Yoshlar mutolaasi: yozuvchi Bayram Ali “O‘lim o‘pqoni” asarini o‘qishni tavsiya qildi


Saqlash
11:34 / 21.04.2022 1648 0

Bugungi sahifamiz mehmoni – yosh yozuvchi Bayram Ali o‘zi sevib mutolaa qilgan kitoblar ro‘yxati hamda ular haqidagi mulohazalarini o‘rtoqlashdi. Bayram Alining “Bolangman, dunyo” va “Kuz yomg‘irlari” nomli nasriy asarlari chop etilgan. Hikoyalari asosida videofilmlar ishlangan. Umidli nosirning bugungi tavsiyalari kitobxonlarga foydali bo‘ladi, degan umiddamiz.

 

 

1. Luqmon Bo‘rixonning “Jaziramadagi odamlar” romani

 

O‘z davrida o‘rtamiyona hikoyalar yozgan, keyinchalik ijodni tashlab qo‘ygan bir insondan nega yozmayotganini so‘raganimda, u miyig‘ida kulib “Dunyo ko‘p eski, yangi gap aytish mahol” degan javobni bergandi. To‘g‘ri, suhbatdoshim bu gapni shunchaki o‘zini oqlash uchun aytgan, ammo javob menga yoqqandi. Axir tasavvur qiling, chog‘roqqina bir kutubxonada kamida ming, ikki mingta kitob bo‘ladi. Shu kitoblar orasida biror arzirli fikr, biror yangi gapni yozilmay qolgan, deb kim ayta olardi? Menimcha, bunday deya olish uchun inson yo omi, yo katta san’atkor bo‘lmog‘i lozim...

 

“Jaziramadagi odamlar” inson haqida yangi kayfiyat bilan, yangi bir gap aytgani uchun ham qimmatli. Asar bugungi kun odamining ongi va xatti-harakatlaridagi bir qarashda ko‘zga tashlanmaydigan illatlar hamda uning natijasi haqida so‘z ochadi. Biz kunda-shunda guvoh bo‘ladigan, normal deb qabul qilishga ko‘nikib qolgan voqealar zamiriga ziyraklik bilan e’tibor qaratishga chaqiradi. Lolaxonning taqdiri va o‘zlashtirilgan yer misolida inson tabiatini sun’iylashtirishga urinishning fojiyaviy oqibatlarini ochib beradi. Odam bolasining qon-qoniga singib ketgan soxtalik, riyokorlikning ustidan kuladi, ayovsiz fosh qiladi.

 

Har bitta jumlasidan insoniyatga nisbatan kinoya silqib turgan, pishiq-puxta ishlanib, g‘oyatda jozibador ifoda etilgan ushbu asarni o‘qir ekansiz, siz hech narsa ko‘ringaniday va hech kimning taniganingizday emasligiga amin bo‘lasiz.

 

 

2. Temirpo‘lat Tillayevning “O‘lim o‘pqoni” romani

 

Aytib qo‘yay, dunyo adabiyotidan yaxshigina xabardor bo‘lmasdan turib bu asarni tushunish mushkul. Chunki mazkur asarda sharq adabiyoti va zamonaviy dunyo adabiyotining deyarli barcha uslublari bamisoli eshilgan arqonday chirmashib ketgan. Asarning e’tirofga sazovor jihatlaridan biri shundaki, odatda biz g‘arb adabiyoti ta’sirida yozilgan asarlarni o‘qiganimizda uni g‘arb odami yozganga o‘xshaydi. Ammo “O‘lim o‘pqoni”da o‘zbekona ruh bor. Roviyning fasohatli so‘zlari, asarning ifoda shakli bizning yodimizga goh Rabg‘uziy, goh Borxes, goh esa Bulgakovni solsa-da, undagi har bitta odam o‘zbek va ular o‘zbekning dardi, kechmishini boshdan kechiradi. Shaxsan o‘zim ushbu asarni ilk bor o‘qiganimda Vatan haqida, millat haqida shunday ham yozish mumkin ekan-da, deya hayratlanganman.

 

Sharq asotirlarining birida Qadr kechasida ilohiy qushni ko‘rgan insonning qo‘li nimaga tegsa, u oltinga aylanishi haqida gap ketadi. Temirpo‘lat Tillayevning mazkur asariga esa muallif tomonidan nimaiki kiritilgan bo‘lsa, u ramzga aylanadi. Masalan, asarning boshrog‘ida yetti kun yomg‘ir yog‘di, deyilgan. Sal o‘tib asar qahramoni Turonning daftarida yo‘q, yetti kun emas, yetmish kun yomg‘ir yog‘di, deyiladi va yomg‘ir o‘z-o‘zidan ramzga aylanadi. O‘qirman beixtiyor muallif yomg‘ir deganda ehtimol jaholatni, ehtimol istibdodni nazarda tutayotgani haqida xayollarga boradi...

