2021-yil she’riyati haqida ayrim mulohazalar. “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Tafakkur” jurnallari, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Kitob dunyosi”, “Adabiyot ziyosi” gazetalarida e’lon qilingan she’rlarni imkon qadar, fahmim yetgancha ko‘rib chiqdim va O‘zbekistonning yarmi shoir-ov, degan fikrga keldim. Ko‘p-kamligini yaxshi-yomon deyishdan yiroqman. Faqat she’riyatni yangilashga bel bog‘lagan shoirlar ko‘p, yaxshi she’rlar undan-da ko‘p, degan fikrda sobit qolishni istayman.
Albatta, har qanday shaxsiy fikr nisbiy bo‘ladi.
Yuqorida nomlari keltirilgan nashrlarni o‘rganganimda yoshlar sezilarli darajada faol ekani yaqqol ko‘rindi. Fitrat “milliy vazn” deya atagan barmoq bilan bab-baravar sarbastda, verlibr – erkin va oq she’rda kuchini sinab ko‘rayotgan, och qofiyalarni ma’qul ko‘rayotgan yoshlar ijodiga ko‘proq to‘xtalganim sababi shunda.
“Sharq yulduzi” jurnali (2021-yil 10-son) hamda “Kitob dunyosi” gazetasida (2021-yil, 20-son) iste’dodli shoira Nargiza Odinayeva turkumlari e’lon qilingan. Nargizaning she’rlari sirtdan sokin ko‘rinadi, ammo tasvir va tashbehlardagi botiniy dolg‘alarni, hol olamini keyin anglaysiz.
Kulgimni shafaqdan qaytaradi tong,
Yig‘imni ufqdan o‘tkazmaydi shom.
Taqdir, menda qilgan eng katta xatong
Shunday yo‘llarimga qo‘ymagansan nom.
Dunyoga to‘zimlar tilagan, umrini baxt qarichida o‘lchagan isyonkor shoiramiz iqboli baland bo‘lsin.
Birda uyqu qochgan, birda rang qochgan
Kechamiz, kunduzmiz – ko‘rilgan tushmiz.
Xudo, deb tebranib havoda uchgan
Musofir qushlarmiz, musofir qushmiz.
“Sharq yulduzi”ning 11-sonida farg‘onalik yosh shoir Aziz Nurning she’rlarini o‘qib, qalbimga nur inganini sezdim. Azizning dunyoni idrok etishi o‘ziga xos. Turkum iymonli shoir voyaga yetayotganidan dalolat berib turibdi.
To tonggacha g‘usllandi ko‘z,
Tuni bilan poklandi mijja.
Men Xudoga yig‘ladim betin
Yuragimga yaqinlashguncha!
Men tilandim, ishq bo‘ldi nasib,
Gullab ketdi qaqragan Ka’bam.
Ishqdan sarmast she’rga aylandi
Nafasimdan chiqqan kalimam.
Bir halovat topdi tan-u jon,
Ruh bo‘shaldi, parvoz etar hur.
O, Xudoyim, har zamon shunday
Yuragimga yaqinlashib tur...
“Yoshlik” jurnali hamisha yosh iste’dodlarni kashf etib kelgan. Jurnalning 4-sonida Nurmuhammad Azizning bir turkum she’ri berilgan. Yuragida o‘ti bor shoir ukamizning “Cho‘lpon”, “Usmon Nosir”, “Bolalik” she’rlaridagi jur’at, tuyqus shiddat, birdaniga anglash qiyin bo‘lgan ko‘hna dard ongli o‘quvchini chuqur o‘yga toldiradi.
Cho‘lpon monologi yaqin o‘tmish manzarasi emas, balki bugungi avlodga vasiyat, da’vat kabi jaranglaydi.
Umidim –
Uyg‘onsa bu noz uyqudan,
Bu mudroq ko‘zlarda chaqnasa olov.
Har she’ri sher bo‘lib, bo‘g‘izdan tutar
Jangchi shoirlarga muhtojman, xolos.
Cho‘lpon orzusi – har she’rning sher bo‘lishi shartligini nozik anglagan Nurmuhammadga ko‘z tegmasin.
Tahririyat A’zam Rahim, Nilufar Jabborova, Shahobiddin Luqmon, Munisa A’zamova, Sardor Salimov, Parizoda Ro‘ziboyeva, Sayfiddin Okanov, Sitorabonu Shomurodova, Humoyun Fattoh, Saodat Fayziyeva, Iroda Umarova, Baraka Boqiy, O‘lmasoy Nishonova kabi yosh ijodkorlarni elga tanitdi. Yoshlardagi o‘ziga xoslikka intilish, eng muhimi, iymon yo‘lini mahkam tutgani ko‘ngilga surur bag‘ishlaydi. Parizoda Ro‘ziboyevani tengdoshlaridan ajratib turadigan muhim bir jihat bor. Unda ajdodlar timsolida bugunni anglash istagi kuchli. She’rlaridagi bezovtalik shundan. Yurtga muhabbat ramzi – “Alpomish eliga qaytarmish” degan dardchil, yorug‘ she’ri fikrimizga isbot bo‘la oladi.
Yodgorlar, yovqurlar, uxlamang,
Alp o‘g‘il nomini bulg‘amang,
Tuzin yeb tuzliqqa tuflamang,
Alpomish eliga qaytarmish!
Faol yoshlarimizdan Jontemirning “Yoshlik” jurnalining 2021-yil 6-sonidagi she’rlarini yilning yaxshi turkumlaridan deyish mumkin. “O‘zAS”ning 2021-yil 26-sonida e’lon qilingan she’rlari esa ohang va uslub jihatdan Abduvali Qutbiddinni eslatdi.
“Kitob dunyosi” gazetasining 1-soni hamda “Yoshlik” jurnalining 11-12-qo‘shma sonida yosh shoir Shahriyor Shavkat she’rlari berilgan. Shahriyorda o‘ziga xos shiddat, ohang bor. Lirik qahramon goh murosaga yo‘l izlashi, goh o‘ta keskinligi bilan jozibali. U bir she’rida shunday yozadi:
Bu dunyoning nimasi bor, ayt?!
Ginasi bor, dardi, hasrati!
Barchasiga boqqancha loqayd,
Senga ulkan sevgi asradim.
Dil asradim, qorong‘u kecha
Osmoningni yoritar porloq.
So‘z asradim atrokday o‘jar
Va muqaddas Turon kabi pok.
Sirojiddin Ibrohim she’rlarini “O‘zAS” haftaligidagi jiddiy chiqishlardan biri deyish mumkin. Rost tuyg‘ular shoiri “Yolg‘on bo‘lgan umr tuyular uzun” deydi. Sirojiddinning yolg‘onga, munofiqlikka, takabburlikka murosasizligi bitiklarida ham ko‘rinadi.
Yo‘lga otlanardim, asli hayotda
Armondan uzunroq yo‘l bormi, qani?
Mahkumman. Men jimman. Yurak faryodda –
Rolin o‘ynayapman sabrdiydaning.
