Xorazm hududi XI asr boshlarida G‘aznaviylar (977‒1186) tomonidan bosib olinadi. Shu tariqa mazkur davrgacha hukmronlik qilgan forsiyzabon Afrig‘iylar (305‒995) va Ma’muniylar (995‒1017) sulolalari barham topadi. Mazkur davrdan boshlab Xorazm boshqaruvi G‘aznaviylar tomonidan tayinlangan turkiy g‘ulomlar orqali olib boriladi. Oltintosh va uning o‘g‘illari Xorazm hududining amirlari sifatida qadimgi “xorazmshoh” unvonini ham qo‘llay boshlaydilar.
Saljuqiylar (1037‒1194) 1040-yili Xorazmni o‘z hududi tarikibiga kiritgach uning boshqaruvida turkiy g‘ulomlardan foydalanishni davom ettiradilar. Shu jumladan, saljuq sultoni Malikshoh (1073‒1092) 1077-yili Anushtegin G‘archay ismli tashtdor lavozimidagi g‘ulomni Xorazm amiri qilib tayinlaydi. Sulton Malikshoh o‘g‘li Barqyoruq (1094‒1105) davrida esa Xorazm boshqaruvi 1097-yili boshqa bir turk g‘ulomi bo‘lmish Ikkinchi ibn Qo‘chqor qo‘liga topshiriladi. Aynan Ikkinchi ibn Qo‘chqor tomonidan xorazmshoh unvoni rasman tiklanadi. Biroq ko‘p o‘tmay mazkur lavozim Anushtegin G‘archay o‘g‘li bo‘lmish Qutbiddin Muhammadga (1097‒1127) topshiriladi. Shu tariqa mo‘g‘ullar bosqiniga qadar xorazmshohlar unvoni ostida hukmronlik qilgan anushteginiylar sulolasiga asos solinadi.
Anushteginiylar yoxud Xorazmshohlar xonadoni avval Saljuqiylar, keyinchalik esa Qoraxitoylar (1124‒1218)ga o‘lpon to‘lab kelishgan. Biroq XII asr oxiriga kelib, Xorazmshohlar nafaqat mustaqil davlat boshqaruvini yo‘lga qo‘yishga, balki Xorazm tarixida ilk bora Markaziy Osiyo, Eron va shimoliy Afg‘oniston hududlarini qamrab olgan yirik imperiyaga asos solishga ham muyassar bo‘ladilar.
Xorazmshohlar tarixi asosan arab va fors tilidagi manbalarda o‘z aksini topgan bo‘lib, ilmiy tadqiqotlarning aksariyati aynan musulmon manbalariga tayangan holda amalga oshiriladi. Xorazmshohlarga oid xitoy tilidagi manbalar esa odatda jalb qilinmaydi. Vaholanki, xitoy manbalarida keltirilgan ma’lumotlar nafaqat Xorazmshohlar tarixini yanada batafsilroq yoritishga, balki ularga tashqaridan turib nazar solishga ham xizmat qilishi mumkin. Mazkur maqolada Xorazmshohlar tarixiga oid xitoy tilidagi manbalar tahlil qilinib, ulardan olingan ba’zi matnlar tarjima va izohlar bilan keltiriladi.
Xorazmshohlarning xitoy manbalarida aks etishi birinchi navbatda qitonlarning Markaziy Osiyoga bo‘lgan yurishi bilan bog‘liqdir. Shimoliy Xitoy va Mug‘uliston hududlarida ikki yuz yildan ortiq hukmronlik qilgan qitonlarning Lyao (Liao 遼) davlati (916‒1124) yemirilgach imperator xonadoni vakili Yelyuy Dashi (Yel Dashi 耶律大石, 1124‒1143) Markaziy Osiyoga yo‘l olib, G‘arbiy Lyao yoxud musulmon manbalarida Qoraxitoylar deb tilga olingan yangi sulolaga asos soladi. Yelyuy Dashi 1141-yili Samarqand yaqinidagi Qatvon jangida Saljuqiylar sultoni Sanjarni tor-mor qilgach Markaziy Osiyoda o‘zining siyosiy mavqeini mustahkamlab olishga muyassar bo‘ladi. Ushbu voqeadan so‘ng Xorazmshoh Otsiz (1127‒1156) Qoraxitoylar gurxoni Yelyuy Dashi huzuriga tashrif buyurib, uning ustuvorligini tan oladi va har yili o‘lpon to‘lashga rozi bo‘ladi. Mazkur hodisa “Lyao sulolasi tarixi” (Lyao-shi / Liao shi 遼史)da o‘z aksini topgan. Ushbu tarix mo‘g‘ullar tomonidan Xitoyda tashkil etilgan Yuan (Yuan 元) sulolasi (1279‒1368) davrida Tokto boshchiligidagi bir guruh saroy tarixchilari tomonidan 1343-yili yozib tugatiladi. Quyida ushbu manbadan olingan matn va uning tarjimasi keltiriladi:
“至尋思干,西域諸國舉兵十萬,號忽兒珊,來拒戰。兩軍相望二里許。諭將士:「彼軍雖多而無謀,攻之,則首尾不救,我師必勝。」遣六院司大王蕭斡里剌、招討副使耶律松山等將兵二千五百攻其右;樞密副使蕭剌阿不、招討使耶律术薛等將兵二千五百攻其左;自以眾攻其中。三軍俱進,忽兒珊大敗,僵屍數十里。駐軍尋思干凡九十日,回 回國王來降,貢方物”.
