2022-yil 6-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida sobiq sho‘ro tuzumi davrida qatag‘on qilingan 120 nafar vatandoshimizga nisbatan oqlov hukmi e’lon qilindi.
Ishlarni qayta ko‘rish jarayonida yurtdoshlarimizga qo‘llangan aksar ayblovlar hech bir isbotsiz bo‘lganiga qaramay, totalitar tuzum jazo organlari tomonidan ularga nohaq hukmlar chiqarilgani aniqlandi. Jumladan, ilk ishda O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) hay’atining 1925-yil 4-sentabrdagi maxsus yig‘ilishi qaroriga binoan Mirza Ibrohim Ismoilov rahbarligida 43 nafar insonga nisbatan turli siyosiy ayblovlar qo‘llanib, mol-mulklari musodara etilgan. Ular asosan Buxoro amiri Sayyid Olimxon saroyiga yaqin kishilar, kuyovi, amakisi, yirik diniy ulamolar, bilimdon qozilar, taniqli savdogarlar, hokim va beklar, turli darajadagi harbiy mulozimlar edi. Xo‘sh, bu insonlarning sho‘ro davlati oldida qanday aybi bor edi?
Ha, ularning bor-yo‘q aybi o‘z vatanini, dini va millatini sevgani, davlati oldidagi burchiga, qasamyodiga sodiqligi, ajdodlari tomonidan asrlar davomida ko‘z qorachig‘idek asrab kelingan qadriyatlarga hurmati, e’tiqodi yuksakligida edi. Quyida nohaq jazoga tortilgan millatdoshlardan ayrimlarining faoliyati haqida so‘z yuritamiz.
***
Nosirbek Abdurahimov 1890-yil Buxoro shahrining Oqmachit guzarida yashagan Abdurahimbiy xonadonida dunyoga kelgan. Otasi Zandana kenti amlakdori, hokim lavozimlarida ishlagan. Nosirbek eski maktab va madrasa ta’limini olgach, amir qo‘shinida qorovulbegi lavozimida ish boshlaydi. 1913-yil otasining vafotidan so‘ng miroxo‘r unvoni bilan amir saroyiga xizmatga olinadi. 1916-yil to‘qsoba (polkovnik) unvonida Buxoro shahar mudofaasi bo‘limida xizmat qiladi. 1918-yil Kolesov hujumiga qarshi, 1920-yil avgustida qizil armiyaga qarshi janglarda o‘z yigitlari bilan mardonavor kurashadi. Biroq zamonaviy qurollar bilan qurollangan dushman kuchlari hujumiga amir qo‘shini dosh bera olmaydi. Natijada amir dodxohlari maxfiy tarzda bir guruh harbiylarga amirni jang maydonidan olib Sharqiy Buxoroga ziyon-zahmatsiz yetkazishni, qolgan qo‘shinga esa vaqtdan yutish uchun dushmanni chalg‘itib mudofaa janglari olib borishni buyuradi. Nosir to‘qsoba Abdurahimov mana shu lashkar tarkibida amirni sog‘-omon Dushanbe shahriga, undan so‘ng Afg‘oniston hududiga olib boradi. Biroq afg‘on hukumati bolsheviklar bilan kelishgan holda avval bergan harbiy yordam va’dasini bajarishdan voz kechadi. Aksincha, faqat amirning salomatligini kafolatlab, uning atrofidagi harbiy mulozimlaridan Afg‘oniston hududini zudlik bilan tark etishni talab qila boshlaydi.
Buxoro davlatiga sodiq harbiylar amirni shunday holda tashlab ketish xavfli ekanligini tushunib, atrof qishloqlarga tarqalib qo‘nim topishga va zarur paytda amir himoyasiga chiqishga qaror qiladilar. Mazkur sharoitda Nosirbek to‘qsoba Kobuldagi Rastag bozoriga o‘rnashib, savdo ishlari bilan shug‘ullana boshlaydi. Afg‘on hukumati amir Olimxonning harbiy mulozimlariga nisbatan siquvni kundan-kunga oshirib boradi. Ularni tutgan zahoti otib tashlashgacha borib yetdi. Shunday paytda amir Olimxon o‘zining ortidan kelgan barcha harbiylarning qasamyodini bekor qilib, kim qayerni tanlasa ketaversin, deb qaror chiqaradi. Shunday bir sharoitda Nosirbek to‘qsoba Doniyorbek, Abdujabborbek to‘qsobalar bilan maslahatlashib, Buxoro Xalq Respublikasi (BXR) hukumatining umumiy afv to‘g‘risidagi qaroriga ishonib, 1923-yil Vatanga qaytishga qaror qiladilar. Fayzulla Xo‘jayev hukumati dastlab ular mulklarining ma’lum qismini qaytarib ham beradi. Biroq Buxoro hukumatining obro‘sini to‘kib, o‘z mavqeini oshirishni istagan bolshevik harbiylar ularning barchasini jismonan yo‘q qilishga kirishdi.