Gap bu o‘rinda qulog‘imiz o‘rgangan “jabrdiyda” emas, shoir kashfi “sabrdiyda” haqida. Bugungacha biron joyda uchratmaganim bu so‘z negadir qadrdondek jarangladi. So‘z sehrini chuqur anglagan shoir she’rlari yasamalikdan xoli. Sirojiddinning iqtidorli shoir Alibek Anvariyga bag‘ishlangan she’ri yakuni quyidagicha:
She’r degan ilohiy qayg‘u,
Bizga boqmas boqqandek yotga.
Zuvalamiz qorgan balki u,
Axir, Termiz yaqin Hirotga. (2021-yil, 27-son)
Shahriyor, Sirojiddin jiddiy shoir. Ular bu dunyo murosa dunyosi ekanini biladi, ammo haqsizlikka ko‘nib ketolmaydi. She’rlaridagi noqis dunyoga isyon, shayton malaylariga achchiq kinoya shundan. Tilagim – yolg‘onchining yolg‘onlariga uchmasa, yozganlariday bo‘lib qolsa.
“O‘zAS”ning 2021-yil 50-soni hamda “Adabiyot ziyosi” gazetasining 2021-yil 38-sonida Kumush Abdusalomova turkumlari berilgan. Xalqona, sodda she’rlar. Quyma satrlar, ohangi ravon. Zarracha zo‘riqish yo‘q. Kumushoyga ko‘z tegmasin-ey.
Ota, yana men keldim.
Ko‘ngling ko‘kdan keng. Keldim!
Avval yuragim keldi.
Yuragimdan so‘ng keldim.
Assalomu alaykum!
She’rlarning nomlanishiga qarang. “Oybarchinning qo‘shig‘i”, “Zulxumorning qo‘shig‘i”, “Mening qo‘shig‘im”, “Nayman ona nolasi”. Shuning uchunmikan, Kumushoyning she’rlarini o‘qiy boshlasam, qulog‘imga baxshilar nolasi, doston-u termalar, xususan, “Alpomish” quyulib keladi.
“Sharq yulduzi”ning 2021-yil 12-sonida yosh shoir Orifjon Komilning yaxshi she’rlari berilgan. Odamni izlayotgan, odamni kashf etishga intilayotgan ijodkorning “Allaqachon yetgan fursatim, Allaqachon ketmoqqa shayman” deb yozishi yaxshi emas. “Har kimga niyat qilgani bo‘ladi” deyiladi muqaddas kitoblarda. O‘sha sonda yosh shoir Rashid Xo‘jamovning bir turkum she’ri berilgan. Samimiy tuyg‘ular, ehtiros kuchi va taxayyul kengligi shoir kelajagiga umid uyg‘otadi.
“Adabiyot ziyosi” gazetasining 2021-yil 21-sonida Asliddin Sabriddinov she’rlarini o‘qib, rosti, yayradim. Shoir ukamizning “Ey ona tilim!” she’rini o‘zbek tiliga bag‘ishlangan keyingi o‘n yilliklardagi eng yaxshi she’r degim keldi. Asliddin ma’naviy-ruhiy dardni, hayoni muhabbat deya ishontiradi.
Dildan dardni toshirmoq ham,
Muhabbatdir, muhabbatdir.
Yor qadrini oshirmoq ham,
muhabbatdir, muhabbatdir.
Quyoshga tik boqib bo‘lmas,
Unutgaysan nechun, g‘ofil,
Ko‘zni ko‘zdan yashirmoq ham,
Muhabbatdir, muhabbatdir!!!
Asliddin rostgo‘y shoir.
“Adabiyot ziyosi” gazetasining 2021-yil 17-sonida Sevinch Avazova, Gulhayo O‘ralova she’rlari berilgan. Har ikkala singlimiz she’r yo‘lini mahkam tutsa yaxshi shoira sifatida dovruq qozonishiga shubha yo‘q.
“Kitob dunyosi” gazetasining o‘tgan yili 20-sonida yosh shoir Suhrob Ziyo turkumini o‘qidim. Suhrob “Alpomish” dostoni ohangida yaxshi she’r yozgan. Xalqning, yurtning ko‘hna dardlarini birgina she’rga jo qilgan shoir tili chuchuk Bodom bikach o‘lanidan katta ijtimoiy masalalarni qalamga olgan. Suhrob o‘ychan yigit. O‘zi aytmoqchi, suratida junun yo‘q. She’rlarida zalvorli ohang, metaforik obrazlar bor. So‘z, ohang va ma’no mushtarakligiga jiddiy qarashi quvontiradi.
Qo‘llarimda qizil xarita –
Maydalangan ko‘zgu singari.
Yov otiga yemish tashiydi,
Tarqab ketgan Temur lashkari.
“Xuroson” vatan haqida bitilgan eng dardli she’rlardan biri.
Yosh shoir Nasrullo Ergash she’rlarida ona, yurtga bo‘lgan sog‘inch ustuvor. Uning ezgin satrlarini ana shu ichki dard hosilasi deyish o‘rinli. “Yomg‘ir odamlar” she’ri nihoyatda chuqur falsafiy she’r. Rahmat suvi – yomg‘irni jondosh bilgan shoirning fikr-u xulosasi o‘zgacha:
Xudo yer yuzini yaratgan kuni
Samodan zaminga yog‘ildik tikka.
Dunyoga yog‘ildik biz yomg‘ir bo‘lib,
Bir kun bulut bo‘lib qaytamiz ko‘kka.
Shoirning dardchil yurak suvrati bo‘lgan turkumi “Tafakkur” jurnalining 2021-yil 1-sonida chop etilgan.
“O‘zAS”ning 2021-yil 52-sonida e’lon qilingan Temurbek Husniy, Mehrinoz Abbosovaning sodda, ohanglari mungli, iztirobli she’rlari qadim mumtoz adabiyotimiz tomiriga tutashligi bilan kishini quvontiradi.
“Yoshlik” jurnalining 2021-yil 1-sonida Xolidaxon Hasanova she’rlari berilgan. “Miltillagan umidlarim ham, Tafti endi sezilar sovuq” deb yozibdi shoira. Tafti sovuq deganini qanday tushunish kerak? Taft degani iliqlik emasmi? So‘zlarning ilk ma’nosini bilmasdan qo‘llash faqat yoshlarga xos illat emas.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 7-sonidagi yosh shoira Zarnigor Abduolimova she’rlari umid uyg‘otadi. O‘ziga bo‘lgan ishonch, samimiy tasvir, rost tuyg‘ular shundoq ko‘rinib turibdi. “Xayr dema, xayringni bersin” deydi u. So‘z tanlashga, so‘z bilan ishlashga e’tibori borligidan she’rlarida “xuftonrang nigoh”, “majnuntob boqish”, “Ayubiy sabr”, “Raddiy surud”, “chashmon”, “qattolzoda nayza” kabi ta’rif-tashbehlarni uchratdim. Ba’zi so‘z va iboralarga sharh-izoh kerakmikan deya o‘yladim.
Diloro Xoliqova, Zulxumor Orifjonova ham qalb kechinmalarini she’riy ifodalashga harakat qilishgan. Diloroning “Dardingni hech qaysi quduqqa aytma, Naylik orzusida qamish o‘sarmish” degan samimiy satrlari ko‘ngilga yaqin.