 

Eng ahamiyatlisi, qissadagi bu sanoqsiz ramzlar asarning umumiy kompozisiyasi va undagi hayot haqiqatiga sira putur yetkazmagan. Balki qissaga shu qadar mohirlik bilan singdirib yuborilganki, o‘qirman asarni tushunmay o‘qigan taqdirida ham uning ohangi va tilsimli voqealar tizimining o‘zigayoq mahliyo bo‘lib qolishi mumkin.

 

 

3. Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni” romani

 

Odam bolasining ma’lum bir vaqt oralig‘i yoki ma’lum bir vaziyatda o‘z umrini yangi nuqtai nazar bilan qaytadan ko‘rib chiqishni istab qoladigan odati bor. “Abadiyat qonuni” mana shunday ruh, mana shu istak bilan yozilgan asarlardan biridir. Faqat u birgina inson umrining emas, butun bir avlodning, insoniyatning hayotini sarhisob qiladi, bundan jasur-vazmin xulosalar yasaydi. Asar sho‘rolar davri tizimida hayotga yangicha qaragan asar bo‘lib, eng qizig‘i, o‘sha yangicha qarash hali ham eskirmagan. U insonning ilohiyligini, biz tanigan har bitta oddiy odam yer yuziga o‘z missiyasi bilan yuborilishini ko‘zda tutadi.

 

Biror asar haqida gapirishning eng yomon yo‘li, menimcha uning syujeti haqida gapirish bo‘lsa kerak. Shunday bo‘lsa-da, men romanning uchta asosiy qahramonini eslab o‘tishdan tiyilolmayapman.

 

Taniqli yozuvchi va gazeta muharriri Bachana Ramishvili og‘ir yurak xuruji bilan shifoxonaga yotqiziladi. Palatada esa u rohib Ioram ota va etikdo‘z Bulika bilan uchrashadi. Bu  uchta bir-biriga qarama-qarshi olamning hamda materializm bilan idealizmning, kommunizm bilan nasroniylikning to‘qnashuvi edi. Uchchala qahramon, jamiyatning uchta vakili din va dunyo, olam va odam haqida bahsga kirishadilar. Ushbu bahslarning bir qismi tashqarida, ya’ni og‘zaki kechsa, yana bir qismi ichkarida – botinda kechadi...

 

Ehtimol, sizda romanning nomi nima uchun “Abadiyat qonuni” va o‘sha qonun nimadan iborat ekan, degan savol tug‘ilar? Men buni tushunishning eng yaxshi yo‘li sifatida asarning o‘zini o‘qib chiqmoqni tavsiya qilgan bo‘lardim.

 

 

4. Fyodor Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” romani

 

Ikki jilddan iborat ushbu muhtasham asarni qo‘lingizga olar ekansiz, siz o‘zingizni avvalo sarguzashtlarga boy zo‘r bir ertak o‘qiyotganday yengil his etasiz. Ammo yuz betlarga yaqinlashib “odimingiz” og‘ir tortadi. Toyinasiz, surkalasiz va ko‘p o‘tmay kalavaning uchini yo‘qotasiz, o‘ylaringiz tafakkur va jaholat, e’tiqod va dahriylik orasida mutlaqo chalkashib ketadi. Asar sahifalarida siz yozuvchining “Telba”, “Jinoyat va jazo”, “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar” kabi asarlarida uchratgan qahramonlarni hamda Hayyomga, Shopengaurga xos qarashlarni boshqa-boshqa ko‘rinishlarda uchratsangiz sira ajab emas. Chunki, mening nazarimda “Aka-uka Karamazovlar” nafaqat Dostoyevskiy ijodining, balki dunyo falsafasaning ham qaymog‘i hisoblanadi.

 

Asarda muallif betartiblik, mantiqsizlik haqida so‘z ochadi. So‘z ochganda ham biror ijtimoiy tuzum yoki jamiyatdagi betartiblik emas, aynan dunyoning betartibligi haqida mushohada yuritib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xudo bilan bahsga kirishadi. Siz shu paytga qadar his etgan, ammo jiddiyroq o‘ylab ko‘rishga yo aql, yo jasoratingiz yetmagan fikrlar ustida mardona bosh qotirishga chaqiradi. Shaxsan men Hayyom ruboiylarini va uning falsafiy qarashlarini aynan Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” asarini o‘qigach tushundim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//