Yuz ming co‘mlik kundalik atrofidagi bahslar – marketologlar hiylasi o‘zbek kitob bozorlariga kirib kelmoqda


Saqlash
15:41 / 13.04.2022 1799 0

 Belgiya olimlarining tadqiqotiga ko‘ra, shokolad hidi kitob savdosiga ijobiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Bu sirni bilgan sotuvchilar kitob do‘koniga shokolad isli atir sepib qo‘yishar yoki tashrif buyuruvchilarga likopda turgan shokoladdan tatishni maslahat berishar ekan.

 

Marketologlar kitob sotishda mana shunaqa hiyla ham ishlatib turishadi. Bunday usullar o‘zbek bozoriga ham kirib kelmoqda. Rastalarda Abdukarim Mirzayevning “Huzur eshigi” nomli kundaligi paydo bo‘lgach, iste’molchilar orasida bahslar boshlanib ketdi. Ko‘pchilik uni kitob deb o‘ylab sotib olganini, xarid qilishdan avval ochib ko‘rishga ruxsat berilmasligini bildirgan. Xo‘sh, xaridorlar nimadan norozi? Muallifning o‘zi bu haqida nima deydi?.. 

 

“Kitobxonlar davrasi” guruhi foydalanuvchilaridan birining quyidagi fikrlari ushbu bahsni boshlab berdi: 

 

– Abdukarim Mirzayev qalamiga mansub kitob laqabli daftarni sotib oldim. Ochig‘i, u kishining bir nechta videolarini ko‘rib, kitobi ham sermazmun va yaxshi yozilgan deb o‘ylagandim. Kitob 300 bet atrofida, uni ham o‘zim sanab chiqdim, chunki raqam qo‘yilmagan umuman. Bor-yo‘g‘i 30 betga yaqin joyiga kichkinagina bir-ikki betli hikoya va savol yozilgan, xolos. Qolgan 260-270 betiga o‘sha savollarga javob yozish kerak ekan. Xullas, kitobni ham o‘zingiz yozasiz va pulini ham o‘zingiz to‘laysiz, naqd 10 dollar. Ikki soatga qolmay kundalik bilan tanishib tugatdim. Olganimga achindim, ochig‘i. Umuman, puliga arzimaydi. Juda borsa 30-40 ming so‘mlik kitob.

 

Kitobxonlarning yarmi fikr egasini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ayrimlar unga qarshi chiqdi. Jumladan, Ziyoda To‘xtasinova kundalik narxiga arzirli ekanini bildirdi:

 

– Men bu kitob sotuvga chiqqanidan so‘ng Abdukarim Mirzayev bilan uyushtirilgan video suhbatni tinglagandim. Ayrimlar e’tiroz qilganidek, kitob deb aldab sotilmagan, ochiq-oydin bu kundalik ekani, olganlar uni o‘zlariga psixolog bo‘lgan holda to‘ldirishlari, oddiy savollarga ro‘yi-rost javob berishlari lozimligi aytilgan. Ya’ni o‘qish uchun emas, yozish uchun mo‘ljallangan.

Men maktab davrimdan beri kundalik tutaman. U yolg‘iz sirdoshim, ovunchog‘im. Muallifning minglab o‘quvchilarni kundalik yozishga undashi maqtovga loyiq holat. Narxi ham qimmat emas, qalin muqovali bloknotlar 50-80 ming so‘mdan kam turmaydi. Buning ichi esa bo‘sh emas, hikoyatlar, savollar, hikmatlar berilgan. O‘zim kundalikni sotib oldim, uning muqovasi sifatli, zarhal yozuvlari bor, sizga uzoq muddat xizmat qiladi. Hozirda savollarga navbati bilan javob yozyapman. Qalbim tobora xotirjam tortib, o‘zimni taftish qilib boryapman. 

 

Bukbloger Ilhom Salimov esa bahslarni kuzatib, asosli mulohazalarini alohida maqola tarzida e’lon qildi. Biz uni qisqartirilgan holda ulashmoqdamiz:

 

– Ijtimoiy tarmoqlarni ushbu kitobdan norozilik ifodalangan postlar bosib ketdi. Ya’ni uni kitob deb sotib olayotganlar, aslida to‘rt-beshta gap va o‘zingiz javob berishingiz talab qilinadigan bir qancha savollardan iborat kundalik bo‘lib chiqqanidan norozi. Abdukarim Mirzayevni oqlayotganlar esa o‘zi muqovaga kundalik deb yozib qo‘yibdi-ku, demoqda.

Xo‘sh, nima, sotib olganlar ahmoqmi? Yo‘q. Chunki Abdukarim Mirzayev anchadan beri videolarida yaqinda kitobim chiqadi, deb ta’kidlab kelayotgandi. Shunchaki nomim va savollarim yozilgan kundaligim chiqadi, demagan. Bunga qo‘shimcha ravishda esa sotuvchilarning insofiga qarab 90 mingdan 150 ming so‘mgacha pullanayotgan kundalikni xarid qilishdan avval ochib ko‘rib varaqlash mumkin emas. Ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, sotib oling. Bu esa marketing, lekin halol marketing emas. Ya’ni ko‘pchilikka manzur videolar muallifi Abdukarim Mirzayevning ajoyib kitobini olaman deb o‘ylagan odam ichini ochib ko‘rib, oddiy kundalik ekanini bilgach, rastaga qaytarib qo‘yish ehtimoli yuqori. Shu bois kundalikning kundalik ekanini yashirish uchun qadoqlashgan va ochish mumkin bo‘lmagan holda sotishyapti.