Nosirbek to‘qsoba Abdurahimov 1925-yil 14-aprelda aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib qamoqqa olinadi. Qariyb besh oydan ortiq davom etgan jismoniy qiynoq va tahqirlar ostida o‘tgan tergovlar vaqtida Nosirbek o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning birortasini tan olmadi. Shunga qaramay 1925-yil 4-sentabr kuni unga O‘zSSR JKning 61-, 67-, 69-moddalarini qo‘llab, 3 yilga Soloves lageriga surgunga hukm qilindi. Nosirbek to‘qsabo Abdurahimov 3 yil umrini Solovesda, yana 3 yilini Kustanadagi sho‘rolarning mash’um qiynoqxonalarida o‘tkazdi. U 1934-yilga kelibgina ona shahri Buxoroga qaytib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Nosirbek Abdurahimov bir muddat sog‘lig‘ini tiklab olgach, Buxorodagi “O‘zbekiston” mehmonxonasiga qorovul bo‘lib ishga kiradi. Shu mehmonxonada supuruvchi bo‘lgan Zaynab Magomedova ismli ayolga uylanib, uning 7 yoshli qiziga ota bo‘lib peshonasini silaydi. Ammo guzarkom, kolxozchi ko‘rinishidagi mal’un NKVD xufyalari uning ortidan bir zum qolmadi. Uning har bir so‘zi, ko‘z qarashi haqida kerakli idoralarga tinmay yetkazib turishdi. Bu chaquvlarga ishonadigan bo‘lsak, Nosirbek Abdurahimov 1937-yil may oyida kolxoz bozori oldidagi choyxonada “...yo‘qsillar inqilobi natijasida nima o‘zgardi, unga ishongan yo‘qsullarning hammasi bir-bir ochidan o‘layapti, shumi kommunizmlaring” degan, sentabr oyida esa “...sovetlaring Buxoroi sharifda na joy nomlarida, na boshqaruvda o‘zbek tilini umuman qoldirmayapti-ku” degan emish. Albatta, u kishi shunchalik azob-uqubat tortganiga qaramay, bu so‘zlarni aytgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki bir paytlar amirlikning mas’ul amaldorlaridan bo‘lgan, “Yosh buxoroliklar” partiyasining millat, xalq ravnaqi yo‘lidagi sof orzularini qo‘llab-quvvatlagan Nosirbek vatanda kechayotgan bu tubanliklarga aslo befarq qarab tura olmas edi.
Nosirbek Abdurahimov 1937-yil 15-noyabr kuni Buxoro shahri, Mirzo Mustafo guzaridagi 179-uydan yana qamoqqa olinadi. 24-noyabr sanasi bilan to‘ldirilgan yagona so‘roq bayonnomasida Nosirbek o‘ziga nisbatan qo‘yilayotgan barcha ayblovlar quruq tuhmat ekanini yozib imzolaydi. Biroq 1937-yil 25-noyabr kungi ayblov xulosasida Nosirbek Abdurahimov “sovetlar bizni aldadi, hattoki konstitutsiyasida ham diniy erkinlik yo‘q-ku” degan, deb yoziladi. 1937-yil 28-noyabr kuni O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi (IIXK-NKVD) huzuridagi mash’um “uchlik” yig‘ini unga O‘zSSR JKning 66-moddasi (aksilinqilobiy targ‘ibot)ni qo‘llab 10 yilga mehnat tuzatish lageriga (MTL) hukm qiladi. Afsuski, Nosirbek Abdurahimovning keyingi taqdiri hamon bizga noma’lum.