“Sharq yulduzi”ning 11-sonida yosh ijodkor Hafiza Abdumalikova, Risolat Jumanazarova, Sadoqat Hamroyeva she’rlarida obraz yaxlitligi, fikr tugalligi yetishmaydi. Kimlardandir ta’sirlanib bitilgan. Kimlarnidir eslatadi... Bu kabi nuqsonlar ko‘pgina yoshlarga tegishli.
Sadoqat Hamroeva she’rlarida ham kitobiylik seziladi («Sharq yulduzi”, 2021-yil 7-son). Singlimiz “Siniqqan qadahday ming tilim ko‘ngil” deb yozadi. “Siniqqan” so‘zini qadahga nisbatan qo‘llash nechog‘lik to‘g‘ri? Shoiraning “Ketarsan ko‘nglimni g‘amlarga o‘rab, Ortingda jovdirab xazonlar qolar” satrini o‘qib, har qancha urnisam ham xazonning jovdirashin tasavvur etolmadim. Yoki bo‘lmasam, “Ketarsan qismatning kishanlariga Zanjirband asirday, gunohing nadur” misralarini olaylik. O‘quvchida savol tug‘ilishi tabiiy: lirik qahramon kishanbandmi yoki zanjirband?
“Sharq yulduzi” 8-sonda Zomin seminarida ishtirok etgan yosh iste’dodlarga o‘rin ajratgan. Tursunoy Ashuraliyeva she’rida “Uchgan piyolaning taqdiridek darz” deb yozibdi. Bu o‘rinda “uchgan”, “darz” so‘zlari bir-biriga qovushmay turibdi. Piyola uchganmi yoki unga darz ketgan? Dunyoni yangicha ilg‘ash, o‘zicha kashf etish, yangi iste’dodlarning yangicha nigohi quvonarli. Ammo mana shunday jihatlarga e’tiborli bo‘lish lozim. Bu fikrlar Mohlaroyim Yuldashxo‘jayeva, Charos Rayimqulova, Azizbek Yusupov, Sitorabonu Shomurodova, Shahboz Fayzullayevga ham taalluqli. Shahboz Fayzullayevning dunyoni idrok etishi, hayot haqidagi teran mushohadasi, she’rlaridagi obrazlilikni alohida ta’kidlashni istardim. U bir she’rida
“Xalqning ko‘zyoshiga bo‘kkan diplomat,
Bir qop erkni
Sudrab qaytadi boshliq” deb yozadi.
Shahboz “Jon kerak bo‘lsa gar Tangrim, mana ol” yoki “Odamlar hech kimni sog‘inganim yo‘q, Meni sog‘ingancha ichikkan Xudo...” deb yozishdan o‘zini tiygani ma’qul. Rasululloh (s.a.v) “O‘limni orzu qilmanglar” degan. Ehtirosga berilgan shoir ukamiz “Meni sog‘ingancha ichikkan Xudo...” deya bilib-bilmay Xoliqni maxluq sifatidan kelib chiqib tasavvur etgan. Bu yakkash hodisa emas. Shunday tasavvurlar, ehtiros, jazava kuchi bilan qog‘ozga tushgan, anormal holatdan so‘ng ham tahrir qilinmagan she’rlar ko‘payib boryapti. Biri “Ichmasam yodimga tushmaysan Xudo” deb yozsa, yana biri “Nikohingga ol meni, Xudo!” deydi. Biz musulmon sharqi odamlari she’rga avvalo hikmat, ohang nuqtayi nazardan qaraymiz. Professor Nurboy Jabborov “Sharq Islom adabiyoti shaklni ham, vaznni ham, ijodiy konsepsiyani ham Qur’oni karim va Hadisi shariflardan olgan” deb yozgani bejiz emas.
Tuyg‘u, fikr sayozlashganini zukko o‘quvchi darrov ilg‘aydi.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 1-sonida Zarifa Eraliyevaning “Kiprigimda bir tomchi shabnam” turkumidagi “Umr suvrati” she’rida insoniy dard bor. Lekin she’rlarida
“O‘tgan kun o‘tadi. O‘tmagan kun yo‘q.
Kutgan kun keladi. Kelmagan kun yo‘q.
Allohdan kun tila, iymoning tila –
Illo, intihoga hali yakun yo‘q, – kabi jo‘n satrlar ko‘plab uchraydi.
Bilaman, tanqid hech kimga yoqmaydi. Lekin, nailoj! Xalqimiz bilib aytgan: “To‘g‘ri gapning to‘qmog‘i bor”. Tinglayotganlardan kimdir “Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi-da” deya o‘ylashi mumkin. Uyam haq!
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 2-sonida Boltaboy Bekmatovning turkumi e’lon qilingan. Turkumdagi Maxtumquli yo‘lida bitilgan she’rlar ko‘ngilga surur bag‘ishlaydi. Lekin Boltaboy akaga yarashmaydigan she’rlar ham bor. Bir misol:
Ne baxt, hamrohimiz: ishonch, e’tiqod,
Dasturimiz: tinchlik, mehnat va ijod.
Bizni chalg‘itolmas bu yo‘ldan hech kim,
Yurtni qiladurmiz qudratli, obod.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 3-sonida Xoliqnazar Xolniyozovning she’rlarini o‘qib, tahririyat bag‘rikenglik qilibdi-da, degan fikrga bordim.
Tinchlik bo‘lsa-yu yer yuzida doim,
Kishi mehnat hech mahrum bo‘lmasa.
Bandasin umrini bersa Xudoyim,
Ezgu ishi ora yo‘lda qolmasa.
She’rdagi ikkinchi satrda jinday saktalik bor.
Yoki bo‘lmasa, “Tobora” she’rini siz ham bir o‘qib ko‘ring.
“Umr degani bu o‘ta berarkan;
Qish-qishga tutashar, bahor-bahorga.
Olamda hech narsa yakka qolmaskan:
Chang-changga qo‘shilgay, g‘ubor-g‘uborga.
Gard-gardaga qo‘shilib, bo‘lgay sayyora,
Shu xilda kengayar dunyo tobora”.
“Gard-gardga qo‘shilib...” bo‘lsa kerak. Satrdagi “garda” so‘zini anglamadim.
Ustozlar aytgandek, she’r sirliroq bo‘lgani ma’qul.
Muhammad Ismoilni davradoshlari telejurnalist, murabbiy sifatida e’tirof etishadi. Muhammad akani o‘ziga xos uslub va ovozga ega shoirlarga shogird tushib, yaxshi she’rlar bilan tanilgan davrlarni eslaymiz. Jurnaldagi anchayin bir turkumni o‘qib, (“Sharq yulduzi”, 2021-yil 6-son) xayolimga Halima Xudoyberdiyevaning quyidagi satrlari keldi:
Shunchaki yozmoqqa ko‘ngil to‘lmaydi,
Shunchaki yozmoqqa bormaydi qo‘lim.
Shunchaki yozmoqqa chidab bo‘lmaydi,
Shunchaki yozmoq, bu – shoirga o‘lim.
