“Boboso‘z izidan” “Asr afsonalari”ni izlab... – taniqli shoir Eshqobil Shukurning ikki kitobi chiqdi


Saqlash
18:01 / 06.04.2022 3997 4

Eshqobil Shukurning nomi adabiyot ixlosmandlariga, so‘z va ma’rifat shaydolariga katta qalbli, mahoratli usta shoir, tanlagan mavzulari Vatan ruhi, eldoshlar ko‘ngli bilan tutash nosir sifatida tanish. Uning badiiy publitsistikasi esa mehr va muhabbat bilan, insonni insondek ko‘rmoq orzusida alag‘da yurgan qalam sohibining teran va vazmin fikrlar oqimida qog‘ozga tushadiki, o‘quvchi muallif ovozini baayni eshitib turgandek bo‘ladi.

 

Yaqinda shoirning ikkita kitobi oldinma-ketin nashrdan chiqdi. Badiyatimiz, ona tilimiz uchun juda zarur bu asarlar ma’naviy olamimizda o‘ziga xos voqea bo‘ldi.

 

So‘z qudratli kuch. So‘zdan qalqon ham, qilich ham bunyod etish mumkin. Albatta, so‘z o‘z egasiga tushsa, o‘z o‘rnini topa olsa. So‘z insonga qalbidagini izhor etish, ayni damda ko‘nglidagini yashirish imkonini ham beradi. Shu sababli ham so‘zda sehr, she’rda hikmat bor, deyilgan. Muallifning “Asr afsonalari” (G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU), “Boboso‘z izidan” (“Adabiyot” nashriyoti) kitoblarini mutolaa qilib, yuqoridagi fikrlar xayoldan o‘tdi.

 

“Asr afsonalari” kitobi muallifning turli yillarda bitilgan hikoyalari, hayot yaratgan, qilqalam nosir oqqa ko‘chirgan bugungi kun rivoyatlari, nasrimiz uchun voqea bo‘lgulik qissalari hamda badialaridan iborat. Ushbu asarlar birinchi navbatda, o‘zbekona yozilgani bilan ham qimmatlidir. Gap shundaki, bugun kitobxonga tiqishtirilayotgan ko‘plab asarlarning ruhiyati, mohiyati bizga begona. Xuddi boshqa tildan tarjima qilingan-u, o‘zbekcha ism-shariflar qo‘yib chiqilgandek. Eshqobil Shukur nasridagi har bir asar ruhiga sof milliy tuyg‘ular singib ketgan, uning qahramonlari andishasi, oriyati, mehribonligi, hatto chapaniligi ham juda o‘zbekcha. Ayni damda adabiyotning katta janri bo‘lgan nasr talablariga muvofiq tarzda, sof badiiy yechimlar bilan o‘qirmanni o‘ziga tortadi.

 

“Qayg‘u chimildig‘i” hikoyasi qo‘riqxonada saqlanayotgan Nika laqabli qoplon haqida, uning ayanchli qismati haqida. Bu urg‘ochi qoplon qoshiga erkak turdoshini kiritishadi. Tabiatning buyuk ehtiyoji bo‘lgan juftlashish hissi Nikani behad hayajonga soladi, quvontiradi. Biroq qo‘riqxonaga keltirilgan nar qoplon Nikaning ehtiroslarini javobsiz qoldiradi. Uzoq muddat qafasda saqlangan qoplonda yeyish va ichishdan boshqa ehtiyoj qolmagan edi. Bir tishlam go‘sht uchun laycha kabi dumini likillatadi. Nikaga qayrilib ham qaramaydi. Uch kun shu tarzda o‘tadi. Nika yig‘laydi, ko‘zyosh to‘kadi. “Uning katta-katta mallarang ko‘zlaridan qaynoq yoshlar to‘kilardi. Ovozsiz yig‘lardi u. Birinchi kechasi harom bo‘lgan baxtsiz kelinchak kabi...” Uning holini shunday ifodalaydi adib. To‘rtinchi kun tongda fojia ro‘y beradi. Nika o‘zini bu bag‘ritosh, bedil va hissiz olamdan xalos etmoqchi bo‘lib, simto‘rdan sakraydi. Ammo o‘tolmaydi. Xanjarday panjaraga qadalib qoladi. Temir tig‘lar tabiatning go‘zal jonivori Nikaning bag‘rini yorib tashlaydi. Bu holni muallif: “U ikki dunyo oralig‘idan sakrab o‘tayotganda halokatga uchradi”, deb ifodalaydi.