* * *
Rahmatullaxo‘ja Nizomiddin o‘g‘li Buxoro amirligiga uzoq yillar sadoqat bilan xizmat qilgan amaldor xonadonida dunyoga kelgan. Otasi Nizomiddinxo‘ja 1873-yildan boshlab 30 yil davomida saroyda dastlab amir kotibi, Ziyovuddin bekligi begi, so‘ng Buxoro amiri Qushbegisi lavozimlarida ishlagan. Rahmatullaxo‘ja 12 yoshgacha maktabda, so‘ng madrasada tahsil oladi. So‘ngra to‘qsoba unvonini olib, amir saroyiga xizmatga kiradi. 1918-yili amir Olimxon unga dodxoh unvonini berib, Nurota tumani begi etib tayinlaydi. Rahmatulla dodho 2 yil davomida Nurotada soliq ishlariga ham mas’ul bo‘ladi. 1920 yil yozida mamlakatga bolsheviklar hujumi tufayli urushga tayyorlanish haqida mahfiy buyruq oladi. U hududdagi botir yigitlardan askar jamlab, shay bo‘lib hukmni kutib turdi. Biroq amirlikning rejasi o‘xshamaydi. Buxorodagi amir qo‘shini zamonaviy qurollar bilan qurollangan qizil armiyaning birinchi zarbasidayoq mag‘lubiyatga uchraydi. Shu kunning o‘zida Nuratoga “urush tugadi, Amir qochib ketdi” degan xabar keladi. Rahmatullaxo‘ja Nizomiddin Qushbegi o‘g‘li qo‘shinini tarqatib, o‘zi Karmanaga, undan Buxoroga keladi. O‘n besh kun davomida vaziyatni kuzatib, BXR hukumati rahbari Fayzulla Xo‘jayevga aloqaga chiqadi. Fayzulla Xo‘jayev uni Buxoro shahrining Eski shahar ijroqo‘miga ishga oladi. Ko‘p o‘tmay Rahmatullaxo‘ja Buxoro Favqulodda qo‘mitasi (BuxChK) tomonidan qamoqqa olinib, 7 oy davomida hibsda saqlanadi. Shundan so‘ng Buxoro hukumati vakillarining aralashuvi bilan qamoqdan ozod qilinadi va 1922-yilgacha Buxoro shahriga, so‘ng esa Qarshi shahriga ushr komissiyasiga boshliq etib yuboriladi. Oradan bir yarim oycha o‘tib, unga ishdan olinganini aytishadi. Rahmatullaxo‘ja o‘z xo‘jaligida dehqonchilik bilan kun kechira boshlaydi. Biroq 1925-yil aprelda Rahmatullaxo‘ja Nizomiddin o‘g‘li ham aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib qamoqqa olinadi. Rahmatulla dodxoh 1925-yil 4-sentabrda Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (OGPU) qarori bilan 3 yilga Soloves orolidagi lagerga hukm etiladi. U 1927-yil 14-iyun kuni dahshatli qiynoqlar ortida o‘sha yerda halok bo‘ldi.
* * *
Mirzo Farmonqul Berdimurod o‘g‘li 1868-yil Xatirchi shahrida dunyoga kelgan. Mirzo Farmonqul madrasa tahsilini tugatgach, avval Xatirchi begi Nasrullobekka kotib, so‘ng amlokdor bo‘lib ishlagan. 1901-yil Nasrullobek tavsiyasi bilan qorovulbegi lavozimida (poruchik) amirning xizmatiga olinadi. Mirzo Farmonqul otasi vafotidan so‘ng miroxo‘r, 1917–1920-yillarda dodho darajasigacha ko‘tariladi. 1920-yil avgust oyida qizil armiya bilan jangda Mirzo Farmonqul dodxoh qo‘shini shaxsan amir o‘rdasi himoyasiga mas’ul etilgan edi. U amirni G‘ijduvongacha himoya qilib boradi. Shundan so‘ng qizil armiyaga bas kelib bo‘lmasligini anglagach, amirni yashirin tarzda Sharqiy Buxoroga chiqarib yuborishga qaror qiladilar. Muhammad Aminbek dodho Ostonaqulibek o‘g‘li amirning hashamatli o‘rdasi bilan sekin-asta Ark tomonga chekina boshlaydi. Mirzo Farmonqul dodho qo‘shini esa har tarafdan kelgan yordam kuchlari bilan dushmanni chalg‘itish maqsadida goh shiddatli hujumga o‘tar, goh turli tomonga tarqalib, Xatirchi tomonga chekina boshlaydi. Amirni tiriklay tutishga ishongan bolsheviklar Mirzo Farmonqul dodhoni ta’qib etishga asosiy qo‘shinini yo‘naltiradi. Dushmanning tuzoqdaligini va amirning ancha uzoqlashganini sezgan Mirzo Farmonqul qo‘shiniga zudlik bilan har tarafga yashirinishga va keyinroq amir ortidan Dushanbega yetib borishga buyruq beradi.