Tarjimasi:
“[Yelyuy Dashi] Samarqandga (Xunsigan 尋思干) yetib kelganda, G‘arbiy zamindagi davlatlar 100 ming kishidan iborat qo‘shin to‘plashdi. Xuroson 1 ismli kishi [bu qo‘shinga] yetakchilik qilib [Yelyuy Dashi armiyasiga] qarshilik ko‘rsatish uchun [uning] ro‘parasida paydo bo‘ldi. Ikkala tomon qo‘shinlari bir-biriga 2 li (li 里) [taxminan 1 km] masofa oralig‘ida qarama-qarshi turganda, [Yelyuy Dashi] o‘z askarlariga buyruq berib deydi: “Qarshimizdagi qo‘shinning soni ko‘p, lekin maxfiy rejasi yo‘q. [Ularga qarshi] hujum qilsak, oldi qismi orqani himoya qila olmaydi, bizning qo‘shinimiz albatta g‘alaba qiladi”.
So‘ngra olti vazirlik amaldori buyuk knyaz Syao Volilaga (Xiao Wolila 蕭 斡 里 剌 ) chegaradagi qonununbuzarliklarni tekshirish va jazolashga yuborilgan amaldor o‘rinbosari Yelyuy Sunshan (Yel Songshan 耶律松山) va boshqalar yordamida ikki yarim ming lashkarlar bilan [raqib qo‘shinining] o‘ng tomonidan hujum qilishni va maxfiy xizmat bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Syao Laabu (Xiao Laabu 蕭剌阿不), chegaradagi qonunbuzarlarni tekshirish va jazolash ishlari bilan shug‘ullanuvchi amaldor Yelyuy Chjusyue (Yel Zhuxue 耶律术薛) va boshqalarga ikki yarim ming lashkarlar bilan [uning] chap tomonidan hujum qilishni buyurdi. [Yelyuy Dashining] o‘zi odamlari bilan [raqiblarning] markaziy qismiga hujum qiladigan bo‘ldi. [Yelyuy Dashi] qo‘shinining bu uchta bo‘linmalari bir vaqtda hujumga o‘tdi. Xuroson [qo‘shini] katta mag‘lubiyatga uchradi. Halok bo‘lganlarning jasadi bir necha o‘n li uzunligidagi masofaga o‘nlab yoyilib ketdi. [Yelyuy Dashi] qo‘shini bilan Samarqandda 90 kun davomida turgandan so‘ng “Musulmon davlati” (Xueyxuey go / Huihui guo 回回國 ya’ni Xorazmshohlar) hukmdori kelib taslim bo‘ldi, turli narsalarni sovg‘a qildi”.
Izoh:
Emil Bretshnayder Xuershan / Hu'ershan 忽兒珊 so‘zini Xorazm nomiga yaqin, deb ta’kidlaydi. Xueyxuey go / Huihui guo 回回 國 (“Musulmonlar davlati”) atamasini esa musulmon mamlakatlarining umumiy nomi sifatida qabul qiladi. Mazkur bobni rus va qirg‘iz tillariga tarjima qilgan K.D.Djusayev Xuershan so‘zini Xorazmshoh, deb tarjima qiladi. Biroq Xuershan atamasi ostida Xorazm emas, balki Xuroson nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu tavsifda Qoraxitoylar hukmdori Yelyuy Dashi va Xuroson hukmdori bo‘lmish Saljuqiylar sultoni Sanjar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Samarqand yaqinidagi Qatvon jangi tasvirlangan. Xorazmshohlar esa Yelyuy Dashi bilan hech qachon jang qilmaganlar.
Mazkur manbada Xorazmshohlar davlatiga nisbatan “Musulmon davlat” (Xueyxuey go / Huihui guo 回 回 國) atamasi qo‘llanilgan. Xorazmshohlarga qadar Xorazm hududi xitoy manbalarida mil.av. II asrdan boshlab turli nomlar ostida tilga olingan bo‘lib, mazkur nomlar asosan Xorazm so‘zining xitoycha talaffuzidan kelib chiqqan. Xueyxuey guo atamasi Xorazmga nisbatan ilk bora mo‘g‘ullar hukmronligi davrida bitilgan manbalarda uchray boshlaydi. Negaki, mo‘g‘ullar tomonidan Xueyxuey / Huihui 回 回 (“musulmon”) atamasi umumiy nom sifatida Turkiston va Eron aholisiga nisbatan ishlatilgan. Mo‘g‘ullar davriga kelib “musulmon” ma’nosini anglatgan Dashi / Dashi 大食 atamasi o‘rniga ushbu so‘z qo‘llanila boshlangan.
