lazzat topib yashaydigan, so‘nggi yo‘l qabriston orqali o‘tishini aslo unutmaydigan va shunga doimo taraddud ko‘rib yuradigan odam zamona qahramonidir.
Qayg‘uyu quvonchga pinak buzmaydigan, hovliqmaydigan, “in ham guzared” deb qo‘yadigan odam zamona qahramonidir. Oxir-oqibat dunyoga kulgi bo‘lishidan avval dunyoning ustidan qah-qah urib kulib ketadigan odam zamona qahramonidir.
Hamma asarlarimda ham o‘zim istagan zamona qahramonini tasvirlashga harakat qilganman. Lekin asl qahramonimni ushbu so‘rov bo‘yicha yozganim kabi tasavvur etaman. Bu borada ham bir ko‘lamliroq bitik rejalashtirib qo‘yganman. Xudo xohlasa, qog‘ozga tushar.
Risolat Haydarova:
– Zamona qahramoni deganda davrning bor fazilati yoki illatini o‘zida jamlagan, o‘sha davr qiyofasini tajassum qilgan kishi tushunilardi.
Holbuki, mening nazarimda, yozuvchi o‘z zamonasidagi jamiyatda qay bir sifatlar ustun bo‘lishini istashi nuqtai nazaridan ham zamonasi qahramonini yaratadi.
Men o‘zbek adabiyotida yaratiluvchi zamona qahramonini ma’rifatli inson obrazi sifatida ko‘raman. U sharqona tomirlarida mustahkam o‘rnashgan, lekin jahonning ilg‘or tamoyillaridan xabardor ziyoli inson.
“Mag‘rura” qissamda mana shunday kishilar obrazini yaratishga intildim. Bosh qahramonim – Mag‘rura o‘zbek mumtoz adabiyotini tadqiq etayotgan yosh olima, fors, arab, ingliz va rus tillarini yaxshi biladi, jahon zamonaviy musiqa san’atini sevadi, jon deb oshxonada kuymalanadi, universitetdagi talabalari ko‘nglida kitobga va adabiyotga muhabbat uyg‘otishga intiladi. Yaxshi ko‘rgan mashg‘uloti – otasining kutubxonasini titkilash. Syevadi, javobsiz muhabbatdan azoblanadi, xiyonatdan kuyadi. Lekin hayotdan bezmaydi, hayotni qiyinchiliklari bilan ham, ayriliq va azoblari bilan ham sevadi. “Mag‘rura”dagi olima ayol Naziraxon ham olima, talabalik payti oila qurgan, bir umr turmush o‘rtog‘i bilan birga ilm so‘qmoqlaridan yurib o‘tgan, sevgan kishisi bilan birgalikda yillar davomida oila qo‘rg‘onini qurgan ayol. U Mag‘rurachalik muhabbatdan kuymagan, o‘z tengini topolmay qiynalmagan. U ham zamonamiz qahramoni.
“Karantin” qissamning bosh qahramoni – Malika esa ellik yoshlarda, oilali, rahbar lavozimlarida ishlayotgan bilimli va ma’rifatli ayol. Bugungi kunimizdagi ba’zi ayollarga o‘xshab oila baxtini xizmati yoki lavozimi, shuhrati yo‘lida qurbon qilib yubormagan. O‘z qadrini biladi, obro‘ va hurmatga, nufuziga faqat o‘z bilimi va iqtidori bilan erishgan.
Ikkala qahramonim ham ayollik baxtini birinchi o‘ringa qo‘yishini istadim. Balki bu so‘zim g‘alati ko‘rinar. Lekin zamona qahramoni qanchalik yuksak sifatlar egasi bo‘lmasin, avvalo inson va baxtga intilib yashaydi. Menimcha, shunday bo‘lishi kerak.
Jasur Kengboyev:
– Men uchun zamon qahramoni – bezovta odam. Bunday odam mudom nimadandir og‘rinadi, yuragi g‘ash tortadi, ko‘ngli to‘lmaydi. Nimalargadir qayg‘uradi, muammolarni yechgisi, o‘zi yo o‘zgalar hayotini o‘nglagisi, kam-ko‘stini to‘g‘rilagisi, eng muhimi, inson ko‘nglidagi chigalliklarga yo‘l topgisi keladi. Xullas, jonsaragu jonhalak.
