Lyabi-Hauz emas, Labi Havuz – joy nomlarini boshqa tillarga tarjima qilishda jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur


Saqlash
15:50 / 20.04.2022 1624 0

Lyabi-Hauz emas, inglizchada Labi Havuz deb olish to‘g‘riroq bo‘ladi, menimcha. Ruschasi ham Lyabi-Xauz bo‘lmasa kerak. Nega rus tilidagi joy nomlarini biz bor holicha olamiz-u, lekin o‘sha tilga tarjima qilayotgan “gramotey”lar o‘zbekcha so‘zlarni istagancha “burab” o‘z tiliga o‘tkazaveradi? Eng yomoni, bu nomlar boshqa tillarga rus tili orqali buzilgan tarzda ko‘chadi. Xuddi Shahrisabz ingliz tiliga Shakhrisabz (Shakrisabz) bo‘lib o‘tganday. Vaholonki, rus tilida bo‘lmagani bilan, ingliz tilida h harfi bor. Buning uchun ruscha orqali emas, o‘zbek tilidan tarjima qila oladigan mutaxassislar kerak.

 

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgan paytda, yurtimizga yiliga millionlab sayyohlar kelayotgan paytda joy nomlarini boshqa tillarga tarjima qilishni ham jiddiy o‘ylab ko‘rish zarur. Alam qiladigani, bunaqa reklama-yu e’lonlarni birov emas, o‘zimiz tayyorlab, internetga, ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yyapmiz. Hatto hukumatning qarorlarida ham shu kabi holatlarni kuzatamiz.

 

O‘zimiz, mamlakatimiz, xalqimiz haqidagi ma’lumotlarni boshqa tillarga rus tili orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazishning allaqachon yo‘lga qo‘yish vaqti yetgan.

 

Oldingi gapimni yana qaytaraman: bizga yagona til siyosatini yurgizadigan markaz kerak. U Vazirlar Mahkamasida departament bo‘lishi shart emas. Masalan, vakolatni Fanlar akademiyasi tarkibidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yoki Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga berish mumkin. Toki vakolatli organ tilga kirayotgan har bir atamani har tomonlama puxta o‘rganib, o‘zbekchalashtirib, ro‘yxatga olib, barcha idoralar qo‘llashi uchun majburiy qilib qo‘ysin. Bu – birinchidan.

 

Ikkinchidan, o‘sha markaz barcha turdagi lug‘atlar (ikki yoki ko‘p tilli lug‘atlar, izohli lug‘atlar, glossariylar) tayyorlab chop qilish uchun mas’ul bo‘lishi shart. Shunda istagan odam lug‘at tuzib chiqarishidek o‘zboshimchalikka barham beriladi.

 

O‘zimizga bir savol berib ko‘raylik: tilimizda rasman qayd etilgan qancha so‘z bor? Hech qaysimiz bilmaymiz, chunki bizda so‘zlarni (jumladan, atamalarni ham) ro‘yxatga olib boradigan tashkilotning o‘zi yo‘q. Faqat miqyosni imlo lug‘ati yoki izohli lug‘atga kiritilgan so‘zlar miqdori bilan chamalash mumkin, xolos. Mustaqillikdan so‘ng tilimizga qancha yangi so‘z kirib kelganini biror mutaxassis hisoblab ko‘rdimi yoki ularni alohida lug‘at qilib chiqardimi? To‘g‘risini aytaylik, bunga juda katta ehtiyoj bor.

 

Ma’lumot uchun: AQShning “Merriam-Webster, Inc.” korporatsiyasining onlayn lug‘atida 470 mingga yaqin so‘z kiritilgan, Oksford universitetining ingliz tili lug‘ati rasmiy veb-saytida 600 mingdan ortiq so‘z bor, “Collins” ingliz tili lug‘ati esa 750 mingdan ortiq so‘zni qamrab olgan.

 

Dunyoning nemis, rus, italyan, ispan va boshqa ko‘p tarqalgan tillarida qancha so‘z borligi bilan pickwriters.com veb-sayti orqali tanishish mumkin.

 

Faxriddin NIZOM

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//