Negaki, Dashi nomi ostida Abbosiylar xalifaligi hamda keyinchalik uni diniy markaz sifatida tan olgan boshqa musulmon mamlakatlar ham tushunilgan. Abbosiylar xalifaligi 1258-yil mo‘g‘ullar tomonidan tor-mor etilgach, tabiiyki, mazkur atama ham ishlatilmay qo‘yiladi. Xueyxuey atamasining kelib chiqishi haqida tadqiqotchilar bir fikrga kelmagan. Ba’zi ilmiy qarashlarga ko‘ra, mazkur atama uyg‘urlarning xitoycha nomi bo‘lmish Xueyxe / Huihe 回纥 (Xueyge deb ham o‘qiladi) yoki Xueyxu / Huihu 回鹘 so‘zi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bunga sabab, Turkiston va Eron aholisi Xitoyga asosan uyg‘urlarga tegishli bo‘lgan hududlar orqali kirib kelganligi bo‘lishi mumkin. Mazkur atama “musulmon” degan ma’noni anglatsa ham, ba’zida umumiy ravishda boshqa din vakillariga nisbatan ham qo‘llanilgan. Xitoy olimi Lyu Yinshen (Liu Yingsheng 刘迎胜) o‘z tadqiqotlarida Xueyxuey nomi ostida tilga olingan quyidagi toifalarni ajratib ko‘rsatgan.
Birinchi toifa yahudiylar bo‘lib, ular Chjuxu Xueyxuey (Zhuhu Huihui 术忽 回 回 / 主 鹘 回 回), ya’ni “juhud musulmonlari” nomi bilan tilga olinadilar. Ikkinchi toifa, Hindiston hududidagi musulmon aholi bo‘lib, ular szindu Xey Xueyxuey (Jingdu Hei Huihui 脛篤黑回回) “Hindiston qora musulmonlari” yoxud Sindu Xueyxuey (Xindu Huihui 忻都回回) “Hindiston musulmonlari”, deb atalgan. Uchinchi toifa xristian dini vakillari bo‘lib, ular Lyuyszin Xueyxuey (Ljing Huihui 緑睛回回) “Ko‘k ko‘zli musulmonlar” nomi ostida ma’lum bo‘lgan. To‘rtinchi toifa esa lo‘lilar bo‘lib, ular Loli Xueyxuey (Luoli Huihui 蘿里回回) “Lo‘li musulmonlari”, deb tilga olingan.
Ko‘rinib turibdiki, Xueyxuey atamasi ostida nafaqat Turkiston va Eronning turkiyzabon va forsiyzabon musulmon aholisi, balki boshqa din vakillari hamda o‘zga hududlardagi musulmon aholi nazarda tutilgan. Biroq, shu o‘rinda mamlakat nomi sifatida mazkur atama aynan Xorazmshohlar davlatiga nisbatan ishlatilganligini ta’kidlab o‘tish darkor.
Xitoy manbalarida Xorazmshohlarga oid batafsilroq ma’lumotlar mo‘g‘ullar bosqini bilan bog‘liq asarlarda uchraydi. Chingizxon (1206‒1227) boshchiligidagi mo‘g‘ullar qo‘shini Xorazmshohlarga qarshi 1219–1224-yillarda yurish qiladi. Mazkur yurish davomida Chingizxon xorijiy elchilarni ham qabul qiladi. Ular orasida 1220-1221-yillarda jurjenlarning szin sulolasi imperatori Syuanszun (Xuanzong 宣宗, 1213‒1224) tomonidan yuborilgan Ugusun Chjuduan (Wugusun Zhongduan 吾古孙仲端) boshchiligidagi elchilik ham bo‘lgan. Ma’lumki, Chingizxon Xorazmshohlarga qarshi yurish qilish oldidan szin imperiyasiga tegishli bir necha hududlarni bosib olgan edi. Shu tufayli, szin sulolasi imperatori mo‘g‘ullar bilan sulh tuzish niyatida o‘z elchilarini yuboradi. Ugusun Chjuduan merkit, mekrin, qirg‘iz, nayman, qang‘li, uyg‘ur, tumat va qarluqlar istiqomat qilgan hududlar bo‘ylab uzoq masofani bosib o‘tib, Xuroson hududigacha yetib boradi. U Chingizxon bilan ko‘rishishga muyassar bo‘lsa-da, ko‘zlagan maqsadiga erisha olmay ortiga qaytadi. U o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlarini Lyu si (Liu Qi 劉, 1203‒1250) ismli do‘stiga so‘zlab beradi.
