Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» va ma’naviyat: jamoatchilik nigohida» mavzusida ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ana shu anjumanda so‘zga chiqqan taniqli olimlar, ma’naviyat fidoyilari, jamoatchilik vakillarining diqqatga molik ayrim fikr-mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Minhojiddin Hojimatov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari:
– O‘zbekiston mustaqil taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik, xalqni rozi qilishga qaratilgan islohotlar nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda yuksak e’tirof etilmoqda. Yangi O‘zbekistonni barpo etish, uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish har bir yurtdoshimizning hayotiy maqsadlari asosiga aylanmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobida ta’kidlaganidek, «Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub’yektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’yektiv zaruratdir».
Bugun aynan “Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasi sari” shiori ostida Vatanimizdagi yangilanishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan, jamiyatimizning bor bilim va salohiyatini, kuch va imkoniyatini ishga solgan bu ezgu harakat umummilliy ahamiyat kasb etmoqda. Yangi O‘zbekistonni jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega, har tomonlama obod va farovon davlatga aylantirish borasidagi bu katta harakatda iqtisodiy omil bilan birgalikda ma’naviy omillar ham muhim o‘rin tutishi kitobda alohida ta’kidlab o‘tilgan: “Ma’naviyat – insonlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hurmat va e’tibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yo‘lidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir. Boshqacha qilib aytganda, ma’naviyat jamiyatdagi barcha ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalq ham, davlat ham shuncha kuchli bo‘ladi”.
Akmal Saidov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori:
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobi va undan ma’naviyatchilar uchun kelib chiqadigan vazifalar, sohada nimalar amalga oshirilishi lozimligini muhokama qilib olishimiz kerak. Shu bois bugungi anjuman dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Birinchi o‘rinda shu narsani ta’kidlar edimki, davlatimiz rahbarining «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobi Prezidentimiz shu lavozimga kirishgandan keyingi yozgan birinchi fundamental asaridir. Bu kitobda davlatimiz rahbarining har tomonlama o‘ylangan fikrlari, xalq bilan muloqotlari, dardlari mujassam.
E’tiboringizni ayrim raqamlarga qaratmoqchiman. Taraqqiyot strategiyasining yetti yo‘nalishida 17 ta konsepsiya, 8 ta dastur, 15 ta strategiya, 12 ta tubdan yangi kodeks, 36 ta yangi qonun qabul qilinishi kerak. Ma’naviyat masalasi faqat bitta, ya’ni beshinchi yo‘nalish bilan cheklanmaydi. Birinchi yo‘nalishdan to yettinchigacha, hammasi ma’naviyatga asoslanishi taqozo etiladi.
Abduxalil Mavrulov,
tarix fanlari doktori, professor:
– Prezidentimiz inson qalbining chegarasi bor, bu chegarani asrash kerak deb bejiz aytmagan. Masalan, O‘zbekistonning sarhadlari 6200 kilometrdan oshiq, uni qo‘riqlash uchun maxsus xizmatlar tashkil etilgan. Men yurtimiz sarhadlarini alohida bir shaxsning qalbidagi chegaralar bilan taqqoslagim keladi. Inson qalbining chegaralarini qo‘riqlash mamlakat chegarasini qo‘riqlashdan og‘irroq, degan bo‘lardim. Sababi, bu chegarani biz ko‘zimiz bilan ko‘rmaymiz, qo‘limiz bilan ushlamaymiz. Davlat chegaralarini harbiylar qo‘riqlasa, inson qalbini biz – ma’naviyatchilar asraymiz. Bizning vazifamiz ham askarlarnikidan kam emas.
O‘zbekiston fuqarosining ma’naviy qiyofasi qanday bo‘lishi kerak? Uni o‘lchaydigan tarozisi bormi? Buning amaliyotini Ma’naviyat va ma’rifat markazi turli hududlarda amalga oshirdi. Lekin takomiliga yetishi uchun hali ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida keltirilgan ustuvor yo‘nalishlar esa jamiyatimizning ma’naviy-axloqiy manzarasini belgilab beradi. Bu kitob hammamizning qo‘limizda turadigan dasturulamal bo‘lishi lozim.
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q