Darvoqe, Muhammad Ismoil katta shoiramiz nomi bilan ataladigan maxsus maktabga rahbarlik qilib kelmoqda.
Sayyora Jabborzodaning u yer-bu yerda tuzukkina she’rlarini o‘qigan edim. Ammo, Vatan haqidagi zo‘rma-zo‘raki she’rlarni e’lon qilishdan nima naf bor ekan deya o‘ylanib qoldim.
“Shaxdam qadamlaring qo‘llagay jahon,
Zar unar tuprog‘ing, boyliklarga kon,
Bunda qadr topar hazrati inson,
Qutlug‘ yo‘llaringda shon-u baxt bisyor!” (“Sharq yulduzi”, 2021-yil 6-son).
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 6-soni va “Adabiyot ziyosi” gazetasining 17-sonida Ozod Xushnazarzoda she’rlari berilgan. Bu hamkasbimizni istiqlol arafasidagi dadil chiqishlari orqali jur’atli muharrir sifatida tanigan edik. Shu ma’noda, “Umrim bo‘yi izlab adolat, Topolmadim, bo‘zladim zor-zor” degan iqrori tabiiy. Ozod aka she’rga havasmand ekan. Ko‘rgan, bilganlarini she’rga solmoqchi bo‘lgan.
Bu dunyoda baxtli – ishi bor odam,
Bu dunyoda baxtli – tishi bor odam.
Ey do‘stim, yoshlikda saqla tishingni,
Ey do‘stim, ardoqla sevgan ishingni.
Ham ishsiz, ham tishsiz – bormi bir ma’ni,
Buni o‘ylamoqning o‘zi bema’ni.
Turkumlarni o‘qib, ko‘ngil dardlari-yu kechinmalarini esse qilib bitganida yanada ta’sirliroq bo‘larmidi, degan fikr o‘tdi ko‘nglimdan.
Vatan haqida vatanday dard bo‘lmasa yozish bekor. Vatan mavzusi shoirga o‘zini ko‘rsatib qo‘yish, borligini bildirishga berilgan imtiyozli vasiqa emas! “Mening yurtim – tanho, Vatanim – tanho!” degan tizmalarga ko‘zim tushsa, shou bizneschilarning davlat mukofotlari olish uchun “Vatan...”lab voy-voylagani esimga tushadi.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 8-sonida kuyunchak, sermahsul shoir Turob Niyoz she’rlari berilgan. Turkumning “Bag‘rimizni ochdik jahonga” deb nomlangan ilkinchi she’ridagi mana bu satrlar diqqatimni tortdi.
Tomosha qilmoqqa arziydi rostdan,
Vatanim tarixi g‘oyatda boydir.
Izlasang topilmas bu kabi maskan,
Mehmonga kelganlar hayratdan loldir.
She’r shu tariqa davom etadi. Bu tizmalarni havaskor bitganida mayli edi. Axir, Turob Niyoz go‘zal she’rlari bilan tanilgan shoir. Mana bu go‘zal to‘rtligi, adashmasam, chorak asr burun bitilgan edi.
Daraxtlar bahorni tush ko‘rar emish,
Qarg‘a izg‘irinni xush ko‘rar emish.
Biz yerda ko‘rmagan non ushog‘ini,
Ko‘kda uchib yurgan qush ko‘rar emish.
Taassuf, turkumdagi “Kitob o‘qiymiz” deb nomlangan kattagina she’rni o‘qimasam bo‘lar ekan.
Vatanimiz gullab, yashnashi uchun,
Qadamini olg‘a tashlashi uchun,
Misli jannatlarga o‘xshashi uchun –
Biz kitob o‘qiymiz, kitob o‘qiymiz.
O‘ttiz ikki qator she’r mana shu mazmunda davom etadi.
“O‘zAS”ning 2021-yil 45-sonida Turob Niyozning yana bir turkum she’ri berilgan. “Vatan mehri” degan she’rni sodda desam haqim ketadiganday, jo‘n desam gazeta uni she’r deb bosgan. “Xayol” she’ri haqida nima deyish mumkin. Siz ham bir eshitib ko‘ring. Yigirma qatorlik she’rning yakuni shunday:
Xayollar surishdan to‘xtamas inson,
Demak, to‘xtamaydi tafakkur, ijod.
Shu xayol tufayli yashnar yer, osmon,
Naqadar go‘zaldir, totlidir hayot.
Buyuk Cho‘lpon xayol haqida nima deb yozgan edi?
Xayol, xayol, yolg‘iz xayol go‘zaldir,
Haqiqatning ko‘zlaridan qo‘rqaman.
Xulosa o‘zingizdan.
Jahongir Ismoilov sakkizliklari yetilmay uzilgan mevaga o‘xshaydi. Turmush tashvishlari mavzusidagi sakkizlikni birgalashib tinglaylik:
Turmush tashvishlari yurakni g‘ashlab,
Kamayish o‘rniga tobora ortar.
Gohida bir ishni nimadan boshlab,
Qanday tugatishni o‘ylab bosh qotar.
To tirik vaqt ziqmi, yo kaltami dast,
Hatto ajratmasdan oq-qorasini.
Turmush tashvishlari uchradimi, bas,
Iloj yo‘q topmasdan bir chorasini. (“Sharq yulduzi”, 2021-yil 10-son).
Jo‘ngina she’r yakunlanmagan. Ikkinchi to‘rtlikning birinchi satrida saktalik bor. Ma’no anglashilmaydi. Ustoz Abdulla Orifning “Turmush tashvishlari” she’ri bilan yonma-yon qo‘yib o‘qisak... Ijodkor avvalo o‘ziga nisbatan talabchan bo‘lgani ma’qul.
O‘ktamxon Soliyeva she’rlarlarida niyat bor, gap bor, tinish belgilari bor, ammo badiiyat yo‘q. Mana, “Sanog‘i bormu?” she’ridan eshiting:
Osmonda yulduzning sanog‘i bormu,
Hijron azobining adog‘i bormu?
Sevib-sevilmagan oshiq ahliga,
Bu dunyo shunchalar beshavqat tormu?
Yoki bo‘lmasa, “Hayot go‘zal” she’ridagi mana bu satrlarga quloq tuting:
Boshimga tashvishlar, azobni solsang,
Tunlar ko‘zlarimdan oromim olsang,
Dilda halovatim yo‘qolib qolsa,
Baribir men seni sevaman hayot! («Sharq yulduzi”, 2021-yil 10-son).
She’r shu tarzda davom etaveradi.
“Sharq yulduzi”ning 2021-yil 10-sonida O‘ktam Mirzayor turkumini o‘qib, dastlabki she’rlariga biron bir jihatdan yaqin ham kelmaganiga o‘kindim.
Bir narsani ochiq aytish kerak, ko‘pgina ijodkorlarimiz taqdim etayotgan turkumlarda she’riy san’atlar abas. Buning ustiga, badiiy tafakkur, poetik go‘zallik, kutilmagan tashbih, obrazlilik, hikmat majmuasi bo‘lgan she’r tili yo‘q. Timsol yashirilgan xarakterli so‘z haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Chin she’rdagi ruh, obraz, ohang o‘quvchi qalbini zabt etadi. She’rning sehr-u jozibasi o‘quvchi tafakkuriga ta’sir etib, tuyg‘ularini erkalab, uning o‘zi ham anglamagan vodiylarga yetaklab ketishida emasmi?