Lyu si esa o‘z navbatida ushbu ma’lumotlarga tayanib, “Shimolga jo‘natilgan elchilik xotiralari” (Bey shi szi / Bei shi ji 北使記) nomli safarnomani yozib qoldiradi. Ushbu safarnoma Emil Bretshnayder tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan. Muallif Xorazmshohlar davlati hamda umumiy ravishda Markaziy Osiyo hududiga nisbatan Xueyxe go (Huihe guo 回紇國) “Uyg‘urlar mamlakati” atamasini ishlatadi. Ko‘rinib turibdiki, mazkur davrda xitoyliklar nazdida g‘arbiy hududlar uyg‘urlar bilan bog‘liq ravishda tasvirlangan. Biroq, bu yerda Xorazmshohlar mamlakati nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur atamani “Musulmonlar davlati” yoxud “Turkiston”, deb tarjima qilmoq darkor. Keyinchalik bu atama Xueyxuey / Huihui 回回 shaklida butun Markaziy Osiyo aholisiga nisbatan qo‘llanilib, asosan “musulmonlar” degan ma’noni anglatgan. Aynan shu davrdan boshlab uyg‘urlarga nisbatan Xueyxe / Huihe 回紇 atamasi o‘rniga hozirgi kungacha xitoy tilida qo‘llanib kelayotgan Veyuer (Weiwu'er 維吾爾) nomi ishlatila boshlandi. “Uyg‘ur” so‘zining mo‘g‘ulcha talaffuzidan kelib chiqqan mazkur atama uyg‘urlarni boshqa Markaziy Osiyo xalqlaridan farqlash uchun kiritilgan bo‘lishi kerak.
Elchi asosan hozirgi Afg‘oniston hududida muqim turgani tufayli, u aynan ushbu joylarning geografik joylashuvi, iqlimi va aholisining tashqi qiyofasi hamda urf-odatlari haqida batafsilroq bayon qiladi. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyo aholisini uch toifaga bo‘lib tasvirlaydi. Birinchi toifa Mosuluman Xueyxuey (Mosuluman Huihe 沒速魯蠻回紇) “Musulmon uyg‘urlari” deb tilga olingan. Elchining so‘ziga qaraganda, ular nihoyatda qonxo‘r va shafqatsiz bo‘lganlar. Bu yerda Chingizxon dushmani bo‘lmish Xorazmshohlar v Movaraunnahr aholisi nazarda tutilgan bo‘lishi kerak. Ikkinchi toifa Yili chju Xueyxuey (Yili zhu Huihe 遺里諸回紇) “Xuroson uyg‘urlari”, deb atalgan. Emil Bretshnayder fikriga ko‘ra, Yili (Yili 遺里) so‘zi Hirot nomining xitoycha shakli bo‘lishi kerak.
Shu tufayli, fikrimizcha bu yerda umumiy ravishda Xuroson hududining aholisi tushunilgan. Ular birinchi toifa kishilaridan farqli ravishda kuchsiz va ojiz, deb tasvirlangan. Mazkur tavsiflar orqali Movarounnahr va Xuroson aholisi mo‘g‘ullar qo‘shiniga turli ravishda qarshi chiqqanligini ham aniqlab olishimiz mumkin. Va nihoyat uchinchi toifa Yindu Xueyxuey (Yindu Huihe 印 都 回 紇) “Hind uyg‘urlari” bo‘lib, ular “Xuroson uyg‘urlari”dan keyingi hududlarda istiqomat qilishi hamda hukmdor saroyida xizmat etganligi tilga olinadi. Elchining so‘ziga qaraganda ular qoratanli bo‘lib, xushfe’lligi bilan ajralib turganlar. Ko‘rinib turibdiki, mazkur asar xitoyliklar nazdida Xorazmshohlar davrida Markaziy Osiyo ko‘rinishi haqida umumiy ma’lumot beradi.
Ushbu davrda Chingizxon huzuriga yana o‘z davrining taniqli dao tariqati ruhoniysi Chan Chun (Chang Chun 長春, 1148‒1227) ham bir guruh shogirdlari bilan tashrif buyuradi. Chan Chun shaxsan Chingizxon taklifiga binoan 1220-yili o‘z ona o‘lkasi bo‘lmish Shandundan yo‘lga chiqib, hozirgi Shimoliy Xitoy va Mo‘g‘uliston bo‘ylab Xorazmshohlar hududiga yetib keladi hamda mazkur davrda Hindukush hududlarida joylashgan Chingizxon qarorgohiga tashrif buyuradi. Uning sayohati uch yil davom etib, 1224-yili o‘z yakuniga yetadi. Mazkur sayohat haqida Chan Chun bilan birga ketgan Li Chjichan (Li Zhichang 李 志 常) ismli shogirdi “G‘arbga sayohat haqida xotiralar” (Si yu szi / Xi you ji 西遊記) nomli safarnoma yozib qoldiradi. Mazkur asar to‘la ravishda rus tiliga va qisqartirilgan shaklda ingliz tiliga tarjima qilingan.