 

O‘zbekona yozish haqidagi so‘zlarimizga ayni shu hikoya ham misoldir. Nomning o‘zidanoq ruh yayraydi – “Qayg‘u chimildig‘i”. Eshqobil Shukurga xos so‘zlar. Asarni tabiatda bo‘ladi-da, deya turli hayvoniy voqealarga ham to‘ldirib tashlash mumkin edi. Ammo bunga adibning ichki andishasi, ruhiy tarozisi yo‘l qo‘ymaydi.

 

Shoirning ikkinchi kitobi esa 2018-yili o‘qirmanlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan “Boboso‘z izidan”dir. Bu o‘ziga xos lug‘at bir baravar kattarib, ona tilimizda unut bo‘lgan 418 ta so‘zni jamlagan holda qayta nashr etildi. Dunyoda yiliga o‘nlab tillar batamom yo‘q bo‘lib ketayotgan pallada shunday kitobning maydonga kelishi katta gap. O‘zbek tilining naqadar serqatlam tarixi borligini, shu tilda yashayotganimizning o‘zi katta saodat ekanini kitob mutolaasidan so‘ng chuqur his qilasiz. Muallif tilshunos emasman, tilshunoslikka da’vogar ham emasman, deya bot-bot ta’kidlaydi. Ammo “Boboso‘z izidan” kitobidagi so‘zlarning har biri uchun o‘nlab qo‘lyozmalar sinchiklab tekshirilgani yaqqol seziladi. Eshqobil Shukur har bir so‘zga tirik inson bilan muomala qilayotgan kabi yondashib, katta zahmat, chinakam fidoyilik ko‘rsata olgan. Buning uchun mutaxassis bo‘lishning o‘zi kam. Shu xalqqa, shu xalq so‘zlashadigan tilga katta muhabbat ifodasi bu!

 

Kitobning ruhiyatiga kirish uchun bittagina misol keltirib o‘tsak: “Hamma tomoni okean, dengiz, daryo yoki ko‘l suvi bilan o‘ralgan quruqlik tilimizda “orol” so‘zi bilan ifodalanadi. Bu so‘z qadimgi “Irq bitigi”da aral shaklida qayd etilgan. O‘zbek tilining etimologik lug‘atida izohlanishicha, qadimgi tilimizda ar degan fe’l bo‘lgan va “ayirish”, “ajratib qo‘yish” degan ma’nolarni anglatgan. “Orol” so‘zi shu “ar” fe’lidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Chunki orol suvdan ayrilib, ajralib turadi. Yana ba’zi manbalarda esa orol so‘zi “oraliq” ma’nosini anglatuvchi “ora” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin, degan faraz ham ilgari suriladi. Mahmud Koshg‘ariyda “ora” so‘zi ara shaklida kelgan: kishi ara kirdim – odamlar orasiga kirdim.

 

Kitobdan o‘rin olgan yuzlab so‘zlarning har biri mutolaa davomida o‘quvchini olis moziyga eltadi. Yurtning tadrijiy tarixi qanday bosqichlarni boshdan kechirgan bo‘lsa, ona tilimiz esa bundan ham qadim yo‘lni bosib o‘tganiga shohid bo‘lasiz.  Ushbu kitob so‘zlar taftishi, elakdan o‘tkazilgan qanchadan-qancha fikrlar xulosasi jam bo‘lgani bilan, zar qadrini zargar biladi, deganlaridek, so‘zni qadrlovchi har bir kishi uchun qadrlidir.

 

“Asr afsonalari” kitobida shunday jumla bor: “Nur tushmasa, hatto qor ham qorayib ko‘rinadi!” Shu fikr Eshqobil Shukurning har ikki kitobiga ham birday tegishli ekanini his qildim. Ko‘ngil nuri tomgan satrlargina o‘quvchini o‘ziga tortadi. Ma’rifat balqib turgan bu asarlar o‘qirmanning chinakam yo‘ldoshiga aylanadi.

 

So‘z so‘ngida aytish kerakki, ikkala kitobning ham bitta nuqsoni bor: adadi juda kam – 1000 ta. Shunday bo‘lsa-da, bu kitoblarni xalqimizga taqdim etgan nashriyotlarga, homiylik qilgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga tashakkur, deymiz.

 

Komil NIYOZ

4 Izohlar

Azimjon

14:05 / 14.05.2024

Zoʻr ekan

Zafarbek

02:05 / 12.05.2024

Zoʻr kitob ekan mazza qilib oʻqidim

Eshmat

02:05 / 11.05.2024

Ajoyib

Бекзод

12:01 / 01.01.1970

zo'r kitob

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//