 

Kitob do‘koni sotuvchilaridan biri Abdug‘ani Abdullayev bilan bog‘lanib mazkur masala yuzasidan fikrlarini tingladik:

 

Ko‘p vaqtdan buyon kitob va kanselyariya mahsulotlari sotaman. Bir-ikki yildan beri onlayn savdo ancha rivojlandi, hozirda aksariyat kitobxonlar o‘ziga yoqqan asarni internet orqali uyga buyurtma qilmoqda. Shubhasiz, qo‘l bilan ushlab, ichini ochib ko‘rmagandan so‘ng e’tirozlar ham paydo bo‘lishi tayin. Do‘konda xaridor olmoqchi bo‘lgan kitobmi, kundalikmi, bloknotmi, ochib varaqlab, sifatini tekshirib so‘ng pulini to‘laydi. Onlayn savdogarlar esa oldindan to‘lov qilishni so‘raydi, mahsulot yoqmasa ko‘pincha puli qaytarib olishmaydi.

 

Men ham Abdukarim Mirzayevning “Huzur eshigi” kundaligini 90 mingdan sotib oldim, ustiga biroz qo‘yib do‘kon peshtaxtalariga chiqardim. Garchi qadoqlangan bo‘lsa-da, xaridorlarga ichini ochib ko‘rishga ruxsat berdim (ammo ko‘pchilik sotuvchilar bunga rozi bo‘lmaydi, chunki zarhal yozuvlarga shikast yetishi mumkin), kimlardir xarid qildi, kimlardir kitob deb o‘ylagani uchun hafsalasi pir bo‘ldi. Olishni istagan, ammo narxi qimmat deb ayniganlar ham bor. Kundalik chet eldan keltirilgani uchun narxi oshishi tabiiy. Turkiyadan olib kelingan oddiy badiiy kitoblar ham yuz ming so‘mdan kam turmaydi. Bizda hali bunaqa kundaliklar ommalashmagan, ko‘pchilik qaydlar uchun bloknot sotib oladi. Shunga qaramay, do‘konimizdagi “Huzur eshigi” kundaligining barchasi egasini topib ketdi, yana talab bor. O‘zimizdagi bosmaxonalarda chop etilsa, ikki barobar arzon tushadi.   

 

“Huzur eshigi” kundaligi muallifi, jurnalist Abdukarim Mirzayevdan ham o‘zbek kitobxonlari e’tiroziga munosabatini so‘radik.

 

– Zamonaviy dunyoda bizni tark etayotgan narsalardan bittasi qog‘ozdir. Hozir yoshlar bir-birining yozuvini nikohdan o‘tayotib imzo chekkanda ko‘ryapti. Ilgari maktublar yozilar, shunda dastxatga qarab qanday insonligini ham bilish mumkin edi. Bolaligimizda hayotimizda qog‘ozning o‘rni bor edi. Ammo zamonaviy texnologiyalar rivojlangan sari qog‘oz hayotimizni tark etyapti. Balki “Huzur eshigi” biz yozgan eng so‘nggi qo‘lyozma bo‘lar. Balki keyin ham yozilishiga turtki bo‘lar...

 

Kundalik tutishning o‘ziga yarasha qiziq tomonlari bor. Ko‘pchilik buni kitob deb o‘ylayapti, yo‘q, bu oddiy kundalik. O‘ndan ortiq hikoyalar, global dunyoda inson o‘ziga berishi kerak bo‘lgan ayrim savollar, buyuk mutafakkirlarning hikmatlari, munojotlar bor. Va albatta, o‘quvchi o‘z fikrlarini yozishi uchun ochiq qoldirilgan sahifalar. Matnli sahifalarni shunchaki o‘qib qo‘yish yoki javonda turishi emas, bo‘sh sahifalarni albatta to‘ldirish shart. Agar berilgan savollarga javob yozsangiz, so‘nggi nuqta qo‘yilgandan keyin, nasib qilsa, huzurda bo‘lasiz.

 

Kundalikda 19 ta savol berilgan, mundarija va raqamli betlar yo‘q, o‘quvchi istasa boshidan, istasa oxiridan yoki o‘rtasidan ochib o‘ziga kerakli savollarga javob yozishga kirishishi mumkin. Bu davomiy bo‘ladi, shuning uchun 1-kundalik deb yozdik. Har olti oyda bittadan chiqarib boramiz. Men yozuvchilikka da’vo qilmayman, bu shunchaki odam o‘zini isloh qilishi uchun chiqarilgan kundalik. Uni men emas, siz yozasiz. Bu savollar oddiy bo‘lishi mumkin, lekin jasur savollar.

 

Kitob O‘zbekistondagi 70 ga yaqin do‘konda 90 ming so‘mdan sotuvga chiqibdi, Turkiyada nashr qilingani uchun yo‘l xarajatlari bilan qimmatroq bo‘ldi. Qo‘lga chiqib ketib, narxi yana oshdi. Men hammaning cho‘ntagi ko‘taradigan narxda bo‘lishini istardim. Shuning uchun hozirda O‘zbekistonda nashr etishga kirishilgan. Bu xoslar uchun emas, barcha ommaga mo‘ljallangan kundalik.

 

Nodira IBROHIMOVA

oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//