Mazkur safarnomada ham Xorazmshohlar va umuman Markaziy Osiyo aholisi Xueyxe “uyg‘urlar”, deb tilga olinadi. Yana bir bor ta’kidlash joizki, XIII asr xitoy manbalarida mazkur atama nafaqat uyg‘urlarga, balki butun Markaziy Osiyo aholisiga nisbatan ishlatilishi odat bo‘lgan. Xorazmshohlar hukmdori Muhammad Alouddin esa Suanduan (Suanduan 算端) ‒ “Sulton” nomi bilan zikr etilgan bo‘lib, muallif Jaloliddin Manguberdi haqida ham ma’lumot berib o‘tadi. Jumladan, Chan Chun Talos shahridan o‘tgach yo‘lda ortiga qaytayotgan szin sulolasi imperatorining elchisi Ugusun Chjunduanni uchratadi. Elchi Chingizxon huzuriga kelganda, u Suanduan xan (Suanduan han 算端汗) ‒ “Sultonxon” ortidan quvib Hindiston tomon yo‘l olayotganligi haqida xabar beradi. Bu yerda aynan Xorazmshohlar xonadonining so‘nggi vakili Jaloliddin Manguberdi nazarda tutilgan.
Safarnomada qayd etilishicha, Chan Chun 1221-yil fevral oyida Pekin shahrini tark etib, hozirgi Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududlari bo‘ylab dekabr oyida Samarqand shahriga yetib keladi. Xorazmshohlar davlatining markaziy shaharlaridan biri bo‘lmish Samarqand mo‘g‘ullar tomonidan endigina bosib olingan edi. Chan Chun ushbu shaharda 1222-yil may oyigacha istiqomat qiladi. Safarnoma muallifi Samarqand shahri va aholisi haqida qiziqarli ma’lumotlarni berib o‘tadi. Jumladan, asarda Samarqand “Semizkent” (Xiemisigan 邪迷思 干) tarzida tilga olingan bo‘lib, muallif bahor faslida Samarqand shahrining chiroyi, bodom daraxtining gullashi hamda go‘zal bog‘lari haqida bayon qilib o‘tadi. Hatto, Xitoy bog‘lari Samarqand bog‘lariga teng kela olmasligini alohida ta’kidlaydi.
Ushbu davrda Samarqand shahrida ko‘plab xitoy hunarmandlari istiqomat qilganligi haqida ham xabar beriladi. Umuman olganda, Chan Chun Samarqand shahrida turganda, uni ziyorat qilishga tez-tez xitoyliklar kelib turgan ekan. Bundan tashqari muallif ta’kidlashicha, Xorazmshohlar sulolasi davrida Samarqand shahrining aholisi 100 ming xonadondan iborat bo‘lgan. Mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng esa shaharda mazkur aholining faqat to‘rtdan bir qismi qoladi. Agar bir xonadonda o‘rtacha 4-5 kishi istiqomat qilgan bo‘lsa, unda Xorazmshohlar davrida Samarqand aholisi taxminan yarim millionga teng bo‘lganligini aniqlab olishimiz mumkin. Taqqoslash uchun mazkur davrda faqatgina Rim shahri aholisining soni 20 mingga teng bo‘lganligini aytib o‘tish joizdir.
Yuqorida tilga olingan ikki sayyoh Xorazmshohlar mamlakati haqida xabar bersa-da, ular davlatning asosiy markazi bo‘lmish Urganch shahrida bo‘lishmagan. Mo‘g‘ullarning Markaziy Osiyoga yurishi davomida Chingizxon bosh maslahatchisi Lyao sulolasining vakili Yelyuy Chusay (Yel Chucai 耶律楚材, 1190‒1244) ham ishtirok qiladi. Yelyuy Chusay 1219‒1224 yillarda Xorazmshohlar hududining ko‘plab shaharlarida bo‘lib, ularning geografik joylashuvi, iqlimi, aholisi va boshqa masalalarga oid ma’lumotlarni “G‘arbga sayohat xotiralari” (Si yu lu / Xi you lu 西游錄) nomli asarida bayon qilib o‘tadi. Xorazmshohlar davrida Xo‘jand, Koson, Samarqand, Buxoro va boshqa bir qator shaharlar kabi mamlakat poytaxti Urganch shahrining tavsifi ham keltiriladi. Mazkur asarning asl nusxasi uzoq davr mobaynida yo‘qolgan, deb hisoblangan edi. Emil Bretshnayder 1875-yili mazkur asarning qisqartirilgan nusxasini aniqlab, ingliz tiliga tarjima qiladi.
Yaponiyalik olim Kanda Sincho 1927-yili Tokio shahrida joylashgan imperator kutubxonasida mazkur asarning XIII asrga tegishli to‘liq nusxasini aniqlashga muyassar bo‘ladi. Shu yilning o‘zida xitoylik olim Lo Chjenyuy (Luo Zhengyu 罗振玉) ushbu asarni nashr qiladi. Bundan tashqari Tokioda topilgan asl nusxasi Igor de Raxevils tomonidan tadqiq qilinib, ingliz tiliga tarjima qilinadi. Biz Tokio nusxasi asosida Xitoyda nashr qilingan matndan foydalanib, ingliz tilidagi ikkala tadqiqotni taqqoslagan holda asarning ba’zi bir qismlarini o‘zbek tiliga tarjima qildik.