Mutafakkir Abdulla Oripovning har bir so‘z va jumla, har bir satr ustida qanchalar ter to‘kkanini muharrir va munaqqidlar ko‘p yozgan. Abdulla aka suhbatlarda “Ruhiy tahlil, dramatizm, fikr har bir misra uchun baravar bo‘lishi, shoir hamma misraga bir ko‘z bilan qarashi, hamma misrada ham o‘z mahoratini namoyish qila olishi kerak” degan gapni bejiz uqtirmagan.
Ulug‘larimiz o‘quvchiga she’r tugul, yuksiz, maqsadsiz satrni ham ravo ko‘rmagan.
“Sharq yulduzi”ning 2021-yil 12-sonida berilgan Mahbuba Soqiyevaning turkumi vatan madhi bilan boshlanadi. Ochig‘i, vatanga munosib dard ko‘rmadim. “Vatan – onajonim! Muqaddas tuproq” degan bilan she’r bo‘lib qolmaydi-ku, axir! Muhabbat mavzusidagi she’rlari ham boshdan-oyoq shaxsiy dard izhori, ko‘ngil maylidan iborat. Ijtimoiy-umumiylik kasb etmagan.
Adabiyotni sevgan, jonsarak ijodkor Zikrilla Ne’mat turkumi – anchayin yozilgan she’rlarni o‘qib, tilim kurmalib qoldi. Shubhangiz bo‘lsa, o‘ttiz olti qatorli she’rdan bir shingil eshiting.
Bugun istiqlolning bog‘larin kezib,
Baxt-u saodating kuylarmiz, Vatan.
Muqaddas bag‘ringni bog‘-bo‘ston etib,
Buyuk kelajaging o‘ylarmiz, Vatan!
Sen qudrat manbai, hur jonajonim,
Saodat maskani – O‘zbekistonim! (“O‘zAS”, 2021-yil 37-son)
Nima deyishga ham hayronman.
Shoirga emas, hotamtoy gazetaga jinday ginamiz bor.
Anorboy Olimovning “Baxt-iqbolim, O‘zbekistonim!” degan katta bir she’ri ham shunchaki ishqibozlikdan tug‘ilgan (“O‘zAS”, 2021-yil 36-son). Nafaqat shoirlarning, barchaning vatanga muhabbati cheksiz. Ammo, Vatan sha’niga bitilgan she’r vatan kabi ulug‘vor, salobatli bo‘lmog‘i shart.
Bugun mustaqillikni asrash, mustabid va yovuz kuchga qarshi turishdan muhimroq vazifa yo‘q. Vatan haqida chuchmal she’rlar yozadigan davrlar o‘tdi. E’lon qilinayotgan turkumlarda qalblarni ochuvchi, molimardumxo‘rlarga nisbatan murosasizlikka undovchi, adolat, haqiqatga da’vatkor ruh susaygan.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 2-sonida G‘ulom Egamshukurning oshiqona she’rlari berilgan. Lirik qahramonning Allohga munojoti, tazarrusi o‘quvchi ruhiyatiga ta’sir etmay qolmaydi.
Tahririyat o‘tgan yil kashf etgan shoir Xo‘jayor desam mubolag‘a emas. Dashtda mol boqib yurgan cho‘pon yigit bayotidagi milliy kolorit, ohorli til, jo‘shqinlik, hayotsevarlik she’rxonga zavq beradi. Qishloq hayoti, dasht manzaralari bo‘yab-bejalmasdan o‘ziga xos tasvirlanadiki, beixtiyor dashtga tushib qolgandek his etasiz.
Xo‘jayor tengdoshlari va o‘zidan ancha katta avlod iymangan, jur’at qilolmagan “bovurlab”, “gazalar”, “do‘qalab”, “morigan”, “qatov”, “taytuv”, “chinoq”, “jiyratmoq” kabi o‘nlab so‘zlarni o‘rni-o‘rnida qo‘llaganki, beixtiyor mamnun bo‘lasiz.
Xo‘jayor aksariyat tengdoshlari kabi adabiyot nazariyasi va tarixi, she’riy san’atlar, qofiya ilmini qunt bilan o‘rganishi lozim.
Xurshid Nurullaev manzaralar ustasi. “Shabnamlar yulduzdan qolgan yodgorlik” turkumi fikrmizga dalil. Shoir bahorgi tabiat manzaralarini juda tiniq tasvirlaydi. Satrlar o‘qiymiz.
Osmonning tugagan bardoshi – yomg‘ir,
Yutoqqan adirning bosar chanqog‘in.
Jilg‘alar shoshgancha yashirgandek sir,
Suv bilan bekitar chandiq qirg‘og‘in.
So‘z – yombi. Yombidan mohir zargar qimmatbaho buyum yasagani kabi, har bir iste’dod so‘zga yangi ma’no beradi.
“Sharq yulduzi”ning 4-soni, “Kitob dunyosi” gazetasining 16-soni hamda “O‘zAS”ning 5-sonida taniqli shoir Abdumajid Azim turkumlari chop etilgan. Abdumajid aka she’rlari bir qarashda sodda ko‘rinadi, ammo sharq she’riyatiga xos donishmandlikni, teranlikni ilg‘ash qiyin emas. Bir-u Borga munojot she’rlar mavzusini belgilab bergan.
Suvrati cholmanu siyrati go‘dak,
O‘zim g‘irt to‘pori, inja fe’lman.
Oqilga oqil-u tentakka tentak,
Mustafo ummati, elimga elman.
“Sharq yulduzi”ning 5-sonida taniqli ijodkor, publitsist, tarjimon Karim Bahriyevning qirq to‘rtta to‘rtligi berilgan. G‘arb va Sharq adabiyotining ko‘p va xo‘p mutolaa qilgan ijodkorning hayot, odam haqidagi xulosalari ibratli.
Bugun o‘z yukini tortadi har kim,
Inson dayr cho‘lida yurgan tevadir.
Bandadan tilasang – ko‘p ko‘rar yomon,
Ollohdan tilasang – ko‘proq sevadi.
O‘sha sonda Jumanazar Yusupov she’rlarini o‘qib, xayolim negadir uzoqlarga ketdi. Men bu shoirni talabaligimda tanigan edim. “O‘zbekiston” she’ri hali hamon yodimda. An’anaviy she’riyatdan o‘zgacharoq, tanish ohanglarni eslatib yuboradigan uslub o‘sha davr ruhiga mos edi. Keyingi yillarda men bu nomni deyarli uchratmadim. Shoir buni sezganday “Mendan zerikdilar, she’r yozmay qo‘ydim” debdi. O‘tgan yili e’lon qilingan baquvvat turkumlardan biri Jumanazar Yusupovniki deyish mumkin. “Cho‘lponning so‘nggi she’ri”dan bir parcha o‘qiymiz:
Nodonlik – fazilat, johillik – unvon,
Telbaning tushiga o‘xshar bu zamon,
O‘g‘risi payg‘ambar, qaroqchisi xon,
Azalning hukmi shu, netamiz,
Endi yuraklari o‘tli ketamiz.