Zamonamiz qahramoni deganda aniq kasb yo sohadagi odamlarni sanamaganim sababi shuki, yuragi doim bezovta urib, jonsaraklik qilmas ekan, hech jabhada zamon qahramonini yaratib bo‘lmaydi. Mening hikoyalarim qahramonlari oddiy, o‘zim tasvirlaganday, bezovtagina odamlar. Ularning yelkasiga “zamon qahramoni”dek og‘ir yukni ortib bo‘lmaydi-yov. Buning uchun hali durustroq, salmoqliroq va zalvorliroq biror nima yozish kerakki, bu yukni ko‘taraman deb qahramonlari mayib bo‘lib qolmasin, deb o‘ylayman. Tasvirlamoqqa urinishlarim, intilishlarim – boshqa gap. Aytishga arzirli bo‘lganida, hafsala bilan bayon etarman.
Raxshona Ahmedova:
– Bugungi dunyo boshqa: zamon shiddati tez, odamlarni hayron qoldirish qiyin, qahramon tanlash ham. Chunki hayratlanmay qo‘yganimizga ancha bo‘lgan. Nazarimda, zamona qahramonlarini dunyo shovqini ichra o‘zini yo‘qotib qo‘ymayotgan, nima bo‘lganda ham mustaqil fikrini aytayotgan, oqimga qarshi suzayotgan, o‘z dardi dunyosidan ortib, o‘zgalar uchun yashayotgan va eng muhimi, insoniyligini saqlab qola bilganlar orasidan axtarish kerak. Ana shularni bugun o‘rnak qilsa arziydi.
Men ko‘proq, sizu bizga o‘xshagan, o‘zini axtarayotgan, xato-kamchiliklari bisyor, orzu-armonlari ko‘p oddiy insonlar siymosini gavdalantirishga harakat qilganman. Eng asosiysi, asardagi obrazlarning yuragi urib tursin. Masalan, “Orzu va dengiz” hikoyasidagi Amangeldi ota bilan Ayjan xola. Suv to‘lqinlari chekindi, qum barhanlarigina qoldi. Qishda juda sovuq, yozda juda issiq. Tuz bo‘ronlari ichida yashab kelayotgan bu chol-kampir o‘g‘li bilan birga shaharga ko‘chib ketsa bo‘lardi. Yo‘q, ona yurtini boricha sevib, o‘lgunicha Orolning qaytishini kutdilar.
Yoki bo‘lmasa, “Haqiqat shamoli”dagi Nodir, hamma qatori qarsak chalib o‘tirsa yoki qo‘shilib maqtasa, baholash mezoni kelganida yuzxotirlik qilsa, arzimas narsani ko‘kka ko‘tarishlariga indamay ko‘z yumsa... Hozir hamma shunday qilyapti-ku. Yo‘q, u prinsiplaridan kechmadi, so‘zidan qaytmadi, manfaat uchun past ketmadi, tirikchilik vajidan she’rlarini sotgani uchun o‘zini kechirmadi...
Yoki “Soyabon ostida”gi ayollar nega zamonamiz qahramonlari bo‘lolmaydi?! Axir bugungi taloto‘p zamonda o‘zidan kechib, oilasi uchun, bolalari uchun yashab o‘tayotgan bu ayollar hayoti yozishga arzimaydimi? Bizga boshqacha bo‘lishi mumkin emasdek tuyuladi, lekin ser solib qarasangiz, bugungi dunyoda egoizm insoniyatni o‘rab-chirmab borayotganini ko‘rasiz. Bugun o‘z xohish-istaklari bilangina yashayotganlar ko‘paymoqda...
Xoliyor Safarov:
– Barcha davrlarda zamon qahramoni o‘qituvchilar bo‘lgan, deb bilaman. Negaki, ular oldidagi mas’uliyat qiyomat qadar buyukdir! Ular yoshlar tarbiyachisi, ta’bir joiz bo‘lsa, millat tarbiyachisi. Bugun kimki yuksak martabaga erishgan va erishayotgan bo‘lsa, Ustoz tufayli!
Bugun biz chet tillarni biladigan, axborot texnologiyalarini yaxshi tushunadigan mutaxassislarni ko‘kka ko‘taryapmiz. Axir ularni ham shu maqomga yetishtirgan o‘qituvchilar emasmi?
Shu ma’noda bugun o‘qituvchilarning maqomini yuksaltirish, ularga e’tiromni mumtoz shaklga olib chiqish joiz deb bilaman! Boisi, yangi O‘zbekiston g‘oyasi ham, uchinchi Renessans orzusi ham komil ustozlar va tirishqoq shogirdlari bilan amalga oshadi!
Nodira IBROHIMOVA
oyina.uz
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Tarix
Tarix
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q