Yelyuy Chusay Muhammad Xorazmshohni “Musulmon qabilalarining sultoni” (Mousuluman chjunlo solitan / Mousuluman zhongluo suolitan 謀 速魯蠻種落梭里檀) deb tilga olib, Xorazmshohlarga qarashli Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlari haqida quyidagi tavsiflarni keltiradi:
“訛打剌西千餘里有大城曰尋思干。尋思干者西人云肥也,以地土肥饒故名之。西遼名是城曰河中府,以瀕河故也。尋思干甚富庶。用金銅錢,無孔郭。百物皆以權平之。環郭數十里皆園林也,率飛渠走泉,方池圓沼,柏柳相,桃李連延,亦一時之勝㮣也。瓜大者如馬首許,長可以容狐。八穀無黍糯大豆,餘皆有之。盛夏無雨,引河以激。率二畝收鍾許。釀以蒲萄,味如中山九醖。頗有桑,鮮能蠶者,故絲蠒絕難,皆服屈胞。土人以白衣為吉色,以青衣為喪服,故皆衣白。
尋思干之西六七百里有蒲華城,土產更饒,城邑稍多。尋思干乃謀速 魯蠻種落梭里檀所都者也。蒲華、苦盞、訛打剌城皆隸焉。
蒲華之西有大河名曰阿謀,稍劣黃,西入於大海。是河之西有五里犍城,梭里檀之母后所居者也。富庶又盛於蒲華。”.
Tarjimasi:
“O‘tror (Edala / Edala 訛打剌) [shahri]ning g‘arbida bir ming li (li 里 ) [taxminan 576 km]dan ziyod uzoqlikda Semizkent (Syunsigan / Xunsigan 尋 思 干 ) [Samarqand] nomli ulkan shahar joylashgan. G‘arbliklarning tilida Syunsigan “semiz” ma’nosini anglatadi. Mazkur hududning yeri hosildor bo‘lgani tufayli, shahar shunday deb atalar ekan. G‘arbiy Lyao (Si Lyao / Xi Liao 西遼) [odamlari, ya’ni qoraxitoylar] ushbu shahar daryolarga yaqin joylashgani tufayli, uni Xechjungfu (Hezhongfu 河中府 – Daryolar oralig‘idagi markaziy shahar) deb atashgan. Semizkent nihoyatda boy [shahardir]. Unda ishlatiladigan oltin va mis tangalarning o‘rtasida teshigi yo‘q va qirrasi tekis emas. Barcha ishlar davlat tomonidan olib boriladi. Shahar atrofi bir necha o‘n li (li 里 )ga chuzilgan bo‘lib, uning bog‘lari, sharillab oqayotgan ariq va buloq suvlari, to‘rt burchakli suv havzalari, bir-biriga ulanib ketgan sarv, majnuntol, shaftoli va nok daraxtlari ajoyib manzara aks ettirib turadi. Qovunlarining kattaligi ot kallasidek keladi, uzunligi esa tulki tanasidek bo‘lishi mumkin. Sakkiz xil ziroat ekiladi, birgina yirik yopishqoq guruch va yirik donli loviya yetishtirilmaydi, qolganlarining barisi mavjud. Yoz avjida yomg‘ir yog‘maydi, dalalar oqar suv bilan sug‘oriladi. 2 mu / mu 畝 [0,14 ga] yerdan yaxshigina hosil olish mumkin. Uzumni achitib [sharob] tayyorlashadi, mazasi Chjunshan / Zhongshan 中山[o‘lkasi] sharobiga o‘xshaydi. Bu yerda tut daraxtlari mavjud, [biroq] [ularning bargi] yangi paytida ipak qurtini boqishga yaraydi. Shuning uchun ipakchilik bilan shug‘ullanish qiyin. Hamma gubao / gubao 屈胞 matosidan tikilgan kiyim kiyadi. Mahalliy odamlar oq rangdagi kiyimlarni yaxshilik, ko‘k rangdagi kiyimlarni esa motam ramzi deb bilishadi. Shu tufayli ko‘pchilik oq rangli kiyim kiyadi.
Semizkentning g‘arbida va 600‒700 li (li 里) [300‒350 km] uzoqlikda Buxoro (Puxua / Puhua 蒲華) shahri joylashgan. [Mazkur hudud] mahsulotlari yanada bisyor, qal’a va ular atrofidagi qishloqlarning soni esa ko‘proqdir. Semizkent musulmon (mousuluman / mousuluman 謀 速 魯 蠻)] qabilalari sultonining (solitan / suolitan 梭里檀) poytaxtidir. Buxoro (Puxua / Puhua 蒲華), Xo‘jand (Kuchjan / Kuzhan 苦盞), O‘tror (Edala / Edala 訛打剌) shaharlarining bari unga qarashlidir.