Mirzo Farmonqul 40 kun o‘tib, eng yaqin odamlari bilan amir Olimxonning oldiga yetib boradi. Tez orada amirning Dushanbeda uzoq tura olmasligi ma’lum bo‘ladi. Boisi, bu yerda katta qo‘shin uchun na ozuqa, na bir mudofaa inshootlari mavjud emasdi. Qizil armiyaning chegarani har jihatdan mustahkamlayotgani ma’lum bo‘lgach, amir Olimxon afg‘on amiri Omonullaxondan vaqtinchalik boshpana so‘rashga majbur bo‘ladi. Mazkur iltimosnoma xatni Omonullaxonga yetkazish ham Mirzo Farmonqul dodxohga topshiriladi. U muzokaralar davomida amir xavfsizligi ta’minlanadigan bo‘lsa, yonidagi harbiylar bilan Afg‘onistonni tark etishga so‘z beradi. Shundan so‘ng amir Olimxon yaqin insonlari bilan afg‘on zaminiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Mirzo Farmonqul dodho esa amirning shaxsan ruxsati bilan vatanga qaytib keladi.
Farmonquli dodho Buxoroga kelgan vaqtda qo‘lga olinib, 10 kun davomida tergov qilinadi. So‘ng BXR hukumati tomonidan Yer ishlari nozirligida kotib lavozimiga tayinlanadi. Biroq bu ishni tashlab, 1921-yildan Xatirchiga qaytib, dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1922-yil BXR hukumati uni yana ishga chaqirib, Kattaqo‘rg‘onga amlokdor etib tayinlaydi. 1924-yilgacha shu lavozimda ishlab, keyin Xatirchi qozisiga kotib bo‘ladi.
1925-yil 22-aprel kuni Mirzo Farmonqul Berdimurod o‘g‘li Xatirchining Kattachek qishlog‘idan qamoqqa olinadi. Uning ortida turmush o‘rtog‘i Xadichaxon, qizi Robiya, o‘g‘illari Barot, Abdurahim, Allaqullar qaqshab qoladilar. Farmonqul tergovda hech narsani yashirmaydi, o‘zining amir Olimxonning dodxohi bo‘lganini va shu tufayli uni jon-tani bilan himoya qilganini, afg‘on amiri Omonullaxon bilan aloqalarda ishtirok etganini, faqat uning roziligidan so‘ng Buxoroga qaytib kelganini ta’kidlaydi. 1925-yil 4-sentabr kuni Mirzo Farmonqul Berdimurod o‘g‘li OGPU yig‘ini tomonidan 3 yilga Sibirga surgun qilinadi. 1928-yil 20-aprel kuni esa hech bir asossiz u yana 3 yilga jazo lagerlarga ko‘chirildi...
* * *
Muhammad Aminbek 1886-yil Buxoro shahrida Ostonaqul qushbegi xonadonida dunyoga kelgan. Muhammad Aminbek 12 yoshgacha otasining qaramog‘ida maktabda o‘qiydi. So‘ng madrasaga kirib, 16-17 yoshlarida zakotchi lavozimida ish boshlaydi. 1906-yil to‘qsoba unvoni bilan Nurotaga yo‘llanadi, 1909-yil biy unvonini olib, Ziyovuddin bekligiga amlokdor etib tayinlanadi. 1915-yil dodxoh unvonini olib, Ziyovuddinda bosh amlokdor bo‘ladi.
Muhammad Aminbek Ostonaqul o‘g‘li 1920-yil voqealarida G‘ijduvonga chekinib, o‘rdasi bilan amirsiz Arkka chekingan edi. Shundan so‘ng butun qo‘shini bilan qizil armiyaga taslim bo‘ladi. O‘rdada amir Olimxonning yo‘qligini ko‘rgan bolshevik qo‘mondonlar jazavaga tushadi. Muhammad Aminbek, otasi Ostonaqul qushbegi – barchasi ChK tomonidan qamoqqa olinib, ikki-uch oy davomida qiynoqli tergovlarga tortiladi. 1921-yil iyunda qamoqdan qutilgach, Ostonaqul Qushbegi BXR hukumati soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Muhammad Aminbek esa BXR hukumati ushr komissiyasiga kassir bo‘lib xizmatga olinadi. Ular 1923-yilgacha mas’ul lavozimlarda ishlaydi. Biroq bitta qaror bilan aksar sobiq amir davri amaldorlari ishdan olinadi.
1925-yil 13-aprel kuni Xatirchi tumani soliq boshqarmasida ishlab turgan Muhammad Aminbek ham qamoqqa olindi va 1925-yil 4-sentabr kuni OGPU hay’ati qarori bilan 3 yilga Soloves orolidagi konslagerga hukm qilindi.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q