Inglizchada “shawl”, fransuzchada “châle”, ispanchada “chal” – Ovro‘pani zabt etgan o‘zbek sholro‘moli


Saqlash
16:48 / 05.04.2022 1727 0

Hozirgi yoshlar ichida sholro‘molni bilmaydiganlar, menimcha, ko‘pchilikni tashkil etadi. Sovet davrida esa sholro‘mol ham o‘zbek ayoli qiyofasini belgilaydigan ust-boshlardan biri edi. Bir paytlar bu ro‘mol Parij asilzoda ayollari yelkalarini ham bezagan (Men fransuzcha gapiruvchilar o‘rtasida ham sholro‘mol (fransuzcha: châle) haqida kichik bir so‘rov o‘tkazib ko‘rdim: yosh avlod uni deyarli bilmaydi, o‘rta yoshlilar: “ha, ilgari buvilarimiz o‘ragan”, deb eslashdi).  

 

Sholro‘mol deganda biz – tivit (ipakday mayin jun) yoki ipak, ba’zan paxtadan to‘qilgan va hoshiyalarida uzun sochiq-shokilalari osilib turadigan ro‘molni tushunamiz. Sovet davrida sholro‘mol kabi katta ro‘mollarni o‘rash urf bo‘lishi sabablaridan biri – paranji tashlash harakatidan keyin ular ayollar uchun qisman yopinchiq vazifasini ham o‘tagan.

 

Xo‘sh, sholro‘mol biz uchun milliy bir buyummi yoki tashqaridan kirib kelganmi? Sovet davrida o‘zbek ayollari o‘ragan sholro‘mollarning aksariyati Rossiya hududida to‘qilgan edi. Ammo shunisi ham aniqki, “shol” so‘zi o‘zbek tiliga rus yoki boshqa Ovro‘pa tillaridan o‘zlashmagan.

 

“Shol” so‘zini biz Alisher Navoiy asarlarida ham uchratamiz. Jumladan, “Saddi Iskandariy” dostonidagi bir baytda shunday deyiladi:

 

“Baso kujpushtu parokanda hol,

Bo‘yida chu bo‘lg‘ay ipi eski SHOL”, –

 

Ma’nosi: “Bas, yelkasi bukir, parokanda hol, ustida ipi eski SHOL, ya’ni jundan to‘qilgan eski kiyim bo‘lsada...” (Qarang: Alisher Navoiy. Saddi Iskandariy. MAT. 11-jild. T.: Fan. 1993. 434-bet). Ya’ni, ushbu baytda “shol” so‘zi – “dag‘al jun matodan tikilgan kiyim” ma’nosida kelgan.

 

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham: “shol [f-t] – yungdan to‘qilgan qalin mato, yung gazlama”, deb izohlangan va misollarda: “shol bozori”, “shol salla”, “shol dasturxon” kabi iboralar keltiriladi, ammo aynan “sholro‘mol” lug‘atda mavjud emas (O‘TIL.II-t.M.:1981.424-bet).

 

Misollardan ko‘rinadiki, ilgari mintaqamizda “shol” deganda jundan to‘qilgan har qanday mato yoki kiyim tushunilgan ekan, shunday buyumlar sotiladigan “shol bozorlari” ham bo‘lgani – o‘tmishda bu soha ancha rivojlanganidan darak beradi.

 

Sholcha va cholvor

 

Tilimizda “shol” ishtirokida yasalgan boshqa so‘zlar ham bor: deylik, “shol” so‘ziga “+cha” qo‘shimchasini qo‘shib yasalgan “sholcha” – “jundan to‘qilgan kichik gilamcha” ma’nosiga ega. Yoki “shalvar” (“cholvor”) – o‘tmishda erkaklar ham, ayollar ham kiygan keng ishton (forscha: “shol”+”bar”). Bunday ishton kiyish udumi turkiy xalqlar orqali rus kazaklariga ham o‘tgan va rus tiliga bu so‘z – “шаровары” shaklida o‘zlashgan.

 

“Jundan to‘qilgan mato” ma’nosidagi “shol” – asli forscha so‘z (“شال”), ammo etimologiyasi sanskritcha o‘zakka borib taqaladi, deyiladi. Mahmud Koshg‘ariy ham “Devonu lug‘otit-turk”da “shol”ga o‘xshash – “shalashu” (“شَلاشُو”) so‘zini keltiradi va: “Chin to‘qimalaridan bir xili”, deb izohlaydi (DLT.It.T.:1960.417-bet). Koshg‘ariy keltirgan “shalashu” ham “shol” bilan bir manbaga ega bo‘lishi mumkin, ammo “Devon”da uning Chin, ya’ni Xitoyga oid to‘qima deyilishidan “shalashu”ning turkiy so‘z emasligi anglashiladi.

 

Sholcha yoki cholvordan farqli o‘laroq sholro‘molni, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘tgan asrlarda yaratilgan nafis san’at asari, deyish mumkin, shu bois u o‘z vaqtida yorqin ranglari, sifati, nafisligi bilan dunyoni zabt etdi.