Buxoro g‘arbida ulkan daryo mavjud bo‘lib, u Amu (Amou 阿謀) deb ataladi. [Suvining rangi] biroz sarg‘ish. U g‘arbdagi katta dengiz [Orol dengizi]ga borib quyiladi. Daryoning g‘arbiy tomonida Urganch (Ulisyan / Wuliqian 五里犍) shahri joylashgan. Unda sultonning onasi va rafiqasi yashaydi. Mazkur shahar aholisi Buxorodan ham ko‘ra zich joylashgan bo‘lib, u yanada hashamatliroqdir”.
Izoh:
Emil Bretshnayder tarjimasida Buxoro shahri sulton qarorgohi sifatida ko‘rsatiladi. Bundan tashqari Xo‘jand va O‘tror shaharlari Buxoroga qarashli, deb tarjima qilinadi. Fikrimizcha, bu yerda Buxoro, Xo‘jand va O‘tror shaharlari “Musulmon qabilalari sultoni”, ya’ni Muhammad Xorazmshohga qarashli bo‘lganligi nazarda tutilgan.
Mazkur ma’lumot muallifi Samarqand shahrini Xorazmshohlar davlatining markazi sifatida tilga oladi. Urganch esa Muhammad Xorazmshoh onasi Turkon xotunning qarorgohi tarzida tavsiflanadi. Aslida davlat poytaxti Urganchda joylashganligi ma’lum. Biroq Muhammad Xorazmshoh Samarqandda ham o‘z qarorgohiga ega bo‘lganligi tufayli safarnoma muallifi shunday ma’lumotni berib o‘tadi. Umuman olganda, Yelyuy Chusay Xorazmshohlarga tegishli bo‘lgan hududlardan, ayniqsa Samarqand shahridan katta taassurotlar bilan qaytib kelganligi ko‘rinib turibdi.
Xorazmshohlar dovrug‘i janubiy Sun (Song 宋, 1127‒1279) sulolasi hududigacha ham yetib boradi. Sun sulolasi amaldori Chjao Jugua (Zhao Rugua 赵 汝 适, 1170‒1228) o‘zining “Xorijiy mamlakatlarga oid xotiralar” (Chju fan chji / Zhu fan zhi 諸蕃志) nomli ikki jildli asarida musulmon hududlar haqida ham bayon qilib o‘tgan. U jami yigirma to‘rtta musulmon davlatlar ro‘yxatini keltiradi. Ushbu ro‘yxatda Loshimey / Luoshimei 囉施美 nomli mamlakat ham tilga olinadi. Mazkur so‘z aslida Xorazm nomining buzilgan shaklidir. Bu yerda so‘zning birinchi bo‘g‘inini ifodalovchi ieroglif tushib qolgan bo‘lib, Loshimey / Luoshimei 囉施美 “razm” degan qismning xitoycha transkripsiyasi hisoblanadi.
Xorazmshohlar haqida ma’lumot beruvchi xitoy manbalari qatoriga mo‘g‘ullar asos solgan Yuan sulolasining rasmiy solnomasi “Yuan sulolasi tarixi” (Yuan shi / Yuan shi 元史) ham kiradi. Mazkur solnoma an’anaviy ravishda mo‘g‘ullardan keyin kelgan Min sulolasi tarixshunoslari tomonidan XIV asrda tuzilgan bo‘lib, o‘zida ushbu davrning ta’sirini ham aks ettirgan.
Ushbu tarixiy asarda Xorazmshohlar hududining Chingizxon tomonidan bosib olinish bosqichlari yilma-yil bayon qilib o‘tilgan. Mazkur ma’lumotlar musulmon manbalarida ham keltiriladi. Shu tariqa, “Yuan sulolasi tarixi” asarida Chingizxon va Muhammad Xorazmshoh o‘rtasidagi janglar haqida yangi ma’lumotlar mavjud emas. Biroq biz uchun mazkur asarda Xorazmshohlar qaysi nom bilan atalganligi ahamiyatga ega. Negaki, ushbu solnoma ko‘rilayotgan voqealardan bir asr o‘tgach yaratilgan. Shu tufayli, atamalar ham o‘zgarib borgan. Jumladan, Xorazmshohlar mamlakati “G‘arbiy zamin” (Siyuy / Xiyu 西域) tushunchasi doirasiga kiritiladi.
Mazkur atama xitoy manbalarida keng va tor doirada ishlatiladi. Keng ma’noda butun Turkiston, Eron va ba’zan hatto Hindiston, arab dunyosi va boshqa hududlarga nisbatan qo‘llanilgan. Tor ma’noda u hozirgi Sinszyan Uyg‘ur avtonom o‘lkasi (tarixiy Sharqiy Turkiston) hududiga nisbatan ishlatilgan.
