“Besh kitob tavsiyasi” loyihasining navbatdagi sonida yozuvchi va adabiyotshunos Ulug‘bek Hamdamning tavsiyalarini o‘qishingiz mumkin. Bugungi taqdim etilayotgan kitoblar ichida turkiy adabiyot bilan bir qatorda fransuz, hind va rus adabiyoti namunalari ham mavjud. Agar mutolaa uchun sara asarlar izlayotgan bo‘lsangiz, quyidagi ro‘yxat sizga yordam beradi.
1. Jaloliddin Rumiy. “Ichindagi ichindadir”
Ushbu asar mashhur mutasavvif Mavlono Jaloliddin Rumiyning turli majlislarda bildirgan fikrlaridan tarkib topgan. Siz ushbu risolani o‘qib, inson va olam, ong va borliq, inkor va isbot, xayol va amal singari falsafiy tushunchalarning asl mohiyatini anglaysiz.
2. Hind eposi. “Kalila va Dimna”
Mazkur epos “Panchatantra” va “Xitopadesha” kabi qadimgi hind og‘zaki ijodi zaminida vujudga kelgan, uning yozilgan vaqti ma’lum emas. Asar shahzodalarga ta’lim-tarbiya berishga mo‘ljallangan bo‘lib, pand-nasihat ruhida yozilgan. Unda ijtimoiy, siyosiy, axloqiy va maishiy masalalar, asosan, majoziy yo‘l bilan ikkita shoqol – Kalila va Dimna munozarasi shaklida bayon etiladi. Asar o‘zbek tilida bir necha bor nashr etilgan.
3. Alisher Navoiy. “Lison ut-tayr”
Alisher Navoiyning ushbu dostoni o‘zbek mumtoz adabiyoti va o‘zbek adabiy tilining muhtasham yodgorliklaridan. U fors shoiri Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asari ta’sirida yozilgan. Navoiy asarda Xudo tashqarida emas, sening o‘zingda degan fikrni olg‘a suradi. Shu yo‘sinda insonni ulug‘laydi, uning kamolotga erishish yo‘lini yuksak she’riy mahorat bilan bayon etadi.
4. Alber Kamyu. “Begona”
XX asr fransuz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi, mohir adib, dramaturg, faylasuf A.Kamyu o‘z asarlarida Ikkinchi jahon urushi dahshati oqibatida paydo bo‘lgan insoniy taqdirning absurd hissiyotlarini kuylagan. Uning “Begona” asari Ahmad A’zam tomonidan o‘zbek tiliga mohirona tarjima qilingan.
5. Gi de Mopassan va Chexovning ko‘plab hikoyalari
Fransuz yozuvchisi Gi de Mopassan adabiyotga “Do‘ndiq” novellasi bilan kirib kelgan. Uning 18 ta hikoyalar to‘plami nashr qilingan. Adibning “Daydi”, “Shkaf”, “Gadoy” kabi novellalarida turmush qa’riga uloqtirilgan notavonlar hayoti tasvirlangan. Ko‘plab hikoyalari o‘zbek tiliga o‘girilgan.
Rus yozuvchisi Anton Chexov qalamiga mansub “Semiz va oriq”, “Chinovnikning o‘limi”, “Buqalamun”, “Niqob”, “Unter Prishibeyev” singari hikoyalarda adib mavzuni kulgi yordamida yoritish, hajviy obraz yaratish, voqea va hodisalarni lo‘nda tasvirlash san’atini mukammal egallaganini namoyish etadi. Chexovning eng yaxshi nasriy asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Tarix
Tarix
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q