Keyingi paytlarda faol ijodkorlardan Shuhrat Orif. Shuhratning “Yoshlik”ning 2021-yil 1-sonidagi, «Sharq yulduzi”ning 5-sonida turkumlari yaxshi chiqqan. Shuhrat o‘zini malomat qila oladigan ijodkorlardan. Shoirning iqrorlari samimiy ko‘rinadi. U bir o‘rinda
Ichimda abadiy hadik bor –
Tangri quvg‘in qilgan odamman.
Hech kimman va yo‘qman dunyoda,
Ichimda odamman, odamman!
Riyo, ro‘yo, sarobga aldangan ko‘ngil dodlari bor bu she’rlarda. Umuman, shoirning o‘zini o‘zi tergashi, malomat qilishi quvonarli. Bu, albatta, o‘z samarasini beradi.
She’riyatimizning zabardast vakillaridan Odil Ikrom mohir tarjimon sifatida ham adabiyotimiz xazinasini boyitib kelyapti. Odil Ikrom keyingi to‘rt-besh yil ichida juda sermahsul ijod qilmoqda. E’lon qilinayotgan turkumlar, chop etilayotgan kitoblarni ko‘rib qoyil qolasiz. Shoirning “Tafakkur” jurnali 3-sonida berilgan she’rlari muxlislar uchun chinakam tuhfa bo‘ldi. Odil Ikrom mumtoz sharq she’riyati va zamonaviy she’riyatni uyg‘unlashtira olgan ijodkor. She’rlarining bo‘yoqdorligi va mazmunan serqatlamligi shundan. Ma’nosiz satr yo‘q. Ko‘p she’rlarida xalq maqollari va iboralarini akslantirib, poetik go‘zal ma’nolar yaratgan.
Kelgin, yo‘llaringga to‘rt bo‘ldi ko‘zim,
Ko‘zlaringda umid cho‘g‘ini ko‘ray.
Netay, peshonamda borini ko‘rdim,
Kelgin, peshonamda yo‘g‘ini ko‘ray.
Odil aka uyg‘oq qalb o‘laroq davrni, zamonning ravishini nozik kuzatadi. Yozganlarida muallif “men”i, his-kechinmalari, o‘y-fikrlari yaqqol ko‘rinadi.
Qolmadi odamiy maxluqotlarning
Haromdan hazari,
Nima qilamiz?
Oshimiz zahardir,
Sarxo‘r zotlarning
Osh bo‘ldi zahari,
Nima qilamiz?
“Sharq yulduzi”ning 9-sonida berilgan o‘z ovozi ega shoir Aziz Saidning “Sen dengizga boraylik deding” deb nomlangan turkumi chin ma’noda e’tirofga molik. Turkum “She’r-u so‘zdan na odam o‘zgardi na olam” deya muztar bo‘lgan qalbning hasb-u holi. Hasb-u holki, o‘quvchi oromini buzadi. Chunki bandaning Xudodan so‘rovi, oshkor-u pinhon yig‘ilar bor bu she’rlarda. Belida fo‘ta, qo‘lida fonus – Ollohga zorlanayotgan qalandarmi yoki biz? Ayniqsa, “Abduvali, ruhimning yarmi...” deb boshlanadigan she’r – bu yo‘qlov. Aziz Said she’rlarida “ruh” obrazi o‘tmish, mag‘lubiyat, qismat, yo‘qlik va borlik ma’nolarida keladi.
Eshqobil Shukur o‘z yo‘li va uslubiga sodiq ijodkor. So‘zning xilini, ruhi-yu ma’no tovlanishlarini juda nozik ilg‘aydi. Sinchi so‘zshunos va tilshunosligiga “Boboso‘z izidan” kitobi dalil. “Navoiyni anglash” turkum ko‘rsatuvlari orqali Hazrat merosini targ‘ib etishda jonbozlik ko‘rsatdi. Eshqobil Shukurning “Nasoyim ul-muhabbat”da sayr” turkumi kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas. Turkumdagi yangi she’rlar (O‘zAS”, 2021-yil, 17-son) o‘tgan yilgi jiddiy chiqishlardan bo‘ldi. “Nasoyim ul-muhabbat” – bu hayrat. “Nasoyim ul-muhabbat” – bu o‘zlik. “Nasoyim ul-muhabbat” – bu kamolot. 770 shayx – Allohni tanigan komil insonlar olamiga sayr orqali Parvardigorni tanish demak. “Nasoyim ul-muhabbat”da sayr” o‘quvchi ko‘nglini poklab, avliyoulloh Alisher Navoiy olamiga va komillik yo‘liga yetaklaydi.
Ichingda xilvat bor, unga yashirin,
Ruhingga dahri dun soya solmasin.
Birovga oldirma bu xilvat sirin,
Toki unga hech kim yo‘l topolmasin.
“Kitob dunyosi” gazetasining 2021-yil 3-sonida Nodira Ofoqning go‘zal bir turkumi e’lon qilingan. She’rlarda vatan, ajdodlar va zamondoshlar suvrati iztirob ranglarida tasvirlanadi. “Ey ruh, kirganmisan gul jismiga ayt!” deb boshlanadigan she’r Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylarga atalgandek ko‘rinsada, aslida, u Vatan sha’niga bitilgan. Fikr, g‘oya ramzlar, timsollar asosida ifodalangan “Naziri yo‘q” she’ri, shubhasiz, Hazrat Navoiyga bag‘ishlangan eng yaxshi asarlardan biri. She’riy san’atlarni nozik bilguvchi olimaning mazkur she’rlari, nazarimda, talmeh san’atiga misol bo‘la oladi.
“Sharq yulduzi”ning 9-sonida ham shoiramizning chuqur falsafiy she’rlari o‘rin olgan.
“Qara, darchamizni yopib-ochmoqda
Uhudni aylanib kelgan shamollar” kabi misralar yoki she’rning yakuni hayotning o‘lmas mavzusini yodga soladi.
Bunday ohang va g‘oya Nodira opaning bundan o‘ttiz yil burun bitgan she’rlarida ham bor edi.
Obi hayvon ichgan ul sag‘ir qo‘rquv.
Gar ul saratondir – bitmas yaramiz.
Qo‘rqma:
“Bizga muhabbat qilgandir Uhud”,
Qara, boshlanmoqda bizning eramiz.
Turkum, bir so‘z bilan aytganda, iymon haqida.
“Sharq yulduzi”ning 9-sonida Erkatosh Shukurovaning “Ko‘zgu” she’ridagi samimiyat o‘quvchini rom etadi. Ko‘zgu – majoz. U – o‘tayotgan umr. She’rda umrini sarhisob qilayotgan odam tasvirlangan.