“G‘arbiy zamin” atamasi ostida yana boshqa bir ma’no yotganligiga ham e’tibor berish darkor. Ushbu nom bilan atalgan hududlar Xitoy bilan aloqada bo‘lganligini bildirgan va asosan Markaziy Osiyoda Xitoy ta’siri kuchli bo‘lgan davrlarda qo‘llanilgan. Bunga misol qilib Xan, Tan va Yuan sulolalari davrini keltirish mumkin. Ya’ni, Markaziy Osiyoga nisbatan bu atama har doim ham ishlatilmagan. Masalan, Sun sulolasi manbalarida Qoraxoniylar yoxud Saljuqiylarga tegishli hududlar “Tashqi davlat” (Vaygo Waiguo 外國), ya’ni Xitoy tashqarisidagi mamlakat deb tilga olinadi. Markaziy Osiyoda tashkil topgan Chig‘atoylar ulusi rasman Xitoyda hukmronlik qilgan mo‘g‘ullar sulolasi Yuan imperatorining ustuvorligini tan olgan. Shu tufayli, Chig‘atoylar davrida Markaziy Osiyoga nisbatan “G‘arbiy zamin” atamasi qo‘llanilgan. Min sulolasi esa oldingi hukmron sulolaga qarashli bo‘lgan hududlarga da’vo qilgan tarzda mazkur atamani qo‘llashni davom ettiradi. Shu tufayli, Xorazmshohlarga nisbatan ham ushbu atama ishlatilgan.
Xulosa qilib aytganda, Xorazmshohlarga oid xitoy tilidagi manbalar asosan qitonlar va mo‘g‘ullar bosqiniga oid ma’lumotlar bilan bog‘liq holda keltiriladi. Mazkur manbalarni shartli ravishda ikki turkumga bo‘lish mumkin. Birinchi turdagi manbalarga rasmiy tarixlar va solnomalar kirsa, ikkinchi turdagi manbalar Xorazmshohlar hududiga tashrif buyurgan elchi va sayyohlarning safarnomalari hisoblanadi. Mazkur manbalarda Xorazmshohlarga nisbatan ishlatilgan atamalar farqlanadi. Rasmiy tarix va solnomalarda Xueyxuey go / Huihui guo 回 回 國 “Musulmonlar davlati” va Siyuy / Xiyu 西域 “G‘arbiy zamin” atamalari ishlatilgan bo‘lsa, safarnomalarda Xueyxe go / Huihe guo 回紇國, ya’ni “Uyg‘urlar davlati” toponimi qo‘llanilgan. Mo‘g‘ullar bosqini davrida bitilgan safarnomalarda shu davr ruhiyati aks ettirilgan.
Shu bilan birga XIII asrda Xitoyda hukmronlik qilgan mo‘g‘ullar ma’muriyati Markaziy Osiyo, jumladan, Xorazmshohlar hududini va uning aholisini asosan uyg‘urlar bilan bog‘liq tarzda ko‘rgan. Bu aslida Xitoydagi mo‘g‘ullar ma’muriyatida xizmat qilgan, ayniqsa yozuv-chizuv ishlari bilan shug‘ullanuvchilarning ko‘pchiligi uyg‘ur bo‘lganligining natijasi bo‘lsa kerak.
Ehtimol bu uyg‘urlar xorazmliklarni “uyg‘ur” deb atashgan. Buning sababini Xitoyda mazkur o‘lkalar haqidagi geografik va etnografik bilimlar yetarli bo‘lmaganligidan dalolat beradi, deyish ham mumkin. Lekin bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chingizxon davrida mo‘g‘ullar Xorazmni yaxshi bilgan. Jumladan, Xorazmlik Mahmud Yalavoch va boshqalar Pekinda hokim, davlat maslahatchisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatishgan.
Keyinchalik, Xueyxe (Huihe 回紇) ‒ “uyg‘urlar” atamasi Xueyxuey (Huihui 回回 ‒ “musulmonlar” demakdir) shakliga kelib, butun Turkiston hamda Eron aholisiga nisbatan rasmiy atama sifatida ishlatilgan. Shu tufayli, XIV asrda mo‘g‘ullar tomonidan yaratilgan Lyao sulolasi rasmiy tarixida Xorazmshohlar davlati “Xueyxuey go” (Huihui guo 回回國), ya’ni “Musulmonlar davlati”, deb tilga olinadi. Min sulolasi davrida bitilgan Yuan sulolasining rasmiy tarixida esa “Siyuy” (Xiyu 西域), ya’ni “G‘arbiy zamin” atamasi qo‘llanilishi kuzatiladi. Shu tariqa, xitoy manbalarida Xorazmshohlarga va umuman Markaziy Osiyo hududiga nisbatan ishlatilgan atamalarni tahlil qilish orqali ham Xorazmning Xitoydagi mavqei haqida yangi fikr-mulohazalarga kelish mumkin.
Dilnoza DUTURAYEVA,
O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi va
Fransiya ijtimoiy fanlar oliy maktabi
ilmiy xodimi
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q