 

 

Sholro‘molning so‘fiyona ildizi

 

Haqiqiy sholro‘mol uzuk ko‘zidan o‘tadigan darajada nafis bo‘lishi kerak. Bunday sifatga erishish uchun esa, avvalo, xomashyo, ya’ni ipakday mayin tivit zarur. Ammo bunday jun beradigan hayvon hamma joyda ham uchramaydi. Rivoyatlarga ko‘ra, XIV asrda kubraviya tariqati vakili mutasavvif Mir Sayyid Ali Hamadoniy Amir Temur qo‘shinidan qochib 700 muridi bilan Kashmir viloyatiga keladi. Kashmirda sultonligida o‘sha davrda hukmronlik qilgan sulton Qutbiddin Hamadoniy va uning shogirdlarini izzat-ikrom bilan kutib olib, ularga yer, turar-joy hadya etadi. Bir paytlar saljuqiylar poytaxti bo‘lgan Hamadon shahrida hunarmandchilik, to‘qimachilik rivojlangan edi. Ehtimol shu boisdandir, Hamadoniy Kashmirga kelgach, faqat Kashmir viloyatida uchraydigan tog‘ echkisining bo‘talarga ishqalanib tashlab ketgan momiqday tiviti uning e’tiborini tortadi. Shundan so‘ng mutasavvif olim bu jundan bir juft jurab to‘qib, sulton Qutbiddinga hadya etadi va bu yerlarda shu tivitdan sifatli shol to‘qishni yo‘lga qo‘yish mumkinligini sultonga maslahat beradi. Shunday qilib, Kashmirda shol to‘qish an’anasining paydo bo‘lishida eronlik mutasavvif olim sababchi bo‘lgan ekan. Viloyat boburiylar hukmi ostiga o‘tgach, Kashmir shollari, ayniqsa, Akbarshoh tomonidan nihoyatda qadrlanadi va bu soha har tomonlama rag‘batlantiriladi. Akbarshoh saroyida Kashmirda to‘qilgan sholro‘mol va gazlamalar keng iste’foda etilgan.

 

Sholro‘molning Ovro‘pani zabt etishi

 

Ovro‘polik asilzoda ayollar o‘rtasida sharqona sholro‘molni yelkaga tashlab yurish XVIII asr oxiri – XIX asrdan boshlab urf bo‘la boshlagan. Xususan, Fransiyada Napoleon Bonapartning Misrga yurishidan keyin, Angliyada inglizlarning Hindistonni zabt etishi ortidan sholro‘mol Ovro‘paga kirib keladi. O‘sha davrlarda sholro‘mol ovro‘polik xonimlarni shu qadar maftun etganki, ma’lumotlarga ko‘ra, Napoleonning birinchi xotini Jozefin du Boarnening 400 dona sholro‘moli bo‘lgan ekan. “Shol” so‘zi aksariyat ovro‘pa tillariga o‘zgarishsiz o‘tgan (inglizcha: shawl, fransuzcha: châle, olmoncha: schal, ispancha: chal, ruscha: шаль va hokazo).

 

Kashmirda to‘qilgan shollar kamyob va ovro‘paliklar uchun nihoyatda qimmatga tushar edi. Shu bois XIX asr boshidayoq Fransiya va Ovro‘paning ba’zi shaharlarida sholro‘mol to‘qish korxonalari paydo bo‘lib, bu esa sholning yanada ommalashuviga olib keladi.

 

Balzak asarlarini o‘qiganda sholro‘molga (“châle”) ko‘p duch kelamiz. Xususan, “Insoniyat komediyasi” turkumiga kiruvchi markaziy romanlardan biri – “Gorio ota” asarida nafaqat asilzoda xonimlar, balki anchayin kambag‘al qariqiz madmuozel Mishonno, romanda tasvirlangan yupun bir pansionatda yashovchi boshqa ayollar ham yelkalariga sholro‘mol tashlab yurishadi. Roman voqealari 1819-yildan boshlanadi. Bu paytda esa aksariyat sholro‘mollar Ovro‘paning o‘zida ishlab chiqarilgan va ancha hammabop buyumga aylanib qolgan edi.

 

“Gorio ota” asari asliyati mutolaasida kamina, shuningdek, “kashemir” (“cachemire”) so‘ziga ham bir necha bor duch keldim. O‘sha paytlarda Ovro‘pada “kashemir” deganda Kashmirda sholro‘mol singari tivitdan to‘qilgan gazlama tushunilgan bo‘lib, bu gazlamadan ko‘ylak va boshqa kiyimlar tikilgan. Qizig‘i shundaki, Balzak asosan asilzoda xonimlarni kashemirdan tikilgan kiyimda tasvirlaydi.

 

Orenburg ro‘mollari

 

Rossiyaga ham Ovro‘pa bilan bir paytda, sharqona sholro‘mollar (ruscha: “шаль”) kirib kela boshlagan va tezda Rossiyaning o‘zida Kashmir sholro‘mollariga o‘xshash ro‘mollar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bu orada orenburg echkilari tiviti Kashmir tog‘ echkilari tivitidan ham ingichkaroq va sifatliroq ekanligi ma’lum bo‘lib qoladi va XIX asr boshlarida mashhur orenburg sholro‘mollarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ma’lumki, rus tilidagi “пух” so‘zi “par, tivit, momiq” kabi ma’nolarni bildiradi. Shu bois Rossiyada tivitdan to‘qilgan ro‘mollar “пуховый” nomi bilan ham mashhur edi. Katta avlod, shuningdek, “angorka” ro‘molini ham yaxshi eslaydi. Angora – bu Turkiya poytaxti Anqaraning qadimiy nomi, ya’ni, angora echkisi va boshqa hayvonlaridan olinadigan sifatli jundan tayyorlanadigan ro‘mol va liboslar shu nom bilan atalar edi.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 126
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//