“Sharq yulduzi”ning 2021-yil 10-sonida Minhojiddin Mirzoning “Ofiyat momo” balladasi syujeti juda ibratli. O‘sha sonda Avliyoxon Eshonning hikmatga moyil she’rlarida yaxshi satrlar bor ekan:
Yurak ketmasin deb ko‘ksimdan badar,
Gunoh toshlarining ostiga ko‘mdim.
Shoir tun manzarasini quyidagicha tasvirlaydi:
Kecha sukunatin buzmoqdan cho‘chib,
Ko‘kda oy yuradi kiymasdan kovush.
“Sharq yulduzi”ning 2021-yil 10-sonida Xol Muhammad Hasanning xalq aytimlari yo‘lidagi she’rlari berilgan. “Alpomish” ohanglarini yodga soluvchi she’rlardagi so‘zlar leksikamizni boyitishi bilan e’tiborga molik.
“Yoshlik”ning 2021-yil 1-sonida Gulnorning she’rlari berilgan. O‘n to‘qqiz yashar shoiraning hayotga qarashi, jur’ati quvontirdi:
Tangrim, ibtidoyim, yakunim – gunoh...
Huzuringga beburd bora olmayman.
Soppa-sog‘ “so‘qirlar” to‘lgan dunyoda,
Aslo tomoshabin bo‘la olmayman!
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 1-soni, “O‘zAS”ning 2021-yil 16-soni hamda “Kitob dunyosi” gazetasining o‘tgan yilgi 17-sonda jununli shoiramiz Halima Ahmadning istiora-yu metaforalar bilan bezangan go‘zal turkumlarini o‘qib, rosti rohatlandim. Halima opadagi junun o‘quvchini o‘ziga asir qiladi. Shoira ijodiga xos yovvoyi shodlik, ishq anduhi qandaydir yorug‘lik borligiga ishontiradi. She’rning kuchi shu emasmi? “Qayg‘u noxun urgan ilohiy kuylar” yodiga tushgan dalli-devona ko‘ngil, uning faryodlari, oshiq dilning sinmagan orzulari satrlarga aylangan. O‘tgan umr sarhisobi har kimning boshida bor.
Yemrilgan zamonlar osha qarayman,
Meni mahv etarkan qandaydir sado.
O‘ylayman lojuvard, ma’sum ganjimdan
Qaytsam, toparmanmi biror bir vaqo?!
Halima Ahmad – kuchli ruhiyat sohibasi. Uning she’rlari qilichday keskir. Har bir she’rida o‘zini beshafqat taftish etadi. Ana shu taftish-u fosh etish orqali o‘zlikni izlaydi. Bu izlash lazzati she’rxon qalbini ham zabt etishi shubhasiz.
Men shu o‘rinda Alisher Narzullo haqida ham alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Shoirning “Sharq yulduzi” jurnali, “Hurriyat”, “Kitob dunyosi” gazetalarida e’lon qilingan she’rlarini o‘qib, asl she’r ta’mini his qildim...
Xo‘sh, Alisher Narzullo she’rlarining bizni o‘ziga mahliyo qiladigan tomonlari nimada? Nega uning she’rlari o‘quvchi ko‘ngliga yaqin, deya e’tiboringizni shoir ijodiga qaratayapman?
Alisher Narzullo ko‘ngil shoiri. Uning har bir she’ri zamirida ichki bir og‘riq, dard bo‘rtib turadi. Bu shunchaki yig‘loqilik emas, ammo ana shu dardning o‘zida yorug‘likni ham ko‘rasiz.
Qur’oni karimning “Shuaro” surasi 224-oyatida “Shoirlarga yo‘ldan ozganlar ergashurlar” deyiladi. Mujtahid olimlar oyatda maddoh, laganbardor, yolg‘onchi shoirlar nazarda tutilganini, bu ilohiy da’vat zamirida shoirlar yolg‘onni emas, haq so‘zni yozsin degan ma’no mujassamligini ta’kidlashgan. Rostlik adabiyot uchun, hayot uchun, bugun, erta va kelajak uchun ham juda muhim. Alisher Narzullo she’rlari ruhida ana shunday rostgo‘ylikni ko‘ramiz. “Birgina yolg‘onga uyqashmagan so‘z, Qutqarib qoladi bugun hammani...” satrlari esa, bugungi kun dunyoda yuz berayotgan voqealarning aks sadosidek yangraydi.
Qiyomat...
Va bir kuni oppoq tong otar,
yerni tutar yalpizlar isi.
Bir chaqaga arzimas dunyo,
bu tong bo‘lar eng oxirgisi.
Va Mahshargoh,
va talvasa,
halqumiga tiqilib joni –
Eng avvalo, yo Rabbim! – deya
xudosizlar tanir Xudoni...
Yoki
Yog‘iy kabi boqadi sahar,
yov misoli tun yutadi qon.
Yer ostida g‘amlar ko‘milgan,
yer ustida ishratdir hamon.
Alisher Narzullo degan shoirni ham ko‘proq o‘qish, ehtimol tahlil ham qilish kerakdir deb o‘ylayman...
Darvoqe, so‘zni chiroq qilib muxlislar ko‘nglini yoritgan Abdulla Sher, Faxriyor, Zebo Mirzo, Muhiddin Omon, Olloyor Begaliev, Humoyun, Sirojiddin Rauf, Ikrom Iskandar, G‘ayrat Majid, Nodir Jonuzoq, Nosirjon Jo‘rayev, Orif To‘xtash, Farog‘at Xudoyqulova, Shodi Otamurod, Mansur Jumayev, Shodmon Sulaymon, Ahror Bayzo, Muxtasar Tojimamatova, Guljamol Asqarova, Shohsanam Nishonova, Dilrabo Mingboyeva, Shuhrat Aziz, Abduvohid Sayid Muhammad, Boburmirzo Iminjonov she’rlarisiz nazmiy nahrimiz sayozdir.
Endi, g‘azallar xususida bir-ikki og‘iz so‘z.
Sultonmurod Olim Abdulla Orifning “Tafakkur” jurnali tahririyatida kechgan suhbatda aytgan bir gapini keltiradi. “G‘azalda shoirlar oxirgi bayt bo‘lib keladigan maqtadan oldingi bir, ba’zan ikki baytda, asosiy mavzudan sal-pal chetga chiqqanday bo‘lsa ham, yuragidagi yashirin bir dardini aytib oladi. Uni “begona bayt” deyishadi”.
Mana shu fikrni o‘qiganimdan so‘ng ustozning “She’rni “begona satr” she’r qiladi. U satr odatda she’rning oxirida keladi” degan gapini yaqqolroq tushundim.
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 2-sonida Shoira Shams g‘azallari berilgan. Turkum o‘tgan yili e’lon qilingan g‘azallar orasida alohida ajralib turadi. Tabiatan g‘azalnavis Shoiraga ko‘z tegmasin!
“Sharq yulduzi” jurnalining 2021-yil 3-sonida Sulaymon Haydar Kasbiyning yettita g‘azali berilgan. Mumtoz adabiyot muhibi bo‘lgan shoir g‘azallarida yorga murojaat bilan bir qatorda ijtimoiy muammolar haqida ham so‘z boradi.
“Sharq yulduzi”ning 2021-yil 10-sonida Shokir Bekning aruzdagi mashqlari – g‘azallari berilgan. Mumtoz adabiyotni yaxshi o‘rgangani ko‘rinib turibdi. Aksari ravon o‘qiladi, ba’zi misralarni o‘qishda qoqilasiz, qofiyada “aybg‘inasi bor”. Lekin, Shokir Bekning aruzdagi ildam odimi ko‘p yaxshi mujdalar beradi.
Farmon Toshev ustoz muharrirlardan. Fidoyi, gapga chechan arbob. O‘nlab nasriy, nazmiy, hajviy, publitsistik to‘plamlar muallifi. “Sharq yulduzi”ning 11-sonida Farmon akaning g‘azallar guldastasi berilgan. G‘azallarda shoirga xos hayotsevarlik, topqirlik, hazil-mutoyibaga moyillik ko‘rinib turibdi. Eng tajribali g‘azalnavisimiz Hazrat Navoiyning “Ayb erurkim, ahli donish qilsa nodon birla bahs” bayti bilan boshlanadigan g‘azal bitgan. Ohang yaxshi, qoqilmaysiz. So‘zlar joy-joyida. Ammo Hazratning mashhur bayti g‘azalda begona bo‘lib turibdi.
“Sharq yulduzi”ning 11-sonida Nurulloh Ostonning bir turkum hajviy g‘azallari berilgan. Unutilayozgan asriy an’ana bardavomligini ko‘rib ko‘ngil quvnaydi. Bo‘shliqni to‘ldirib turgan shoirga tasanno! Nurilloh aka o‘tgan yili barakali ijod qilganlardan. “Adabiyot ziyosi” gazetasining 14-sonidagi turkumi butunlay boshqa ohangda. She’rlar shoirning mungli, mahzun qalbini aks ettiradi.
“Kitob dunyosi” gazetasining 2021-yil 13-sonida Erkin Vohidov nomidagi ixtisoslashtirlgan maktab-internati o‘quvchisi Ahrorjon To‘xtasinovning aruzdagi mashqi quvonarli.
O‘tgan yili e’lon qilingan turkum g‘azallar orasida Ismoil Mahmud Marg‘iloniy g‘azallari ham e’tiborga molik.
Iloyo, g‘azalnavislarimiz ijodi gullab, safi kengaysin. Ammo, “tajohul ul-orif” qilib o‘tolmayman: Abdulla Orif ta’kidi kun tartibida: “begona bayt” tanqis!
Og‘riq joyimiz aksariyat ijodkorlarning intellektual imkoniyatining cheklangani. Bir-biriga o‘xshagan ijodkorlarning ko‘payib borayotganining bosh sababi mavzulardagi bir xillik, jur’atsizlik, diniy-ma’rifiy, tarixiy savodning sayozligida deb bilaman.
Shoirlarimiz satr ustida ishlash, tahrir mahoratini egallashni ortiqcha yumush sanagani bois “polufabrikatlar” ko‘payib ketyapti. Ochig‘ini aytish kerak, bugun nashriyotu tahririyatlarda adabiy xomashyodan “xodovoy tovar” yasovchi Erkin A’zam, Xayriddin Sultonlar yo‘q.
Ko‘pgina she’rlarni o‘qib, shoirlarimiz bisoti bir hovuch so‘zdan iboratmikan, degan shubhaga borasan kishi. Axir, har bir iste’dod o‘zi bilan birga yangi, deylik, o‘tovlarda iluvli oynaxaltami, tuzxaltadami qolib ketgan so‘zlarni olib kirmasa tilimiz fasohati haqida og‘iz ko‘pirtirishimiz nechog‘li to‘g‘ri bo‘ladi. So‘z boyligimiz yelga sovurilmoqda, degan xavotir faqat bugun paydo bo‘lgan muammo emas.
O‘tgan yili matbuotda e’lon qilingan ba’zi turkumlar u yoki bu ob’ektdan ta’sirlanib bitilgani sinchilarga ayon. Ob’ekt esa, mumtoz va jahon klassik adabiyotidan emas, o‘tgan asrning 70-yillari adabiyotga kirib kelgan shoirlardan ta’sirlangan. O‘sha, bugungi yosh avlodga mayoq, ibrat maktabi bo‘layotganlarning she’rlari o‘lchovi baland bo‘lgan saksoninchi yillar elagidan o‘tarmidi? Axir, qo‘lyozmasi Shavkat Rahmon talabiga javob bermagach gazetada tuhmat maqola uyushtirgan, nashriyotda asossiz tekshir-tekshirlar o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan qalamkashlar kirdikori hali unut bo‘lgani yo‘q.
Mutafakkir Erkin Vohidov “Ilhom tashbih qidirmaydi. Shoir o‘z she’ri bilan yonganda tashbihning o‘zi keladi. Topilgan obrazlar, o‘xshatish, istioralar asosida qurilgan she’r har qancha yorqin, har qancha chiroyli bo‘lmasin, yasalgani bilinib turadi. Qofiya fikrga bo‘ysunishi kerak bo‘lganidek, tashbih she’rning ruhiga bo‘ysunishi kerak. Shuning uchun ilhom bilan yozilgan she’rda ilgari topib qo‘yilgan obraz begona bo‘lib turadi” degan edi.
Bulturgi she’rlar orasida Vatan, yurt haqida samimiy bitiklar kamligi o‘ylantiradi. Zamazama qilib o‘qiydigan she’rlar nihoyatda sanoqli. Mavhum, miqyosi tor, yasama she’rlar ko‘p.
Hayotiy va ijodiy prinsiplari o‘zga-o‘zga ijodkorlar hamma zamonda topiladi. Qo‘rqoqlik umrni uzaytirmaydi. Taklifim, ijodkor ziyolilarga davlat mukofotlari-yu unvonlarini berishni bas qilish kerak. Kimgadir og‘ir botsa uzr so‘rayman. Binoyiday ijodkorni ta’magir, munofiq-u maddoh qilayotgan “virus” – farmon! Yozuvchilar uyushmasi yillik mukofotlar ta’sis etsa yetmaydimi?! Mana, o‘tgan yili Shukur Xolmirzayev nomidagi xalqaro tanlov e’lon qilinib, g‘oliblar mukofotlandi. Mana shunday bo‘lishi kerak.
So‘zimni Aziz Saidning bir she’ri bilan yakunlamoqchiman:
Neki tutsam qo‘limda bir sarob bo‘ldi,
Neki desam ul sarob bir javob bo‘ldi,
Neki ko‘rsam ko‘zimga bir azob bo‘ldi,
Dil berganim dili mandan qocharo,
Qo‘l berganim tishlab uzib otaro,
Yo‘l berganim yo‘lda meni sotaro,
Ey Xudoyo, bu o‘yindan ne nash’u namo bo‘ldi?
Libos kiydim, tanim uryon qolaverdi,
Sukut qildim, tilim biyron qolaverdi,
Senga yurdim, yo‘lim giryon qolaverdi,
Ey Xudoyo, bu o‘yindan ne nash’u namo bo‘ldi?
Olim TOSHBOYEV,
filologiya fanlari nomzodi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q